| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar3 daqiqada oʻqiladi187 marta oʻqildi

Postpandemiya sharoitida iqtisodiyot va byudjet barqarorligini taʼminlash uchun qanday choralar koʻriladi?

COVID-19’ning tovar-xomashyo bozorlariga, savdo va pul oʻtkazmalariga taʼsiri va majburiy karantin choralarining qoʻllanishi Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining iqtisodiy oʻsish surʼatlarini keskin pasaytiradi. Oʻzbekiston va Turkmanistdan boshqa davlatlarda iqtisodiy pasayish kuzatilishi kutilmoqda.

Postpandemiya sharoitida iqtisodiyot va byudjet barqarorligini taʼminlash uchun qanday choralar koʻriladi?

Pandemiyaning natijasida butun dunyo davlatlari iqtisodiy inqirozga yuz tutmoqda. Global hamjamiyatning bir boʻgʻini sifatida inqirozning salbiy taʼsiri Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmaydi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining maʼlum qilishicha, pandemiya natijasida global iqtisodiyot bu yil 3,0 foizga pastlashi kutilmoqda.

1-Rasm. Markaziy osiyo davlatlarida 2020 yilda iqtisodiy oʻsish prognozlari

Xususan, COVID-19’ning tovar-xomashyo bozorlariga, savdo va pul oʻtkazmalariga taʼsiri va majburiy karantin choralarining qoʻllanishi Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining iqtisodiy oʻsish surʼatlarini keskin pasaytiradi. Oʻzbekiston va Turkmanistdan boshqa davlatlarda iqtisodiy pasayish kuzatilishi kutilmoqda. Mana shunday koʻlamdagi inqirozning sodir boʻlishiga qaramay, xalqaro moliyaviy tashkilotlar 2020 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotida past boʻlsada oʻsish kuzatilishini prognoz qilmoqda (2-rasm).

Shu bilan birga, pandemiya natijasida yoʻqotilgan zararlarni tiklash, iqtisodiy oʻsishning inqiroz oldi trendiga qaytish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yangi choralar qabul qilishni taqozo etadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishida iqtisodiyotda oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun yangicha yondashuv va instrumentlarni qoʻllash boʻyicha 8 ta asosiy yoʻnalish koʻrsatib oʻtildi. Mazkur yoʻnalishlarning birinchisi etib – iqtisodiyot va byudjet barqarorligini taʼminlash belgilandi.

2-Rasm. Oʻzbekiston: 2020-2021 yillar uchun iqtisodiy oʻsish prognozlari

Pandemiyaning milliy iqtisodiyotga taʼsirini yumshatish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?

Karantin davrida iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtgan 3 oy ichida tadbirkorlik subʼyektlari va jismoniy shaxslarga 2,2 trillion soʻmlik soliq imtiyozlar taqdim etildi. Xususan:

  1. Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi. Eng katta zarar koʻrgan iqtisodiyot tarmoqlari va tibbiyot sohasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida jamgʻarmadan 3,6 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

  2. Korxonalarning bankrot boʻlish holati oldi olindi:

- 59,8 mingta kichik biznes korxonalariga 257,1 mlrd. soʻmlik mulk va yer soliqlari boʻyicha imtiyozlar berildi;

- 328,8 ta mikrofirma va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha tushirildi (551 mlrd. soʻm);

- Debitorlik qarzi mavjud boʻlgan 4 022 ta eksportyor korxonalarga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanishi vaqtinchalik toʻxtatildi (1,7 trln.soʻm);

- Tijorat banklari tomonidan 23,9 tlrn. soʻmlik kreditlar muddati uzaytirildi;

- 20,3 ta tadbirkorlik subʼyektlari boʻyicha foydalanilmayotgan yer va obʼyektlar uchun baland stavkalar va penyalar qoʻllanilishi vaqtinchalik toʻxtatildi (1,1 trln. soʻm);

- 239 mingta yakka tartibdagi tadbirkor uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori 50 foizga kamaytirildi (155 mlrd.sum).

III. Iqtisodiyot tarmoqlari barqaror ishlashi uchun muhim boʻlgan tarmoqlarni maqsadli qoʻllab-quvvatlash:

- Turizm sohasidagi 3 167 ta yakka tadbirkorlik subʼyektlari boʻyicha jismoniy shaxslar uchun qatʼiy belgilangan daromad soligʻini hisoblash toʻxtatildi;

- 7 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish va alkogol tovarlar savdosi bilan shugʻullanuvchi subʼyektlar uchun toʻlovlar miqdori pasaytirildi;

- Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan tarmoqlarning barqaror ishlashi uchun 1 829,2 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi.

Iqtisodiyotni qayta tiklash va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun qanday ishlar amalga oshiriladi?

Mamlakat iqtisodiyotining tiklanishi va keyinchalik barqaror rivojlanishi toʻgʻridan-toʻgʻri yaratiladigan makroiqtisodiy shart-sharoitga bogʻliq. Avval qabul qilingan strategiyaga qoʻshimcha ravishda postpandemiya davri yangi choralarni koʻrishni talab qiladi. Shu maʼnoda hukumat tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Mazkur choralarni amalga oshirish muddatiga koʻra ikkiga ajratish mumkin – qisqa va uzoq muddatli.

Qisqa muddatli choralar, oʻz navbatida, quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:

- tashqi qarz oʻsishini oldini olish, qarz mablagʻlarini samarali ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish. Bunda yangi qarzlarni jalb qilish hajmini 4 mlrd. Dollar miqdorida taʼminlash;

- byudjet defitsitini YaIMga nisbatan 3,5 foiz darajasida saqlab qolish;

- soliq va bojxona imtiyozlari, zaruriy hollarda kompensatsiya mexanizmi orqali, optimizatsiyasini yakuniga yetkazish;

- mahsulotlar aylanmasini kuzatish uchun elektron hisob-fakturalarni toʻliq joriy qilish;

- davlat korxonalarini isloh etishni davom ettirib, ularni oʻz xarajatlarini toʻliq qoplash darajasiga olib chiqish.

Uzoq muddatda esa qarz yuki va byudjet xarajatlarini maqbullashtirish boʻyicha Oʻrta muddatli choralar rejasini ishlab chiqish va tashqi davlat resurslarini faqat infratuzilma loyihalari hamda ijtimoiy obʼyektlarga sarflash.

Shuningdek, oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash orqali sanoat va raqobat siyosatini takomillashtirish va davlat moliyasini boshqarish strategiyasini qabul qilish.

Xulosa qilib aytganda, mazkur chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish mamlakat iqtisodiyotini pandemiya taʼsiridan tezroq chiqarish va barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun xizmat qiladi.

Nozimjon Ortiqov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ