| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza4 daqiqada oʻqiladi370 marta oʻqildi

Pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash: moliyalashtiriladigan pensiya tizimini yaratish

Mamlakatimizda pensiya tizimini isloh qilish, xususan, xususiy pensiya fondlarini tashkil etishga ruxsat berish, pensiya fondlarini kapital bozorida ishtirokini taʼminlash Oʻzbekiston moliya tizimini yanada rivojlantirishga yordam beradi.

Pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash: moliyalashtiriladigan pensiya tizimini yaratish

Hozirgi kunda davlat pensiya taʼminoti tizimi 3,3 mln.dan ortiq kishini yoki mamlakatimiz aholisining qariyb 10 foizini qamrab oladi. Shu jumladan, yosh boʻyicha pensiya oluvchilar 2502,6 ming kishini, nogironlik boʻyicha – 360,3 ming kishi, boquvchisini yoʻqotgani uchun – 168,5 ming kishi, ijtimoiy nafaqa oluvchilar – 294,1 ming kishini tashkil etadi.

Norasmiy sektorda ishlashga majbur boʻlayotganlar daromadlarini rejalashtirishda qiyinchilikka duch kelmoqda

Xalqaro tajribalar shuni koʻrsatadiki, aholining oʻrtacha umr koʻrish yoshi ortib borishi bilan “ishlab topding – toʻla” (pay as you go) tamoyiliga asoslangan pensiya tizimida vujudga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy qiyinchiliklar davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilishni talab etadi.

Yosh boʻyicha pensiya oluvchilarning soni oshib borayotgan sharoitda hozirgi mavjud davlat pensiya taʼminoti tizimi iqtisodiy faol aholi qatlamiga pensiya toʻlovlari yukining oshishiga olib kelmoqda. Shuningdek, xususiy pensiya fondlari kabi uzoq muddatli mablagʻlarga ega jamgʻarmalarning yoʻqligi kapital bozorini rivojlantirishga imkon bermayapti.

Bundan tashqari, norasmiy sektorda ishlashga majbur boʻlayotgan ishchilar, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlovchilar, chet ellarda faoliyat olib borayotgan fuqarolar, qishloqlarda farzand tarbiyasi va uy yumushlari bilan mashgʻul ayollar oʻzlarining nafaqa hayoti uchun daromadlarini rejalashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Mazkur omillarni inobatga olib, mamlakatimizda pensiya tizimini isloh qilish, xususan, xususiy pensiya fondlarini tashkil etishga ruxsat berish, pensiya fondlarini kapital bozorida ishtirokini taʼminlash Oʻzbekiston moliya tizimini yanada rivojlantirishga yordam beradi.

Filippin va Gruziya tajribalariga nazar tashlaymiz

Bu borada, xorijiy mamlakatlar tajribasini, aynan Filippin va Gruziya tajribalarini oʻrganish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Masalan, Gruziya 2019 yil 1 yanvardan yangi pensiya tizimini joriy qildi. Ushbu islohotdan birinchi maqsad pensiya yoshidagi fuqarolarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻlsa, ikkinchi maqsad kapital bozorini rivojlantirish hisoblanadi.

Gruziyada yangi pensiya tizimini toʻliq tadbiq qilishni bir necha bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 2019 yildan 1 yanvardan 40 yoshdan kichik boʻlgan barcha ishchilar (ish bilan taʼminlanganlardan tashqari) yangi pensiya tizimiga majburiy kiritildi. Yoshi 40 yoshdan oshgan ishchilar va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlaganlar ixtiyoriy ravishda yangi tizimda ishtirok etishlari mumkinligi belgilandi.

Gruziya yangi pensiya tizimi 2+2+2 sxemasida ishlaydi. Yaʼni, yillik daromadi 24 000 larigacha (79,6 mln. soʻm) boʻlgan ishchilar uchun daromadining 2 foizi miqdorida badal ishchi tomonidan, 2 foizi – ish beruvchi tomonidan va yana qoʻshimcha 2 foizi miqdorida davlat tomonidan oʻtkaziladi. Yiliga 24 000 laridan 60 000 larigacha (199 mln. soʻm) daromad oluvchilar uchun davlat tomonidan 1 foiz miqdorida pensiya badallari oʻtkazilib beriladi. Agar yillik daromadi 60 000 laridan oshsa, davlat tomonidan ulush qoʻshilmaydi.

Shuningdek, birinchi bosqichda yangi pensiya tizimida qatnashish yoki qatnashmasligidan qatʼiy nazar nafaqaga chiqqan har bir gruziyalik standart davlat pensiyasini (hozirda 180 lari – 62 AQSh dollar) olishga haqli.

Mazkur pensiya tizimida qatnashuvchilar oʻz jamgʻarmalarini investitsiyalarga yoʻnaltirishda uchta tanlovga egalar. Yaʼni, qatnashuvchilar kelajak uchun jamgʻarayotgan mablagʻlarini investitsiyalarning risk darajasi va undan keladigan daromaddan kelib chiqib, kam riskli, oʻrtacha riskli va yuqori riskli investitsiyalarga yoʻnaltirishlari mumkin. Shunday boʻlsada, aʼzolikning dastlabki besh yilida qatnashuvchilar faqat kam riskli investitsiya portfelini tanlay oladilar.

Taʼkidlash lozimki, 2019 yilning dastlabki 150 kunida Gruziyaning yangi pensiya tizimida jami 232 mln. lari (qariyb 83,3 mln. AQSh dollar) mablagʻ toʻplandi. Kelgusi 5-6 yilda 5 mlrd. lari (qariyb 1,8 mlrd. AQSh dollar) miqdorida mablagʻlar jamgʻarilishi kutilmoqda.

2-rasm. Gruziya yangi pensiya fondi hajmi oʻzgarishi

(mln. lari)

Manba: Gruziya Pensiya agentligi

Ushbu mablagʻlarni quyidagilarga investitsiya qilish mumkinligi belgilangan: bank depozitlari, davlat qimmatli qogʻozlari, mahalliy korporativ obligatsiyalar, mahalliy korporativ aksiyalar, xorijiy davlat qimmatli qogʻozlari, xalqaro moliya institutlari qimmatli qogʻozlari, xorijiy korporativ obligatsiyalar va aksiyalar va boshqa aktivlar.

Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya fondi yoki xususiy pensiya fondlarini tashkil etish maqsadga muvofiq

Gruziya tajribasini chuqur tahlil qilgan holda hamda mamlakatimizda 2019 yil 1 yanvardan joriy qilingan yangi soliq tizimiga asosan fuqarolarning majburiy badallarini (8 foiz) bekor qilinishi hamda shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining 2 foizdan 0,1 foizga tushirilishi samaradorligini hisobga olib, mamlakatimizda davlat pensiya taʼminoti tizimiga qoʻshimcha ravishda davlat ijtimoiy himoya fondi yoki xususiy pensiya fondlarini tashkil etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday pensiya fondlarining paydo boʻlishi iqtisodiy rivojlanish uchun zarur boʻlgan uzoq muddatli mablagʻlarni jamgʻarishga va bu orqali kapital bozorini rivojlantirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, taʼkidlash lozimki, Gruziya pensiya tizimiga oʻxshash xususiy pensiya fondlarini (yoki davlat ijtimoiy himoya fondini) tashkil etilishi xususiy sektorda faoliyat olib borayotgan ishchi-xizmatchilar uchun ham manfaatli boʻlganligi bois ularning ish haqlarini "konvert"dan buxgalteriya balansiga koʻchirilishiga ragʻbat uygʻotadi.

Fondlarda jamgʻarilgan mablagʻlar kreditlar uchun garov vazifasini oʻtaydi

Shuningdek, mazkur fondlarda jamgʻarilgan mablagʻlar aholi tomonidan olinadigan kreditlar uchun garov vazifasini oʻtashi mumkin.

Xususiy pensiya fondalarini (yoki davlat ijtimoiy himoya fondini) tashkil etishda Xalq bankida jamgʻariladigan shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallariga toʻlanadigan real foiz stavkalari ijobiyligini aniqlash va mazkur mablagʻlardan foydalanish samaradorligini baholash hamda mazkur fondlarning moliya bozorida ishtirok etishini belgilab beruvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bazasini shakllantirish lozim boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ