Pandemiya va iqtisod: Qaysi sohalarda “qulash” kuzatiladi?
COVID-19 pandemiyasi oqibatida va koronavirusga qarshi kurashda joriy qilingan karantin choralari Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakatlari iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga boʻlgan ichki talabning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi.
Jahon banki prognozlariga koʻra, joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollik oʻrtacha 4,7 foizga qisqaradi. Ushbu mintaqalarda kuzatilayotgan iqtisodiy retsessiyaning koʻlami va “chuqurligi” jahon moliyaviy inqirozi davridagi bilan deyarli bir xil. COVID-19 pandemiyasi oqibatida va koronavirusga qarshi kurashda joriy qilingan karantin choralari ushbu mintaqalar mamlakatlari iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga boʻlgan ichki talabning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi. Bularning taʼsiri xom ashyo tovarlari narxining keskin pasayishi, turizm sohasining inqirozi, mehnat muhojirlaridan keladigan pul oʻtkazmalarining kamayishi, eksport hajmining qisqarishi, shuningdek, mahsulot yetkazib berish zanjirida uzilishlar tufayli yanada kuchaymoqda. UzAnalytics. com sayti bu haqda maʼlumotlarni keltirib oʻtgan.
Jahon banki ekspertlarining fikricha, iqtisodiy oʻsish 2021 yilda tiklanadi. Bunga jahon bozorida xom ashyo tovarlari narxlarining hamda global savdo-sotiq zanjirlarining bosqichma-bosqich tiklanishi, mamlakatlar iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga boʻlgan ichki talabning oshishi yordam beradi. Biroq bu prognozning amalga oshishida bir qator omillaring salbiy taʼsiri yuqori darajada boʻlib qolmoqda. Bular koronavirus infeksiyasining ikkinchi toʻlqini, moliyalashtirish va investitsiyalarda tushkunlik kayfiyatining kutilganidan koʻra uzoqroq davom etishi, shuningdek, pul oʻtkazmalari hajmini keskin qisqarishi tufayli iqtisodiy retsessiyaning kutilmagan darajada kuchayishi kabi omillarni qamrab oladi.
Joriy yilning iyun oyi boshida Jahon banki guruhi “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” tahliliy tadqiqotini eʼlon qildi, oradan bir hafta oʻtib, uning toʻliq matni chop etildi. Bunda pandemiya sharoitida global iqtisodiyot hamda dunyo mintaqalari va mamlakatlari iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollariga oid prognozlar eʼlon qilingan. Quyida ushbu hisobotning Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqalariga bagʻishlangan qismi sharhini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Joriy vaziyat
Dunyo miqyosida xom ashyo tovarlari narxi keskin tushib ketgani, mamlakatlararo savdo-sotiq hajmini sezilarli darajada kamayishi, mahsulot yetkazib berish global va hududiy zanjirlaridagi uzilishlar, shuningdek, moliya bozorlarida kuzatilayotgan inqiroz tufayli COVID-19 pandemiyasi Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, mamlakatlar iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga ichki talabning pasayib ketishi nafaqat chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida, balki investitsiyalar hajmining kamayib ketganida ham aks etdi. Sababi, pandemiya va u bilan bogʻliq karantin cheklovlari umumiy isteʼmol hajmini kamaytirib, investitsion faollikka salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari markaziy banklarining taxminan uchdan ikki qismi aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshimcha mablagʻlar ajratib, iqtisodiy inqirozga qarshi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishdi. Ayrim mamlakatlar markaziy banklariga milliy valyuta kursini barqarorlashtirish va uning keskin tarzda qadrsizlanishini oldini olish uchun (masalan Qozogʻistonda) valyuta bozorlarida bevosita intervensiyalar oʻtkazishiga toʻgʻri keldi. Boshqa mamlakatlarda, masalan, Rossiya va Ozarbayjonda ushbu maqsadda maxsus milliy jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanildi. Markaziy Osiyo va Yevropaning koʻplab mamlakatlarida milliy valyutalarning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi inflyasiyaning oʻsishiga hamda markaziy banklarning qayta moliyalashtirish stavkasini yanada pasaytirish imkoniyatini cheklanishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, inflyasiya darajasi maqsadli koʻrsatkichga yaqin yoki pandemiya davrida undan oshib ulgurgan mamlakatlarda.
Yuqorida qayd etilgan mintaqalarning aksariyat mamlakatlarida cheklangan imkoniyatlarga qaramay, hukumatlar sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, aholi va hususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash hamda moliya bozorini barqarorlashtirish uchun mavjud resurs va zahiralardan foydalandilar. Yevropa va Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlarida pandemiya va uning iqtisodiy-ijtimoiy oqibatlariga qarshi chora-tadbirlar toʻplami eʼlon qilindi.
Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti istiqbollari
Jahon banki ekspertlari joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti oʻrtacha 4,7 foizga qisqarishini prognoz qilishmoqda, ularning qariyb barchasida retsessiya kutilmoqda. Ushbu prognoz mazkur mintaqalar davlatlarida joriy qilingan karantin choralarini 2020 yilning ikkinchi yarmi boshlarida bosqichma-bosqich bekor qilinishini koʻzda tutadi. Kelgusi 2021 yilda pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsiri tobora kamayib, savdo-sotiq va investitsiyalarni sekin-asta tiklanishi natijasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida iqtisodiy oʻsish oʻrtacha 3,6 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.
Turizm COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etilgan keng koʻlamli cheklov choralaridan eng koʻp zarar koʻrgan sohadir. Bu cheklovlarning bosqichma-bosqich bekor qilinishiga qaramay joriy yil yoz mavsumining koʻp qismi turizm sohasi uchun qoʻldan boy berilgan koʻrinadi. Chunki, bir tomondan, potensial sayohatchilar koronavirusni yuqtirishdan oʻzlarini ehtiyotlasalar, ikkinchi tomondan, pandemiya davrida ish oʻrinlari qisqargani sabab sayohat qilish uchun ularning mablagʻlari ham yetarli emas. Dastlabki hisob-kitobga koʻra, 2020 yilda jahon miqyosida turistlar soni 60 foizdan 80 foizgacha qisqaradi. Taqqoslash uchun, 2009 yilgi moliyaviy inqiroz davrida bu koʻrsatkich atigi 4 foizni tashkil qilgan edi. YaIMning salmoqli qismi turizm sohasiga toʻgʻri keladigan Gruziya va Turkiya kabi mamlakatlar iqtisodiyotida pandemiyaning salbiy taʼsiri koʻproq seziladi. Turizm sohasining odatda sekin tiklanishini hisobga olganda, pandemiyaning oqibatlari bu sohada 2021 yilda ham sezilarli daraja boʻlishi kutilmoqda.
Mamlakat iqtisodiyotida xom ashyo eksporti salmoqli rol oʻynaydigan davlatlarga kelsak, joriy yilda bu resurslarning kutilayotgan past narxlari ularning iqtisodiy koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Neft narxining keskin tushib ketgani, prognozlarga koʻra joriy yilda uning past darajada saqlanib qolishi va OPEKning neft qazib olish hajmini kamaytirishi kabi omillar Qozogʻiston va Rossiya davlatlari iqtisodiyotiga 2020 yilda katta taʼsir koʻrsatadi. Oqibatda ushbu mamlakatlarda soliq va byudjet pozitsiyalari sezilarli xavf ostida qolishi mumkin. Biroq, jahon bozorida oltinning yuqori va tobora oʻsib borayotgan narxi ushbu qimmatbaho metallning dunyoda yirik eksportchilari hisoblanadigan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston iqtisodiyoti uchun ijobiy omildir.
2020 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish oʻrtacha 1,7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Jahon banki hisobotida bunga asosiy omillar sifatida Xitoy, Rossiya va Yevrohudud bilan savdo-sotiq hajmining qisqarishi, xom ashyo tovarlari eksportidan tushadigan daromadlarning pasayishi hamda mehnat muhojirlaridan keladigan pul oʻtkazmalarining keskin kamayishi kabilar keltirilgan.
Risklar
Jahon banki mutaxassislarining fikriga koʻra, Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlarining iqtisodiy oʻsish istiqbollarida risklar (noaniqliklar) yuqori darajada. Sababi, pandemiyaning iqtisodiy faollikka taʼsiri taxmin qilinayotganidan (prognozdan koʻra) ancha jiddiy boʻlishi mumkin. Masalan, davlatlar boʻylab joriy qilingan karantin choralarining uzaytirilishi, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatning yaxshilanmasligi yoki yanada yomonlashishi bu mamlakatlar iqtisodiyotini mushkul ahvolga solib qoʻyishi mumkin. Pandemiya shuningdek, oʻrtamuddatli risklarni vujudga keltiradi, buni ayniqsa, qoʻshimcha qiymat yaratish zanjiridagi global aloqalarni yoʻqotish holatlarida koʻrish mumkin boʻladi. Bundan tashqari, pandemiya tufayli oʻquv muassasalarining uzoq muddatga yopilishi kabi choralar ham taʼlim darajasi va inson kapitali rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Dunyoda investitsion faollikni uzoq muddatga past darajada saqlanib qolinishi Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari iqtisodiyoti uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Pandemiyaning davomiyligiga bogʻliq ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi 2020 yilda keskin qisqarishi mumkin. Joriy yilning boshidanoq investitsion faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda, koronavirus bilan bogʻliq vaziyatning yanada yomonlashishi investitsiyalar hajmining keskin kamayish ehtimolini kuchaytiradi.
Mehnat muhojirlaridan keladigan pul oʻtkazmalarining keskin qisqarishi ham Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlarida iqtisodiy retsessiyani yanada kuchaytirishi mumkin. Joriy yilda ushbu davlatlarga yuboriladigan pul oʻtkazmalari hajmini ancha kamayishi kutilmoqda. Pandemiyaga qarshi kurashda joriy qilingan karantin va cheklov choralari mehnat muhojirlarini doimiy va vaqtincha ishlarga qabul qiladigan mamlakatlarda ish oʻrinlari sonini qisqarishiga olib keldi. Mehnat muhojirlaridan keladigan pul oʻtkazmalari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning koʻp mamlakatlarida aholi uchun muhim daromad manbai hisoblanadi, pul oʻtkazmalari hajmi bu hududlarda mintaqa YaIMning deyarli 10 foizini tashkil qiladi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning ayrim mamlakatlarida pul oʻtkazmalari hajmi YaIMning 30 foiziga teng.