| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar12 daqiqada oʻqiladi958 marta oʻqildi

Pandemiya krizisi sharoitida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari

Xalqaro mehnat tashkiloti kichik biznesda va oʻzini oʻzi band qilgan aholini, ayniqsa, norasmiy iqtisodiyotda ishlayotganlarni himoya qilish uchun shoshilinch va muhim siyosat choralarini koʻrishga chaqirmoqda

Pandemiya krizisi sharoitida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari

Pandemiyaning global iqtisodiyotga taʼsiri

Koronavirus Covid-19 pandemiyasi ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlarini jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Shu bilan birga, pandemiya davrida “Buyuk yopilish” atamasi bilan kirib kelgan iqtisodiy inqiroz xalqaro xoʻjalik aloqalarida “qiymat zanjirlari”ni uzilishi bilan birga xizmat koʻrsatish va servis tarmoqlariga ham jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatib Jahon iqtisodiyotining retsessiyasini boshlab berdi[1].

Bu inqirozning oʻziga xos tomoni shundaki – unda ham talab, ham taklif inqirozi bilan birga tarixdagi eng katta ishsizlik muammosi kuzatilmoqda.

Bunga quyidagi omillar sabab boʻldi:

birinchidan, talab inqirozi – jahon aholisining 80%i karantinga tushishi natijasida tovar (asosan uzoq muddatli isteʼmol tovarlari) va xizmatlar isteʼmoli pasayishi;

ikkinchidan, yirik iqtisodiyotlarda yalpi talab tushishi natijasi YaIMning oʻsish surʼatlari 5-10% pasaydi. Goldman Sachs prognozlariga koʻra, 2020 yilda AQShda YaIM -6%ga, Xitoy YaIM -9%ga tushishi;

uchinchidan, yirik iqtisodiyotlardagi iqtisodiy muammolar ketidan rivojlanayotgan davlatlarda ham iqtisodiy muammolar kelib chiqa boshladi. Bu muammolar asosan, 2020 yil fevralidan boshlab jahon bozorlarida kuzatilayotgan xomashyolar narxlarining pasayishi, xususan neft narxining oxirgi 18 yillik minimumdan pasayib ketganligi, xomashyo eksportiga asoslangan iqtisodiyotlarga salbiy taʼsiri sezilarli boʻlmoqda (The Economist 2020a; CNN 2020);

toʻrtinchidan, pandemiya sharoitida qoʻllanilayotgan cheklovlar aholi salomatligini himoya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni deyarli deyarli barcha davlatlarda oshib ketishiga olib keldi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi YaIM joriy yilning 1-choragida 4,1% ga oʻsdi (oʻtgan yilning shu davrida 5,3%). Tashqi savdo aylanmasi 10,2% ga kamaydi[2]. Ammo bu koʻrsatkichlarda karantin choralarining qoʻllanilishi taʼsiri minimal boʻldi. Chunki koronavirus birinchi chorak tugashiga ikki hafta qolganida aniqlandi va karantin tadbirlari 16 martdan 6 aprelgacha mamlakat boʻylab bosqichma-bosqich joriy etildi.

Infografika: Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha tavsiya etilayotgan chora-tadbirlar

Agar tashqi savdo aylanmasi yil boshidan buyon Xitoy va Yevropada epidemiya taʼsirida salbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, unda barcha savdo obʼyektlarini yopish (oziq-ovqat doʻkonlari va bozorlardan tashqari), umumiy ovqatlanish va xizmatlar, mamlakat ichidagi transportda qatʼiy cheklovlar va boshqa mamlakatlar bilan avto, havo va temir yoʻl aloqalarining toʻxtatilishi ichki talabning pasayishiga olib keldi.

Ichki talabni qoʻllab-quvvatlash uchun 14 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini 16% dan 15% ga tushirdi. Bu soʻnggi 5 yil ichida qayta moliyalash stavkasining ilk marta pasaytirilishi boʻldi[3].

Birinchi chorakda YaIM oʻsishining pasayishi ham oʻtgan 3 yil mobaynida Oʻzbekiston iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotiga yanada faol integratsiyalashganini koʻrsatdi.

Soʻnggi yillarda xizmat koʻrsatish sohasining yuqori koʻrsatkichlarda oʻsib borishi YaIM tuzilmasidagi ulushini ham oshishiga olib keldi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasining hisobotiga koʻra, 2019 yil yakunlariga koʻra YaIMda xizmatlar 35,5%, sanoat 30%, qishloq xoʻjaligi 28,1%, qurilish 6% ni tashkil etdi[4]. Demak xizmat koʻrsatish sohasidagi ogʻir vaziyat iqtisodiy oʻsish surʼatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatadi.

Iqtisodiy inqirozning aholi bandligiga taʼsiri

Xalqaro mehnat tashkilotining 2020 yil 1 chorak yakuni boʻyicha eʼlon qilgan monitoring natijalariga koʻra, aprel oyining boshiga kelib Covid-19 pandemiyasi taʼsirida global miqyosda 2,7 mlrd ish oʻrinlarining toʻliq yoki qisman yopilishiga olib keldi, bu esa jahondagi ish bilan band aholining 81 %iga taʼsir qildi[5].

Jahonda kambagʻal aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga koʻpayish xavfi yuzaga kelmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Bularning natijasida ish oʻrinlari soni qisqarishi, ishlab chiqarish quvvatlarining qisman yoki toʻliq toʻxtalishi, masofadan ishlash tamoyillari joriy etilishi natijasida mehnat unumdorligi pasayishi kuzatilmoqda.

Ayniqsa, turizm, sayyohlik, mehmonxona va transport xizmatlari eng katta yoʻqotishlarga duch keldi. Yoʻqotishlarning hajmini yirik aviakompaniyalarning aksiyalari qiymati 50 foizga pasayganligida ham koʻrish mumkin.

Iqtisodiy inqirozlar asoratlarini yumshatishda qaysi iqtisodiy siyosat dastaklaridan foydalanish mumkin?

Darhaqiqat, dunyoda qaysi sohani olmaylik, global inqiroz ish oʻrinlarini qisqarishiga keskin taʼsir koʻrsatmoqda. Aksariyat siyosatchilar postpandemik davrda iqtisodiyotni tiklash boʻyicha zudlik bilan amalga oshirishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar, ayniqsa, iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, hayotiy muhim boʻlgan sohalar va aholining aksariyat qismi band boʻlgan tadbirkorlik sohalarini himoya qilish boʻyicha jiddiy izlanishlar olib borilmoqda.

Nazariy jihatdan iqtisodiy siyosatning roli, tashqi, qarz olish va sugʻurta yetishmovchiligi kabi eksternaliyalardan (tashqi taʼsirdan) holi sharoitda Covid-19ning katta zararli taʼsiri faqat qisqa muddatli V shaklidagi retsessiyani keltirib chiqaradi. Bunda ish oʻrinlari va ishlab chiqarish kamayishi bilan YaIM pasayadi. Kasallikning tarqalishini cheklash boʻyicha chora-tadbirlarga rioya qilish uchun ularning iqtisodiy faoliyati, ammo keyin ishsizlik yoki biznes yopilmasdan, saqlash siyosati tugashi bilan hamma narsa normal holatga qaytadi. Iqtisodiyot bir muncha vaqt yuqoriroq koʻrsatkichlarga erishishi mumkin. Chunki uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va xizmatlarga boʻlgan talab qondirildi.

Ammo amaliyotda Covid-19 uzoq davom etadigan chuqur turgʻunlik va keskin iqtisodiy oʻzgaruvchanlikni keltirib chiqarishi mumkin (Furman 2020). Makroiqtisodiy siyosatning maqsadi ushbu qisqa muddatli V shaklidagi turgʻunlikni replikatsiya qilishga harakat qilish, tashqi talablar va moliyaviy cheklovlarni yumshatish, salbiy zarbalarning taʼsirini kamaytirishga yordam beradigan monetar va fiskal vositalardan foydalanish (Bernanke 2020; Blinder va Zandi 2015; Gali va Gambetti 2009).

Soʻnggi empirik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, xususiy isteʼmol davlat xarajatlari hisobiga ragʻbatlantiriladi va bu dalil mavjud makroiqtisodiy nazariyaga ziddir. Unga koʻra davlat xarajatlarining oʻsishi (soliqqa asoslangan) isteʼmolni kamaytirishi kerak (Bouakez & Rebei, 2003). Vektorli avtoregressiya (VAR)ga asoslangan soʻnggi empirik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, davlat xarajatlarining koʻpayishi xususiy isteʼmolning sezilarli va doimiy oʻsishiga olib keladi va ular iqtisodiy taraqqiyotga olib keladi (Gali, Lopez-Salido & Valles, 2007; Okubo, 2003; Perotti, 2002).

Koronavirus pandemiyasi kichik biznesga qanday taʼsir qildi?

Agar hukumat xarajatlarni ssudalar bilan moliyalashtirsa, xususiy isteʼmol hajmi ham oshishi mumkin. Ammo kelajakda hukumat olingan tashqi qarzlarni soʻndirib borishi va/yoki soliqlarni oshirishi kerak, shuning uchun bu ijobiy korrelyasiyani uzoq muddatda qoʻllab-quvvatlab boʻlmaydi.

Shuningdek, xususiy sektor orqali mablagʻlarni tarqatish davlat davlat tashkilotlari orqali taqsimlashdan koʻra unumliroq. Buni Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida oʻtkazilgan keng miqyosli tadqiqotlarda koʻrish mumkin[6].

Xususan, Ruminiyadagi yalpi isteʼmol va yalpi ichki mahsulot oʻrtasida ijobiy bogʻliqlik borligi aniqlandi. Shu bilan birga, xususiy isteʼmol va YaIM oʻrtasidagi bogʻliqlik kuchli, davlat isteʼmoli va YaIM oʻrtasidagi bogʻliqlik esa kuchsiz ekanligi isbotlandi.

Markaziy va Sharqiy Yevropaning 11 mamlakati uchun ishlab chiqilgan tadqiqotda, Gozgor (2013) faqat Xorvatiya va Sloveniyada moliya va byudjet siyosati uzoq muddatli istiqbolda xususiy isteʼmolga taʼsir koʻrsatishini koʻrsatgan boʻlsa, boshqa 9 ta davlatida taʼsir kuchi vaqtinchalik boʻlgan.

Koʻplab kuzatuvchilar hozirgi kunda eng yaxshi ragʻbatlantirish turi bu uy xoʻjaliklarining ayniqsa, pulni sarflash ehtimoli koʻproq boʻlgan qatlamiga, yaʼni ish joyi yoki daromadlari yoʻqotgan kam taʼminlanganlar va oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlaganlar uchun deb hisoblaydilar.

2020 yil 10 aprel holatiga jami 51 ta mamlakat tomonidan mehnat bozorini qoʻllab-quvvatlash 74 ta dastur ishlab chiqildi[7].

Mehnat bozorini qoʻllab-quvvatlash choralari

74

Ish haqini kompensatsiyalash

45

Mehnatga layoqatli aholini kasbga oʻqitish

12

Yangi ish oʻrinlari yaratish va oʻzini-oʻzi band qilish boʻyicha qoʻyilgan cheklovlarni soddalashtirish

14

Ish kuni davomiyligini qisqartish

3

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dasturlari

127

Ish haqi saqlangan taʼtil berish

37

Tibbiy sugʻurtalash

7

Pensiya

21

Ijtimoiy sugʻurta toʻlovi muddatini uzaytirish

27

Ishsizlik nafaqasini tayinlash

35

Oʻzbekistonda ijtimoiy tarmoqlari orqali jami 312,4 ming kishi ishtirok etgan anonim soʻrovnoma natijalariga asosan fuqarolarning 21 %i vaqtincha ishini yoʻqotgan, 7 %i oʻz hisobidan mehnat taʼtilida, 7 %i haq toʻlanadigan mehnat taʼtilida, 18 %i uyda masofadan turib va 21 %i ishxonaga qatnab ishlayotganligini bildirishgan[8].

Respublikadagi mavjud karantin rejimi tufayli jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlaridan tushumlar 3 barobarga, YaTTlarning qatʼiy belgilangan soligʻi boʻyicha tushumlar 84 foizga kamaygan[9].

Kichik biznes sohalarida koʻplab ishchilar daromad manbaidan ayirilgani va ishdan boʻshatilishlari kuzatilmoqda. Bu vaziyatda iqtisodiyotning bir qator tarmoqlari boʻyicha korxonalar va aholining toʻlov qobiliyatiga jiddiy tahdid soluvchi omillar yuzaga kelmoqda. Xususan, norasmiy sektorda band boʻlganlar ayniqsa, eng zaif va himoyalanmagan qatlam boʻlib qoldi.

Krizisning norasmiy sektorda bandlarga salbiy taʼsiri

Joriy qilingan karantin choralari taʼsirida eng qattiq zarba bergan sohalarda norasmiy ish band boʻlgan qariyb 1,6 mlrd nafar ishchilarga jiddiy taʼsir qilgan.

Krizisning birinchi oyida norasmiy ish bilan band aholining taxminan 60 %ida daromadlar pasaygan. Ushbu koʻrsatkich Afrika va Lotin Amerikasida 81 %ga tushgan.

Aholi tabaqalari kesimida esa 82 % past va oʻrta daromadli qatlam vaqtllari, 28 %i esa yuqori daromad qiladiganlarga toʻgʻri kelgan. Yuqori daromadli davlatlarda bu koʻrsatkich 76 %ni tashkil etgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekistonning byudjeti qanday oʻzgardi?

Xalqaro mehnat tashkiloti kichik biznesda va oʻzini oʻzi band qilgan aholini, ayniqsa, norasmiy iqtisodiyotda ishlayotganlarni himoya qilish uchun shoshilinch va muhim siyosat choralarini koʻrishga chaqirmoqda[10].

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy maʼlumotlariga koʻra bugungi kunda Oʻzbekiston mehnat bozorida 13,5 mln kishi band boʻlib, ulardan 5,7 mln kishi rasmiy va 7,8 mln kishi norasmiy sektorda, shu jumladan, 2,6 mln kishi mehnat migranti sifatida mehnat qilmoqda[11].

Jahon banki tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra Covid-19 pandemiyasi va qoʻllanilgan karantin choralari taʼsirida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli, pul oʻtkazmalarining umumiy hajmi 20%ga keskin tushadi[12]. Oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari sonidan kelib chiqadigan boʻlsak bu koʻrsatkich 500 mingdan koʻproq kishi koronavirus pandemiyasi taʼsirida doimiy ish joylariga ketolmay qolish ehtimoli yuqori.

Manba: Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari

Aksariyat hollarda norasmiy sektorda bandlar koʻrsatkichi qishloq joylarida koʻproq boʻlishi hududlar kesimida tahlil qilinganda ham koʻrinib turibdi.

Manba: Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari

Oʻzbekistonda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan choralarning samarasi

Koʻrilgan choralar natijasida Oʻzbekistonda Covid-19 virusidan zararlanganlar orasida oʻlim darajasi 0,4% ni tashkil etmoqda. Oʻzbekistonda kasallikdan davolanayotganlar ham, kasallikda gumon qilinganlar ham, karantinda saqlanayotganlarning barchasi bepul, davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda.

Prezident koronavirusning iqtisodiyotga salbiy taʼsiri va global inqirozni yumshatish boʻyicha Farmon imzoladi

21 apreldan boshlab koronavirus bilan kasallanishlar soni kunlik statistikada tuzalganlar soni kasallanganlar sonidan oshayotganligi qabul qilingan qarorlar va koʻrilgan choralarning samarali ekanligidan dalolat beradi.

Karantin davrida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi va Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan, 141 ming 800 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanib, ularga 43 milliard 225 million soʻm ish haqi toʻlab berildi.

Taʼkidlash joizki, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash – bu yangi ish oʻrinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun katta imkoniyat va zaxira hisoblanadi.

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun qonuniy faoliyat yuritish uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligada 22 va 24 aprel kunlari oʻtkazilgan videoselektor majlislarida[13][14] karantin davrida aholi bandligi va daromadi keskin kamayishini oldini olish bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi:

  • oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun faoliyat turlari roʻyxatini kengaytirish va qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik shakllariga ruxsat berish (hozirda 85 ta faoliyat turiga ruxsat berilgan);

  • aholi bandligini taʼminlashdagi muhim boʻlgan servis sohasini rivojlantirish (ovqatlar va tovarlarni uyga yetkazib berish, koʻchma savdo va xizmatlarni tashkil etib, bu korxonalarning kamida 70 foizini bemalol ishlatsa boʻladi);

  • onlayn ishlasa boʻladigan sohalarga maksimal imkoniyatlar yaratib berish;

  • tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotishni ragʻbatlantirish;

  • yetkazib berishni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subʼyektlariga faoliyat yuritish uchun sharoit yaratib berish;

  • uy-joylarni remont qilish hamda avtotransport, maishiy texnika va boshqa tovarlarga kreditlar berishni kengaytirish;

  • qishloq xoʻjaligi kooperativlarini qoʻllab-quvvatlash orqali mavsumiy ishlarga aholini keng jalb qilish;

  • fermer xoʻjaliklari tomonidan dala tomorqalarida ekin ekishga aholiga yordam berish;

  • “oborot”dan chiqqan yerlarni oʻzlashtirib, kooperativlarni tashkil qilish;

  • aholi xonadonlarida issiqxonalarni ishga tushirish;

  • oʻzlashtirilmagan yerlarni uchun sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish orqali yangi maydonlar tashkil etish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish;

  • ijtimoiy xizmat turlarini kengaytirish asosida yangi ish oʻrinlarini yaratish (jamoat joylarini dezinfeksiyalash, qariyalar, nogiron va oʻzgalarning yordamiga muhtoj shaxslarni parvarishlash va boshqalar).

Eng asosiysi, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun faqat xabardor qilish orqali roʻyxatdan oʻtib ishlash mexanizmini joriy etish boʻyicha oʻta dolzarb va muhim boʻlgan topshiriq berildi. Mazkur topshiriq bilan uzoq vaqt mobaynida norasmiy sektorda band boʻlgan aholini davlat roʻyxatiga olish tizimini keskin soddalashtirish, bunda kundalik hunari bilan aholiga maishiy xizmat koʻrsatayotgan fuqarolardan umuman soliq undirilmasligi belgilandi. Mazkur tashabbus shu kungacha mehnat bozorini rivojlantirish boʻyicha qilingan eng samarali islohotlardan biri sifatida eʼtirof etish lozim.

Karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini markazlashgan holda qoʻllab-quvvatlash

Oʻzbekistonda tadbirkorlik subʼyektlari va mahalla institutini keng jalb qilish amaliyoti ham samarali tashkil etilganini taʼkidlash joiz. Yuzaga kelgan vaziyatda qisqa muddatda barcha kritik resurslarni jamlash va uni markazlashtirilgan holda aholiga samarali tarzda yetkazishda avvalambor eng zaif qatlamlar, ishsiz qolganlar, daromad manbaidan ayrilganlar va boshqa qatlamalar cheklovlarsiz xavfsiz yordam berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri: Oʻzbekiston uchun xulosa va tavsiyalar

Bunda nafaqat davlat idoralari balki koʻp sonli koʻngillilar, xomiylar va tadbirkorlik subʼyektlarining birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi markaz va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi. Toshkent shahrida va hududlarda oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni qabul qilish va saqlash uchun maxsus pavilonlarda yordam olishning aniq tizimi ishga tushirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining rasmiy maʼlumotiga koʻra 11 mayga qadar 1197 qisqa raqamiga murojaat orqali jami 378,813 ta xonadonga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi[15]. Oʻzbekistonda oilalardagi aholi soni oʻrtacha 5,6 kishi tashkil etishini hisobga olganda jami 2,1 mln.ga yaqin aholi eng kerakli boʻlgan mahsulotlarga ehtiyojini qondirish imkoniga ega boʻlmoqda.

Ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hududiy tashabbuslar

Karantin davrida aholini faol ish bilan band qilish maqsadida hududlarda tadbirkorlar, fermerlar va banklar tomonidan bir qator tashabbuslar ishlab chiqilmoqda:

  • kambagʻal oilalarga tomorqada ekin ekishga yordamlashish, ularga qoramol va parranda tarqatish hamda kasanachilikni yoʻlga qoʻyish;

  • Toshkent shahrida xususiy banklar tumanlarga biriktirilib tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmak berish;

  • karantinga qadar ishsiz boʻlgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan koʻplab fuqarolar faol mehnat orqali ish bilan taʼminlash;

  • barcha hududlarda servis sohasini rivojlantirish;

  • ishlab chiqaruvchi korxonalarga tovarlarini aholiga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotishni ragʻbatlantirish;

  • tijorat banklari aholiga uy-joylarni remont qilish hamda avtotransport, maishiy texnika va boshqa tovarlarga kreditlar berishni kengaytirish;

  • onlayn texnologiyalar orqali oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun daromadlarini olish uchun zarur shart-sharoit va yengilliklar yaratish;

  • oilaviy va uy sharoitidagi hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha imtiyozlar berish va mahsulotlarini sotishga koʻmaklashish.

Taklif etilgan tashabbuslar har tomonlama samarali boʻlishi uchun, inqirozdan keyingi davrda iqtisodiy jihatdan barqaror va yanada kuchli boʻlish uchun aholi, davlat va biznes oʻrtasida uzviy aloqalar yanada mustahkamlanishi, oʻzaro ishonch oshishi, biznesning ijtimoiy masʼuliyati oshishi ijobiy samara berishi kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi birinchi navbatda aholi salomatligiga eng katta ustuvorlik berilgani va bu boʻyicha barcha imkoniyatlar toʻliq safarbar etilganligi natijada qisqa muddatlarda karantin choralarini bosqichma-bosqich bekor qilinishiga erishildi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning va barcha tarmoqlari, banklar, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini taʼminlash boʻyicha koʻplab zamonaviy va samarali mexanizmlar ishlab chiqildi. Aholini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari tizimlashtirilgan holda yoʻlga qoʻyildi. Iqtisodiy faol aholining barcha qatlamlari uchun keng koʻlamli qoʻllab-quvvatlash choralarining joriy etilishi pandemiyadan keyingi davrda milliy iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlari barqarorligini taʼminlash bilan birga joriy etilayotgan yengilliklar, imtiyozlar va tashabbuslar evaziga raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.

M. Xolmuxamedov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

[1] https://www.coindesk.com/the-great-lockdown-imf-confirms-global-recession

[2] https://stat.uz/ru/press-tsentr/novosti-komiteta/8359-proizvodstvo-valovogo-vnutrennego-produkta-6

[3] https://cbu.uz/oz/press_center/releases/214554/

[4] https://stat.uz/ru/press-tsentr/novosti-komiteta/8359-proizvodstvo-valovogo-vnutrennego-produkta-6

[5]https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/@dgreports/@dcomm/documents/briefingnote/wcms_740877.pdf

[6] Magdalena Radulescu, Luminita Serbanescu & Crenguta Ileana Sinisi (2019) Consumption vs. Investments for stimulating economic growth and employment in the CEE Countries – a panel analysis, Economic Research-Ekonomska Istraživanja

[7] https://forbes.uz/process/economy/otvetnaya_politika_po_sotsialnoy_zaschite_vo_vremya_covid-19/

[8] https://t.me/davletovuz/8562

[9]https://kun.uz/news/2020/04/18/karantin-tufayli-soliq-tushumlari-qanchaga-kamaygani-malum-boldi

[10]https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---dgreports/---dcomm/documents/briefingnote/wcms_743146.pdf

[11] https://mehnat.uz/uz/news/2019-yilda-uzbekistonning-ishsizlik-darazhasi-qancha

[12]https://www.worldbank.org/en/news/press-release/2020/04/22/world-bank-predicts-sharpest-decline-of-remittances-in-recent-history

[13] https://president.uz/uz/lists/view/3515

[14] https://president.uz/uz/lists/view/3517

[15] https://t.me/mahallavaoilainfo

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ