Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi barqarorligini taʼminlovchi omillari
Ushbu maqolada koronavirus inqirozi davrida va undan keyingi davrlarda Oʻzbekiston suveren kredit reytingi barqarorligini taʼminlashga xizmat qiluvchi ichki va tashqi omillar borasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov fikr yuritadi.

Muallif dunyo boʻylab koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun amalga oshirilayotgan choralar natijasida yuzaga kelgan global inqiroz ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan davlatlarning kredit reytinglari yoki ular boʻyicha kutilmalarga salbiy taʼsir qilayotgani taʼkidlab oʻtgan. Undan keyingi boʻlimda Oʻzbekistonning kredit reytingi barqarorligini taʼminlovchi ichki va tashqi omillar haqida soʻz boradi.
Joriy yil 5 iyun kuni «S&P Global Ratings» xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini «BB-/V» darajasida tasdiqladi. Shu bilan birga, agentlik mamlakat suveren kredit reytingi boʻyicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga qayta koʻrib chiqdi.
Agentlikning salbiy kutilmasi Oʻzbekistonning tashqi qarzi kutilganidan tezroq surʼatlarda oʻsayotgani, joriy yilda davlat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan qarz jalb qilayotgani hamda joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yuqori darajada kutilishi bilan izohlanadi.
S&P kutilmasining «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirilishi nimani anglatadi?
Bu shuni anglatadiki, Oʻzbekistonning kredit reytingi keyingi 6 oydan 2 yilgacha boʻlgan muddatda ikki ssenariyda (pasayish yoki koʻtarilish) oʻzgarishi mumkin:
Agar Oʻzbekiston iqtisodiyoti keyingi ikki yilda uzoq davom etadigan iqtisodiy sekinlashishga duch kelsa yoki toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobi kutilganidan koʻra yomonlashsa, agentlik mamlakat kredit reytingini «BB-» darajadan «B+» darajaga pasaytirishi mumkin;
Agar qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda Oʻzbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvining (Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlib qoʻshilishi) tezlashishi hamda davlat korxonalarining isloh qilinishi bilan iqtisodiyotimiz ishlab chiqarish salohiyati va tashqi shoklarga bardoshliligi oshib, davlat tashqi qarzi oʻsish surʼati sekinlashsa, agentlik respublikamiz kredit reytingi boʻyicha kutilmasini «barqaror» darajaga koʻtarishi mumkin.
Pandemiyada dunyo mamlakatlari suveren kredit reytinglaridagi oʻzgarishlar
Koronavirus inqirozi kabi misli koʻrilmagan inqirozlar insonlar hayoti va turmush farovonligini saqlab qolish uchun davlat xarajatlarining oshirilishini talab etadi. Shuning uchun butun dunyo mamlakatlari hukumatlari COVID-19 inqiroziga javoban iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun bir necha ragʻbatlantirish dasturlarini eʼlon qilishdi. Mazkur ragʻbatlantirish dasturlarini moliyalashtirish ham rivojlangan ham rivojlanayotgan davlatlar tashqi qarzi oʻsish surʼatlarining tezlashishiga olib keldi. Ustiga ustak, joriy yilda ayrim davlatlarda iqtisodiy oʻsishning sekinlashishi kutilayotgan boʻlsa, boshqa mamlakatlarning iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari manfiy raqamlarda aks etishi mumkin.
Mazkur omillarni hisobga olib xalqaro reyting agentliklari davlatlarning suveren kredit reytinglarini yoki ular boʻyicha kutilmalarini qayta koʻrib chiqmoqda. Masalan, «S&P Global Ratings» xalqaro reyting agentligi 2020 yil boshidan hozirga qadar 50ga yaqin mamlakatning kredit reytinglari yoki kutilmalarini salbiy tomonga oʻzgartirdi.
Xususan, joriy yilning 8 aprel kuni «S&P» agentiligi Avstraliyaning uzoq muddatli reytingini «AAA» darajada, qisqa muddatli reytingini «A-1+» darajada oʻzgarishsiz saqlab qolgan boʻlsada, uzoq muddatli reytinglari boʻyicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirdi. Avstraliyaning kuchli institutsional sharoitlari, boy iqtisodiyoti va pul-kredit siyosatining moslashuvchanligi mamlakat kredit reytingiga ijobiy taʼsir qilganiga qaramasdan, davlat tashqi qarzi va uy xoʻjaliklari qarzdorligining yuqoriligi, shuningdek, jahon bozorida xomashyo narxlarining tushib ketishi va Avstraliya eksportiga talabning sezilarli darajada kamayishi «S&P» agentligi tomonidan mamlakat kredit reytingi boʻyicha kutilmalarni salbiy tomonga oʻzgartirilishiga sabab boʻldi.
6 aprel kuni esa «S&P» Braziliyaning uzoq va qisqa muddatli suveren kredit reytingini «VV-/V» darajada tasdiqlagan boʻlsada, COVID-19 bilan bogʻliq noaniqlarning ortishi natijasida mamlakatning uzoq muddatli reytinglari boʻyicha kutilmasini bir pogʻona – «ijobiy»dan «barqaror»ga oʻzgartirdi.
Shuningdek, 17 aprel kuni «S&P Global ratings» Indoneziyaning kredit reytingi boʻyicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga tushirdi va ushbu qarorini koronavirus tarqalishiga qarshi davlat xarajatlarining koʻpayishi bilan bogʻliq boʻlgan moliyaviy xatarlarning oshishi bilan izohladi.
Shu bilan birga, «S&P agentligi» Nigeriya oltin-valyuta zaxirasi hajmi 2019 yil oʻrtalaridagi 45 mlrd. dollardan 2019 yil oxirida
38 mlrd. dollarga va 2020 yil fevral oyida 36,5 mlrd. dollarga kamaygandan keyin mamlakat kredit reytingi boʻyicha kutilmasini «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirgan edi.
Oʻzbekiston suveren kredit reytingi barqarorligini taʼminlovchi ichki va tashqi omillar
Joriy yilda va undan keyingi yillarda respublika kredit reytingi barqarorligini taʼminlovchi omillardan biri – toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobining yaxshilanishidir.
2020 yil 1 chorakda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti oʻtgan yilning mos choragiga nisbatan 18 foizga (191 mln. doll.) kamayib, 864 mln. dollarni tashkil etdi.
2020 yil I chorak uchun toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobining dastlabki koʻrsatkichlari*

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki
Izoh: *maʼlumotlar toʻlov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya boʻyicha qoʻllanma (TBQ6) uslubiyatiga muvofiq tuzilgan boʻlib, Davlat statistika qoʻmitasining savdo balansi koʻrsatkichlaridan farq qilishi mumkin.
Mazkur davrda koronavirus inqirozi tufayli tabiiy gaz eksporti va turizmdan tushumlar kamayishi bilan bir qatorda import hajmi ham sezilarli darajada kamaydi. Bundan tashqari, jahon bozorida oltin narxining oshib borayotgani eksportdagi yoʻqotishlar oʻrnini qoplashi kutilmoqda. 2020 yil 2 iyun kuni London oltin bozorida 1 troy unsiya oltin narxi 1742,2 AQSh dollarini tashkil qildi yoki yil boshiga (1514,8 AQSh dollari) nisbatan 15 foizga oshdi. Shu oʻrinda qayd oʻtish kerakki, 2020 yil yanvar-aprel oylarida
1,55 mlrd. AQSh dollari miqdorida oltin eksport qilindi.
London Bullion Market da oltin narxi (London vaqti bilan soat 15:00)
AQSh doll/ 1 troy unsiya

Manba: Economic Research Federal Reserve Bank of St. Louis
Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlarimiz – Rossiya, Qozogʻiston va Xitoy iqtisodiyoti sekin-asta oyoqqa turmoqda. Mazkur davlatlarda iqtisodiy oʻsishning tiklanishi Oʻzbekiston eksportiga talabni qayta jonlantiradi. Bu esa tashqi savdo balansining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Rossiya va Qozogʻistonda iqtisodiy vaziyatning yanada oʻnglanishi maʼlum darajada neft narxining prognoz koʻrsatkichlari doirasiga qaytishiga ham bogʻliq. Qayd etish lozimki, jahon bozorida 1 barrel neft xomashyosi (crude oil: Brent – Europe) narxi 2020 yil 21 aprel kuni oʻzining rekord darajadagi past koʻrsatkichiga (9,12 dollar) yetganidan soʻng, yana koʻtarila boshladi va 1 iyun holatiga 36,74 dollarni tashkil etdi.
Xom neft (Crude oil) narxi: Brent – Europe
AQSh dollar/1 barrel

Manba: Economic Research Federal Reserve Bank of St. Louis
Neft narxining qimmatlashishi bilan rossiya rubli va qozoq tengesi qadri osha boshladi. Iyun oyining boshiga kelib soʻm devalvatsiyasi darajasiga yaqinlashdi. Rubl va tenge qadrining bunday oshishi Oʻzbekistondan tovarlar va xizmatlar eksportiga talabni oshiradi.
Milliy valyutalarning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi indeksi

Manba: Markaziy banklar maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar
Shuningdek, mazkur valyutalarning AQSh dollariga nisbatan qadrining koʻtarilishi Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmiga ham maʼlum darajada ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Masalan, Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, aprel oyining soʻnggi 10 kunligida xalqaro pul oʻtkazmalari hajmi oyning birinchi va ikkinchi oʻn kunligiga nisbatan 1,7 barobar oshgan. May oyida esa pul oʻtkazmalari hajmi yanada jonlandi. Kelgusi oylarda ham xalqaro pul oʻtkazmalarining koʻpayishi toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobi holatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
«S&P» agentlik press-relizida taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonning global iqtisodiyotga yanada integratsiyalashuvi suveren kredit reytingiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu borada bir necha olgʻa qadamlar tashlandi. Xususan, Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
«S&P» agentligi tomonidan respublikamiz kredit reytingi boʻyicha kutilmani «barqaror» darajaga oʻzgartirishga turtki boʻladigan omillardan yana biri YaIMga nisbatan tashqi qarz oʻsish surʼatlarining sekinlashishi hisoblanadi. Bu, bir tomondan, pandemiyadan keyingi davrlarda YaIM oʻsish surʼatlarining tezlashishiga bogʻliq. Boshqa tomondan esa, Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini taʼminlanishiga bogʻliq.
Bundan tashqari, iqtisodiy tizimda infrastrukturani rivojlantirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish maqsadida ichki moliyaviy resurslarni safarbar qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu omillarni hisobga olib, Oʻzbekistonda 2020−2025 yillarga moʻljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur strategiyaga koʻra, 2025 yilgacha xalqaro moliya institutlari koʻmagida «Ipoteka-bank» ATIB, «Oʻzsanoatqurilishbank» ATB, «Asaka» ATB, AT «Aloqabank», «Qishloq qurilish bank» ATB va «Turonbank» ATBdagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladigan omillardan hisoblanadi. Shuning uchun «Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur qaror loyihasida davlat ulushi 1 foizdan 100 foizgacha boʻlgan
1115ta korxonalar toʻliq xususiylashtirish nazarda tutilgan.
Xulosa
Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz sababli xalqaro reyting agentliklari mamlakatlar suveren kredit reytinglarini yoki ular boʻyicha kutilmalarini qayta koʻrib chiqmoqda. Shular jumlasidan, «S&P» tomonidan Oʻzbekiston suveren kredit reytingi boʻyicha kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirildi. Agentlikning ushbu qarori koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga taʼsiri bilan izohlanadi.
Oʻzbekiston kredit reytingini barqaror darajada saqlab qolish uchun toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobini yaxshilanishi, bank tizimini transformatsiya qilish, xususan davlat ulushi mavjud banklarni xususiylashtirish hamda banklarning moliyaviy vositachilik vazifasini kuchaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish talab etiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

