| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza7 daqiqada oʻqiladi296 marta oʻqildi

Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini kuchaytirish - davr talabi

Maqola mualliflari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mintaqalararo hamkorligini mustahkamlash masalalarini mamlakat va uning mintaqalari iqtisodiy oʻsishining muhim manbai sifatida talqin etadilar.

Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligini kuchaytirish -  davr talabi

Oʻzbekistonning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini kengaytirish iqtisodiyotda davom etayotgan tarkibiy oʻzgarishlarning muhim elementi boʻlib, barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun muhim zamin boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish strategiyasida mamlakat va uning mintaqalarini eksportga yoʻnaltirilgan rivojlanish modeliga oʻtish, jumladan, hududlarning eksport salohiyatini oshirish va qoʻllab-quvvatlash, ichki bozordagi tovar va xizmatlarni jahon bozorlariga kiritish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi bayon etilgan[1].

Shu tufayli davlatimiz rahbari BMT bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligini taʼkidlab, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida qator konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surganligi bejiz emas.

Demak, Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bugungi kunda dolzarb vazifa hisoblanadi. Shularni inobatga olgan holda, mualliflar, Oʻzbekiston bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash masalalarini mamlakat va uning mintaqalari iqtisodiy oʻsishining muhim manbai, deb hisoblashadi.

Tadqiqotning maqsadi Oʻzbekiston bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishdan iborat. Ishning asosiy vazifalari: tashqi savdo aylanmasini baholash, mamlakatning raqobat ustunliklari va salohiyati, Oʻzbekiston mintaqalararo hamkorligining tamoyillari va asosiy yoʻnalishlarini belgilash hisoblanadi.

Tajriba shuni koʻrsatadiki, mintaqalararo iqtisodiy hamkorlik faoliyat turlarini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning zamonaviy shakllarini joriy etish hamda mahalliy mahsulot va xizmatlarni sotish, xomashyo sotib olish, mamlakatlar mintaqalari oʻrtasida investitsiya va mehnat resurslari harakatida kuzatiladigan toʻsiqlarni bartaraf etishga koʻmaklashadi[2].

2017-2019 yillar boʻyicha “Tovar va xizmatlar eksport, import” Oʻzbekiston Respublikasi Statistika davlat qoʻmitasining statistik byulletenlari axborot bazasi boʻlib xizmat qildi[3]. Tadqiqotda qiyosiy baholash, guruhlash, tizim va tizimli tahlil usullaridan foydalanildi.

2016 yilda boshlangan yangi iqtisodiy siyosatda iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarning eng muhim elementlaridan biri Oʻzbekistonning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvining sezilarli darajada faollashuvi boʻldi. Mamlakat va uning mintaqalaridagi mavjud tabiiy-iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmini bosqichma-bosqich oshirish imkonini berdi.

2017-2019 yillarda Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari eksport salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish koʻlamini kengaytirish va import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish boʻldi. Tahlil qilingan davrda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2,9 barobar oshdi, bu mamlakat savdo aylanmasining umumiy qiymati oʻsishidan yuqori (Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmi shu davr mobaynida 1,5 barobar oshdi) boʻldi. Natijada Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi savdodagi hissasi 2017 yilda 10,2% dan 2019 yilda 19,1% gacha oshgan boʻlib, bu mintaqalararo iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan dalolat beradi (1-jadval).

Shuni taʼkidlash joizki, ayrim iqtisodiy faoliyat turlarida oʻziga xos xususiyatlar va raqobat ustunliklariga ega boʻlgan Oʻzbekiston tovar va xizmatlarni eksport qilishda munosib oʻrin egallaydi (2019 yilda mamlakat tovar va xizmatlarini eksport qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlarining ulushi 14,5% ni tashkil etdi, bu esa 2017 yilga nisbatan yuqoridir).

Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari orasida asosiy importchilar Qozogʻiston (umumiy eksportning 8,0%) va Qirgʻiziston (3,8%) hisoblanadi, Tojikiston va Turkmaniston esa oʻrtacha koʻrsatkichlarga ega (1,9% va 0,8%, mos ravishda).

Tovarlar va xizmatlar eksport tarkibining tahlili shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston kimyo mahsulotlari va undan olinadigan mahsulotlar, mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistonga), shuningdek, qora metallar (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonga eksport) ishlab chiqarish va eksport qilishda raqobat ustunligiga ega (2-jadval).

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Markaziy Osiyodan energiya va neft mahsulotlari, rangli va qora metallar va boshqa mahsulotlarning asosiy importyori hisoblanadi.

Umuman olganda, bugungi kunga kelib, Markaziy Osiyo hukumatlari tomonidan sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, mintaqalararo hamkorlik, sarmoyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish, taʼlim-tarbiya hujjatlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisida shartnomalar imzolandi. Oʻzbekiston mashinasozlik, elektr, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamkorlik uchun yaxshi istiqbollarni koʻrmoqda.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston iqtisodiy mintaqalararo rivojlanish va mintaqada ekologik xavfsizlikni taʼminlash borasida ham Oʻzbekiston uchun muhim hamkorlardir. Bu mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar xalqlarning tarixiy yaqinligi va oʻzaro siyosiy va iqtisodiy manfaatlarga asoslanadi.

Hamkorlikni kengaytirishning muhim omili qoʻshma va xorijiy korxonalarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishidir. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda qozoq sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 200 dan ortiq korxona (83% qoʻshma korxona va 100% qozoq sarmoyasi bilan 17% korxona) va qirgʻiz sarmoyadorlari ishtirokida tuzilgan 96 ga yaqin kompaniya mavjud. Oʻz navbatida, Qozogʻiston hududida 150 ga yaqin korxona, Qirgʻizistonda esa keng turdagi tovar va xizmatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 200 dan ortiq qoʻshma qirgʻiz – oʻzbek korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikni amalga oshirishning ijobiy jihatlari quyidagilardan iborat:

- yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klaster, savdo zonalarni tashkil etish;

- yuqori texnologiyali faoliyat turlarini (mashinasozlik, farmatsevtika, asbobsozlik, axborotlashtirish va aloqa) rivojlantirish va amalga oshirishda tuman va shaharlarda sanoatni rivojlantirish maqsadida hududlarga investitsiya resurslarini jalb qilish;

- mahalliy mahsulotlar, masalan, toʻqimachilik mahsulotlari uchun oʻz brendini shakllantirish, Markaziy Osiyoda savdo uylari va markazlarini tashkil etish;

- mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarga, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga, erkin savdo zonalari toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirish doirasida chiqarish;

- taʼlim, sogʻliqni saqlash, biznesni rivojlantirish va investitsion jozibadorlikni oshirish sohasida tajriba almashish, ilgʻor texnika va texnologiyalar ishlab chiqarishga jalb etish;

- mahalliy quvvatlar va resurslarga asoslangan qoʻshma loyihalar orqali uzoq va chegara hududlarini (qishloq joylarini) rivojlantirish va boshqalar.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan tadqiqot ishlari doirasida oʻtkazilgan mintaqalarning tabiiy-iqtisodiy salohiyatini baholash Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan koʻp tomonlama hamkorligi uchun istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash imkonini berdi[4].

Birinchidan, ishlab chiqarishni joylashtirish (paxta-toʻqimachilik va agrosanoat klaster) zamonaviy shakllarini joriy etish asosida qayta ishlab chiqarishni chuqurlashtirishga qaratilgan davlat sanoat siyosati iqtisodiyotning xomashyoga yoʻnaltirilgan ixtisoslashuvini kamaytirish va tayyor mahsulotlar (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, tayyor meva va sabzavot, goʻsht va sut mahsulotlari, toʻqimachilik, farmatsevtika, va hokazo) eksport salohiyatini oshirish uchun zaxira ekanligini taʼkidlash lozim. Shu munosabat bilan mintaqalararo loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, toʻplangan tajribani (masalan, Fargʻona vodiysining yerga ishlov berish, qurilish ishlari boʻyicha tajribasi va boshqalar) joriy etish, tovarlar va xizmatlarni sotishga yordam berish uchun qoʻshni mamlakatlarda biznes markazlari va savdo uylari yaratish mumkin.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston yoʻlovchilar va yuklarni transchegaraviy tashishni yanada rivojlantirish uchun yetarli darajada rivojlangan transport infratuzilmasiga ega. Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi va tashqi bozorlarga chiquvchi eng muhim transport yoʻlaklarini barpo etish va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish, transport logistikasini rivojlantirish xarajatlarni kamaytiradi, mamlakatlar oʻrtasidagi savdoni oshiradi va Buyuk ipak yoʻli boʻylab turizmni rivojlantirish istiqbollarini ochadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston chegara hududlari bilan qoʻshni davlatlarning tegishli chegara hududlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan transchegaraviy savdoni tashkil etish nuqtai nazaridan yagona yoʻlak yaratish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan, aholi nisbatan zich joylashgan hudud va mehnat resurslarining mavjudligi bilan ajralib turadigan Oʻzbekiston uchun aholining faol mehnat migratsiyasi dolzarb muammo boʻlib qolmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi - mehnat va malakali kadrlarning mamlakat hududlaridan iqtisodiy jihatdan nisbatan rivojlangan mamlakatlarga chiqishi bilan izohlanadi. Oʻzbekiston aholisining Markaziy Osiyo davlatlari bilan bandligini taʼminlash boʻyicha mintaqalararo hamkorlikni tashkil etish doirasida barcha tomonlar uchun qulay bitimlarga erishish mumkin. Bu yoʻnalishda taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasini kengaytirish, keyinchalik aholi bandligini taʼminlash imkoniyatlari ham mavjud.

Toʻrtinchidan, Markaziy Osiyo mintaqalarining umumiy muammosi suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik vaziyatni barqarorlashtirishdir[5].

Yagona energetika tizimining qayta tiklanishi Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonga umumiy quvvatlardan foydalanish va energiya taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish imkonini beradi. Yagona elektr energiyasi bozori isteʼmolchilarga oshkora narxlar belgilash imkonini beradi va aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Markaziy Osiyo mintaqalaridagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar doirasida “suvning quyi qismi”dagi davlatlarda (Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston) suv tanqisligini bartaraf etish, “suvning yuqori qismi”dagi mamlakatlarni (Qirgʻiziston va Tojikiston) esa gidroelektr stansiyalaridan elektr energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligini intensivlashtirish orqali suv sarfini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar oʻtkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shunday qilib, mintaqaviy va mintaqalararo iqtisodiy munosabatlarni yanada kuchaytirish Markaziy Osiyo davlatlari uchun yagona iqtisodiy bozorni yaratish, mintaqaviy va jahon bozorlarida mahsulotning raqobatbardosh-ligini oshirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, innovatsion jarayonlarni jadallashtirish, yagona ilmiy va taʼlim salohiyatini shakllantirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish orqali ularning taraqqiyotiga sezilarli ijobiy turtki beradi.

Odil Olimjonov,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Elnoraxon Yakubova,

bosh ilmiy xodim

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-son Farmoni. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017y., 6-son, 70-modda.

  2. Lukin Ye.V. Mejregionalnoye sotrudnichestvo kak faktor regionalnogo razvitiya. J.: Rossiya: tendensii i perspektiva razvitiya, 2016 g.

  3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan 2019 yil boʻyicha “Eksport, import” statistik toʻplami.

  4. Ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish va mintaqalar iqtisodiyotini diversifikatsiyalashning metodologik asoslarini takomillashtirish mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha hisobot, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, 2017 y.

  5. Ekologicheskiye problemi Sentralnoy Azii. Elektronniy istochnik: https://ural-eurasia.ru/pro-zasedaniya/news/159-ekologicheskie-problemy-tsentralnoj-azii.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ