Oʻzbekistonda kambagʻallikni kamaytirish maqsadida oxirgi uch yilda nominal oylik ish haqi 79,7 foizga oshdi
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 400 mingdan ortiq oila turmush sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj. Oʻzbekiston sharoitida ham rivojlangan mamlakatlardek kambagʻallikni qisqartirishga kompleks yondashuv eng maqbul yechimdir.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov oʻzining maqolasida soʻnggi uch yil davomida Oʻzbekistonda kambagʻallikni kamaytirish uchun olib borilgan chora tadbirlar haqida gapirib oʻtdi.
Oʻzbekistonda oxirgi uch yil mobaynida kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aholi jon boshiga real jami daromad 43,9 foizga, oʻrtacha hisoblangan nominal oylik ish haqi 79,7 foizga yoki 2016 yildagi 1293,8 ming soʻmdan 2019 yilda 2324,5 ming soʻmga oshdi.
Jahon bankining «Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida, uy xoʻjaliklari orasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 2020 yilning yanvar-mart oylari uchun oʻrtacha kambagʻal xonadonning oylik daromadi taxminan 1,5 million soʻmni tashkil etib, taqqoslama narxlarda bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi kambagʻallikni bartaraf etish muammosini strategik vazifa sifatida kun tartibiga qoʻydi.
Mazkur muammoni hal qilishga hukumat tomonidan katta hajmdagi saʼy-harakatlar qaratilgan. Jumladan, mamlakatda kambagʻallikka qarshi kurashish uchun zarur institutlar yaratildi. Bu avvalambor Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tashkil etilishi, kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatini belgilab beradi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaqinda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish institutlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan qatlamlarini aniqlash va manzilli koʻmak berish borasida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va qishloq joylarini obodonlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Xususan, «Obod qishloq» dasturining amalga oshirilishi tufayli 1,7 mln qishloq aholisining yashash sharoitlari yaxshilandi. Birgina 2019 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish uchun jami 600 million AQSH dollariga teng 6,1 trln soʻm ajratildi.
Biroq, erishilgan natijalarga qaramay, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 400 mingdan ortiq oila turmush sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj (Jahon banki mezonlariga koʻra, 2015 yil oktyabridan boshlab Global kambagʻallik darajasiga kuniga 1,9 AQSH dollardan kam daromad olganlar kiritilgan). Norasmiy sektorning mehnat bozoridagi ulushi 40-50foizni tashkil etadi. Biroq, kambagʻal uy xoʻjaliklarining faqat 23 foizigina ijtimoiy nafaqa olishadi.
Pandemiya davrida aholining kambagʻal va eng zaif qatlamlariga ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini isloh qilish zarurati kuchaydi. Shu bois bu muammolarni hal qilish jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Moddiy yordamni taqsimlashda kerakli nazorat, shaffoflik va manzillilikni taʼminlash maqsadida raqamli texnologiyalar asosidagi tizimli yechimlarni joriy qilish asosida avval yetarlicha manzilli boʻlmagan va samarasiz tizimdan yangi tizimga oʻtilmoqda.

Oʻzbekistonda ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modelini tanladi
Oʻzbekiston sharoitida ham rivojlangan mamlakatlardek kambagʻallikni qisqartirishga kompleks yondashuv eng maqbul yechimdir. Mazkur siyosat mehnatga layoqatli aholini imkon qadar ish bilan taʼminlash va bir vaqtning oʻzida muhtoj odamlarni kambagʻallik chegarasidan chiqarishga qaratilgan davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab quvvatlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, qashshoqlikni zudlik bilan bartaraf etishning imkoni boʻlmagan sharoitda kam taʼminlanganlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning daromad olishi va inson kapitalini rivojlantirishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




