| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza14 daqiqada oʻqiladi162 marta oʻqildi

Oʻzbekistonda ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modelini tanladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ushbu maqolasida mamlakatdagi kambagʻallikni bartaraf etish yoʻllaridan biri boʻlgan – ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish faqatgina kompleks yondoshuvlar orqaligina amalga oshirilishi mumkinligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning ahamiyati va bu borada yuritilayotgan davlat siyosati yuzasidan izoh berdi.

Oʻzbekistonda ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modelini tanladi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida kambagʻallikka qarshi kurash iqtisodiy rivojlanish siyosatimizda ustuvor vazifa etib belgilandi.

«Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir», deb taʼkidlangan edi murojaatda.

Iqtisodiyot qonunlariga asosan, «kambagʻallik kambagʻallikni keltirib chiqaradi». Mazkur jarayon bir necha sabablarga koʻra sodir boʻladi.

Birinchidan, daromadlari past mamlakatlar sifatli taʼlim va sogʻliqni saqlash uchun yetarlicha pul sarflay olishmaydi, kambagʻal aholi esa sifatli pullik taʼlim va tibbiyot xizmatlarga qurbi yetmasligi sababli inson salohiyati pasayib, kambagʻallikdan qochib qutula olmaydilar.

Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Ikkinchidan, kambagʻal aholining daromadlari pasayib borgan sari, isteʼmol bozorining sigʻimi mutanosib ravishda kichrayib boradi va buning natijasida sanoat mollari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va ayniqsa, xizmatlarga boʻlgan talab pasayib boradi. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiy taraqqiyotga toʻsqinlik qiladi, byudjet daromadlarini kamaytiradi va kambagʻallarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini kamaytirib yopiq siklik jarayon koʻrinishiga keladi.

Uchinchidan, aksariyat hollarda kambagʻallarning dunyoqarashi daromad yuqori boʻlganlardan farq qiladi. Yuqorida aytib oʻtilgan sabablarga koʻra, ular orasidan ijodkor va tadbirkorlik qobiliyatiga ega insonlarning yetishib chiqishi ehtimoli kamroq. Shuningdek, odatda kambagʻal oila aʼzolari orasida jinoyatchilik koʻrsatkichlari nisbatan yuqoriroq boʻladi.

Boshqacha qilib aytganda, kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillar mamlakatda inson salohiyatini rivojlantirishga, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi va aholining iqtisodiy faoliyatiga toʻsqinlik qiladi.

Oʻzbekistonda oxirgi uch yil mobaynida kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aholi jon boshiga real jami daromad 43,9 foizga, oʻrtacha hisoblangan nominal oylik ish haqi 79,7 foizga yoki 2016 yildagi 1293,8 ming soʻmdan 2019 yilda 2324,5 ming soʻmga oshdi.

Jahon bankining «Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida, uy xoʻjaliklari orasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 2020 yilning yanvar-mart oylari uchun oʻrtacha kambagʻal xonadonning oylik daromadi taxminan 1,5 million soʻmni tashkil etib, taqqoslama narxlarda bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi kambagʻallikni bartaraf etish muammosini strategik vazifa sifatida kun tartibiga qoʻydi.

Mazkur muammoni hal qilishga hukumat tomonidan katta hajmdagi saʼy-harakatlar qaratilgan. Jumladan, mamlakatda kambagʻallikka qarshi kurashish uchun zarur institutlar yaratildi. Bu avvalambor Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tashkil etilishi, kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatini belgilab beradi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaqinda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish institutlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan qatlamlarini aniqlash va manzilli koʻmak berish borasida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va qishloq joylarini obodonlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Xususan, «Obod qishloq» dasturining amalga oshirilishi tufayli 1,7 mln qishloq aholisining yashash sharoitlari yaxshilandi. Birgina 2019 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish uchun jami 600 million AQSH dollariga teng 6,1 trln soʻm ajratildi.

Biroq, erishilgan natijalarga qaramay, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 400 mingdan ortiq oila turmush sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj (Jahon banki mezonlariga koʻra, 2015 yil oktyabridan boshlab Global kambagʻallik darajasiga kuniga 1,9 AQSH dollardan kam daromad olganlar kiritilgan). Norasmiy sektorning mehnat bozoridagi ulushi 40-50foizni tashkil etadi. Biroq, kambagʻal uy xoʻjaliklarining faqat 23 foizigina ijtimoiy nafaqa olishadi.

Pandemiya davrida aholining kambagʻal va eng zaif qatlamlariga ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini isloh qilish zarurati kuchaydi. Shu bois bu muammolarni hal qilish jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Moddiy yordamni taqsimlashda kerakli nazorat, shaffoflik va manzillilikni taʼminlash maqsadida raqamli texnologiyalar asosidagi tizimli yechimlarni joriy qilish asosida avval yetarlicha manzilli boʻlmagan va samarasiz tizimdan yangi tizimga oʻtilmoqda.

Xorijiy tajriba

Ijtimoiy himoya tizimi bu – kambagʻallik va tengsizlikni kamaytirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar va dasturlar majmuasidan iborat davlat siyosatidir.

Gʻarb davlatlarida ijtimoiy himoyaning markazlashgan tizimi 20-asrning boshlarida Germaniya va Buyuk Britaniyada ijtimoiy taʼminot tizimlarining yaratilishi davrida, bir oz keyinroq esa AQShda – Buyuk depressiya davrida muvaffaqiyatga erisha boshladi. 100 yil oldin ijtimoiy himoya tizimlari faqatgina bir necha mamlakatda rasman mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ushbu tizim deyarli barcha davlatlarda amal qilmoqda. Mamlakatlar oʻz imkoniyatlari, milliy sharoitlari va ustuvorliklariga asoslanib ijtimoiy himoya tizimlarini quradilar.

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi nafaqat moddiy yordam berishga, balki aholining yordamga muhtoj qatlamlarini kambagʻallikdan chiqarishga yoʻnaltirilgan boʻlishi muhim rol oʻynaydi. Rivojlangan mamlakatlarda 1990 yillardan boshlab nafaqa koʻrinishidagi ijtimoiy yordam oluvchilarni rasmiy tadbirkorlikka jalb qilish uchun majburiy talablar joriy qilingan. Bu amaliyot qoʻllanilgan mamlakatlarda (Koreya, AQSH, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va boshqalar.) aholi bandligi oshgani kuzatilgan.

Turli tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatadiki, kambagʻallikdagi inson farovonligini faqatgina daromadlarga asoslangan baholash oʻrniga boshqa koʻp kriteriyali tizimlari bilan oʻlchash kambagʻallikka qarshi kurashishning samarasini yanada oshiradi. Kambagʻallik bu faqatgina daromadlar emas, bu turli oʻlchamli (toza ichimlik suvi, sogʻliqni saqlash, sanitariya holati, boshqa zarur xizmatlar) hayot sifatini ifodalovchi koʻrsatkichdir. Maqsadli ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimidagi bu oʻzgarishlar qisman Avstriya, Belgiya, Avstraliya, Kanada, Chexiya, Daniya va boshqa mamlakatlarda 2000 yillarning oʻrtalarida rasmiy kambagʻallik darajasini kamaytirishga omil boʻlgan.

Turli mamlakatlar kambagʻallik darajasini kamaytirish uchun turli modellarni qoʻllashadi. Misol uchun, shved modeli ikki maqsadni koʻzda tutadi: toʻliq bandlik va daromadlar tengsizligini kamaytirishni taʼminlash. Mazkur mamlakatida, ishsizlarni oʻqitish va qayta tayyorlash, talab yuqori boʻlgan sohalarda ishlash qobiliyatini tiklashni maʼqul koʻrishadi.

Xitoyda qishloq xoʻjaligini, shu jumladan, qishloq hududlarini rivojlantirish va yer islohotlariga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Chexiyada esa kambagʻal aholini moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlash uchun asosiy nafaqadan tashqari mahsulotlar va pul koʻrinishidagi qoʻshimcha koʻmaklar beriladi.

AQShda kambagʻallarga koʻrsatilayotgan yordam aholining 15 foizidan 20 foizigacha qismini qamrab oluvchi maxsus dasturlar orqali tarqatiladi. Eng koʻp tarqalgan yordam turlari bu oziq-ovqat talonlari, arzon uy-joy olish dasturlari, qariyalar uchun tibbiy va ijtimoiy yordam turlari, bola parvarishlash boʻyicha nafaqalar va boshqa turdagi qoʻllab-quvvatlash turlarini oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston sharoitida ham rivojlangan mamlakatlardek kambagʻallikni qisqartirishga kompleks yondashuv eng maqbul yechimdir. Mazkur siyosat mehnatga layoqatli aholini imkon qadar ish bilan taʼminlash va bir vaqtning oʻzida muhtoj odamlarni kambagʻallik chegarasidan chiqarishga qaratilgan davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab quvvatlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, qashshoqlikni zudlik bilan bartaraf etishning imkoni boʻlmagan sharoitda kam taʼminlanganlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning daromad olishi va inson kapitalini rivojlantirishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilmoqda.

Ijtimoiy model

Oʻzbekiston ijtimoiy yoʻnaltirilgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bunday mamlakatlarda davlat jamiyat hayotidagi ishtiroki ancha muhim boʻlib, u oʻz fuqarolari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini keng koʻlamda amalga oshirilishini nazarda tutadi. Bu esa jamiyatning ijtimoiy zaif qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Kuchli ijtimoiy siyosat degani davlat institutlari tomonidan ijtimoiy neʼmatlarni jamiyatning eng kam himoyalangan va eng zaif aʼzolari foydasiga taqsimlash demakdir. Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekistonda boshqa koʻplab mamlakatlardan farqli oʻlaroq, kuchli ijtimoiy siyosat amalga oshirilgani shubha ostiga olinmay kelinmoqda. Boshqacha qilib aytganda, Oʻzbekistonda haqiqatan ham ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modeli tanlanganini taʼkidlash mumkin. Nima uchun bunday boʻldi?

Ming yillar davomida xalqimiz yashab turgan zaminimizda odamlar bir-biriga yordam berishi, ogʻir hayotiy vaziyatlarda qolgan qashshoq va zaif aholi qoʻni-qoʻshni, mahalla va jamiyatdan madad olishi lozim, degan anʼanaviy dunyoqarash shakllangan. Oʻzbekistonda ijtimoiy shartnoma ijtimoiy axloqning koʻp asrlik tamoyillariga asoslangan.

Shunday boʻlsa-da, uzoq vaqt davomida, kambagʻallikning mavjudligi siyosiy sabablarga koʻra rasmiy darajada deyarli tan olinmagan, kambagʻallikni aniqlashning qonuniy tasdiqlangan mezonlari yoʻq edi, bu holda samarali ijtimoiy siyosat olib borish juda mushkul masala edi. Biroq, kambagʻallik muammosi yoʻqolmadi, hatto 2007 yilda uni bartaraf etish uchun tegishli strategiyani ishlab chiqishga harakat qilindi. BMTTD, Jahon banki va OTB bilan birgalikda «2008-2010 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi farovonligini oshirish strategiyasi» ishlab chiqildi. Biroq tan olish kerak, yaqin davrgacha mahalla qoʻmitalari orqali kambagʻallarni real ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilmadi.

Aniqlangan kamchiliklar

2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining xalq qabulxonalari ochilgach, fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, diqqat bilan tahlil etilgach, bu sohaning yetarli darajada samarali faoliyat koʻrsatmayotgani va chuqur islohotga muhtojligi sezildi.

Xalq qabulxonalari faoliyat yuritib boshlagan kundan bugungi kungacha 3,6 milliondan ortiq fuqarolarning prezidentga murojaatlari qabul qilinib, ularda turmush darajasi, aholi bandligi, uy-joy, sifatli davlat xizmatlari, sogʻliqni saqlash va taʼlim bilan bogʻliq koʻplab muammolar bayon qilingan.

Koʻtarilgan masalalarning aksariyati fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimidagi kamchiliklar, aholining kam taʼminlangan va zaif qatlamlariga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlib, bu borada fuqarolardan koʻplab shikoyatlar kelib tushgan.

Bu yerda shuni taʼkidlash kerakki, moddiy yordam koʻrsatish mexanizmi hali ham Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom» bilan belgilanadi. Ushbu qoidaga muvofiq, bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilishga vakolatli mahalla fuqarolar yigʻini yoki komissiyaga belgilangan. Komissiya fuqarolar yigʻini raisi boshchiligida fuqarolar yigʻini tomonidan saylanib kelgan. Komissiya aʼzolari 2 yil muddatga, fuqarolar yigʻini raisi esa – oʻz vakolatlarining butun muddati davomida saylangan. Ushbu komissiya aʼzolarining soni kamida 15 kishini tashkil etishi lozim.

Mazkur mexanizm, komissiya aʼzolari oʻzlari yashayotgan mahallalarda qoʻllab-quvvatlanishga muhtoj aholini bilgan holda obʼyektiv qarorlar qabul qilishni nazarda tutadi. Ammo, boshqa tomondan, jamoaviy qaror qabul qilishning bunday mexanizmi juda murakkab, yetarlicha shaffof emasligi va berilgan vakolatlar suiisteʼmol qilinishini istisno qilmaydi, ayniqsa, koʻplab jarayonlar ortiqcha hujjatlar va sertifikatlar taqdim etilishini talab qiladi. Balki shuning uchundir, ijtimoiy yordam ajratish mexanizmidagi qiyinchiliklar va kamchiliklar taʼsirida Prezident qabulxonalariga samarasiz yoki hatto adolatsiz moddiy yordam ajratish amaliyotlar haqida murojaatlar soni oshib ketishiga olib keldi.

Qoʻlda boshqarish rejimi

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, yordam pullarini ajratishda ham, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning boshqa sohalarida ham joylardagi real vaziyatni baholashga obʼyektiv zaruriyat tugʻildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi Farmonida xalq Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obʼyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash, ularga yechim topishga qaratilgan tizim joriy qilindi.

Xalq orasida «Temir daftar» deb nomlangan kambagʻal oilalar reyestrini tuzishda kambagʻal oilalarni uyma-uy oʻrganish asosida, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari muammolari ham hisobga olindi. Mazkur reyestr kambagʻallikni kamaytirish va sektorlar kesimida aholi farovonligini oshirish boʻyicha maqsadli dasturga asos boʻldi. Aholi uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega boʻlgan mahalliy darajada hal qilinmagan muammolar viloyat yoki respublika darajalariga oʻtkazildi.

2019 yilda butun mamlakat boʻylab 6,1 milliondan ortiq xonadonda aholining muammolarini oʻrganish uchun tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan oʻrganishlar oʻtkazildi. Fuqarolar bilan oʻtkazilgan soʻrovlar natijasida hal qilinishini talab etiladigan 935,6 mingta muammo aniqlanib, ularning aksariyati hal qilindi. Aholi uchun eng ogʻriqli muammolar orasida: suyultirilgan gaz taʼminoti (respondentlarning 18,9 foizi), bandlik (11 foiz), sogʻliqni saqlash (8,5 foiz), elektr energiyasi taʼminoti (8,1 foiz), bank kreditlari (7 foiz), moddiy yordam (5,7 foiz), ichimlik suvi (5,5 foiz), kadastr masalalari (5,3 foiz), uy-joy (4,4 foiz), tabiiy gaz (3,4 foiz), koʻmir taʼminoti (2.3 foiz), pasport nazorati (2,1 foiz) va maktabgacha taʼlimga oid masalalar (1,5 foiz) oʻrin olgan.

Joriy yilda, pandemiya bilan bogʻliq qator cheklovlar natijasida aholi turmush darajasi sohasida vaziyat yanada murakkablashdi. Shu bois ijtimoiy muammolarni aniqlash ishlari yanada muhim ahamiyat kasb etib, faol davom ettirilmoqda. Joriy yilning 1 avgust holatiga koʻra, aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha murojaatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar koʻpaydi. Shuningdek, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni olish uchun arizalar soni ijtimoiy himoyaga murojaat etuvchilarning umumiy sonining 48 foizini tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 1,9 baravar koʻp.

Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning pensiya yoki nafaqalarni bekor qilish toʻgʻrisidagi soʻrovlari 4 foizga kamayganini taʼkidlash lozim. Nafaqa darajasining kamligi bilan bogʻliq murojaatlar soni 52 foizga kamaydi. Tibbiy ehtiyojlar uchun moliyaviy yordam koʻrsatish boʻyicha arizalar soni 19 foizga, nogironlik uchun imtiyozlar boʻyicha esa 14 foizga kamaydi.

Bepul tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida murojaatlar soni 37 foizga, reabilitatsiya markazlariga murojaat qilish 29 foizga, nogironlarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya uskunalari bilan taʼminlashga oid murojaatlar 64 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, keksa va nogironligi bor shaxslar tomonidan tibbiy yordam va dori-darmonlar uchun yordam soʻrash holatlari soni keskin oshdi (20 foiz). Karantin cheklovlari davrida ularning uy izolyatsiyasida boʻlgani hisobga olinsa, mazkur vaziyat mantiqiy tus oladi.

Pandemiya bilan bogʻliq soʻrovlarning yangi toifalari ham ishlatila boshlandi. Karantin davrida fuqarolarni moddiy yordam, oziq-ovqat va himoya vositalari bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi murojaatlar umumiy murojaatlar sonining 16 foizini, oziq-ovqat va asosiy ehtiyojlarning narxi va tanqisligi toʻgʻrisidagi murojaatlar esa 8 foizni tashkil etdi. Mazkur murojaatlarning asosiy qismi ijobiy hal etilgani ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalari ancha muvaffaqiyatli oʻtganini koʻrsatadi.

Sektorlar tomonidan uyma-uy yurish orqali oʻtkazilgan oʻrganishlar ijtimoiy yordam tizimini rivojlantirish muhimligini koʻrsatib berdi. Xususan, moliyaviy yordam oluvchilarning aksariyati nochor ahvolda emas, balki zamonaviy taʼmirlangan, mebel va boshqa buyumlar bilan jihozlangan xonadonlarda istiqomat qilishi, shuningdek avtomobil va bank hisobraqamlariga ega ekani aniqlangan boʻlsa, kam taʼminlangan oilalarning aksariyati moddiy yordam olish uchun roʻyxatga kiritilmagani kuzatildi. Ushbu holat, aholining kam taʼminlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini, xususan ushbu yordamni belgilash mezonlarini tubdan oʻzgartirish lozimligini koʻrsatdi.

Tizimli yondashuv

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, oxirgi 2-3 yilda aholining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimida oʻtgan yillar davomida toʻplangan mavjud muammolarni sektorlar tomonidan yigʻilgan maʼlumotlar asosida qoʻl rejimida tezkor hal etish oʻzining samarasini koʻrsatdi. Ammo tan olish lozimki, koʻp hollarda «inson omiliga» haddan tashqari bogʻliqlik muammolarni yechishda boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Obid Hakimov: Pandemiyani yengib oʻtish trayektoriyasi

Xorijiy mamlakatlar tajribasi va tadqiqot jarayonida aniqlangan kamchiliklar ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish lozimligini koʻrsatmoqda. Ayrim yordam turlarini ajratishning aniq mezonlari boʻlishi, unga muvofiqlikni aniqlash mustaqil axborot manbalariga asoslanishi lozim. Yordam ajratish mezonlari va tartiblari, ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniq va butunlay shaffof boʻlishi lozim. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalarini qoʻlda boshqarishdan aniq va ravshan integratsiyalashgan tizimga oʻtkazish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, oʻtgan yilidan boshlab mamlakatimizda bu borada muhim qadamlar qoʻyildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 308-son qaroriga muvofiq, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda, bu oilalar ehtiyoji va talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiqligi darajasini oshkora, real vaqtda baholashni taʼminlaydi.

Ehtiyoj darajasi oila aʼzolarining daromadlari, mol-mulk, bank hisobvaraqlari, olingan kreditlar, turli idoralarning tegishli maʼlumotlar bazalarida mavjud boʻlgan avtomobillar haqidagi maʼlumotlarni hisobga olish yoʻli bilan aniqlanadi. Ushbu hisob-kitoblarga asosan ijtimoiy xizmatlar, yordamga muhtoj aholi va oluvchilarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Mazkur tizimni sinovdan oʻtkazish uchun Sirdaryo viloyatida 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab pilot loyiha sifatida sinab koʻrildi.

Ushbu tizim faoliyatini samarali amalga oshirish uchun aholiga koʻrsatilayotgan yordam toʻgʻrisidagi obʼyektiv maʼlumotlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestriga» kiritib borilishi kerak. Ushbu vazifa xonadonlarni oʻrganish jarayonida ham amalga oshiriladi. Mazkur maʼlumotlar asosida va ayrim oilalarning turmush darajasiga karantin cheklovlarining salbiy taʼsirini hisobga olgan holda, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga masʼul idoralar tomonidan joriy yilda moliyaviy yordam va koʻmakka muhtojlar roʻyxati tuzildi.

Ushbu roʻyxatlardan kam taʼminlanganlar; imkoniyati cheklangan fuqarolar; ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar; yolgʻiz keksalar; doimiy ishsiz fuqarolar; karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar; epidemiologik jihatdan nochor hududlardan qaytgan fuqarolar oʻrin olishgan.

Jami mazkur roʻyxatlarga 1,7 milliondan ortiq aʼzosi boʻlgan 400 mingdan ortiq oila kiritildi. Ushbu oilalarga bir martalik koʻmak berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» 2020 yil 30 iyuldagi PF–6038-son Farmoni bilan respublika byudjetidan 380 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Moddiy koʻmak miqdori har bir oila aʼzosi uchun 220 ming soʻm miqdorida etib belgilandi.

Bu yoʻnalishda keyingi muhim qadam joriy yilning 4 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» qarori boʻldi. Qarorda joriy yilning 1 sentyabrdan boshlab ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari «Elektron hukumat» tizimining ajralmas qismi boʻlgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilib, joriy yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu tizimni joriy etishning asosiy maqsadlari – aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratishdan iborat.

2021 yilning 1 yanvaridan boshlab, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlar fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi. FHDYO boʻlimlari arxivlarida qogʻozda saqlanadigan hujjatlarning elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida 30 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish Oʻzbekistonda kambagʻallikni bartaraf etish jarayonida muhim vosita boʻladigan aholining kambagʻal va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam koʻrsatishning zamonaviy va oshkora tizimini yaratishga xizmat qilishi lozim.

Xulosa

Mamlakatdagi kambagʻallikni bartaraf etish yoʻllaridan biri boʻlgan – ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish faqatgina kompleks yondoshuvlar orqaligina amalga oshirilishi mumkin.

Soʻnggi yillarda kambagʻallikni yengishga hissa qoʻshadigan boshqa sohalarda ham salmoqli saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Ularga yangi ish oʻrinlari yaratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, qishloq joylari va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, qishloq joylarda infratuzilmani takomillashtirish, sogʻliqni saqlash, kasb-hunar taʼlimi va tarbiyasini yaxshilash hamda iqtisodiy migratsiya kiradi. Bu sohalarda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimizning uzoq muddatli kambagʻallikni qisqartirish dasturining muhim qismi hisoblanadi.

Obid Hakimov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ