Oʻzbekistonda aholiga bir martalik begʻaraz pul tarqatilishi lozimmi?
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni «qamal» qilishi natijasida millionlab odamlarning mehnat qilish qobiliyati cheklandi. Mamlakatlarda karantin choralarining joriy etilishi bilan zarur boʻlmagan firma va korxonalar faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi. Chegaralar majburlikdan yopildi. Sayyohlar oqimi butunlay toʻxtadi. Odamlarga faqat asosiy xarid qilish ehtiyojlari uchun uydan chiqishlariga ruxsat berildi. Natijada ichki va tashqi bozorlarda tovarlar va xizmatlarga boʻlgan talab sezilarli darajada kamaydi.

Savdoning pasayishi natijasida kompaniyalar daromadi keskin tushib ketdi. Natijada koʻplab korxona va firmalar ishchilarini boʻshatishga yoki ish haqi saqlanmagan holda taʼtilga chiqarishga majbur boʻlishdi. Vaqtincha ishsizlik darajasining koʻtarilishi bilan odamlar daromadi kamaydi.
Bunday ogʻir sharoitda dunyo mamlakatlari aholisining yordamga muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordam koʻrsatish, turmush farovonligini saqlab qolish hamda iqtisodiy retsessiyaning iqtisodiy depressiyaga aylanib ketishining oldini olish borasida bosh qotirishmoqda.
Ushbu muammolarga yechim topish uchun ayrim davlatlar aholiga byudjetdan bir martalik begʻaraz pul oʻtkazmalari berishga qaror qilishdi. Masalan, joriy yil fevral oyida Gongkong 18 yosh va undan yuqori yoshdagi doimiy fuqarolariga (7 millionga yaqin kishiga) 10 000 Gonkong dollari (qariyb $1200) miqdorida pul tarqatishga qaror qildi. Ushbu «bepul» pullar hukumat tomonidan eʼlon qilingan $15 mlrddan ortiq miqdordagi inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi xarajatlarining katta qismini tashkil etdi va bu hukumatning 1,1 trln GK dollari miqdoridagi fiskal zaxirasidan moliyalashtirildi.
AQSh hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun shakllantirilgan $2,2 trlnlik qutqaruv paketining (the Coronavirus Aid, Relief, and Economic Security (CARES) Act) bir qismi sifatida AQShdagi har bir soliq toʻlovchining (yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qatʼiy nazar) bank hisob raqamiga $1200 va har bir bola uchun qoʻshimcha $500 oʻtkazib bermoqda.
Singapur aprel oyida mamlakatdagi barcha katta yoshdagi (21 va undan yuqori yoshdagi) aholiga 600 Cingapur dollari miqdorida bir martalik naqd pul oʻtkazmalari amalga oshirilishini va kelgusi oylarda ham qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirilishi mumkinligini eʼlon qildi. Shu bilan birga, hukumat imkoniyati borlarni www.giving.sg veb-sahifasi orqali yoki the Community Chestʼs Courage Fundga xayriya qilishga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri yordamga muhtojlarga yordam berishga chaqirdi. Shuningdek, hozirda Singapurda qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlganlar vaqtinchalik yordam jamgʻarmasi va COVID-19 qoʻllab-quvvatlash granti, shuningdek ComCare tizimidan moliyaviy yordam olish uchun ijtimoiy xizmat idoralariga va jamoat markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
Yaponiya «favqulodda yordam» dasturining dastlabki bosqichida – fevral-iyun oylarida pandemiya sababli daromadini yoʻqotgan oilalarga 300 000 iyena – qariyb $2760 miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatishga qaror qildi.
Shuningdek, baʼzi davlatlarda xususiy sektor ehtiyojmand odamlarga yordam berishda hukumatga yordam qoʻlini choʻzmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada hukumat koʻplab ishchilarning oylik ish haqining 80 foizigacha (2500 funt sterlinggacha) toʻlab berayotgan bir paytda, moliyaviy inqirozga duch kelgan britaniyaliklarni qoʻllab-quvvatlovchi milliy xayriya tashkiloti – Turn2us koronavirus grant fondi tuzdi. Hozirda pandemiya tufayli daromadini yoʻqotgan aholiga mazkur fonddan 500 funt sterling miqdorida bir martalik begʻaraz pul yordami toʻlab berilmoqda.
Oʻzbekistonda ham fuqarolarga bir martalik pul yordami koʻrsatilishi zarurmi?
Rivojlangan davlatlarning «bepul» pul tarqatish tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda ham fuqarolarga bir martalik begʻaraz pul yordami berilishi kerakmi? Mazkur savolga javob berishdan avval begʻaraz pullar tarqatish usulidan foydalanayotgan davlatlardagi va Oʻzbekistondagi vaziyatga nazar solish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Masalan, AQShda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun anʼanaviy pul-kredit siyosatining barcha vositalari ishga solindi. Federal zaxira tizimi mart oyida banklararo foiz stavkasini 0 - 0,25%gacha tushirdi; miqdoriy yumshatish dasturi doirasida zarur boʻlgan miqdorda davlat qimmatli qogʻozlari va korporativ obligatsiyalarni sotib olishini eʼlon qildi; tijorat banklari uchun qayta moliyalash xarajatlarini kamaytirdi.
Shunga qaramasdan, AQShda koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida eʼlon qilingan favqulodda holatning uzoqroq davom etishi iqtisodiy oʻsishni sezilarli darajada pasaytirib, iqtisodiyot uchun deflyasiya muammosini keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, mart oyida isteʼmol narxlarining soʻnggi besh yildagi eng katta pasayishi kuzatildi va kelgusida ham narxlarning pasayishi ehtimolligi yuqori baholanmoqda. Chunki, koronavirus infeksiyasining tarqalishi sababli baʼzi tovar va xizmatlarga boʻlgan talab kamaydi. Talabning kamayishi natijasida inflyasiya darajasining tushishi taʼminot zanjiridagi uzilishlar bois yuzaga kelgan tanqislik sababli narxlar koʻtarilishidan ham koʻproq boʻldi.
Shuning uchun, AQSh hukumati pul-kredit siyosati taʼsirchanligi cheklangan sharoitda ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha talab yaratish va inflyasiyani maqsadli koʻrsatkichga qaytarish maqsadida fiskal ragʻbatlantirish choralarini amalga oshirishga qaror qildi.
AQShdan farqli oʻlaroq, Oʻzbekistonda ommaviy pul tarqatish orqali isteʼmolni ragʻbatlantirish emas, balki inqiroz davrida yordamga muhtoj aholi qatlamiga (masalan, koronavirus pandemiyasi tufayli ishlay olmayotgan oilalar, chet elga qaytib keta olmagan migrant ishchilar, yolgʻiz yashovchi qariyalar) eʼtibor qaratish orqali ularning turmush farovonligini saqlab qolish maqsad qilib qoʻyilgan.
Chunki, Oʻzbekiston sharoitida odamlarning yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligidan qatʼiy nazar ommaviy ravishda pul tarqatish quyidagi bir necha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:
1. Koronavirus sababli tovar va xizmatlar taklifi kamaygan bir sharoitda begʻaraz pul tarqatilishi natijasida iqtisodiyotda pul taklifining koʻpayishi inflyasiyaning tezlashishiga olib keladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yuqori inflyasiya darajasi saqlanib qolmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli taʼminotdagi uzilishlar, transport vositalari harakatining cheklanishi, oziq-ovqat tovarlariga boʻlgan talabning keskin oshishi hamda Qozogʻiston va Rossiya tomonidan ayrim oziq-ovqat tovarlari (qoramol, grechka, bugʻdoy uni, shakar, kartoshka va boshqalar) eksporti boʻyicha kiritilgan cheklovlar natijasida aprel oyida yillik inflyasiya darajasi 14,5%gacha koʻtarildi. Oziq-ovqat inflyasiyasi fevral oyida 15,8%dan aprel oyida 19,1%gacha oshdi.
Oʻzbekistonda yillik inflyasiya darajasi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 2020 yilda Oʻzbekiston YaIM hajmi real oʻsishi 1,8%gacha sekinlashishi sharoitida inflyasiya darajasi 12,2%ni tashkil etishi kutilmoqda.
Bunday sharoitda davlat byudjetdan begʻaraz pul tarqatilishi yordamga muhtoj aholiga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olish, kommunal toʻlovlarini vaqtida amalga oshirishga maʼlum darajada yordam bersada, moliyaviy yordamga muhtoj boʻlmaganlar tomonidan tovar va xizmatlarga talabni oshiradi. Bu esa inflyasiyaga qoʻshimcha bosim koʻrsatadi.
2. Davlat byudjetidan barcha uchun teng miqdorda bir martalik begʻaraz moliyaviy yordam koʻrsatish byudjet kamomadini yanada oshirib yuboradi. Toʻsatdan yuz bergan koronavirus inqirozi davrida sanitariya-epidemiologik xarajatlarni moliyalashtirish, shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan katta miqdorda mablagʻlar jalb qilindi. Xususan, test sistemalar, reaktivlar va himoya vositalari sotib olinmoqda. Fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari uchun xarajatlar qilinmoqda. 10 000 oʻrinli maxsus shifoxonalar va 20 000 oʻrinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun katta miqdorda mablagʻ ajratildi. Band boʻlmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun jamoat ishlari jamgʻarmasiga mablagʻlar oʻtkazib berildi. Bunday sharoitda aholiga begʻaraz pul yordamlari koʻrsatishda byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish maqsadida hamma uchun teng miqdorda pul tarqatish emas, balki aynan yordamga muhtoj aholi qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
3. Begʻaraz berilgan pul yordami qanday maqsadlarga ishlatilishi nomaʼlum boʻlib qoladi. Rivojlangan davlatlar singari Oʻzbekistonda ham har bir soliq toʻlovchiga teng miqdorda pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan taqdirda, berilgan pul mablagʻlari yordamga muhtoj boʻlgan aholi tomonidan isteʼmol uchun sarf qilinishi mumkin. Lekin, yordamga muhtoj boʻlmagan soliq toʻlovchilarining qoʻlida paydo boʻlgan ortiqcha mablagʻlar qanday maqsadlarda ishlatilishi noʻmalum boʻlib qolishi ommaviy pul tarqatishning samarasizligini keltirib chiqaradi.
Oʻzbekistonda davlat tomonidan aholining yordamga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash uchun qayday choralar amalga oshirilmoqda?
2020 yil 1 may holatiga koʻra, respublika boʻyicha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar soni 1538,8 ming kishini tashkil etmoqda. Shundan, 864,9 ming kishi davlat byudjetidan ijtimoiy nafaqa oladi. Pandemiya tufayli ishlay olmayotgan aholi soni esa 341,3 ming kishini tashkil etadi. Shuningdek, 2020 yil boshida 426,7 ming kishi chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolar boʻlsa, 143,4 ming kishi ishlash maqsadida chet elga qaytib keta olmagan.
Nafaqa oladigan uy xoʻjaliklari soni kamida 10%ga oshirilishi yoki Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tarkibiga kiritilgan nafaqa oluvchilar soni 596 mingdan 719 mingga koʻpayishi kutilmoqda.
Mart-iyun oylarida toʻlanishi tugaydigan kam taʼminlangan oilalar uchun ijtimoiy nafaqalar muddati avtomatik tarzda 6 oyga (ijtimoiy nafaqaga qarab bola 2 yoki 14 yoshga toʻlgunga qadar) uzaytirildi (qoʻshimcha $60 mln yoʻnaltiriladi). Bundan tashqari, hukumat oilaviy nafaqa olish huquqini aniqlash uchun ariza berish va daromadlarini tekshirish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan oʻzgarishlarni tasdiqladi.
Qoʻshimcha yordam 10 trln soʻmlik Inqirozga qarshi jamgʻarma orqali amalga oshirilmoqda. Jamgʻarma tomonidan taqdim etilayotgan ijtimoiy yordam infeksiyaga nisbatan xavf ostida boʻlgan yoki kasallikni yuqtirib olganlar bilan aloqada boʻlgan shaxslarni karantinda saqlash xarajatlarini qoplashni oʻz ichiga oladi.
Koronavirus pandemiyasi davrida vaqtincha ishini yoʻqotgan aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, jamoatchilik ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari koʻpaytirildi ($21 mln) hamda band boʻlmagan fuqarolarni vaqtinchalik jamoat ishlarga (masalan, dezinfeksiya qilish) jalb qilinmoqda. 2020 yil 1 may holatiga 47 mingga yaqin kishi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga joylashtirildi. Shuningdek, 9869 kishi meva-sabzavotchilik klasterlariga ishga jalb qilingan boʻlsa, salkam 100 ming kishi paxtachilik, gʻallachilik va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida daromad topmoqda.
Odatda kasallik varaqasi ishchining ish tajribasidan kelib chiqib ish haqining 60-80% miqdorida toʻlanadi. Ushbu koʻrsatkich karantin davrida hamma uchun birdek ish haqining 100%gacha koʻtarildi. Ishlovchi ota-onaga (ikkisidan biriga) maktablar va bolalar bogʻchalari yopilganligi sababli ish haqi toʻliq saqlangan taʼtil berildi.
Shu bilan birga, hukumat tomonidan aholining yordamga muhtoj qatlamini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga isteʼmol tovarlari uchun vaucher va kupon tizimini joriy qilish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda. Buning uchun bir qator xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilmoqda.
Xitoy tajribasiga murojaat etadigan boʻlsak, aprel oyida Xitoy asta-sekin karantin qoidalarini yumshatishni boshladi va odamlarni odatiy hayotga qaytishlariga va isteʼmol uchun yana pul sarflashga undamoqda. Buning uchun Xitoy hukumati chakana savdoni tiklashni kuchaytirish maqsadida isteʼmol kuponlari bera boshladi. Mahalliy hukumatlar onlayn isteʼmol kuponlarini taqdim etishmoqda. Hozirga qadar Xitoyda 16 ta viloyatning 50 ga yaqin shaharlarida oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak sotib olish, sayohat va dam olish maskanlarida almashiladigan vaucherlar taqdim etildi.
Masalan, Xanchjou shahri hukumati besh bosqichda elektron kuponlarni muomalaga chiqardi. Soʻnggi bosqichda amal qilish muddati 21 apreldan boshlab yetti kun boʻlgan 1,5 mln vaucherlar ommaga taqdim etildi. Xabarlarga koʻra, hozirga qadar Xanchjou hukumati subsidiyalar uchun 320 mln yuan sarflagan va ushbu subsidiyalar isteʼmolni 3,4 mlrd yuanga oshirishga yordam bergan.
Shuningdek, koronavirus tarqalishining epitsentrida joylashgan Uxan shahri 19 apreldan 31 maygacha boʻlgan davrda haftalik vaucherlar tarqatishni maqsad qilib qoʻygan.
Guanchjou va Changsha kabi shaharlarda aholiga mashina sotib olishga yordam berish uchun bir necha yuz dollardan ikki ming dollargacha boʻlgan miqdorda kuponlar taqdim etilmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, isteʼmol kuponlarining 80%dan koʻprogʻi oziq-ovqat sanoati, 42,5% esa turizm sohasiga tegishli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi Xalilillo Xamidov
Manba: Forbes.uz
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

