| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza5 daqiqada oʻqiladi200 marta oʻqildi

Oʻzbekiston temir yoʻl transportining xalqaro tizimga integratsiyasi

Oʻzbekiston transport tizimi qoʻshni mamlakatlar transportchilari bilan raqobatni kuchaytirish bilan bir qatorda jahon transport tizimiga faol integratsiyalashish va qoʻshni davlatlarning transport-kommunikatsiya tizimlarini yaqinlashtirish siyosatini amalga oshirish zaruratidan kelib chiqishi kerak, deb hisoblaydi ekspert, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Dilfuza Rahimova.

Oʻzbekiston temir yoʻl transportining xalqaro tizimga integratsiyasi

Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda temir yoʻl yuk tashish transporti katta oʻrin tutadi. Bu bir qator omillar bilan belgilanishi mumkin:

birinchidan, Oʻzbekiston Oʻrta Osiyoning markaziy qismida joylashgan boʻlib, xududiy davlatlar bilan umumiy chegaraga ega: shimol va shimoli-gʻarbda Qozogʻiston bilan, janubi-gʻarbda Turkmaniston bilan, janubda Afgʻoniston bilan, janubi-sharqda Tojikiston bilan va sharqda Kirgʻizston bilan chegaradosh;

ikkinchidan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo hududida markaziy oʻringa egaligi uning hududiy jarayonlarda muhim oʻrin tutishini belgilab beradi;

uchinchidan, Oʻzbekiston geografik joylashuvi va transport kommunikatsiyalarini rivojlangan tizimiga egaligi bilan ham ahamiyatga ega;

toʻrtinchidan, Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllari tarmogʻi yuqori zichlikka ega - 100 km2 - 41 kmni tashkil etadi; (solishtirish uchun: Tojikistonda – 100 km2ga - 19,4 km, Qirgʻizstonda 100 km2 – 17 km, Qozogʻistonda – 100 km2 ga - 4,7 km, Turkmanistonda – 100 km2 ga - 2,8 km).

beshinchidan, mintaqaning quruqlik va havo aloqalari, Markaziy Osiyo geosiyosiy markazi sifatida, zamonaviy Oʻzbekiston xalqaro tranzitning noyob imkoniyatlariga ega;

oltinchidan, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish va barqaror strategiyani shakllantirish Oʻzbekistonning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi tranzit salohiyatini kengaytirish va kelajakda rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatda ichki batamom yangi temir yoʻl va avtomobil magistrallari qurilishi amalga oshirilmoqda. Xalqaro aeroportlarni qayta taʼmirlanib, ixtisoslashgan xalqaro transport terminallari yaratilmoqda. Oʻzbekiston hududi orqali mahsulotlarning toʻsiqsiz tranzitini taʼminlovchi tranzit tovarlarning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqilmoqda. Respublika asosiy transport konvensiyasi va xalqaro shartnomalarga qoʻshildi va bu ish davom etmoqda.

Oʻzbekiston transport kommunikatsiyalari masalalari boʻyicha 70 dan ortiq xalqaro konvensiya, ikki tomonlama shartnomalar aʼzosi sifatida ularni integratsiyasi boʻyicha xalqaro dasturlarda qatnashmoqda. Koʻpchilik amalga oshirilayotgan transport loyihalari mamlakatning tranzit salohiyatini oʻstirishga yoʻnaltirilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston hududi chet el yuk tashuvchi harakatlanuvchi tranzitga moʻljallangan 99 ta marshrut oʻtmoqda.

Jahon hamjamiyati evolyutsiyasining negizi va iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishning asosiy tendensiyalari sifatida globallashuv tan olingan. Globallashuv jarayonlari bazis infratuzilmasining shakllanish davri sifatida zamonaviy sharoitni tasniflash mumkin. Markaziy Osiyoning ulkan energoresurs, kommunikatsiya va harbiy strategik salohiyati unga Yevroosiyodan geografik jihatdan uzoqroq (AQSH, Xitoy, Hindiston) davlatlarining kirishiga zamin boʻldi.

Jahon savdo tuzilmasi tahlili koʻrsatishicha, biror bir mintaqada yuz bergan siyosiy va iqtisodiy sharoit jahonning boshqa mintaqalariga ham taʼsirini koʻrsatadi. Qator iqtisodchi-tahlilchilar fikricha, oxirgi oʻn yilliklarda iqtisodiy faolligi oʻsgan Janubi–Sharqiy Osiyoning jahon iqtisodiyotiga, Yevropa iqtisodiyotiga yaqin kelajakdagi taʼsiri yanada kuchayadi. Sharqiy Osiyo, shu jumladan, Xitoy Gʻarbiy Yevropani YAIM hajmi boʻyicha oʻzib ketishi mumkin va 2020 yildan keyingi davrda Shimoliy Amerikadan ham.

Xalqaro Valyuta Fondi ekspertlari bahosi boʻyicha Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi tovar aylanmasi 600 mlrd. dollarni tashkil etadi. Jahon iqtisodiyoti rivojlanishini baholovchi prognozlar XXI asrning boshlarida asosiy moliya va mahsulot oqimlari uchburchak - AQSH-Yevropa-Janubi-Sharqiy Osiyo, shu jumladan, Xitoyga jamlanishini koʻrsatgan. Hozirning oʻzida Yevropadan Osiyoga va aksincha, yuklarni yetkazish muammosi borligini kuzatishimiz mumkin. Shuning uchun Xitoyning Markaziy Osiyoda yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi yuqori, bundan tashqari, Kirgʻiziston, Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlari orqali temir yoʻl qurilishi rejasi, XXRning Eron va Turkiya temir yoʻl tarmoqlari bilan bogʻlanishiga, u orqali Gʻarbiy Yevropa bozorlariga chiqishiga imkon yaratadi.

Bosfor bogʻozi temir yoʻl tonneli (2013 yil 29 oktabrda ishga tushirilgan).

Oʻzbekistonning transport tizimi, qoʻshni davlatlar transport tashuvchilari bilan raqobatni kuchaytirishda, jahon transport tizimiga faol integratsiya zarurligi va yaqin qoʻshni davlatlarning transport-kommunikatsiya tizimiga yaqinlashishga siyosat amalga oshirilishi lozimligiga qaratilgan. Bu qadam Oʻzbekistonni transport-tranzit salohiyati samaradorligini oshirishi va hududdan oʻtuvchi xalqaro transport koridorlari faoliyatining amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh Oʻzbekistonning geostrategik joylashuvi, qoʻshni davlatlar bilan temir yoʻl transporti, avtomobil va aviatsiya xizmatiga egaligi, mamlakatni transport-logistika tizimi SHHT va YEOIXga aʼzo davlatlar bilan rivojlanayotgan savdo-iqtisodiy hamkorligini belgilovchi asosiy omildir.

Shu maqsadda Oʻzbekistonda transport-logistika tizimini sifatli va tezkor rivojlantiruvchi keng koʻlamli va maqsadli dasturiy choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xayraton va Mozori-Sharif temir yoʻl liniyalari ekspluatatsiyaga tushirildi, shuningdek, “Bir makon-bir yoʻl” tashabussi asosida xitoylik mutaxassislar tomonidan qurilgan Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini barpo etildi, uni ishga tushirishdan maqsad nafaqat Fargʻona vodiysi viloyatlari va mamlakatning boshqa hududlari oʻrtasida temir yoʻl orqali yuk va yoʻlovchi tashish imkoniyatini yaratish, shu bilan birga, Xitoy — Markaziy Osiyo — Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yoʻl koridorining eng muhim boʻgʻini boʻlishi ham nazarda tutilgan edi. Uzunligi 123,1 kilometr boʻlgan Angren — Pop temir yoʻlining Qamchiq dovonidan oʻtgan qismida 19,2 kilometrlik tunnel barpo etildi.

Bugungi kunda ham Oʻzbekiston magistral temir yoʻl tarmoqlari Sharq va Gʻarb, Janub va Shimolni birlashtiradigan salmoqli transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega. Sharqiy – Gʻarbiy yoʻlakdagi yuklarni shakllantirishning asosiy markazlari bir vaqtning oʻzida xalqaro va qitʼa savdosining eng yirik segmentini tashkil etadigan Xitoy va Yevropa Ittifoqidir.

2018 yil yakunlariga koʻra, Xitoy-Yevropa savdo hajmi 604,604 mlrd. yevroni tashkil etdi, shundan 209,906 mlrd. yevro Yevropa Ittifoqining Xitoyga eksporti va 394,698 mlrd. yevro Xitoyning Yevropa Ittifoqiga eksporti hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston uchun “Shimoli-Janub” xalqaro transporti yoʻllariga strategik qiziqish, avvalambor, Yevropaning yetakchi mamlakatlarining quruqlik yoʻlaklaridan foydalanishga boʻlgan qiziqishning oʻsishi hisoblanadi. Agarda “Shimoli-Janub”ga aʼzo davlatlar yuk tashishning barqaror, tez va arzon sxemalarini tuzishga muvaffaq boʻlishsa, buning oqibatida hind biznesining Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi ortishi mumkin. Taxminlarga koʻra, 2025 yilga kelib Hindiston dunyodagi uchinchi yirik isteʼmol bozoriga aylanadi, bu, Markaziy Osiyo mamlakatlari eksportining manfaatlariga javob beradi.

Oʻzbekistonda transport infratuzilmasi sohasida rejalashtiralayotgan va hozirda amalga oshirilayotgan loyihalar asosan temir yoʻl loyihalari orqali taqdim etiladi, ular transport tarmogʻida 8,3 mlrd dollar miqdoridagi umumiy investitsiyaning 71 foizini tashkil etadi.

Ushbu jarayonlarga qoʻshilish va bunday loyihalarni amalga oshirish Oʻzbekistonning Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi bogʻlovchi geoiqtisodiy jozibadorligini oshiradi.

Shuningdek, Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa mamlakatlarini Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropaning ulkan bozorlariga eng qisqa yoʻl bilan ulash uchun yangi strategik imkoniyatlar ochilmoqda. Biroq ushbu imkoniyatlarning mujassamlashuvi turli mamlakatlarning meʼyoriy-huquqiy bazasining nomuvofiqligi bilan bogʻliq; texnik standartlar; butun trassa boʻylab yagona temir yoʻl izining yoʻqligi, shuningdek, Xitoydan Yevropa Ittifoqiga Oʻzbekiston orqali olib oʻtiladigan trassada transport jarayonlarida ishtirok etuvchi mamlakatlarda bojxona rasmiylashtiruvining uzoq davom etishi chegaralarda tranzit yuklarning uzoq turib qolishiga olib kelmoqda. Ushbu sabablar hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar Temir yoʻl transporti kengashi (MDH va Boltiqboʻyi mamlakatlari) va boshqa mamlakatlarning xalqaro temir yoʻl tashkilotlarining manfaatlariga jiddiy toʻsiq hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi

professori D.N. Rahimova

Ushbu nashr mualliflarning fikrlarini yoritadi va bu yerda keltirilgan maʼlumotlar uchun javobgarlikni olmaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ