Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlishining farmatsevtika tarmogʻiga taʼsiri
Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlsa, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan import qilinadigan dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlariga narxlarning pasayishi, sifatsiz dori-darmonlar ulushining kamayishi seziladi. Shu bilan birga uchinchi mamlakatlardan olib kirilayotgan dorilar narxlarining oshishi ham kuzatiladi.

Oʻzbekistonda farmatsevtika sohasi 1993 yildan shakllana boshladi. Oʻsha yili Oʻzkimyofarm zavodi va Vaksinalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini oʻz ichiga olgan "Oʻzfarmsanoat" davlat konserni tashkil etildi.
Hozirgi kunda mahalliy dori-darmon ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya mavjud boʻlib, davlat eng zarur dori preparatlari, infuzion eritmalar, vaksinalar, qon preparatlari, bir marta ishlatiladigan qon quyish tizimlari va qon oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki ehtiyojni taʼminlash siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tadbiq etilmoqda.
2017 yildan boshlab mazkur sohani yanada rivojlantirishga eʼtibor kuchaydi va dori vositalari ishlab chiqaruvchilar 5 yil davomida barcha soliqlarni toʻlashdan ozod.
Shuningdek, yangi ishlab chiqarish kuchlarini tashkil etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirayotgan kompaniyalar texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda barcha bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilindi. Xuddi shu yili Oʻzbekiston Prezidentining “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ularni maxsus tabiiy sharoitlarda qayta ishlashga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zonani tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Natijada, mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʻiga sarmoyalar koʻlami oshib borishiga huquqiy zamin yaratildi.
Oʻzbekistonda farmatsevtika kompaniyalari soni 1994 yilda 2 ta, 2002 yilda 68 ta, 2012 yilda 130 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 191 taga yetib, mazkur korxonalarda 2500 dan ortiq turdagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Jumladan, 2018 yil mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etgan boʻlib, shundan 20,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Oxirgi yillarda ichki ishlab chiqarishdagi oʻsish koʻrsatkichi oʻrtacha 20 foizdan yuqorilagan.
Ichki ishlab chiqarishda dori vositalari va tibbiy buyumlarning salmogʻi katta boʻlib, ishlab chiqarish quyidagi asosiy yoʻnalishlarga ega:
a) 2018 yil yakunlari boʻyicha 179 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqarilgan. 6,4 million dollarlik dori vositalari esa eksport qilingan. Bu sohadagi korxonalarning 40-60 foiz quvvat bilan ishlayotganini hisobga olsak dori vositalari yoʻnalishi boʻyicha yuqori eksport potensiali mavjud.
b) 2018 yil yakunlari boʻyicha 17,2 million dollarlik farmatsevtik materiallar (tibbiy paxta, tibbiy doka, bint va b.) ishlab chiqarilgan boʻlib, shulardan jami 6,6 million dollarlik tibbiy buyumlar eksport qilingan. Xususan 5,4 million dollari (82%) YeOII davlatlari hisobiga toʻgʻri keladi. Farmatsevtik materiallar ishlab chiqaruvchi korxonalar 77-80 foiz quvvat bilan ishlamoqda.
Oʻzbekiston farmatsevtika bozori tez rivojlanmoqda
Oʻzbekistonning farmatsevtika bozori MDHda Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi yirik bozor hisoblanadi. Oʻsish dinamikasi (yiliga 8-10 foiz) boʻyicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kiradi. Masalan, 2010 yilda 370 million dollardan ortiq miqdorda dori-darmon import qilingan boʻlsa, 2018 yilda bu raqam 775 million dollarni tashkil etadi. Oʻzbekiston farmatsevtika bozorida bugungi kunda 9000 turdagi dori vositalari, 1684 turdagi tibbiy buyumlar va 1529 turdagi tibbiy texnika mahsulotlari isteʼmol qilinmoqda.
2018 yilda farmatsevtika sohasida ichki bozor hajmi qariyb 1 milliard dollarni tashkil etib, uning 21 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobidan taʼminlangan. Farmatsevtika vositalari importining 98 million dollari YeOII davlatlari hisobiga, jumladan, 81 million dollari Rossiya ulushiga toʻgʻri keladi. Aholi sonining yiliga oʻrtacha 1,5 foizga oshib borayotganligi va kishi boshiga sogʻliqni saqlashga ajratilayotgan xarajatlar koʻrsatkichi oxirgi yillarda oʻrtacha 15 foizga oshib borayotganligi kuzatilmoqda va bu koʻrsatkich keyingi yillarda farmatsevtik vositalarga ham talabni mos ravishda oʻsib borishiga sabab boʻlmoqda.
Shuni taʼkidlash joizki, hozirda Oʻzbekistonda import qilinayotgan farmatsevtik mahsulotlarning koʻpchiligiga nisbatan hech qanday tarif qoʻllanilmaydi. Tibbiy paxta, tibbiy doka kabi farmatsevtik materiallarga 10 foiz miqdorida bojxona tarifi qoʻllaniladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab mazkur koʻrsatkich 30 foizgacha oshirilishi koʻzda tutilgan.
YeOIIga kirish natijasida ichki bozor va mahalliy ishlab chiqarish istiqbollari
2010 yilda Belarusiya, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. Ittifoq doirasida oʻzaro ayirboshlanadigan tovarlarga bojxona toʻlovlari toʻliq bekor qilindi, yagona tashqi tarif joriy etildi. Iqtisodiy integratsiya jarayoni 2012 yilga kelib ishchi kuchi, tovarlar, xizmatlar va kapital oqimining erkin harakatlanishini taʼminlaydigan yagona iqtisodiy makon, yaʼni Yevrosiyo iqtisodiy makonini tashkil etishga kelishib olinishi bilan davom etdi. 2015 yilning yanvar oyida Bojxona ittifoqi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) aylantirildi. Shu yilning oʻzida Armaniston va Qirgʻiziston mazkur ittifoqqa qoʻshildi.
YeOIIga aʼzo boʻlish mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʻi faoliyat koʻrsatayotgan shart-sharoitlarni quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻzgarishni nazarda tutadi:
a) uchinchi mamlakatlarga nisbatan bojxona bojlarini qoʻllashni talab etadi (oʻrtacha 5%);
b) 2026 yildan boshlab yagona farmatsevtika bozori shakllantiriladi va farmatsevtik mahsulotlarni majburiy xalqaro GMP sertifikatiga asoslangan maxsus roʻyxatdan oʻtish tizimi asosida rasmiylashtirish boshlanadi. Xorijiy ishlab chiqaruvchi hujjatlarni yagona texnik hujjat shaklida rasmiylashtirishi shart va undan tashqari dori moddalar boʻyicha master-faylda Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashga aʼzo davlatlarda 2016 yil 1 yanvargacha oʻtkazilgan klinik tadqiqotlar natijalari koʻrsatilishi kerak boʻladi. Belgilangan sanadan keyin kamida bitta klinik tadqiqot Ittifoq hududida toʻliq yoki qisman oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
v) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan imtiyozlarni bekor qilish majburiyati yuzaga keladi. Jumladan, hozirda Oʻzbekistonda quyidagi farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish uchun belgilangan imtiyozlardan voz kechiladi:
- dori vositalari, ularning xom ashyosi va yordamchi materiallar, tibbiy buyum va tibbiy texnika qoʻshimcha qiymat soligʻidan ozod qilingan;
- mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining analoglari boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar (roʻyxat boʻyicha - 68 nomdagi dori vositasi, 8 ta tibbiy buyum) importiga qoʻshimcha qiymat soligʻi qoʻllaniladi;
- farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun texnologik va laboratoriya uskunalari, butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun "toza xonalar", sendvich-panellar va ventilyasiya tizimlari, dori vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari bojxona toʻlovlaridan ozod qilinishi koʻzda tutilgan.
Tegishli ravishda, yuqoridagi oʻzgarishlar yuz berishi natijasida quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:
1) uchinchi davlatlarga nisbatan import bojlari undirila boshlanishi natijasida import qilinayotgan tovarlar narxi ichki bozorda oʻrtacha 5%ga oshadi.
2) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlarning bekor boʻlishi natijasida ular ishlab chiqarayotgan mahsulot narxi oʻrta hisobda 10-15%ga oshishi kuzatiladi. Bu esa mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini pasaytiradi.
3) import qilinayotgan xom ashyo mahsulotlari asosan uchinchi davlatlardan (Hindiston va Xitoy) import qilinishini hisobga olsak YeOIIga qoʻshilish xom ashyo mahsulotlariga nisbatan oʻrtacha 5%da boj qoʻllanilishini talab etadi.
Eksport bozori istiqbollari
Dori vositalari eksporti katta hajmni tashkil etmaydi va ularning asosiy qismi (90%dan oshigʻi) ham uchinchi mamlakatlar hisobiga toʻgʻri keladi. Bu yoʻnalish boʻyicha YeOIIga kirish sezilarli oʻzgarishlarni keltirib chiqarmaydi deb baholanmoqda.
Tibbiy buyumlar boʻyicha esa eksport bozori toʻliqligicha YeOII mamlakatlariga tegishli. YeOII bozoriga chiqadigan farmatsevtik mahsulotlarning asosiy qismi tibbiy paxta va doka hisobiga toʻgʻri keladi. Bu tovarlar asosan (90 %dan ortigʻi) Qozogʻistonga eksport qilinadi. Buning uchun YeOII yagona tarif tizimi asosida 5% miqdordagi boj toʻlanadi. Narxlarning solishtirma tahlili koʻrsatishicha Qozogʻiston va Rossiya bozoridagi narxlar Oʻzbekiston narxlaridan baland. Bu jihatdan, YeOIIga qoʻshilish oʻrta muddatda milliy eksport hajmiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi.
2026 yilga kelib GMP sertifikatiga asoslangan maxsus roʻyxatdan oʻtish tizimi asosida rasmiylashtirish boshlanishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar qisqa vaqt ichida oʻz mahsulotlarini YeOII mamlakatlariga sotish imkoniyatini qoʻlga kirita olishlari juda mushkul. Chunki hozirda 191 ta mahalliy korxonadan faqat 10 tasi maxsus GMP sertifikatiga ega.
YeOIIga kirishning farmatsevtika tarmogʻiga taʼsirining miqdoriy oʻlchamlari
Hozirgi kunda jahon tajribasida integratsion jarayonlarni mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga taʼsirini baholashga doir turli yondashuvlar mavjud. Ulardan eng asosiylari bu integratsion jarayonga qoʻshilishning umumiy taʼsirini baholashga moʻljallangan "Hisoblanadigan umumiy muvozanat modeli" (CGE) va maʼlum bir turdagi mahsulot bozorini alohida oʻrganadigan "Qisman muvozanat model"lari (PEM) hisoblanadi. Nazariy jihatdan qaraganda Ittifoqqa aʼzo boʻlishning ijobiy va salbiy taraflari quyida jadvalda aks etgan.
ITTIFOQQA AʼZO BOʻLIShNING IJOBIY VA SALBIY TARAFLARI
Ijobiy taʼsiri | Salbiy taʼsiri | |
Aholi uchun | ||
Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan import qilinadigan dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlariga narxlarning pasayishi sifatsiz dori-darmonlar ulushining kamayishi | uchinchi mamlakatlardan olib kirilayotgan dorilar narxlarining oshishi | |
Biznes uchun | ||
ilgari uchinchi davlatlardan olib kelingan dori-darmonlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkoniyatining oshishi past sifatli import mahsilotlari kirib kelishi cheklanishi | imtiyozlarni bekor qilish natijasida ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi | |
Davlat uchun | ||
davlat byudjetiga tushadigan bojxona tushumlarining oshishi |
Shu bilan birga, yuqoridagi yondashuvlar asosida olingan natijalarni mutaxassislar fikrlari bilan uygʻunlashtirgan holda YeOIIga qoʻshilishning kutilayotgan taʼsirlari hisob-kitob qilindi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, mavjud imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan dori-darmon mahsulotlari narxi 5-10 %ga oshishi va YeOII davlatlaridan import oqimi yiliga oʻrtacha 15-20 % ga koʻpayishi oqibatida yiliga oʻrtacha 20 million dollarlik bozor yoʻqotiladi. Uchinchi davlatlardan keladigan farmatsevtik mahsulotlarga oʻrtacha 5% tarif qoʻyilishi bu mamlakatlardan import koʻlamining kattaligi hisobiga ichki bozordagi narxlar darajasi 5%ga oshishi kutilmoqda va aholi doriga boʻlgan xarajatlari 33 million dollarga oshadi deb baholanmoqda. YeOII davlatlaridan import qilinadigan tibbiy buyumlarga (tibbiy paxta, doka, bint va boshqa mahsulotlar uchun bojxona tariflari (hozirda 30%) bekor boʻlgani hisobiga Rossiyadan bunday tovarlar importi oshishi kutiladi va ichki ishlab chiqarish 5 million dollarga qisqaradi deb baholanmoqda.
YeOII davlatlari doirasida yoʻlga qoʻyilishi kutilayotgan maʼlum turdagi mahsulotlarni majburiy markalash tartibi joriy qilinishi hisobiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar taxminan 5 million dollar qoʻshimcha xarajat qilishlariga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, yagona mehnat bozori yaratilishi natijasida yuqori malakali farmatsevtik va tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassislarning ish haqi darajasidagi farq hisobiga YeOII davlatlariga chiqib ketish xavfi mavjudligi ham aytilmoqda.
Milliy ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar
Ittifoqqa aʼzo boʻlishning taʼsirini baholashga qaratilgan tadqiqot natijalari asosida YeOIIga qoʻshilishdan eng yuqori samara olish “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Ular qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
1) sohaning raqobatbardoshligini oshirish va 2025 yilgacha mahalliylashuv darajasini 50%ga chiqarish vazifasini bajarish maqsadida sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasini jadallashtirish;
2) 2026 yilga qadar milliy dori-darmon vositalarini roʻyxatga olish tizimini YeOII tamoyillariga moslashtirib borish;
3) mahalliy ishlab chiqarish potensialini kuchaytirish maqsadida sohaga berilgan imtiyozlar tizimini 2026 yilga qadar bosqichma-bosqich tugatib borish.
"Ekonomicheskoye obozreniye" jurnalining 3 soni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




