Oʻzbekiston Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga, afgʻon xalqining turmushini yaxshilashga katta hissa qoʻshmoqda
Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati ham manfaatdor boʻlgan hududda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun katta istiqbolga ega va mazkur yoʻnalishda uzoq muddatli oʻzaro manfaatli hamkorlikni oshirish biz uchun yuqori ustuvorlik kasb etadi, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.

Afgʻoniston bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshni davlatlar bilan konstruktiv va oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim vazifalaridan biridir.
Oʻzbekiston har doim Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni tezroq qaror toptirish tarafdori boʻlib, oʻzaro savdo ayirboshlash hajmini oshirish hamda yirik infratuzilmaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish orqali Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga, afgʻon xalqining turmushini yaxshilashga katta hissa qoʻshmoqda. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik katta istiqbollarga ega va soʻnggi uch yil ichida jadal rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston mamlakatlarining oʻzaro munosabatlarida Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganlaridan soʻng yangi sahifa ochildi. 2017 yilning yanvarida Oʻzbekistonning hukumat delegatsiyasi Afgʻonistonga boʻlib qaytishdi. Soʻnggi uch yil ichida Afgʻoniston Prezidenti rasmiy va ishchi tashriflar bilan Toshkentga ikki marta tashrif buyurgan. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari muntazam ravishda telefon orqali muloqotlar olib boradilar, soʻnggisi shu yilning 2 avgustida boʻlib oʻtgan boʻlib, unda Afgʻonistonning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida ustuvor infratuzilma va investitsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha ishlarni kuchaytirishga katta eʼtibor qaratildi.
Epidemiologik vaziyatning ogʻirlashishi koʻplab mamlakatlarda, shu jumladan, Afgʻonistonda ham kuzatildi. Mazkur davrda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan joriy yilning aprel oyida Afgʻonistonga 600 tonnalik insonparvarlik yordami, shu jumladan, himoya kombinezonlari, natriy gipoxlorit, respiratorlar, qoʻlqoplar, pirometrlar, bolalar uchun kiyim-kechak, hamda oziq-ovqat mahsulotlari joʻnatildi. Taʼkidlash joizki, bu birinchi gumanitar yuki emas, 2018 yilning yanvar oyida Afgʻonistonga Oʻzbekiston Prezidenti nomidan 25 ta avtobus va qishloq xoʻjaligi texnikasi begʻaraz yuborilgan. Iyun oyida esa qurgʻoqchilik oqibatida Afgʻonistonda ekinlar yetishmasligi munosabati bilan ushbu mamlakatga gumanitar yordam sifatida 3 ming tonna oziq-ovqat bugʻdoy yuborildi.
Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari
Afgʻoniston tashqi savdosida Oʻzbekistonning ulushi 7,4 foizni, umumiy Afgʻoniston importida esa 8,3 foizni tashkil etadi. Oʻz navbatida, Afgʻonistonning Oʻzbekiston tashqi savdosidagi ulushi 1,5 foizni, eksportning umumiy hajmida esa 3,4 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan savdo-sotiqda sezilarli ijobiy balansga ega va soʻnggi uch yil ichida ushbu mamlakatga eksport deyarli 20 foizga oʻsdi.
2020 yil birinchi yarmida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 24,1 foizga oʻsdi va 332,9 million dollarni tashkil etdi, shu jumladan eksport - 331,7 million dollar, import - 1,22 million dollar. 2019 yil yakunlariga koʻra oʻzaro savdo hajmi 2,2 foizga oʻsdi va 617,6 million dollarni tashkil etdi, shu jumladan eksport - 614,7 million dollar, import - 2,9 million dollar.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash dinamikasi (million dollarda)
2013y. | 2014y. | 2015y. | 2016y. | 2017y. | 2018y. | 2019y. | |
Savdo aylanmasi | 673,7 | 601,8 | 445,1 | 519,7 | 617,1 | 604,6 | 617,6 |
Eksport | 669,3 | 601,0 | 444,4 | 517,3 | 614,9 | 602,5 | 614,7 |
Import | 4,4 | 0,8 | 0,6 | 2,4 | 2,2 | 2,0 | 2,9 |
Balans | 664,9 | 600,2 | 443,8 | 514,9 | 612,7 | 600,4 | 611,7 |
Manba: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining maʼlumotlari.
Afgʻonistonga eksport qilinadigan asosiy mahsulotlar quyidagilar kiradi: don va un mahsulotlari, asosan bugʻdoy uni - umumiy hajmning 19,1 %i; elektr energiyasi - 16,3 %; neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz - 10,1 %; oziq-ovqat mahsulotlari, asosan dukkaklilar va sabzavotlar - 11,0%; qora metal va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlar - 7,0%, transport vositalari va ular uchun ehtiyot qismlar - 1,5%, shuningdek xizmatlar, asosan transport xizmatlari - 26,0%.
Afgʻonistondan quyidagi mahuslotlar import qilinadi: oziq-ovqat mahsulotlari (asosan saxaroza, mineral suvlar) - umumiy importning 21,5%; tirik oʻsimliklar (ularning ildizlarini hisobga olgan holda) - 11,4%; uskunalar va mexanik qurilmalar - 8,8%; hayvonlar (echki va qoʻylar) - 6,7%, shuningdek transport xizmatlari - 29,9%.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda afgʻon kapitali ishtirokidagi 658 korxona, shu jumladan 195 qoʻshma korxona va 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi 463 korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyati hududida afgʻon kapitali ishtirokidagi 234 ta korxona (35%) tashkil etildi.
Energetik hamkorlik
Afgʻoniston elektr energiyasining tanqisligi bilan yaqqol ajralib turadi, chunki oʻzining ishlab chiqarish quvvatlari elektr energiyasiga boʻlgan talabni toʻliq qoplay olmaydi va elektr energiyasini import qilish hajmi tashqi tomondan ajratiladigan moliyaviy yordam miqdoriga bogʻliq. 2018 yilda Afgʻoniston 1,1 milliard kVt / soat elektr energiyasini ishlab chiqargan boʻlsa 4,6 milliard kVt / soatni import qilgan, yaʼni oʻzi ishlab chiqargan hajmdan 4 marotaba koʻp degani.
Ishlab chiqarish va import hajmining yetarli emasligi, elektr uzatish liniyalarining tarmogʻining keng darajada mavjud emasligi iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirishga imkon bermaydi. Afgʻonistonda aholining atigi 30 foizigina elektr tarmogʻiga ulangan. Afgʻoniston umumiy aholisining 75 foizini tashkil etadigan qishloq aholisining aksariyati elektrsiz qolmoqda. Afgʻonistondagi energetika sohasidagi muammolarni hal qilish uchun 2032 yilgacha energetikani rivojlantirishning Bosh rejasini oʻz ichiga olgan Milliy energiya taʼminoti dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, unda aholi va mamlakat iqtisodiyotini elektr energiyasi bilan taʼminlashni 30% dan 83% gacha, qishloq aholisini 28% dan 65% gacha va shaharlarni 100% gacha oshirishni nazarda tutilgan.
Surxondaryo viloyatidan Afgʻonistonning Bogʻlon viloyati Puli-Xumri shahrigacha 260 km uzunlikdagi "Surxon - Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirish ham Afgʻonistonning energiya taʼminotini rivojlantirishning uzoq muddatli rejalariga mos va u yerda sanoatni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi. Bundan tashqari, ushbu elektr uzatish liniyasi Afgʻoniston energetika tizimini Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimiga ulash imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston 2002 yildan buyon Afgʻonistonga elektr energiyasini muntazam yetkazib bermoqda. Afgʻoniston elektr energiyasining 52 foizini Oʻzbekistondan, 18 foizini Tojikistondan, Eron va Turkmaniston 15 foizini yetkazib beradi. 2002 yildan 2019 yilgacha Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi 62 million kVt / s dan qariyb 2,6 milliard kVt / s gacha, yaʼni 40 martaga oshdi. 2018 yilda Afgʻonistonga 166 million dollar evaziga 2,5 milliard kVt / soat elektr energiyasi yetkazib berildi, yetkazib berilayotgan elektr energiyasining narxi esa 35 %ga pasaytirildi.
Elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar har yili tuzilishini hisobga olsak, 2019 yil oxirida Afgʻoniston energetika kompaniyalari bilan ular uchun maqbul boʻlgan shartlarda, 4,2 milliard dollarlik 10 yillik shartnoma imzolandi.
Transport sohasidagi hamkorlik
Mozori Sharif - Hirot temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha qoʻshma loyihasi Xayraton - Mozori Sharif temir yoʻl liniyasining kengaytirilgan qismi boʻlib yangi transafgʻon transport koridorini tashkil etadi. Bundan tashqari, Mozori-Sharif-Peshovar temir yoʻl liniyasini qurish masalalari ham koʻrib chiqilmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish nafaqat oʻzaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar, balki har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshirishga, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bir-biriga bogʻlashga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga kirish imkoniyatini ochishga yordam beradi.
Transport sohasidagi faol hamkorlikning boshlanishi bilan 2017 yilda Afgʻonistonning Oʻzbekiston hududi orqali olib oʻtilgan yuklar hajmi 2016 yilga nisbatan 70 foizga oʻsdi. 2019 yilda Afgʻonistonga qarab va undan biz tomonga xalqaro temir yoʻl yuk tashish hajmi 5,15 million tonnani tashkil etdi. Xuddi shu yili "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ tomonidan Qozogʻistondan Afgʻonistonga don va unni tashishda 20% chegirma belgilandi, shuningdek, Afgʻonistondan eksport qilinadigan tijorat tovarlari uchun qoʻshimcha toʻlovlar bekor qilindi. Bu esa ikki mamlakat uchunam temir yoʻl transporti orqali yuk tashish hajmining oshishiga oʻz hissasini qoʻshdi.
2020 yilda Afgʻoniston uchun temir yoʻl yuklarini tashish boʻyicha bir qator imtiyoz va preferensiyalar oʻrnatildi. Xususan, Oʻzbekistondan Afgʻonistonga un olib oʻtishda oldindan belgilangan tariflarga nisbatan 45% dan 65% gacha chegirmalar joriy etildi. Bundan tashqari, un va neft mahsulotlarini tranzit orqali tashishda chegirma 20% dan 50% gacha chegirmalar mavjud. Afgʻonistondan eksport qilinadigan tovarlar uchun hujjatlarini rasmiylashtirish toʻlovlaridan tashqari barcha qoʻshimcha toʻlovlar bekor qilindi. Barcha turdagi tovarlarni rasmiylashtirish uchun 50% chegirma joriy etildi.
Koronavirus pandemiyasi davrida ham Afgʻoniston yoʻnalishi boʻyicha yuk tashish dinamikasi barqaror oʻsish surʼatlarini namoyish etmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida Afgʻonistondan temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi 2,2 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 50,7 foizga koʻpdir.
Ikki mamlakat oʻrtasida eksport-import va tranzit yuk oqimlarini yengillashtirish maqsadida Termiz bojxona terminalida "Termiz Kargo" xalqaro logistika markazi tashkil etildi. Mazkur logistika markazi Afgʻonistondan uchinchi mamlakatlarga meva va sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish uchun yangi saralash va qadoqlash liniyalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda terminal bir vaqtning oʻzida 300 tagacha yuk mashinasini qabul qilish quvvatiga ega, shuningdek, temir yoʻl yoʻlaklari va konteynerlarni saqlash uchun omborlar tashkil qilingan.
Afgʻon yoshlari uchun Termiz shahridagi oʻquv markazi
Afgʻonistonda talab yuqori boʻlgan kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish maqsadida Termiz shahrida oʻzbek-afgʻon "taʼlim markazi" tashkil etilib, unda oʻzbek filologiyasi, temir yoʻl transporti, qishloq xoʻjaligi va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha 200 nafarga yaqin afgʻon yoshlari tahsil olmoqda. Shu bilan birga, taʼlim xarajatlarining yarmini afgʻon tomoni toʻlaydi, qolgan qismini Oʻzbekiston tomon qoplaydi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari oʻqitish uchun taʼlim grantlarini oladigan afgʻon ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan transchegaraviy tashabbusni eʼlon qilishdi. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbusni moliyalashtirish uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratdi. Ushbu grant 2025 yilgacha BMTTD tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur grant doirasida afgʻonistonlik yosh ayollar Toshkent agrar universiteti koʻmagida qishloq xoʻjaligi sohasida bilim olishadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda maxsus Xalqaro taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi yoshlarni zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish, iqtidorli talabalar va yosh olimlarga stipendiya va grantlar berishdir.
Ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari
Oʻzbekiston va Afgʻoniston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishdan oʻzaro manfaatdor va nafaqat savdo sohasida, balki sarmoyaviy sohada ham iqtisodiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini izlashga intilmoqda.
Transport va energetika hamkorlikning strategik yoʻnalishlari boʻlib qolmoqda. Oʻzbekistonlik mutaxassislar va investitsiyalar ishtirokida Afgʻonistondagi 5 ta toʻqimachilik va 3 ta yogʻ-moy korxonalarini tiklash boʻyicha ishlar davom ettiriladi. Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi sifatida Oʻzbekiston korxonalarining Afgʻoniston Islom Respublikasi hududida yoʻllarni rekonstruksiya qilish va suv inshootlarini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etishi ham boʻlishi mumkin.
Bundan tashqari, "Termiz-Kargo" logistika markazining vazifalarini, masalan, uning bazasida zarur infratuzilmaga ega boʻlgan ulgurji-tarqatish markazini, shu jumladan, omborxonalar tashkil etish, shuningdek, u yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼyektlari uchun soliq va bojxona preferensiyalarini taqdim etish orqali takomillashtirish va kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Afgʻoniston bilan chegaradosh hududda qoʻshma korxonalar (un, non mahsulotlari, oʻsimlik moyi, qurilish materiallari, toʻqimachilik, poyabzal va boshqa mahsulotlar) yaratish boʻyicha chegara savdosini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlarni yaxshilashni davom ettirish zarur. Shuningdek, Afgʻoniston marmarini, ularni qayta ishlash va boshqa mamlakatlarga tayyor mahsulotlarni eksport qilish uchun turli xil yarim tayyor mahsulotlarni Oʻzbekistonga yetkazib berish masalasini oʻrganish qiziq.
Qishloq xoʻjaligi ham hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlaridan biridir. Afgʻoniston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchisi boʻlib, koʻplab tovar turlari boʻyicha oʻzbeklarga oʻxshash. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻlga qoʻyilganligini hisobga olsak, bu kooperatsiya aloqalari, qoʻshma korxonalar va ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun imkoniyatlar ochadi. Oʻz navbatida, afgʻon mutaxassislari Surxondaryo viloyatida dorivor oʻtlar (15 gektar) va doʻlana (yiliga 100 tonna) yetishtirish boʻyicha loyihalarga sarmoya kiritishga qiziqish bildirishgan.
Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning hozirgi rivojlanish darajasini hisobga olgan holda, savdo-iqtisodiy aloqalarni tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy bazani kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Xususan, oʻzbek mahsulotlarini Afgʻoniston bozoriga eksport qilish hajmini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish uchun Afgʻoniston bilan imtiyozli savdo toʻgʻrisida shartnoma tuzish imkoniyatlarini oʻrganish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini Afgʻonistonda tan olish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishish Afgʻonistonga mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirar edi, unga boʻlgan talab koronavirus pandemiyasi sharoitida faqat oshib boradi.
Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan hamkorligi nafaqat ikki tomonlama, balki "bir makon-bir yoʻl", "CASA-1000" elektr uzatish liniyasi, TAPI gaz quvuri ("Turkmaniston–Afgʻoniston–Pokiston–Hindiston" magistral gaz quvuri) kabi xalqaro loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish doirasida ham rivojlanishi mumkin.
Xulosa qilib aytgandi, Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati ham manfaatdor boʻlgan hududda barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun katta istiqbolga ega va mazkur yoʻnalishda uzoq muddatli oʻzaro manfaatli hamkorlikni oshirish biz uchun yuqori ustuvorlik kasb etadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

