| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi2 004 marta oʻqildi

Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdim etildi

2019 yil 6 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika institutida “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdim etildi

2019 yil 6 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika institutida “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu nashr soha mutaxassislarining besh yillik izchil mehnati mahsuli sanaladi. U “Chinor ENK” nashriyoti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Ekologiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi (FA) hamkorligida tayyorlangan.

Kitob ikki jildda nashr qilinyapti, unda oʻsimlik va hayvonlarning kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida qolgan turlari haqida asosiy maʼlumotlar berilgan. Birinchi jild Oʻzbekistondagi nabotot olami, ikkinchi jild esa hayvonot olami haqidagi maʼlumotlarni qamrab olgan.

“Qizil kitob”ga Oʻzbekistondagi nodir va yoʻqolib ketish xavfi ostida qolgan, himoyaga muhtoj 314 oʻsimlik turi kiritilgan. Uning avvalgi nashrida (2009 yil) bunday oʻsimlik va zamburugʻlar soni 324 ta deb keltirilgan edi.

Yangi nashrda oʻn yil avvalgisidan kamroq oʻsimlik nomi keltirilganining sababini FA Botanika Instituti olimlari shunday izohladi: oʻtgan vaqt davomida olib borilgan oʻrganishlar davomida eski roʻyxatdagi baʼzi oʻsimliklar oʻzi aslida Oʻzbekiston hududida uchramasligi, baʼzilari Oʻzbekiston hududida kamyob boʻlgani bilan qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda keng tarqalgani, yana ayrim turlar esa kamyob boʻlmay katta mintaqalarda uchrashi yuzaga chiqqan. Shunga asoslanib yangi nashrda Olatov shafrani, Martius qilichoʻti, Tojikiston alloxruzi kabi oʻsimliklar roʻyxatdan chiqarib tashlangan.

Yangi nashrda butunlay yoʻqolib ketgan oʻismlik turlari soni 19 tadan 10 taga kamaygan. Ayni paytda, unga 15 ta kamyob oʻsimlik turi qoʻshilgan. Umuman olganda avvalgi nashrga taqqoslaganda 157 oʻsimlik turining maqomi oʻzgargan.

“Qizil kitob”ning yangi nashri 2-jildiga sutemizuvchi hayvonlarning 30 turi, qushlarning 52 xili, sudralib yuruvchilarning 21 turi, baliqlarning 17 turi, 3 xil chuvalchang, 14 xil mollyuska, boʻgʻimoyoqlilarning 66 turi kiritilgan.

Taqqoslash uchun avvalgi, 2009 yilda nashr etilgan “Qizil kitob”dagi hayvonlarga doir maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz: unga sutemizuvchilarning 24 turi, sudralib yuruvchilarning 16 xili, baliqlarning 17 turi, 3 xil chuvalchang, 14 xil mollyuska, boʻgʻimoyoqlilarning 60 turi kiritilgan boʻlgan.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ