Oltin-valyuta zaxiralari va suveren boylik fondlari: ularni boshqarish va makroiqtisodiy barqarorlik
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari Xalilulloh Hamidov va Feruzbek Davletov tomonidan koronavirus inqirozi davrida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralaridagi oʻzgarishlar, ularning yetarliligi darajasi chuqur tahlil etildi. Tahlillarga koʻra, koronavirus inqirozi tufayli ayrim rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro zaxiralari hajmi kamayib borayotgan bir paytda Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxiralari hajmi sezilarli darajada oshdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz davrida oltin-valyuta zaxiralari va ularning makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdagi ahamiyati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shu jumladan, suveren boylik fondlaridan samarali foydalanish boʻyicha tahliliy tadqiqot oʻtkazildi. Oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish boʻyicha xalqaro amaliyot hamda xalqaro zaxiralar yetarliligi oʻlchovchi mezonlar oʻrganildi. Koronavirus inqirozi davrida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralaridagi oʻzgarishlar, ularning yetarliligi darajasi chuqur tahlil etildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribada suveren boylik fondlarining (Sovereign Wealth Funds) oʻrni, ushbu fondlarni samarali boshqarish hamda Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini boshqarish amaliyotiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Mamlakatlarning xalqaro zaxira aktivlarini saqlab turish darajasini boshqa makroiqtisodiy omillar bilan bir qatorda mamlakatning tashqi xatarlarga chidamliligi va makroiqtisodiy barqarorligini belgilab beradi (Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, 2015; Obstfeld va Shambaugh, 2010). Shuning uchun, markaziy banklar inqiroz davrida ichki va tashqi shoklar iqtisodiyotga zarba bergan paytda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash maqsadida yetarli miqdorda “xavfsizlik yostiqchasi”ni yaratish uchun maqbul darajada xalqaro zaxira aktivlarini ushlab turishi lozim (Abdul-Rahaman va Yao, 2019).
Odatda, xalqaro zaxiralarni ushlab turish markaziy banklarga milliy valyutalari barqarorligini taʼminlashga imkon beradi. Valyuta kursi oʻzgaruvchanligini kamaytirish uchun yetarli oltin-valyuta zaxiralarini saqlab turish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi (Caramazza, Ricci va Salgado, 2004). Xalqaro zaxiralarning toʻplanishi pul-kredit siyosati mustaqilligi va moliyaviy ochiqlik oʻrtasidagi muvozanatga muvofiq valyuta kursi barqarorligini oshirishga imkon beradi (Aizenman va Ito, 2014). Xalqaro zaxiralar markaziy bankka moliyaviy inqiroz davrida inflyasiyani pasaytirishga maʼlum darajada yordam beradi (Pina, 2015).
Bir qator empirik tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, xalqaro zaxiralarni yuqori darajada saqlab turishning asosiy foydasi xalqaro kreditorlar kredit liniyasini koʻrib chiqishni rad etgan yoki imkoniyati cheklangan paytda valyuta inqirozi yoki kapital oqimining “toʻsatdan toʻxtash” ehtimolini kamaytirish hisoblanadi. Catao va Milesi-Ferretti (2014) tomonidan olib borilgan empirik tadqiqot natijalari xalqaro zaxiralarning yuqori darajada ushlab turilishi 1970-2011 yillar davomida 72 ta davlatda moliyaviy inqirozlar kelib chiqishi ehtimolini kamaytirganini tasdiqlagan.
Koronavirus inqirozi davrida oltin-valyuta zaxirasi va makroiqtisodiy barqarorlik
Koronavirus infeksiyasi (COVID-19) butun dunyo boʻylab tarqalishi jiddiy iqtisodiy va moliyaviy oqibatlarga olib keldi. Xususan, COVID-19 inqirozi rivojlanayotgan mamlakatlar valyuta almashuv kurslari barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatdi hamda global kapital oqimi uchun katta uzilishlarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, neft narxi keskin pasaygan bir sharoitda koronavirus inqirozining boshlanishi energiya resurslarini eksport qiluvchi davlatlar milliy valyutalarining tez surʼatlarda qadrsizlanishiga olib keldi.
Rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotli davlatlar valyuta kurslari, xususan Braziliya reali (BRL), Meksika pesosi (MXN), Rossiya rubli (RUB), Janubiy Afrika randasi (ZAR), Indoneziya rupiyasi (IDR) va turk lirasi (TRY) sezilarli darajada qadrsizlandi (1-rasm). 2020 yil fevral oyining oxiri va mart oyining oʻrtalari/oxirigacha boʻlgan davrda valyutalarning qadrsizlanish surʼatlari jadallashdi.
1-rasm. Rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotlarida valyuta kurslari
(2020 yil yanvar-may oylari)

Manba: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD)
Natijada, ushbu mamlakatlarning birinchi galdagi harakati valyuta bozoriga aralashuv boʻldi. Bunday sharoitda, mazkur mamlakatlar milliy valyutalari barqarorligini saqlab qolish va ichki valyuta bozorida valyuta likvidligini taʼminlash maqsadida oltin-valyuta zaxiralaridan foydalanishdi.
The Wall Street Journal (WSJ) maʼlumotlariga koʻra, yirik rivojlanayotgan 12 ta davlat, shu jumladan Braziliya va Rossiyaning xalqaro zaxiralari hajmi mart oyining oʻzida 143,5 mlrd. AQSh dollariga kamaygan. Masalan, Rossiya Markaziy banki 2020 yil 10 martdan 28 martgacha boʻlgan davrda byudjet qoidalariga muvofiq 9,7 mlrd. AQSh dollari miqdorida valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi. Braziliya joriy yil fevral oyi oʻrtalaridan boshlab milliy valyutasining 15 foizgacha qadrsizlanishi sababli 23 mlrd. AQSh dollari miqdorida valyuta zaxiralarini sotishga majbur boʻldi. Chili markaziy banki 2019 yil noyabr oyida boshlangan 20 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi valyuta bozoriga aralashuv dasturini kengaytirdi va dastur muddatini 2021 yilgacha uzaytirdi (OECD, 2020). Shuningdek, mart oyining oʻzida Saudiya Arabistoni xalqaro zaxiralari 27 mlrd. AQSh dollariga kamaydi.
Koronavirus inqirozi rivojlangan davlatlarning valyuta almashuv kurslari va makroiqtisodiy barqarorligiga ham katta taʼsir koʻrsatmoqda. Iqtisodiy rivojlanishida neft eksporti muhim hisoblangan Norvegiyada Markaziy bank neft narxining keskin tushib ketishi va pandemiya oqibatlari tufayli 20 yil ichida birinchi marta Norvegiya kronasi barqarorligini saqlab qolish maqsadida valyuta bozoriga aralashishga tayyorligini maʼlum qildi. Shveysariya Milliy banki esa oʻz franki qadrini yanada oshib ketishini cheklash maqsadida teskari yoʻnalishda (dollar/yevro sotib olish orqali) valyuta bozoriga aralashdi.
Markaziy banklar tomonidan milliy valyutalari barqarorligini taʼminlash maqsadida valyuta bozoriga bunday aralashuvlar oltin-valyuta zaxiralari hajmi va valyuta tarkibida sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Xalqaro valyuta fondining Rasmiy valyuta zaxiralari valyuta tarkibi (COFER) maʼlumotlariga koʻra, 2020 yil 1-choragida dunyo rasmiy valyuta zaxiralari hajmi 92,8 mlrd. AQSh dollariga kamaydi (2-rasm).
Shu oʻrinda, taʼkidlab oʻtish kerakki, dunyoning 149 ta mamlakatlari rasmiy valyuta zaxiralari tarkibida AQSh dollarining ulushi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Xususan, 2020 yil 1-chorak yakunlari boʻyicha mazkur mamlakatlar rasmiy valyuta zaxiralari tarkibida AQSh dollari ulushi 62 foizni tashkil etdi.
2-rasm. Dunyo mamlakatlari rasmiy valyuta zaxiralari va valyuta tarkibi oʻzgarishi

Izoh: Taqsimlanmagan zaxiralar – IFSdagi jami valyuta zaxiralari va COFERdagi jami taqsimlangan zaxiralar oʻrtasidagi farq. Taqsimlanmagan zaxiralar tarkibiga hozirda IFS uchun zaxira aktivlari toʻgʻrisida hisobot beradigan, ammo COFERga hisobot bermaydigan mamlakatlarning valyuta zaxiralari kiradi.
Manba: Xalqaro valyuta fondi (COFER) maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar
Oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish amaliyoti
Oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish maqsadi aktivlarning xavfsizligi, likvidliligi va rentabelligi oʻrtasida eng maqbul muvozanatni taʼminlash hisoblanadi.
Zaxiralarni boshqarishda markaziy banklar kredit riski, valyuta kurslari riski, foiz stavkasi riski hamda likvidlilik riski kabi bir qator moliyaviy xatarlarga duch keladilar. Shuning uchun xalqaro zaxira aktivlari bilan operatsiyalar amalga oshirilayotganda risklarni boshqarish jarayonlari muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Odatda markaziy banklar boshqaruv kengashlari xalqaro zaxiralarni boshqarishning strategik maqsadlari, zaxiralarni investitsiyaga yoʻnaltirish boʻyicha qarorlar qabul qilishga javobgar boʻladi.
Ushbu omillarni nazarda tutgan holda, ayrim mamlakatlarning xalqaro zaxiralarni boshqarish amaliyotini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq boʻladi.
Rossiya tajribasi. 2020 yil 1 avgust holatiga Rossiya xalqaro zaxiralari hajmi 592 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan, 436 mlrd. AQSh dollari (74 foizi) xorijiy valyutadagi aktivlar boʻlsa, 144 mlrd. AQSh dollari (24 foizi) monetar oltin hisoblanadi (3-rasm). Rossiya banki oltin aktivlarini valyuta zaxiralaridan alohida boshqaradi.
Bunday katta miqdordagi xalqaro zaxiralarni boshqarishda Rossiya banki Direktorlar kengashi zaxira aktivlarini boshqarish maqsadlari, munosib investitsiya vositalarining roʻyxati hamda valyuta kurslari xavfini qabul qilishning maqsadli darajasini belgilaydi. Investitsiya strategiyasi uchun masʼul va Direktorlar kengashiga hisobdor boʻlgan Rossiya banki kollektiv organi foiz stavkasi va kredit xatarlari darajasini belgilaydi hamda muvofiq keladigan kontragentlar va emitentlarning roʻyxatini tasdiqlaydi.
Valyuta zaxiralarini boshqarishda Rossiya bankining xorijiy valyutadagi majburiyatlari (mijozlarining xorijiy valyutadagi hisob varaqlaridagi qoldiqlar, asosan Milliy boylik jamgʻarmasi mablagʻlari) hamda Federal gʻaznachilik aktivlari hisobga olinadi.
Valyuta zaxiralarini samarali boshqarish maqsadida valyuta aktivlari yagona valyuta portfellariga guruhlanadi. Har bir valyuta portfelini boshqarish samaradorligini baholash uchun ularning daromadliligi benchmark portfel daromadliligi bilan taqqoslanadi (Rossiya banki, 2020).
Kredit riskini boshqarishda turli xil cheklovlar hamda kontragentlar va emitentlarning kredit sifatiga talablar qoʻyilgan. Masalan, kontragentlar va emitentlar Fitch Ratings va S&P Global Ratings agentliklari tasniflari boʻyicha kamida A kredit reytingiga, Moodyʼs Investors Service tasnifi boʻyicha kamida A2 reytingiga ega boʻlishi lozim.
Shuningdek, Rossiya banki sof xalqaro aktivlar valyuta tarkibi va miqdori, valyuta kurslari tebranish chegaralarini belgilash orqali valyuta xavfi darajasini cheklaydi. Likvidlilik xavfini pasaytirish maqsadida har bir valyutadagi likvid aktivlar hajmi xuddi shu valyutadagi majburiyatlar miqdoridan yuqori boʻlgan darajada saqlanadi.
Koronavirus inqirozi davrida Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxirasidagi oʻzgarishlar va makroiqtisodiy barqarorlik
Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxirasi oʻzgarishi. Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi) va Markaziy bankning tegishli aktivlaridan iborat. Oltin-valyuta zaxiralari monetar oltin, chet el valyutalari, Xalqaro valyuta jamgʻarmasidagi maxsus huquqlar va zaxira pozitsiyasi, chet el hukumatlari va xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan chiqarilgan yoki kafolatlangan qimmatli qogʻozlar hamda xalqaro standartlarga muvofiq xalqaro zaxiralar tarkibiga kiritiladigan boshqa aktivlarni oʻz ichiga oladi.
Koronavirus inqirozi tufayli ayrim rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro zaxiralari hajmi kamayib borayotgan bir paytda Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxiralari hajmi sezilarli darajada oshdi. 2020 yil 1 avgust holatiga, Oʻzbekistonning rasmiy oltin-valyuta zaxiralari hajmi yil boshiga nisbatan 19,2 foizga (5,6 mlrd. AQSh doll.) koʻpayib, 34,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Bunda, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 13,7 mlrd. AQSh dollari, SDR hajmi 373 mln. AQSh dollari ekvivalentini tashkil etgan boʻlsa, oltin miqdori 20,7 mlrd. AQSh dollariga yetdi.
2020 yil 1 yanvar holatiga oltin-valyuta zaxiralari tarkibida xorijiy valyuta ulushi 43 foiz, sof oltin ulushi 56 foizni tashkil etgan boʻlsa, birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha ushbu koʻrsatkichlar mos ravishda 39 foiz va 60 foizga oʻzgardi (3-rasm).
Mazkur davrda oltin zaxiralari sof hajmi yil boshiga nisbatan 170 ming troy unsiyaga kamayib, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari hajmi qariyb 1,2 mlrd. AQSh dollari miqdoriga oshgan bir paytda, oltin ulushining 4 foiz bandga (56 foizdan 60 foizga) koʻpayishi jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada koʻtarilishi natijasida sof oltin zaxiralari qoldigʻini qayta baholashlar bilan izohlanadi.
3-rasm. Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxirasi

Manba: Markaziy bank maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar
2020 yil 31 iyul holatiga London oltin bozorida (London vaqti bilan soat 15:00 da) 1 troy unsiya oltin narxi yil boshiga (1515 AQSh doll.) nisbatan 29,7 foizga oshib, 1965 AQSh dollarini tashkil etdi (4-rasm).
4-rasm. London oltin bozorida oltin narxi (London vaqti bilan soat 15:00 holatiga, AQSh doll.)

Mazkur maʼlumotlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, 2020 yil 1 avgust holatiga oltin-valyuta zaxiralari hajmining 5,6 mlrd. AQSh dollariga koʻpayishining 86 foizi (4,8 mlrd. AQSh dollari) oltin narxining (yil boshiga nisbatan 30 foizga yoki 450 AQSh dollariga) oshishi natijasida sof oltin miqdorini qayta baholashlar hissasiga toʻgʻri keldi (5-rasm). Bunda, eng katta oʻzgarish iyul oyida roʻy berdi. Mazkur oyda oltin narxining sezilarli darajada koʻtarilishi oltin-valyuta zaxiralarining (qayta baholashlar hisobiga) 1,99 mlrd. AQSh dollariga oshishiga sabab boʻldi. Shuningdek, taʼkidlash lozimki, 2020 yil yanvar-iyul oylarida oltin zaxirasi sof hajmining kamayishi oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmiga 386,6 mln. AQSh dollari miqdorida kamaytiruvchi taʼsir koʻrsatdi. Mazkur davrda 3,2 mlrd. AQSh dollarlik (2019 yil mos davriga nisbatan 95,3 foiz koʻproq) oltin eksport qilindi.
Ushbu raqamlar shundan dalolat beradiki, 2020 yil yanvar-iyul oylarida oltin-valyuta zaxiralarining oshishi asosan jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada koʻtarilishi hisobiga roʻy berdi.
5-rasm. Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxirasi oʻzgarishi
mln. AQSh doll.

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida qimmatbaho metallardagi aktivlarni toʻldirish uchun davlatning affinlangan oltin sotib olishga boʻlgan ustuvor huquqini amalga oshirib keladi. Tabiiyki, oltin ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olinishi natijasida bank tizimida ortiqcha likvidlilik vujudga keladi. Shuning uchun, Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirish va inflyasiyani jilovlash maqsadlaridan kelib chiqib, ortiqcha likvidlilikni sterilizatsiya qilib boradi. Buning uchun Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga intervensiya operatsiyalari amalga oshiriladi.
2020 yil I yarim yilligida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga 2,2 mlrd. AQSh dollari miqdorida intervensiya amalga oshirildi (Markaziy bank, 2020). Mazkur davrda intervensiya operatsiyalari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltinni sotib olish natijasida bank tizimida hosil boʻlgan likvidlilikni sterilizatsiya qilish bilan birga milliy valyuta almashuv kursi barqarorligini taʼminlashga ham yordam berdi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, Markaziy bankka Oʻzbekistonoltin-valyuta zaxiralarini boshqarish vazifasi yuklatilgan. Ushbu vazifani amalda oshirishda Markaziy bank xalqaro zaxiralar tarkibida oltin ulushini maqbullashtirish, zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilish, zaxiralar yetarliligini taʼminlash hamda likvidlik, risk va daromadlilik darajalariga alohida eʼtibor qaratib keladi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2019 yil yakunlari boʻyicha xalqaro zaxiralar tarkibidagi xorijiy valyuta aktivlarining 50 foizi “AA” reytingli va 44 foizi “A” reytingli chet el banklariga joylashtirilgan.
Shuningdek, oltin-valyuta zaxiralari yetarliligi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlar saqlanib kelinmoqda. 2020 yil 1 yanvar holatiga Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralarining keng maʼnodagi pul massasiga nisbati 284 foizni (minimal talab – 20 foiz), importni qoplash darajasi 13 oy (minimal talab – 3 oy), qisqa muddatli tashqi qarzlarni toʻliq qoplash koʻrsatkichi 1 288 foiz (minimal talab – 100 foiz) hamda XVJing ARA mezon boʻyicha koʻrsatkich 544 foizni (minimal talab – 100-150 foiz) tashkil etdi.
Davomi: 08.09.2020 yilda Review.uz saytida yoritiladi
Xalilulloh Hamidov
Yetakchi ilmiy xodim
Feruzbek Davletov
Yetakchi ilmiy xodim
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

