Oltin-valyuta zaxiralari va suveren boylik fondlari: ularni boshqarish va makroiqtisodiy barqarorlik
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari Xalilulloh Hamidov va Feruzbek Davletov tomonidan koronavirus inqirozi davrida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralaridagi oʻzgarishlar, ularning yetarliligi darajasi chuqur tahlil etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz davrida oltin-valyuta zaxiralari va ularning makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdagi ahamiyati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shu jumladan suveren boylik fondlaridan samarali foydalanish boʻyicha tahliliy tadqiqot oʻtkazildi. Oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish boʻyicha xalqaro amaliyot hamda xalqaro zaxiralar yetarliligi oʻlchovchi mezonlar oʻrganildi. Koronavirus inqirozi davrida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralaridagi oʻzgarishlar, ularning yetarliligi darajasi chuqur tahlil etildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribada suveren boylik fondlarining (Sovereign Wealth Funds) oʻrni, ushbu fondlarni samarali boshqarish hamda Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini boshqarish amaliyotiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oltin-valyuta zaxiralari va suveren boylik fondlari: ularni boshqarish va makroiqtisodiy barqarorlik
Suveren boylik fondlari: maqsadlari, ularni boshqarish
Suveren boylik fondi turli manbalardan shakllantiriladigan davlat investitsiya fondi hisoblanadi. Odatda suveren boylik fondlarida jamgʻariladigan mablagʻlar tabiiy resurslar eksportidan tushadigan (kutilganidan) ortiqcha tushumlar, tashqi savdo profitsiti, byudjet profitsiti, valyuta operatsiyalari, xususiylashtirishdan olinadigan mablagʻlar hisobiga shakllanadi. Ayrim mamlakatlarda suveren boylik fondlarining maʼlum bir qismi oltin-valyuta zaxiralari tarkibiga kiritilishi mumkin.
Dunyo boʻylab suveren boylik fondlarining aksariyati tabiiy resurslarni eksport qiluvchi mamlakatlarga tegishli. Suveren boylik fondlari maqsadlaridan kelib chiqib ularni turli guruhlarga ajratish mumkin:
1) Barqarorlashtirish fondlari;
2) Jamgʻarma yoki kelajak avlod fondlari;
3) Davlat pensiya zaxira fondlari;
4) Zaxira investitsiya fondlari;
5) Strategik rivojlantirish milliy boylik fondlari.
Umuman olganda, suveren boylik fondlari asosan uch xil vazifani bajaradi: jamgʻarish, ehtiyotkorlik, “bufer” vazifalari (Jahon banki, 2014). Masalan, kelajak avlod fondlari qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslarning bir kun kelib tugashini hisobga olib, uzoq muddatli maqsadlarni, shu jumladan jamgʻarmalarni avlodlararo teng taqsimlanishini nazarda tutadi.
1-jadval. Suveren boylik fondlarining vazifalari
Vazifalar | Investitsiya maqsadlari | Strategik aktivlarni taqsimlash |
Jamgʻarish | Avlodlararo tenglik, milliy jamgʻarma, uzoq muddatli muayyan majburiyatlarni yoki shartli majburiyatlarni (pensiya) toʻlash | Uzoq muddatli investitsiya gorizonti, oʻrtacha va yuqori riskli aktivlar bilan diversifikatsiya qilish, qisqa muddatli istiqbolda past likvidlilik talabi |
Ehtiyotkorlik | Qisqa va uzoq muddatli istiqbolda resurslar eksportidan tushumlar oʻzgaruvchanligi bilan toʻqnash kelinganda xarajatlarni barqarorlashtirish | Likvidlik, xavfsizlik (kapitalni saqlash), qisqa va oʻrta muddatli investitsiya gorizonti |
“Bufer” | Belgilangan mablagʻlarni assimilyasiya qilish qobiliyatining cheklanishiga mos ravishda oʻzlashtirishni amalga oshirish uchun ushlab turish | Xavfsizlik (kapitalni saqlash), likvidlik, qisqa va oʻrta muddatli investitsiya gorizonti |
Manba: Jahon banki, 2014
Iqtisodiyoti neft ekportiga bogʻliq davlatlarda (masalan, Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt) suveren boylik fondlari jahon bozorida neft xom-ashyosi narxi oʻzgaruvchanligi taʼsirini yumshatish uchun ehtiyotkorlik vazifasini bajaradi. Shuningdek, iqtisodiy inqirozlar davrida suveren boylik fondlari ichki va tashqi shoklarga “bufer” boʻlib xizmat qiladi.
Odatda, suveren boylik fondlari boʻyicha tahlil oʻtkazishdagi eng murakkab jarayon bu maʼlumotlarni toʻplash hisoblanadi. Chunki koʻplab suveren boylik fondlari oʻzining aktivlari hajmi, investitsiya siyosati va korporativ boshqaruv amaliyoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umuman ochiqlamaydi.
Suveren boylik fondi institutining top-88 eng yirik suveren boylik fondlari reytingiga koʻra, hozirgi kunda Norvegiya davlat pensiya fondi Global (aktivlari – 1,1 trln. AQSh doll.), Xitoy investitsiya korporatsiyasi (941 mlrd. AQSh dol.), Abu Dabi investitsiya boshqarmasi (580 mlrd. AQSh doll.), Quvayt investitsiya boshqarmasi (534 mlrd. AQSh doll.) va GongKong monetar boshqarma investitsiya portfeli (528 mlrd. AQSh doll.) dunyoning eng yirik 5 ta suveren boylik fondlari hisoblanadi. Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi esa qariyb 20 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi aktivlari bilan mazkur reytingda 35-oʻrinni egallagan.
Bunday katta miqdordagi aktivlari mavjud fondlarni boshqarish murakkab jarayon hisoblanadi. Shu bois, suveren boylik fondlariga ega davlatlar quyidagi kabi savollarga yechim izlashga harakat qilishadi: Qanday qilib suveren boylik fondlari aktivlaridan samarali foydalanish mumkin? Jamgʻarmalarni qanday investitsiya qilish lozim? Oʻzgaruvchan resurslar bozorining salbiy taʼsirlarini yumshatish uchun ehtiyot chorasi sifatida qancha miqdorda zaxiralarni likvid aktivlarda ushlab turish kerak?
Odatda, suveren boylik fondlarning koʻpchiligi jamgʻarilgan mablagʻlarini faqatgina tashqi aktivlarga, ayniqsa, yirik bozorlarda sotiladigan qimmatli qogʻozlarga investitsiya qilib keladi. Shunday boʻlishiga qaramasdan, 2007-2009 yillardagi global moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan keyin rivojlangan davlatlarda foiz stavkalarining tushib ketishi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda infrastrukturani moliyalashtirish uchun mablagʻlarning yetishmasligi baʼzi davlatlarni suveren boylik fondlari mablagʻlarini ichki investitsiyalarga yoʻnaltirishga, xususan infrastrukturani moliyalashtirishga undamoqda (Jahon banki, 2014).
Yuqorida keltirilgan omillarni inobatga olib, baʼzi davlatlarning suveren boylik fondlaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish tajribalariga nazar solish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Norvegiyaning davlat pensiya fondi Global. Norvegiya davlat pensiya fondi Global (GPFG) yoki Norvegiya neft fondi 1990 yilda Norvegiya neft sektorining ortiqcha daromadlarini investitsiya qilish maqsadida tashkil etilgan suveren boylik fondi hisoblanadi. Ushbu fond hozirda dunyoning eng katta suveren boylik fondi boʻlib kelmoqda.
Norvegiya davlat pensiya fondi toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq, Norvegiya parlamenti (Storting) Moliya vazirligini GPFGni boshqarish uchun javobgar etib tayinlagan. GPFG operatsion boshqaruvi Norges Bank (Norvegiya markaziy banki) tomonidan amalga oshiriladi.
Neft sektoridan keladigan davlatning barcha daromadlari GPFGga oʻtkaziladi. Norvegiya hukumati neft soligʻi va Equinor (yirik energiya kompaniyasi)dan dividendlar hisobiga milliy valyutada, neft faoliyatidan xorijiy valyutada daromad oladi. Bundan tashqari, hukumat GPFGdan foizlar va dividendlar shaklida katta daromad oladi. GPFGdagi mablagʻlar faqat xorijiy valyutadagi vositalarga investitsiya qilinganligi sababli daromadlar ham chet el valyutasida olinadi. “Byudjet qoidasi”ga muvofiq, ushbu tushumlar GPFGda saqlanadi. GPFGdan mablagʻlar neftdan tashqari byudjet kamomadini moliyalashtirish uchun olinishi mumkin.
GPFGning investitsiya maqsadi xavfning maqbul darajasini hisobga olgan holda maksimal daromad olishga erishish hisoblanadi. Moliya vazirligi mazkur fond uchun investitsiya strategiyalarini belgilab beradi. GPFG aktivlari Norvegiya tashqarisida investitsiya qilinadi. GPFGning Oslodagi bosh ofisidan tashqari London, Nyu-York, Shanxay va Singapurda ofislari mavjud.
Neft va gaz qazib olishdan tushgan daromadlar GPFGga oʻtkazilsada, ushbu depozitlar hisobiga jamgʻarilgan mablagʻlar fond mablagʻlarining yarmidan kamrogʻini tashkil etadi. Mazkur fondning hozirgacha shakllangan mablagʻlarining katta qismi aksiyalarga, doimiy daromadlarga va koʻchmas mulkka investitsiya kiritish orqali olingan. GPFG dunyoning 74 mamlakatidagi 9000 dan ortiq kompaniyalarda aksiyalarga ega. Masalan, 2019 yil 31 dekabr holatiga ushbu fond Apple Inc.ning 116 967 mln. Norvegiya kroneri (13,3 mlrd. AQSh doll.), Microsoft Corp.ning 104 640 mln. kroner (11,9 mlrd. AQSh doll.) miqdorida aksiyalariga egalik qilgan (Norges Bank investitsiya boshqarmasi, 2020).
Bundan tashqari, GPFG Yevropa, AQSh va Osiyodagi global shaharlarda yuzlab yuqori sifatli koʻchmas mulklarga investitsiya kiritgan va ushbu aktivlarni boshqarishdan katta miqdorda daromad oladi. Masalan, mazkur fond 2011 yilda Londonning Regent shahridagi The Crown Estate koʻchmas mulkining 25 foizini sotib olgan.
Shuningdek, GPFG tomonidan koʻplab mamlakatlar va kompaniyalarga berilgan kreditlar mazkur fondga barqaror daromadlar oqimini taʼminlaydi. Fond tomonidan barqaror daromadlarga yoʻnaltiriladigan investitsiyalarining 70 foizi davlat obligatsiyalariga, 30 foizi korporativ obligatsiyalarga tikiladi. Davlat obligatsiyalariga investitsiyalar mamlakatning iqtisodiy koʻlamiga qarab taqsimlanadi.
Qozogʻiston milliy fondi. Qozogʻiston milliy fondi (QMF) 2000 yilda tashkil etilgan. QMF hukumatning jamlanma byudjetiga kiritilgan va asosan ikkita funksiyani bajaradi: 1) barqarorlashtirish funksiyasi – iqtisodiy sikllar boʻyicha byudjet xarajatlarini barqarorlashtirish va neft tushumlari oʻzgaruvchanligini kamaytirish; 2) jamgʻarish funksiyasi – neft tushumlarini avlodlar oʻrtasida teng taqsimlash. Shuning uchun, QMF aktivlari barqarorlashtirish va jamgʻarma portfellariga boʻlingan. Barqarorlashtirish portfeli (aktivlarning 25 foizi) asosan yuqori likvidli pul bozori vositalariga, jamgʻarma portfeli (85 foizi) esa odatda barqaror daromad vositalari (fixed-income instruments), shuningdek aksiyalarga yoʻnaltiriladi.
QMF jamgʻarilgan mablagʻlar asosan neft-gaz sektoridan olinadigan ortiqcha soliq tushumlari, xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar, davlat tomonidan qishloq xoʻjaligi yerlarini sotishdan tushgan tushumlar hamda QMF aktivlarini boshqarishdan olingan investitsiya daromadlari hisobiga shakllantiriladi. 2020 yil 1 avgust holatiga QMF aktivlari yil boshiga nisbatan 5,7 foizga (3,5 mlrd. AQSh dollarga) kamayib, 58,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.
QMFdan maqsadli transfertlar faqat prezident qarori bilan, asosan inqiroz davrida inqirozga qarshi dasturlarni moliyalashtirish uchun ajratilishi mumkin. QMF aktivlarini shakllantirish va ulardan foydalanish boʻyicha byudjet qoidalari ishlab chiqilgan. Byudjet qoidalariga muvofiq, QMFning minimum balansi kutilayotgan YaIMning 30 foizi miqdorida boʻlishi lozim. QMFdan maqsadli oʻtkazmalar 2020 yildan (8 mlrd. AQSh dollardan) 6 mlrd. AQSh dollari ekvivalentiga kamaytirildi. Lekin, joriy yil aprel oyida hukumat COVID-19 pandemiyasi va jahon bozorida neft narxining tushib ketishi natijasida byudjet defitsitining kutilganidan oshib ketishi sababli QMFdan qoʻshimcha 4,7 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablagʻlarni jalb qilishga qaror qildi.
Shuningdek, Qozogʻiston hukumati tomonidan mamlakatning moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida davlat tashqi qarzi va kvazi-davlat sektori (davlat korxonalari) tashqi qarzlarini boshqarish siyosati QMF mablagʻlaridan foydalanish siyosati bilan uzviy bogʻliq boʻlishi kerakligi belgilab qoʻyilgan. Bunda, davlat tashqi qarzi va davlat korxonalari tashqi qarzi QMF aktivlari miqdoridan oshib ketmasligi lozim.
Qozogʻiston milliy banki (QMB) QMF aktivlarini investitsiya qilish strategiyasini amalga oshirish uchun javobgar hisoblanadi. QMB aktivlarining maʼlum qismini boshqarish uchun aktivlarni boshqarish xususiy kompaniyalarini yollaydi. Aktivlarni boshqarish xususiy kompaniyalarini aktivlarni boshqarishdan olingan foiz daromadlari boʻyicha mukofotlaydi (Osiyo taraqqiyot banki, 2020).
Ilgari QMF aktivlarining kichik bir qismi ichki bozorga davlatning rivojlantirish institutlari tomonidan chiqarilgan obligatsiyalarga investitsiya qilingan boʻlsa, 2016 yildan boshlab QMFning hukumat, davlat tashkilotlari yoki xususiy sektor tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiya kiritishi taqiqlandi.
QMF mablagʻlarining katta qismi (qariyb 70 foizi) odatda obligatsiyalarga, asosan yuqori reytingga ega davlat obligatsiyalariga, 15 foizga yaqini aksiyalarga va qolgan qismi pul bozori instrumentlariga tikiladi. Jamgʻarma portfelining uzoq muddatli daromadligini oshirish maqsadida ularning 60 foizi obligatsiyalarga, 30 foizi aksiyalarga, 5 foizgacha boʻlgan qismi boshqa moliyaviy instrumentlarga va 5 foizgacha oltinga investitsiya qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston suveren boylik fondi – Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi
Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (OʻzTTJ) 2006 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan va Oʻzbekiston Respublikasining suveren boylik fondi hisoblanadi. OʻzTTJ faoliyatining asosiy maqsadi iqtisodiyotning yetakchi, xususan, bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta qurollantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirilishini taʼminlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda samarali tarkibiy va investitsiyaviy siyosatni amalga oshirishdan iborat.
OʻzTTJ mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilar etib belgilangan:
- strategik resurslarga belgilangan chegara narxdan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan mablagʻlar;
- davlat mulkini xorijiy investorlarga chet el valyutasiga sotishda Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda hisobga olingan hajmlardan ortiqcha tushadigan mablagʻlar;
- Jamgʻarma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Jamgʻarma mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini joylashtirishdan keladigan daromadlar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
“Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish prinsiplari toʻgʻrisidagi nizom”ga asosan OʻzTTJ jami aktivlarining kamida 40 foizi Markaziy bankka ishonchli boshqaruv uchun belgilangan tartibda oʻtkaziladi. Markaziy bank tomonidan oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishda OʻzTTJ tomonidan ishonchli boshqaruvga topshirilgan boʻsh mablagʻlari ham hisobga olinadi. Bunda, jamgʻarma mablagʻlari yuqori likvidli, ishonchli xorijiy moliya vositalariga joylashtiriladi. 2016 yil 31 dekabr holatiga ishonchli boshqaruvga berilgan boʻsh pul mablagʻlari hajmi 43,1 trln. soʻm ekvivalentiga teng boʻlgan boʻlsa, ularni investitsiya qilishdan olingan daromadlar 61 mlrd. soʻm (daromadlilik – 0,14 foiz) ekvivalentini tashkil etdi (OʻzTTJ, 2018).
2018 yil yanvar oyidan 2019 yil iyun oyigacha boʻlgan muddatda Markaziy bankning OʻzTTJ oldidagi majburiyatlari hajmi 12,4 mlrd. AQSh dollaridan 10,8 mlrd. AQSh dollariga kamaygandan soʻng, 11 mlrd. AQSh dollari atrofida muvozanatga keldi (6-rasm).
6-rasm. Markaziy bankning Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi majburiyatlari

OʻzTTJning Markaziy bankka ishonchli boshqaruvga topshirilgan mablagʻlaridan tashqari boshqa mablagʻlari uzoq muddatli investitsiyalar va kreditlarga yoʻnaltiriladi. OʻzTTJdan kreditlar berish va kredit liniyalarini ochish, shuningdek kreditlari tarkibini oʻzgartirish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
OʻzTTJ tomonidan ochiqlangan maʼlumotlarga koʻra, 2017 yil 31 dekabr holatiga jamgʻarma tomonidan kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2016 yilga nisbatan 11,8 barobarga (valyuta liberalizatsiyasi taʼsirini hisobga olgan holda) yoki 543 mlrd. soʻmdan 6,4 trln. soʻmga koʻpaydi (2-jadval). Xususan, OʻzTTJning Asaka bank, Oʻzsanoatqurilishbank, Agrobank, Ipoteka bank, Turon bank hamda 2017 yilda yangi tashkil etilgan Oʻzagroeksportbank ustav kapitalidagi ulushi 60 foizdan oshdi. Chet kapitali ishtirokidagi kompaniyalar kapitaliga kiritilgan investitsiyalar hajmi 450,6 mlrd. soʻmga yetdi.
2-jadval. OʻzTTJ uzoq muddatli investitsiyalari
ming soʻm
Uzoq muddatli investitsiyalar | Egalik huquqi (%) | 2017 yil 31 dekabr | 2016 yil 31 dekabr |
Asaka bank | 69.2% | 1 453 121 400 | 66 724 800 |
Oʻz Sanoat qurilish bank | 63.8% | 921 904 121 | 335 779 296 |
Agrobank | 66.7% | 890 106 416 | 22 192 000 |
Xalq bank | 52.9% | 552 500 000 | - |
Ipoteka bank | 60.9% | 510 000 000 | - |
Turon bank | 66.0% | 177 978 950 | - |
Aloqabank | 51.2% | 121 110 000 | - |
Oʻzagroeksportbank | 75.0% | 26 546 025 | - |
Oʻzshahar Qurilish Invest MChJ | 61.0% | 610 000 | - |
Jami kapital qoʻyilmalar | 4 653 876 911 | 424 696 096 | |
Qishloq qurilish bank | 41.3% | 443 125 273 | 42 333 750 |
Toshkent Metallurgiya zavodi | 49.9% | 435 051 868 | - |
Mikrokreditbank | 40.9% | 242 586 324 | - |
Oʻzmilliy bank | 0.0% | 200 476 410 | - |
Qishloq qurilish invest | 20.7% | 829 600 | - |
Jamiyatlar kapitaliga investitsiyalar | 1 322 069 475 | 43 163 350 | |
Oʻzbek-Ummon investitsiya kompaniyasi MChJ | 25.0% | 444 463 237 | 72 708 300 |
“Uzomankapital” MChJ | 25.0% | 6 090 053 | 2 423 610 |
Chet el kapitali ishtirokidagi kompaniyalarga jami kapital qoʻyilmalari | 450 553 290 | 75 131 910 | |
Jami uzoq muddatli investitsiyalar | 6 426 499 676 | 542 991 356 |
Manba: OʻzTTJ
2017 yilda uzoq muddatli investitsiyalardan olingan dividendlar 42,1 mlrd. soʻmga yetdi. Bunda, uzoq muddatli investitsiyalarning daromadliligi 0,7 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, davlat tomonidan tasdiqlangan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida OʻzTTJ tomonidan davlat ulushi mavjud banklarga uzoq muddatli kreditlar ajratilgan. 2017 yil 31 dekabr holatiga mazkur kreditlar hajmi 38,3 trln. soʻmga yetdi (3-jadval). Ushbu kreditlardan olingan foiz daromadlari esa 592,2 mlrd. soʻmni (daromadlilik – 1,5 foiz) tashkil etdi.
3-jadval. OʻzTTJning uzoq muddatli kreditlari
ming soʻm
Uzoq muddatli kreditlar | 2017 yil 31 dekabr | 2016 yil 31 dekabr |
Oʻzmilliy bank | 13 316 660 894 | 4 292 738 583 |
Oʻz Sanoat qurilish bank | 11 218 455 712 | 4 496 618 261 |
Ipoteka bank | 3 687 041 618 | 967 221 720 |
Asaka bank | 10 037 819 938 | 2 345 577 428 |
Agrobank | 34 866 464 | - |
Jami uzoq muddatli kreditlar | 38 294 844 626 | 12 102 155 992 |
Manba: OʻzTTJ
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, OʻzTTJ mablagʻlaridan yanada samarali foydalanish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
- davlat ulushi mavjud banklar ustav kapitaliga kiritilgan investitsiyalardan olinayotgan dividendlarning juda kamligini hisobga olib, bank tizimini isloh qilish, xususan xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda bank kapitalidan qaytgan OʻzTTJ mablagʻlarini istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish;
- davlat dasturlari doirasida OʻzTTJ mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan (qoʻshma moliyalashtirilgan) loyihalar samaradorligini eks-post (ex post) tahlil qilish;
- Oʻzbekistonning uzoq muddatli maqsadlaridan kelib chiqib, OʻzTTJni negizida Kelajak avlod fondi, Infratuzilma fondi hamda Barqarorlashtirish fondini tashkil etish; bunda,
1) Kelajak avlod fondining maqsadi – vaqt oʻtishi bilan mamlakatdagi qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslar zaxiralarining kamayib borishini hisobga olgan holda, mazkur fondga yoʻnaltirilgan mablagʻlar qiymatini saqlab qolish hamda investitsiya risklarini boshqarish va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish orqali aktivlardan maksimal darajada daromad olishni koʻzlash;
2) Infratuzilma fondining maqsadi – Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishi taʼminlash hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida infrastrukturani rivojlantirishga investitsiyalar kiritish;
3) Barqarorlashtirish fondi maqsadi – qisqa muddatli makroiqtisodiy beqarorlikka qarshi “bufer” vazifasini oʻtash etib belgilashni nazarda tutish.
Xulosa
Mamlakatlarning xalqaro zaxira aktivlarini saqlab turish darajasi boshqa makroiqtisodiy omillar bilan bir qatorda ularning tashqi xatarlarga chidamliligi va makroiqtisodiy barqarorligini belgilab beradi. Shuning uchun, markaziy banklar inqiroz davrida ichki va tashqi shoklar iqtisodiyotga zarba bergan paytda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun yetarli darajada “xavfsizlik yostiqchasi”ni yaratish maqsadida maqbul darajada xalqaro zaxira aktivlarini ushlab turishi lozim.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxiralari hajmi sezilarli darajada oshdi. Xalqaro meʼyorlar boʻyicha mamlakatimiz xalqaro zaxiralarining yetarli darajasi iqtisodiyotimizning tashqi shoklarga moslashuvchanligini oshirib, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga yordam bermoqda.
Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yetarliligi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarni taʼminlab kelmoqda. Soʻnggi yillarda oltin-valyuta zaxiralari toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar ochiqlandi. Kelgusida Markaziy bank tomonidan XVJning Valyuta zaxiralarini boshqarish boʻyicha qoʻllanmasiga muvofiq, zaxiralarni boshqarish faoliyati va natijalari toʻgʻrisida sharhlarni eʼlon qilib borilishi oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish shaffofligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xorijiy mamlakatlar tajribalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston suveren boylik fondi hisoblangan Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi aktivlarini boshqarish oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishdan alohida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
OʻzTTJning 14 yillik faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda, mazkur jamgʻarma faoliyatini tubdan isloh qilish, xususan jamgʻarma negizida Kelajak avlod fondi, Infratuzilma fondi hamda Barqarorlashtirish fondini tashkil etish lozim.
Xalilulloh Hamidov
Yetakchi ilmiy xodim
Feruzbek Davletov
Yetakchi ilmiy xodim
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

