Odamlar pandemiyaga qarshi jipslasha olishmasa, u qancha davom etishi mumkin?
Mutaxassislarning aytishicha, agar davlatlar hech qanday chora koʻrmasa, odamlar gigiyenaga va karantinga rioya etmasa, Yer aholisining 35 foizidan 70 foizigacha koronavirusga chalinardi. 300 milliongacha odam halok boʻlardi.

Pandemiya tezda oʻtib ketadi, men hech narsa qilishim shart emas deb oʻylayotganlar boʻlsa, quyidagi maʼlumotlar ularga tahlil uchun yaxshi material boʻlib xizmat qiladi deb yozmoqda Jurnalist va filolog Eldar Asanov oʻzining telegram kanalida.

Koronavirusni yuqtirmaslik uchun nimalarga ahamiyat qilish lozim
"SARSCoV19 pandemiyasini jahon matbuoti ispan grippiga koʻp qiyoslayapti. Bizda ham yozishdi. Lekin ispan grippi bilan bogʻliq tafsilotlar koʻpchilikka nomaʼlum deb oʻylayman.
Ispan grippi pandemiyasi 1919–1920 yillarda boʻlgan. 18 oy davom etgan. Koʻpchilik davlatlar bir yil karantinda oʻtirgan. 25 haftada 25 million odam bu grippdan halok boʻlgan. 18 oyda 550 million kishi, yaʼni Yer sayyorasi oʻsha paytdagi aholisining 29,5 foizi kasalga yoʻliqqan, 100 million kishi, yaʼni sayyora aholisining 5,3 foizi halok boʻlgan.
Ispan grippi bu qadar keng tarqalishiga urushdan keyingi antisanitariya, qochqinlar lagerlari, armiyalardagi ahvol, urushdan charchagan davlatlarda qarshi kurashish uchun tibbiy va moliyaviy resurslar yoʻqligi sabab boʻlgan. Koronavirus insoniyat boyigan va rivojlangan pallaga toʻgʻri kelib qoldi, shu bois uning oqibatlarini biroz yumshatishga erishildi. Mutaxassislarning aytishicha, agar davlatlar hech qanday chora koʻrmasa, odamlar gigiyenaga va karantinga rioya etmasa, Yer aholisining 35 foizidan 70 foizigacha koronavirusga chalinardi. 300 milliongacha odam halok boʻlardi. Turli mamlakatlar ikki yilgacha karantinda qolardi. Bu vaqt ichida Oʻnlab davlatlar ocharchilik, isyonlar, fuqarolik urushi tufayli parchalanib ketardi. Kapitalistik tuzum toʻliq qulardi. Inson va koronavirus bir-biriga moslashganidan soʻng mutlaqo yangi dunyo, yangi tuzumlar dunyoga kelardi. Pandemiya uch yil atrofida davom etardi. U tugashiga dori topilishi emas (koronavirusga qarshi real davo topilishiga hali bir necha oʻn yil bor), virus odamga oʻrganishi sabab boʻlardi.

Yana bir narsa. “Pandemiya” soʻzi bilan koʻpchilik endi tanishdi, desam, yanglishmagan boʻlaman. Bu soʻzni qayerdadir koʻrgan, eshitgan edik, lekin bu qadar keng qoʻllamasdik. Aslida koronavirus hozirgi kunda dunyoni qamrab olgan yagona pandemiya emas. Biz bir necha oʻn yildan buyon davom etayotgan va hali tugamagan boshqa bir pandemiya ichida yashab kelmoqdamiz, bunga eʼtibor qaratmasak ham. Bu – OITS pandemiyasi. Bu pandemiya rasman 1981 yilda boshlangan va bugunga qadar tugagani yoʻq. Biz shunchaki unga oʻrganib qolganmiz. Bugun qatʼiy choralar koʻrilmasa, har bir odam xavfni his etmasa, koronavirus pandemiyasi ham choʻzilib ketishi mumkin. Unga ham oʻrganib qolamiz", deb fikrini yakunlagan Asanov.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




