| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar15 daqiqada oʻqiladi1 424 marta oʻqildi

Obid Hakimov: Pandemiyani yengib oʻtish trayektoriyasi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin choralarining qaytarilish sabablari, Oʻzbekistonning pandemiya davrida olib borayotgan siyosati va vaziyatning rivojlanish prognozlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

Obid Hakimov: Pandemiyani yengib oʻtish trayektoriyasi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini qayta tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin choralari kuchaytiriladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin choralarining qaytarilish sabablari, Oʻzbekistonning pandemiya davrida olib borayotgan siyosati va vaziyatning rivojlanish prognozlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurash boʻyicha karantin cheklovlari 10 iyuldan 1 avgustgacha kuchaytirildi. Mazkur cheklovlar nima sababdan kiritilmoqda?

Taʼkidlash lozimki, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat soʻnggi paytlarda nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda yanada murakkablashib bormoqda. Koʻplab davlatlar infeksiyaning tarqalishini kamaytirish uchun ilgari olib tashlangan cheklovlarni qayta kiritishmoqda. Masalan, Xitoyda ayrim shahar va tumanlar qayta yopilmoqda, AQShda ham baʼzi shahar va shtatlarda karantin rejimiga qaytarilmoqda, Yevropa davlatlari esa bekor qilingan cheklovlarni qisman tiklamoqda. Xuddi mana shunday holat bizning davlatimizda ham sodir boʻlmoqda. Qozogʻiston hukumati epidemiologik vaziyat yomonlashayotgan fonida yana karantin choralarini kuchaytirdi. Armanistonda "niqob rejimi" kuchaytirilib, yuzlab doʻkonlar, dorixonalar, goʻzallik salonlari va kafelar faoliyatiga qaytadan cheklovlar qoʻyildi. Ozarbayjonda vaziyatning keskinlashuvi tufayli karantin yana ikki haftaga uzaytirildi.

Oʻzbekistondagi vaziyat qanday oʻzgarmoqda?

Amalda qatʼiy va obʼyektiv cheklovlar zarurligi tufayli Oʻzbekistonda kasallanishning shiddatli tarqalishi va nazoratsiz oshib ketishi oldi olindi.

Qoʻshni mamlakatlar va hatto Yevropa va AQShdan farqli oʻlaroq, bizda aholining asosiy ehtiyoj tovarlariga tanqislikning oshishi va ommaviy sarosimaga yoʻl qoʻyilmadi.

Oziq-ovqat, dori-darmon, antiseptiklar hamda dezinfeksiyalash mahsulotlari savdosini nazorat qilish boʻyicha olib borilgan tezkor chora-tadbirlarning barchasi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirildi.

Biroq karantin rejimining susayishi infeksiyalar sonining ortishiga olib keldi. Qattiq karantin davrida 16 martdan 10 maygacha kasallanish holatlari soni 2 418 tani tashkil etgan boʻlsa, karantin choralari yumshaganidan soʻng 10 maydan 9 iyulgacha boʻlgan davrda kasallanish holatlari soni 9 029 taga yetdi. Karantin talablarining susayishi bilan koronavirus bilan kasallanganlar soni iyul oyining birinchi haftasida 2 167 taga koʻpaydi. Shulardan 1 267 (58%) holat aholi orasida aniqlangan. May oyida oʻrtacha kunlik 51 ta holat roʻyxatga olingan boʻlsa, iyun oyidagi koʻrsatgich 163 taga yetdi. Iyul oyi boshidan buyon kuniga oʻrtacha 324 nafar kishi ushbu kasallikka chalindi.

Ammo cheklov choralarini qayta boshlash, avvalgidek boʻlmasa ham iqtisodiyot va aholi daromadlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ushbu choralar qanday samara beradi?

Cheklov choralarining hozirgi bosqichi obʼyektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib boʻlmaydi. Cheklov choralari asosan xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, yaʼni odamlarning ommaviy toʻplanishi bilan bogʻliq boʻlgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning oʻzida kamroq odam yuqtirsa, oʻta ogʻir bemorlarni davolash osonroq boʻladi. Eng samarali vosita vaqt omilidir. Iqtisodiyotda keng koʻlamli toʻxtatib turish toʻgʻri kelmaydi. Iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini kutmaslik kerak. Aksincha, sentyabr oyiga qadar toʻxtatib qoʻyilgan korxonalarning kamida 70 %i, yil oxiriga kelib esa ushbu korxonalarning barchasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Hukumatning topshirigʻi boʻyicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi cheklov choralari toʻliq olib tashlaganidan keyin yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatni rivojlantirish uchun yangi ssenariylarni, shu jumladan, 2021 yilgacha kasallikning takrorlanish toʻlqinlarining yuqori ehtimollikdagi prognozlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqmoqda. Bu bizning prognozimizda oʻz aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi toʻlqini boshlanganligi sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, Markazimizning prognozlariga koʻra, joriy yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga yetishi mumkin. Shu bilan birga ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm mablagʻ kerak boʻladi. Bugungi kunga qadar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga toʻlanadigan toʻlovlar) uchun 750 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan. Koʻrib turganingizdek, bu mamlakat byudjetiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Markaziilmiy xodimlari mazkur ssenariyni inqiroz rivojlanishining koʻrib chiqilayotgan choralar orasida eng maqbuli deb hisoblashadi.

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini esa 15-20 kun ichida baholashimiz mumkin boʻladi. Hammasi bu bizning ushbu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bogʻliq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin.

Cheklov choralarini paytida ijtimoiy zaif guruhlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha choralar mavjudmi?

Ha, mavjud. Respublika komissiyasining qarori bilan 20 kunlik karantin davrida 120 ming ijtimoiy muhofazaga muxtoj oilani bepul oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi maxsulotlar bilan taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Maqsadli taqsimlash va moliyaviy yordam koʻrsatish uchun homiylik, xayriyani muvofiqlashtirish va koʻngillilar markazlari tashkil etiladi.

Yolgʻiz keksa odamlar, kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalar, ogʻir kasallar, ikki yoki undan ortiq bolani tarbiyalayotgan beva ayollar, ota-onalari nogironlar va yetimlarni tarbiyalayotgan oilalarga yordam koʻrsatiladi. Otasi yoki onasi yoki boʻlmasa, ikkalasi ham ishsiz boʻlgan va mehnatga layoqatli aʼzolari boʻlgan, ammo pandemiya sababli vaqtincha daromadlaridan mahrum boʻlgan oilalarga yordam koʻrsatiladi.

Sizningcha, Oʻzbekiston boshqa davlatlar bilan solishtirganda pandemiya bilan qanday kurashmoqda?

Oʻz vaqtida oʻtkazilgan karantin choralari tufayli, Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasi boʻyicha ahvol qoʻshni davlatlar, MDH va dunyo darajasidan umuman olganda bir necha baravar yaxshi. Va bu haqiqatan ham shunday. Ayrim mamlakatlarda kuzatilayotgan kunlik yuzlab va minglab yoʻqotishlar hozirda Oʻzbekistonda kuzatilmadi. Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda aholining soniga mutanosib ravishda zararlanishlar soni minimal koʻrsatkichlarga yaqin. 100 ming kishiga toʻgʻri keladigan holatlar soni boʻyicha Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida oxirgi oʻrinda – bizda bu koʻrsatkich 35 kishini tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Rossiyada bu koʻrsatkich – 484 kishi, Belorusiyada – 681 kishi, Qozogʻistonda – 291 kishi, Qirgʻizistonda – 143 kishi, Armanistonda – 1024 kishi. Bu koʻrsatkich 34 million aholiga ega boʻlgan Oʻzbekistonda 18,5 million aholisi boʻlgan Qozogʻistonga nisbatan deyarli 5 baravar kam. Mamlakatimizda koronavirusdan oʻlim darajasi dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi – 0,4 foiz. Bu qoʻshni davlatlar - Qirgʻiziston va Qozogʻistonga nisbatan deyarli 2-3 baravar past. Rossiyada bu koʻrsatkich 1,5 foizni, AQShda 4 foizni, Braziliya 3 foizni va Hindistonda 3 foizni tashkil qiladi.

Ushbu tahlillar haqiqatan juda katta ishlar olib borilganidan dalolat bermoqda. Bu koʻrsatkichlar qaysi choralar evaziga erishildi?

Darhaqiqat, bu borada davlat koronavirus infeksiyasi tarqalishini cheklash, aniqlash va davolash bilan bogʻliq barcha xarajatlarni toʻliq oʻz zimmasiga oldi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash uchun jami 1,7 trln. soʻm mablagʻ sarflandi. Shu bilan birga, oʻrta ogʻirlikdagi bemorlarni davolash uchun oʻrtacha 32,3 million soʻm (3200 AQSh dollari), reanimatsiyada boʻlgan bemorni davolash uchun 64,4 million soʻm (6300 AQSh dollari) sarflandi.

Qoʻshimcha qilish mumkin, masalan Fair Health mustaqil notijorat tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, AQShda koronavirusni davolash sugʻurta qilinmagan bemor uchun 73,3 ming dollarga, sugʻurta polisiga ega bemor uchun 38 ming dollarga tushadi, shuningdek, koronavirusni davolash 1 million dollarni tashkil qilgan bemorlar ham bor ekan.

Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Ajratilgan mablagʻlar evaziga sogʻliqni saqlash salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati yaratildi. Shaxsiy himoya vositalari, sunʼiy oʻpka ventilyasiyasi uskunalari va boshqa tibbiy asbob-uskunalarni koʻp miqdorda sotib olishga mablagʻlar ajratildi. Masalan, 878 ming dona tibbiy xodimlarning sogʻligʻini saqlashga imkon beradigan himoya kiyimlari sotib olindi.

Shifokorlarga kasallikni ommaviy yuqishini oldini olishga muvaffaq boʻldik. Masalan, Nyu-Yorkda ushbu muammo baʼzi klinikalarda tibbiy xodimlar sonining keskin tushib ketishiga olib keldi.

Shu bilan birga, 16 ta tibbiyot muassasasining faoliyati koronavirus infeksiyasini davolashga qayta moslashtirildi. Toshkent shahrida bir paytning oʻzida sigʻimi 4 637 nafar kishi boʻlgan 16 ta tibbiy muassasalar faoliyat yuritmoqda. Shundan 3 580 ta joy COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun ajratilgan.

Viloyatlarda COVID -19 bilan kasallanganlarni davolash uchun jami 3 367 oʻrinlik muassasalar ajratilgan. Qoʻshimcha tarzda yana 22 ta tibbiyot muassasalarida 7 130 ta zaxira yotoqlar ajratilgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 1 ming oʻrinli yangi yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.

Pandemiyaning nafaqat insonlarning salomatligiga, balki salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ham mavjud. Ushbu yoʻnalishda qanday choralar koʻrildi?

Agar mamlakatda koronavirus infeksiyasining birinchi holati 16 martda aniqlangan boʻlsa, davlat rahbarining birinchi farmoni 19 martda eʼlon qilindi. Va bugungi kunga qadar respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi barcha oʻzgarishlar uzluksiz tahlil qilinib, barcha zarur qarorlar qabul qilinmoqda. Shu yilning mart oyidan iyun oyiga qadar Respublikada pandemiyaning aholi turmush darajasi va iqtisodiyotga taʼsirini kamaytirishga qaratilgan davlat rahbarining 14 ta farmon va qarorlari qabul qilindi.

Natijada 500 mingdan ortiq tadbirkorlik subʼyekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trln. soʻm miqdorida imtiyoz va preferensiyalar berildi. Bunday yirik koʻlamli davlat koʻmagi mart oyida 10 trillion soʻm hajmdagi “Inqirozga qarshi kurashish” jamgʻarmasi tashkil etilganligi va boshqa koʻrilgan koʻplab boshqa chora-tadbirlar tufayli amalga oshirildi.

Taʼkidlash kerakki, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasining faoliyati shaffof boʻlib, mablagʻlarning nimaga sarf qilinayotganligi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar shakllantirilgan. Shu jumladan, bugungi kunda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasining xarajatlari 5,3 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlib, undan koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash harajatlari 746 milliard soʻm qoʻshimcha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish xarajatlari 1 741 milliard soʻm aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari 641 milliard soʻm sanoatni qoʻllab-quvvatlash xarajatlari 2 trillion 166 milliard soʻmni tashkil etdi.

Agar barcha jalb qilingan mablagʻlar haqida gapiradigan boʻlsak, koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan jami chora-tadbirlarning umumiy qiymati 62,6 trillion soʻm (6,13 milliard dollardan koʻproq)ni (Oʻzbekiston Respublikasi YaIMning 10 foizdan ortigʻi) tashkil qiladi. Bu haqiqatan ham ulkan xajmdagi moliyaviy koʻmak hisoblanadi.

Aprel oyida Oʻzbekiston iqtisodiyotida keskin pasayish kuzatilganiga qaramay may oyidan iqtisodiyotning tiklanishi kuzatila boshlandi. Bunga qanday erishildi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi pandemiya sharoitida 165 dan ortiq mamlakatda koʻrilgan choralarni oʻrganib chiqdi. Bu davlatlarning har biri oʻzining iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oʻz modellarini ishlab chiqishgan. Inqirozga qarshi kurashishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash juda muhim hisoblanib, bunda nafaqat subsidiya yoki toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlar, balki birinchi navbatda soliqlarni kamaytirish yoki ulardan ozod qilish ham muhim ahamiiyat kasb etadi. Ayni paytda, Oʻzbekiston iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashning ushbu variantidan foydalanmoqda, xususan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, kechiktirib toʻlash imkoniyatlari, maqsadli subsidiyalar shular jumlasidandir.

Davlat iqtisodiy va moliyaviy xarajatlarning katta qismini oʻz zimmasiga oldi, bu esa mamlakatdagi va dunyodagi beqaror epidemiologik vaziyat davrida iqtisodiyotga, birinchi navbatda kichik va oʻrta biznesga yetkazilgan zararni minimallashtirish maqsadida amalga oshirildi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion soʻm miqdorida soliq imtiyozlari, Inqirozga qarshi kurashish fondidan esa umumiy xajmi 3,6 trillion soʻmga teng mablagʻ ajratildi. Ushbu yordam koʻlamini biznes bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan aholi his etishlari qiyin boʻlishi mumkin. Ammo, aynan shu chora-tadbirlar tufayli koʻpgina ish oʻrinlari saqlab qolindi va ishsizlikning oshib ketishi toʻxtatib qolindi.

Kichik va oʻrta korxonalar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 54 foizini ishlab chiqarishini va bandlikning 76 foizini taʼminlayotganligini hisobga olib, ularni qoʻllab-quvvatlash choralari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, mazkur turdagi korxonalar 1 iyundan 1 sentyabrgacha boʻlgan davrda ham mulk va yer soligʻi toʻlashdan ozod etildi.

Pandemiya sharoitida nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda aktual muammolardan biri bu – ish joylarining qisqarishi, ishsizlikning oshishi va turmush darajasining pasayishi hisoblanadi. Buning oldini olish uchun nimalar qilinmoqda?

Aholini ish bilan bandligini ragʻbatlantirish, ish oʻrinlari va daromadlarini saqlash boʻyicha juda koʻp ishlar amalga oshirildi. Xususan:
• jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqarolar vaqtinchalik ish bilan taʼminlandi;
• kam taʼminlangan oilalarni shaxsiy tomorqa yerlarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali 33 mingdan ortiq oilalar ish bilan taʼminlandi;
• 3 mingga yaqin ishsiz fuqaro tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan subsidiyalar hisobiga ishga joylashtirildi;
• 20 ming ishsiz fuqaroga ishsizlik boʻyicha nafaqa berildi.

Mazkur choralar natijasida uch oy davr mobaynida jami 374 ming fuqaro ish joyi va doimiy daromad bilan taʼminlandi. Shu bilan birga, 27 ming ishsiz fuqarolarga moddiy yordam koʻrsatish maqsadida 10 milliard soʻm ajratildi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Asosiy maqsad oʻzgargani yoʻq - fuqarolar sogʻligʻini saqlash bilan birga davlat tomonidan oʻrnatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish. Maxsus oʻrganishlar natijalariga koʻra, 583 mingta “kam taʼminlangan oilalar” moliyaviy yordamga muhtojligi aniqlandi va “Sahovat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida ularga 307 milliard soʻmdan ortiq miqdordagi moliyaviy yordam koʻrsatildi.

Aholini, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ishsiz aholini haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish maqsadida jami 279,6 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 595 ming oiladan 723 ming oilaga yoki 21 foizga oshirildi. 2020 yilda yangi ish oʻrinlarini yaratish va fuqarolar daromadlarini oshirish maqsadida oilaviy biznesni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar hajmi 4 trillion soʻmni tashkil etdi.

Shu bilan birga, 8 iyul kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari qashshoqlikni kamaytirish ishlari davom etayotganini ham kamida 257 ming kam taʼminlangan oila vakillarini ish bilan taʼminlash va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 37 ming oilaga kredit berish zarurligini taʼkidlab oʻtdilar.

Oʻzbekistonda iqtisodiyotda anchagina katta norasmiy sektorlari mavjud boʻlib, bu sohada ishlayotgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Shuning taʼsirida ular qiyin vaziyatda qolishgan. Aynan shu toifaga mehnat muhojirlarining oʻz vataniga ommaviy ravishda qaytarilishini ham kiritish mumkin. Ushbu aholi guruhlarini qoʻllab-quvvatlash masalalari qanday hal etiladi?

Toʻgʻri taʼkidlab oʻtdingiz hukumatimiz tomonidan amalga chiqarilayotgan soʻnggi qarorlar aynan ana shu toifadagi aholini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Jumladan, joriy yilning 1 iyulidan boshlab Oʻzbekistonda oʻzini-oʻz ish bilan band qilgan aholini roʻyxatga olishning yangi tizimini joriy qildi. Bu bilan iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlayotgan jismoniy shaxslar huquqiy maqom berilishi bilan birga ularning daromadlari soliq solinmaydigan tizim joriy etilmoqda. Davlat ularga xufyona iqtisodiyotdan chiqib, oʻz-oʻzini ish bilan band sifatida roʻyxatdan oʻtishga va rasmiy maqomga oʻtib foyda va preferensiyalar olish imkonini beradi.

Vaqtinchalik bandlik sertifikatlari 67 faoliyat turlari uchun beriladi, shu jumladan, repetitorlik, bolalar va qariyalarga qarash, binolarni tozalash, kichik taʼmirlash, avtomobil yuvish, chorva boqish, tabiblik (litsenziyaga ega boʻlsa), makulatura yoki boshqa ikkilamchi xom-ashyo yigʻish va hokazo. Guvohnoma mavjudligi mazkur toifadagi aholi soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqini beradi. Oʻzini-oʻzi ish bilan band qilganlarning daromadlariga soliq solinmaydi va tashkilotlar tomonidan ularni shartnoma asosida ishga olishda ularning mehnatiga haq toʻlashda yagona ijtimoiy toʻlov obʼyekti sifatida koʻrilmaydi.

Shuningdek, oʻzini-oʻzi ish bilan band qilgan aholi uchun pensiyalarni hisoblab borish imkoniyatlari ham yaratildi. Oʻzini-oʻzi ish bilan band qilgan shaxslar, ishlagan muddatidan qatʼiy nazar, ijtimoiy soliqni 2020 yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50% miqdorida toʻlaydilar (bugungi kunga kelib, BHM 223 ming soʻm). Bu mablagʻ byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga toʻliq yoʻnaltiriladi. Shunga asoslanib, pensiyani hisoblash uchun daromad miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda hisoblanadi.

Oʻzini-oʻzi ish bilan band qilgan aholini tezkor roʻyxatdan oʻtkazish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, ular maxsus mobil ilova yoki soliq toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻi orqali matritsali shtrix-kod (QR-kod) berilishi bilan onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Qayd etish joizki, dastlabki bir necha kun ichida tizimda 45 mingdan ziyod oʻz-oʻzini ish bilan band qilgan kishilar roʻyxatga olingan. Yil oxirigacha ularning soni 200 mingdan oshishi kutilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasining xalqimiz hayotiga taʼsiri borasida qator tadqiqotlar olib borilmoqda. Ular haqida ham batafsil maʼlumot bersangiz.

Joriy yilning iyul oyi boshlarida Markaz Jahon banki bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglash” (L2CU) loyihasi doirasida KOVID-19ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari boʻyicha keng koʻlamli tadqiqot oʻtkazdi. Ushbu tadqiqotga koʻra, hukumatning inqirozga qarshi choralar natijasida aprel’-may oylarida ishidan ayrilgan oʻzbekistonliklar soni 19 foizdan 12 foizga kamaygan. Shunday qilib, bu davrda fuqarolarning bandlik darajasi 43 foizdan 58 foizga oshdi. May oyida oziq-ovqat taʼminotidagi uzilishlar haqidagi murojaatlar soni taxminan 6 foizga tushdi. Iyun oyida oziq-ovqat tanqisligi boʻyicha yangi faktlar kuzatilmadi va deyarli 4 million aholi favqulodda yordam sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qildi. Respondentlarning katta qismi hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar va fuqarolar bilan ochiq muloqotni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Markaz tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan pandemiya sharoitida hamda davlat tomonidan qoʻllaniladigan profilaktik chora-tadbirlar kichik va oʻrta korxonalarga taʼsiri boʻyicha korxonalar kesimida oʻtkazilgan soʻrovnomalar asosidagi tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, korxonalarning aksariyati (78 foiz) pandemiya bilan bogʻliq cheklov choralari doirasida biznesni davom ettirmoqda.

Markazimiz tomonidan yuritilayotgan yana bir indeks - iyun oyidagi ishbilarmonlik faolligi indeksi oʻtgan oyga nisbatan oʻrtacha oʻsishni koʻrsatdi. Oʻtgan oyda boʻlgani kabi iqtisodiyotda ham ishbilarmonlik faolligi tiklanishda davom etayotganligidan dalolat bermoqda.

Shuningdek, biz joriy qilingan karantin va cheklov choralari doirasidagi ishbilarmonlik muhitining holatini oʻrganib chiqdik. Ushbu soʻrovda mamlakatning barcha hududlaridan qariyb 1000 ta korxona ishtirok etdi. Korxonalarning 76 foizi oʻz biznesi istiqbollarini "Yaxshilanadi", 20 foiz "Oʻzgarmaydi" va faqat 4 foiz "Yomonlashadi" deb baholagan. Soʻrovning uchinchi davri shuni koʻrsatdiki, koʻpchilik respondentlarning fikriga koʻra, yaqin 2-3 oy ichida mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanishni boshdan kechiradi.

Oʻtkazilgan barcha tadqiqotlar natijalariga koʻra shuni aytish mumkinki, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotimiz pandemiya kabi krizis holatlariga (bir oy ichida keskin pasayish kuzatilgan) yetarli darajada barqarorligini namoyon qildi va iqtisodiyotda tiklanish jarayonlari juda faol amalga oshmoqda. Bu esa cheklovlarning vaqtincha kuchayishi tiklanayotgan oʻsishni toʻxtatmasligini anglatadi.

Xalqaro tashkilotlarning prognozlariga koʻra, koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi pandemiyaning salbiy oqibatlari iqtisodiyotdagi pasayish bilan emas, balki faqat iqtisodiy oʻsish surʼatlarining 1,5 foiz darajada saqlanib qolishi bilan tavsiflanadigan kichik sondagi mamlakatlar guruhiga kiradi, bu koʻrsatkich esa boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha yuqori.

Baʼzi mamlakatlarda pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan "vertolyot pullar" usuli Oʻzbekiston sharoitida maqsadga muvofiq emasligini koʻpgina tahlilchilar bildirib oʻtishgan. Shunday boʻlsada, koʻplab fuqarolar mazkur tanlovni qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu haqda nima deya olasiz?

Baʼzi mamlakatlarda "vertolyot pullari" deb ataladigan aholiga toʻlanadigan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlar koʻrinishidagi qoʻllab-quvvatlash choralari qabul qilinishi natijasida bunday toʻlovlarni bizda ham amalga oshirish maqsadga muvofiqligi haqidagi munozaralar davom etmoqda. Biz boshidanoq bunday usullarning taʼsirini tahlil qildik va bir necha bor bunday usullarning samaradorligi pastligini tushuntirdik.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, shu paytgacha amalda bir nechta davlatlargina bunday choralarni amalda qoʻllashgan. Aksariyat hollarda ommaviy ravishda emas, balki aholini ish bilan taʼminlash va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning maqsadli vositalari qoʻllaniladi. Hatto mablagʻlarni taqsimlash holatlarida ham, aksariyat hollarda daromadning miqdori asosda cheklovlar belgilanadi yoki mablagʻlar eng koʻp zarur koʻrgan yoki himoyasiz guruhlarga beriladi.

Koʻpincha bunday yordamning namunasi sifatida keltirilgan AQShda har bir fuqaroga 1,2 ming dollar, daromadlari 75 ming dollargacha va oiladagi har bir bola uchun yana 500 dollar toʻlanadi. Koʻrsatilgan miqdor ushbu mamlakatdagi aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi milliy daromadning (YaMD) 1,8 foizini tashkil etadi. Agar ushbu hisob-kitobni Oʻzbekiston sharoitida olib boradigan boʻlsak, unda toʻlov miqdori har bir ish bilan band shaxs uchun 383 ming soʻm va har bir bolaga 100 ming soʻm boʻlishi kerak. Respublika miqyosida esa bu mablagʻlarni samarasiz sochib yuborilishini anlatadi. Shunga koʻra, "vertolyot pullar" dan foydalanishning asosiy vazifasi boʻlgan talabni ragʻbatlantirishga erishishning iloji boʻlmaydi.

Gonkong tajribasini Oʻzbekiston sharoitidan kelib chiqib koʻrsak. Gonkongda 18 yoshdan oshgan barcha fuqarolarga taxminan 1,2 ming dollar toʻlandi - bu taxminan 7 million kishi. Aholiga pul berish uchun mablagʻlarning taxminiy hajmi 9 milliard dollarni yoki Gonkong YaIMning 2,5 foizini tashkil etadi. Agar Oʻzbekistonda 18 yoshdan katta boʻlganlarga ming dollardan toʻlansa va bu taxminan 23 million odamni tashkil qilsa, unda bu miqdor 23 milliard dollarni tashkil etadi, bu YaIMning 38 foizini va bu hozirda 30 milliard dollar boʻlgan mamlakat oltin-valyuta zaxirasining 77 foizini tashkil etadi.

Inflyasiyaning tezlashishi va byudjet taqchilligining oshishi xavfini tugʻdiradigan "vertolyot pullar" dan farqli oʻlaroq, biz nafaqat muhtojlarga yordam berish, balki ularning iqtisodiy faolligini oshirishga imkon beradigan modelni qabul qildik. Aholining zaif qatlamlariga maqsadli yordam tashkil etilmoqda, mavjud zaxiralar iqtisodiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va odamlarni ish bilan taʼminlash va shunga mos ravishda daromad olish uchun ishlatiladi. Albatta, kelajakda ushbu chora-tadbirlar butun mamlakat aholisiga bir martalik naqd pul toʻlashdan koʻra koʻproq iqtisodiy samara beradi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ