| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza1 daqiqada oʻqiladi1 546 marta oʻqildi

Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin tartibining iqtisodiyot va aholi daromadlariga taʼsiri haqida mulohazalarini bildirdi.

Obid Hakimov: Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning bildirishicha, Oʻzbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar davom etishi kutilayotgan kuchaytirilgan karantin tartibi iqtisodiyot va aholi daromadlariga bahordagi karantin kabi jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.

“Cheklov choralarining hozirgi bosqichini obʼyektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib boʻlmaydi, chunki hozirgi cheklovlar asosan xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, yaʼni odamlarning ommaviy toʻplanishi bilan bogʻliq boʻlgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning oʻzida kamroq odam yuqtirsa, oʻta ogʻir bemorlarni davolash osonroq boʻladi.

Joriy karantin sabab iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini ham kutmaslik kerak. Faoliyati toʻxtab qolgan korxonalarning kamida 70 foizini sentyabr oyigacha, qolgan barchasini esa 2020 yil oxirigacha qayta ishga tushishi kutilmoqda — bu hukumat topshirigʻi bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan prognozda oʻz aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi toʻlqini boshlanganligi sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, markazimiz prognozlariga koʻra, 2020 yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga yetishi mumkin, ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun esa qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm mablagʻ kerak boʻladi.

Taqqoslash uchun, bugungi kungacha Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga toʻlanadigan toʻlovlar) uchun 750 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan. Shundan kelib chiqib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari joriy etilgan cheklovlarni maqsadga muvofiq deb topgan.

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini 15—20 kun ichida baholash mumkin boʻladi. Hammasi biz bu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bogʻliq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin”, deydi Obid Hakimov.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ