| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza7 daqiqada oʻqiladi197 marta oʻqildi

YeOIIga kirish avtosanoat, maishiy texnika  ishlab chiqaradigan qator tarmoqlarga zarba beradi

Mabodo YeOIIga aʼzo boʻlsak, bu turli tarmoq va sohalarimizga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Masalan, avtosanoat, maishiy texnika ishlab chiqaradigan qator tarmoqlarga u juda katta salbiy zarba beradi. Negaki, bu tarmoqlar oʻz mahsulotlarini xalqimizga jahon bozoridagi oʻrtacha baholardan yuqori narxlarda sotib kelishyapti. Mabodo YeOIIga kirsak, ular bankrot boʻlmaslik uchun mahsulotlari narxini pasaytiradi, deydi Iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonov.

YeOIIga kirish avtosanoat, maishiy texnika  ishlab chiqaradigan qator tarmoqlarga zarba beradi

“2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 109-bandida “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasini atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni tayyorlash” vazifasi qoʻyilgan. Topshiriq Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, tegishli vazirlik va idoralarga berilgan. Birgalikda tayyorlanishi koʻzda tutilgan axborot-tahliliy maʼlumotda quyidagi masalalarga, yaʼni:

  • YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga taʼsiri;

  • qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarga mosligi tahlili;

  • har bir iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsiri boʻyicha baholash;

  • asosiy ijobiy va salbiy taʼsir yoʻnalishlarini aniq yoritib berish;

  • boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan oʻzaro bogʻliqligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.

Bu maqolada YeOII bilan hamkorlik haqida fikr yuritishda mazkur masalaning koʻpchilikning eʼtiboridan chetda qolayotgan bir jihati haqida fikr yuritilmoqda. Yaʼni, YeOII bilan hamkorlikni kuchaytirishning mamlakatimiz iqtisodiyoti va ayniqsa, xalqimiz hayotiga taʼsirini baholash oʻta murakkab va qiyin masala. Bunga ehtiyoj bor, negaki, ekspert va blogerlar tomonidan matbuot va internet saytlarida Oʻzbekiston YeOIIga ehtimoliy kirishining mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsiri boʻyicha eʼlon qilinayotgan maqolalarning muayyan qismi hissiyotlarga berilgan, aniq tahlillarga asoslanmagan va oʻta yuzaki fikr va mulohazalardan iborat boʻlib qolmoqda.

Masala oʻta keng koʻlamli boʻlganligi bois bu topshiriqni talab darajasida bajarish uchun Oliy Majlis Senati darajasida maxsus komissiya tuziladi. Mazkur komissiyaga Dasturning 109-bandida koʻzda tutilgan tashkilot va idoralar vakillari hamda tegishli mutaxassis va olimlar, ekspertlar, jamoatchilik vakillari, ayniqsa, shu masalada fikr bildirayotgan blogerlar ham qoʻshilishi toʻgʻri boʻlardi. Blogerlarning bu komissiya tarkibiga kirishishiga ayrimlar qarshi boʻlishi mumkin. Chunki blogerlarning koʻpchiligi chuqur bilimli, jiddiy fikrlar bilan chiqayotgan vatandoshlarimizdir. Oʻylaymanki, ular ham Vatanimizni biz kabi sevishadi, xalqimiz hayoti yaxshi boʻlishi uchun qaygʻurishadi.

Endi mazkur Davlat dasturining 109-bandi topshirigʻida koʻzda tutilgan vazifalar haqida fikr yuritamiz. Maʼlumki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yildan boshlab, kelgusi istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratdi. Natijada “2030 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi” yaratildi. Unda mamlakat darajasida yalpi ichki mahsulot, viloyat va tumanlar kesimida hududiy ichki mahsulot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalari rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari hisob-kitob qilingan.

Shunga oʻxshagan konsepsiya, strategiya, prognozlar alohida viloyat, shahar, tumanlar, tarmoq va sohalar boʻyicha ham ishlab chiqildi.

Keyingi bosqichda YeOII ning taʼsis va faoliyatini boshqarishga moʻljallangan boshqa normativ-meʼyoriy hujjatlarini sinchiklab oʻrganib chiqish lozim boʻladi. Bu oson ish emas, negaki, bu tashkilotning eng muhim 2 tagina hujjati, yaʼni “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tashkil etish boʻyicha shartnoma” 154 varaq va uning 1–ilovasi boʻlmish “Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi haqida Nizom” 860 varaqdan iborat. Yevroosiyo ittifoqining bundan boshqa yana qancha hujjatlari bor.

YeOII ning barcha hujjatlarini hamda mamlakatimizda ishlab chiqilgan qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergan konsepsiya, strategiya va prognozlar toʻplamlarini oʻrganib boʻlgandan keyingina ularning bir-biriga mosligini aniqlashga imkon tugʻiladi. Koʻrinib turibdiki, bu koʻplab mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladigan va katta kuch talab qiladigan murakkab jarayon hisoblanadi.

Demak, internetning qaysidir saytida oʻqib olingan bir maqola yoki oʻzining shaxsiy faraz va taxminlariga asoslanib YeOIIga kirish haqida fikr yuritish jiddiy odamning ishi emasligi koʻrinib turibdi.

Davlat dasturining 109-bandidagi keyingi masala YeOIIga kirish ehtimolining iqtisodiyotning har bir tarmoq va sohalariga taʼsirini baholash bilan bogʻliq. Mabodo YeOIIga aʼzo boʻlsak, bu turli tarmoq va sohalarimizga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Masalan, meva-sabzavot eksporti, mehnat migrantlari, xalqaro transport-kommunikatsiya, elektr energiya bozori kabi qator tarmoq va sohalarga uning ijobiy taʼsiri hozirdan maʼlum. Avtosanoat, maishiy texnika ishlab chiqaradigan qator tarmoqlarga u juda katta salbiy zarba beradi. Negaki, bu tarmoqlar turli sabablarga koʻra, oʻz mahsulotlarini xalqimizga jahon bozoridagi oʻrtacha baholardan yuqori narxlarda sotib kelishyapti. Mabodo YeOIIga kirsak, ular yangicha sharoitlarga moslashib, mahsulotlari sifatini yaxshilashlari va narxini pasaytirish imkoniyatlarini topishlari shart boʻladi. Aks holda, ular bankrot boʻlishlari muqarrar.

Bu oʻrinda yana bir oʻta muhim masala haqida fikr yuritish maqsadga muvofiq boʻladi. Gap shundaki, mabodo JST, YeOII va yoki boshqa iqtisodiy ittifoqlarga kirsak, ularning doirasida eksport va import tovarlar boʻyicha barcha boj toʻlovlari bir xil boʻladi. Bu oʻzgarish qaysidir mahsulotlarimiz boʻyicha bizning foydamizga ishlasa, boshqa bir guruh mahsulotlar boʻyicha bizga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Eksport va import qilinadigan mahsulotlarning turlari juda koʻpligi va har bir mahsulot boʻyicha yana bir necha xil standartlarning mavjudligi bu masala boʻyicha katta –katta vazirlik, idora va tashkilotlar, olimu-mutaxassislar juda koʻp ter toʻkishlari va ularning hisob-kitoblarini qilib berishlari kerak boʻladi.

Demak, bunday sharoitda mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga eksport qilishimiz uchun tovarlarimizni xalqaro standartlar va sertifikatlash tizimiga oʻtkazishimiz shart boʻladi. Bu ishning koʻlami qanchalik katta ekanligini koʻrsatish uchun bitta misol keltiraman. Bu yil mahsulotlar boʻyicha 3 mingta standart qabul qilishni moʻljallaganmiz, ularning sonini 10 mingta yetkazmoqchimiz. Shundayam xalqaro standartlarga mosligimiz bor-yoʻgʻi 40 foizga yetadi, xolos.

Shu ikkitagina misollar ham koʻrsatib turibdiki, YeOIIga kirishning har bir tarmoq va sohaga taʼsirini alohida-alohida oʻrganish maqsadga muvofiq.

Yana bir oʻta muhim masala, Oʻzbekistonning YeOII bilan aloqalarining kuchayishi uning boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollariga qanday taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq. Bu haqda men oldin ham maqola yozgan va uni internet saytlarida eʼlon qilganman. Qisqa qilib aytganda, jahon iqtisodiyotining globallashuvi va davlatlararo raqobatning tobora kuchayib borayotgan bir sharoitida mamlakatlarning turli mintaqaviy va global integratsiya birlashmalariga aʼzo boʻlishi yoki yangi iqtisodiy ittifoqlar tuzishga boʻlgan intilishlar tobora kuchayib boryapti. Bu tabiiy, albatta, negaki bunday iqtisodiy ittifoqlar, bir tomondan, bir mamlakatning boshqa davlat yoki guruhlardan oʻzini himoya qilish vositasi boʻlsa, ikkkinchi tomondan, iqtisodiy taraqqiyotning muhim manbai va rezervi boʻlib xizmat qilmoqda.

Internet saytlarida ayrim ekspert va blogerlar Oʻzbekistonning YeOIIga kirishi uning JSTga kirish jarayonini qiyinlashtiradi, degan fikrlarni eʼlon qilishyapti. Bu umuman toʻgʻri fikr va men ham unga qoʻshilaman. Haqiqatdan ham Oʻzbekiston mabodo YeOIIga kirsa, keyin JSTga aʼzo boʻlgan ayrim davlatlarda mamlakatimizga nisbatan qoʻshimcha savollar paydo boʻlish ehtimoli bor. Muayyan bir mintaqaviy yoki global ittifoq aʼzosi boʻlgan davlat JSTga kirayotganda mazkur tashkilotning aʼzo davlatlarida mazkur davlat oldiga yangi muammolar qoʻyishganligi oldin ham uchragan. Bu muammolar mazkur davlatlar delegatsiyalarining uchrashuvlarida muhokama qilingan va har ikki tomonning manfaatlariga mos keladigan kelishuvlarga erishilgan.

Bundan tashqari, qator davlatlar boshqa bir ittifoqlarning aʼzosi boʻla turib, JSTga qabul qilinishgan. Yevropa ittifoqiga aʼzo boʻlgan Sharqiy Yevropa davlatlari ham Yevropa ittifoqiga aʼzo boʻlib turgan holda JSTga aʼzo boʻlib kira olishgan. Koʻrinib turibdiki, qaysidir bir davlat biror bir ittifoqqa aʼzo boʻlib turgan holda JST ga qabul qilinishi koʻp uchragan hodisa ekan. Demak, Oʻzbekiston ham bu ishni qila oladi, degan fikrdaman.

Qolaversa, turli iqtisodiy ittifoqqa aʼzo davlatlar jahon davlatlarining mutloq koʻpchiligini tashkil etadi va ularning jahon iqtisodiyotida tutgan oʻrinlar juda katta. Masalan, ayni paytda jahonning eng yirik 9 ta iqtisodiy ittifoqiga ( Yevropa ittifoqi, ASEAN, NAFTA, MERKOSUR, BRIKS, Mustaqil davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, YeOII, Janubiy Afrika bojxona ittifoqi) kiruvchi davlatlar 2018 yilda jahonda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning 76,0 foizini ishlab chiqarishgan.[1]

JSTga aʼzo boʻlgan ayrim davlatlarda mabodo Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlsa, u JSTga aʼzo davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini kamaytirishi mumkin, degan hadik ham bor. Bu notoʻgʻri va asosga ega boʻlmagan xavotir. Negaki, Oʻzbekiston oʻz oldiga istiqbolda rivojlangan davlat boʻlish vazifasini qoʻygan. Buning uchun u rivojlangan davlatlardan innovatsion va raqamli texnologiyalar, yuqori unumli mashina va mexanizmlar, zamonaviy qurilish materiallari, aloqa vositalari kabilarni sotib olishi kerak boʻladi. YeOIIga aʼzo davlatlarda bularning koʻpi hali yoʻqligi maʼlum. Demak, bu jarayonlar bir-biriga halaqit qilmaydi.

Oʻzbekiston kelgusi istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni maqsad qilgan. Lekin mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlari shuni taqozo etsa, biz YeOIIga yoki boshqa iqtisodiy ittifoqqa kirishimiz ham mumkin. Bir paytning oʻzida bir nechta ittifoqqa aʼzo boʻlish jahon hamjamiyatida oddiy bir hol ekanligini esa yuqorida koʻrib oʻtdik.

Yana qaytaraman, ayrim ekspert, olim va blogerlar YeOIIga kirishishimizning ijobiy va salbiy taʼsirlarini qayerdadir eshitgan yoki oʻqigan maqolalari, Rossiyada ishlayapgan bitta–ikkita tanishlari, hatto koʻchada yoki choyxonada eshitgan fikrlariga asoslangan holda oʻta yuzaki baholashmoqda. Bu notoʻgʻri va bu yoʻllar bilan ular oʻzlarini va baʼzan boshqalarni ham chalgʻitishmoqda. Men bunday ekspert va blogerlar eʼtiborini mazkur maqolada bayon etilgan masalalarning javobini aniqlab olgandan keyingina YeOIIga kirishning asosiy ijobiy va salbiy taʼsir yoʻnalishlarini baholash mumkinligiga qaratmoqchiman.

Xullas, bunday oʻta murakkab va keng qamrovli jarayon haqida yuzaki fikrlar bildirmaylik. Masalani chuqurroq oʻrganaylik va keyin xulosa qilaylik. Vatanimiz va xalqimizning istiqboli porloq boʻlishini xohlasak, hayotimizga bevosita taʼsir koʻrsatadigan masalalarga nisbatan jiddiyroq munosabatda boʻlganimiz maqsadga muvofiq boʻlardi.

Odil Olimjonov,

iqtisod fanlari doktori, professor

[1] https://data.worldbank.org/indicator/BX.GSR.GNFS.CD maʼlumotlari asosida muallif hisoblagan.

Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyat yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ