| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar5 daqiqada oʻqiladi80 marta oʻqildi

Milliy statistika tizimini rivojlantirish – islohotlar samaradorligi garovi

Davlat va jamiyat boshqaruvida qarorlar qabul qilish jarayonlarini miqdoriy va sifatli koʻrsatkichlar bilan taʼminlashda statistika tizimining ahamiyati va oʻrni beqiyos.

Milliy statistika tizimini rivojlantirish – islohotlar samaradorligi garovi

Bundan tashqari, Parlament nazoratini samarali amalga oshirish, qonun hujjatlarini qabul qilishda ham statistik maʼlumotlarga tayaniladi.

Iqtisodiyotning raqamli transformatsiyalashuvi sharoitida statistika davlat, jamiyat va biznesni obʼyektiv, ishonchli hamda shaffof maʼlumotlar bilan taʼminlovchi umummilliy manba sifatida shakllanishi kun tartibida eng dolzarb masala sifatida turibdi.

Bugungi kunda, statistik maʼlumotlardan jamiyatning barcha aʼzolari toʻliq va cheklovlarsiz foydalanishi, statistikaning ijtimoiy neʼmat sifatida shakllanishi uchun maʼlumotlarning ochiq va ishonchli boʻlishiga talab tobora kuchayib bormoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi xorijiy tajribaga nazar soladigan boʻlsak, xususan, Buyuk Britaniya Milliy infratuzilmani rivojlantirish komissiyasining 2017 yildagi hisobotida (NIC, 2017) statistika Milliy infratuzilmaning muhim elementi, amalga oshirilayotgan siyosatning samaradorligini taʼminlashda va uning natijalarini baholashda xizmat qiluvchi ijtimoiy neʼmat ekanligi qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqining Statistika byurosi xulosalariga asosan (Eurostat, 2018; Baldacci et al., 2016) xalqaro miqyosda katta massiv maʼlumotlarga (Big data) boʻlgan talab keskin ortib bormoqda.

Oʻzbekistonda ham soʻnggi uch yilda statistika tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 2017 yil 31 iyuldagi PQ-3165-son va «Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 2019 yil 9 apreldagi PQ-4273-son qarorlari qabul qilingan.

Natijada, statistika tizimida bir qator ijobiy oʻzgarishlarga erishildi.

Jumladan:

- inflyasiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirilib, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi 2016 yildagi 334 tadan 2020 yilga 510 taga kengaytirildi;

- oltin zaxirasi, tabiiy boyliklar, Davlat byudjeti va tashqi qarz haqidagi maʼlumotlar ochiq eʼlon qilinmoqda;

- Jahon bankining statistika salohiyati indeksida Oʻzbekiston koʻrsatkichi 2018 yilda 54,4 balldan 64,4 ballgacha koʻtarildi;

- Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Maʼlumotlarni tarqatish umumiy tizimi doirasida axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi;

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining «UN Comtrade» xalqaro tashqi savdosi axborotlar bazasiga qoʻshilishi taʼminlandi.

Shu bilan birga, sohada axborotlarning umumiy foydalanish uchun ochiqlik holati, ochiq maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari qabul qilingan xalqaro talablarga toʻliq javob bermasligi kabi bir qator muammolarning mavjudligi mamlakatimizning statistika salohiyati indeksidagi oʻrni pastligiga sabab boʻlmoqda.

Jumladan, Jahon bankining statistika salohiyati indeksida Oʻzbekiston koʻrsatkichi soʻnggi ikki yilda 10 ballga koʻtarilib 64,4 ballni tashkil etgan boʻlsada, daromadlari oʻrtachadan yuqori boʻlgan mamlakatlar (73,3 ball) va daromadlari oʻrtachadan past boʻlgan mamlakatlarning (71,7 ball) mazkur koʻrsatkichlaridan ancha past.

Xalqaro mehnat tashkiloti indikatorlarining 80% foizi, Oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) – 64%, YuNESKOning taʼlim boʻyicha milliy statistika bazasida – 48%, Xalqaro energetika agentligining – 43% boʻyicha bizda tarmoq statistikasi yuritilmay kelinmoqda.

Statistika tizimidagi ushbu muammolarni bartaraf etish amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlashda, mamlakatimiz nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashda, jahon hamjamiyati oldida rivojlanishning ochiqlik prinsiplarini namoyish etishda asosiy vosita sifatida namoyon boʻladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, «Statistika tizimi qanchalik haqqoniy va ochiq boʻlsa, amalga oshirayotgan islohotlarimiz shunchalik toʻgʻri va natijador boʻladi».

Shuning uchun 1 iyun kuni Prezident tomonidan Milliy statistika sohasini takomillashtirishga bagʻishlangan yigʻilishda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan:

  • Tarmoqlar statistikasini toʻliq shakllantirish, ularni yagona xalqaro statistika tizimi bilan uygʻunlashtirish maqsadida yil yakuniga qadar ishsizlikni aniqlashni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga toʻliq moslashtirib, soʻrov oʻtkazish tartibini takomillashtirish va qamrovni kengaytirish;

  • Mamlakatimizda tibbiy sugʻurtani joriy qilishning asosiy omillaridan biri boʻlgan sogʻliqni saqlash sohasida kasallikni davolash xarajatlarini aniqlashning xalqaro hisob tizimini joriy etish;

  • Energiya samaradorligini hisoblash uslubi va energiya isteʼmoli balansini takomillashtirish;

  • Taʼlim, qishloq xoʻjaligi, tashqi savdo, transport, qurilish, ekologiya, turizm va boshqa xizmat koʻrsatish tarmoqlari statistikasini xalqaro standartlarga mos ravishda muvofiqlashtirish;

  • Xalqaro maʼlumot bazalarida iqtisodiyotimiz tarmoq koʻrsatkichlarini toʻliq aks ettirish va mehnat, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim kabi sohalar boʻyicha xalqaro bazalarda Oʻzbekiston haqidagi koʻrsatkichlarni toʻliq koʻrsatilishini taʼminlash belgilandi.

Statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tarqatish tizimini takomillashtirish masalalari boʻyicha statistik kuzatuv maʼlumotlarining yarmi qogʻoz shaklida toʻplanishi va maʼlumotlarni tahlil qilishda bundan 20 yil oldingi dasturiy taʼminotdan foydalanilib kelinayotgani taʼkidlandi. Eskicha ish uslubidan voz kechib, statistika, soliq, mehnat, moliya sohalarida statistik maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashning integratsiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda statistik maʼlumotlarni shakllantiruvchi 32 ta davlat idoralarining 7 tasida maxsus boʻlimlar mavjudligi, shu bilan birga 30 dan ortiq davlat idoralarining sohadagi faoliyati muvofiqlashtirilmay kelinayotganligiga izoh berib oʻtildi. Ushbu idoralarda statistik koʻrsatkichlarning 40% shakllantirilishi, biroq, ularning ish jarayonlarida tarmoqlar va quyi boʻgʻinlar bilan oʻzaro uzviylikning yoʻqligi, shakllantirilgan maʼlumotlar bazalarining oʻzaro uygʻunlashmaganligi kabi muammolar belgilab oʻtildi.

Chet el tajribasiga nazar soladigan boʻlsak, AQSh, Germaniya va Hindiston kabi iqtisodiyoti rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakatlarning statistika tizimi bir necha alohida mustaqil organlardan tashkil topgan. Ushbu organlar faoliyati oʻzaro uzviylikda va uygʻunlikda amalga oshirilib yagona tizimni tashkil etadi.

Misol uchun, AQShda Sogʻliqni saqlash statistikasi milliy markazi, Taʼlim statistikasi milliy markazi, Mehnat statistikasi byurosi kabi 9 dan ortiq statistik organlar oʻzaro uygʻunlikda faoliyat yuritib yagona federal statistika tizimini tashkil etgan.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun xalqaro talablar asosida mustaqil statistika tizimini yaratish lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, 17 yil avval tashkil etilgan «Statistika kengashi» faoliyatini butunlay qayta koʻrib chiqish belgilandi.

Shu bilan birga, statistik maʼlumotlarni shakllantirishda asosiy manba hisoblanadigan aholini roʻyxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik holatiga ham toʻxtalib, Oʻzbekistonda ushbu tadbir soʻnggi marta 30 yil oldin oʻtkazilganligi qayd etildi. Mamlakatimizda aholini 2022 yilda roʻyxatdan oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, mazkur jarayonga qoʻshimcha 170 ming fuqaroni jalb qilish va ularni oʻqitish zarurligi belgilandi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi, uy-joy fondi va biznesni «roʻyxatga olish»larni oʻtkazishga ham tayyorgarlik koʻrish zarurligi qayd etildi.

Sohani rivojlantirishning muhim muammolaridan yana biri kadrlar potensialini rivojlantirish masalasi hisoblanadi. Tizimdagi xodimlarning 2% statistika boʻyicha oliy maʼlumotga ega. Soʻnggi besh yilda 318 nafar bakalavr va 33 nafar magistr tayyorlangan. Ularning 10% statistika idoralarida faoliyat olib bormoqda, xolos. Mazkur yoʻnalish boʻyicha oxirgi 30 yilda 1 nafar fan doktorligi, 11 nafar fan nomzodi ilmiy darajasini olish boʻyicha dissertatsiyalar yoqlangan.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va statistika fanini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Belgilangan chora-tadbirlarni samarali va izchil amalga oshirish uchun Jahon banki mutaxassislari bilan birga statistika sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilib, uni amalga oshirish uchun $50 mln jalb qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, milliy statistika tizimini rivojlantirish oʻz navbatida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarida barqaror rivojlanishni taʼminlashda, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning natijadorligini aks ettirishda hamda mavjud kamchiliklarni belgilab olish va istiqbolda ularni samarali bartaraf etishda xizmat qiluvchi koʻzgu sifatida namoyon boʻladi.

Shaffof, ochiq va ishonchli statistik maʼlumotlarning mavjudligi mamlakat ravnaqining va unda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligining garovidir.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

sektor mudiri Xurshid Asadov

Forbes.uz

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ