| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza5 daqiqada oʻqiladi2 739 marta oʻqildi

Mehnatiy migratsiyaning legallashuvi–YeII aʼzo boʻlishning afzalliklaridan biri yoki uning moliyaviy jihatlari haqida ayrim mulohazalar

Mehnatiy migratsiyaning legallashuvi – Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo boʻlishning afzallik-laridan biri (yoki uning moliyaviy jihatlari haqida ayrim mulohazalar)

Mehnatiy migratsiyaning legallashuvi–YeII aʼzo boʻlishning afzalliklaridan biri yoki uning moliyaviy jihatlari haqida ayrim mulohazalar

Foto: eurasian-studies.org

Sir emas, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra har yili vatandoshla-rimizning 2,3 mln.dan ortiqrogʻi oʻz oilasining “issiq bagʻri”dan chiqib, Yevro-Osiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlarida belini bukib, peshona terini toʻkib, murakkab sharoitlarda mehnat qilishmoqda. Ularning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,0 mln. atrofida) toʻgʻri kelsa-da, qolganlari qoʻshni Qozogʻiston (0,3 mln.) va Qirgʻizistonda ham ishlayapti.

RFda ishlayotgan 2,0 mln. atrofidagi fuqarolarimizning 1,6 mln.iga ishlashga ruxsat (patent) berilmoqda. Uni bir yilga rasmiylashtirish uchun Rossiyada mehnat qilish ilinjida yurgan vatandoshlarimizning bevosita (toʻgʻridan-toʻgʻri) va bilvosita (egri) xarajatlari 30,0-35,0 ming rubl (qariyb 500,0 AQSh dollari yoki 4,7 mln. oʻzbek soʻmi)ni tashkil etmoqda. Ularning qolganlari pinhona, har qadamda yuraklarini hovuchlab, oʻrni kelgan joylarida esa (qoʻlga tushib qolganlarida) ilojsiz “otni kallasi”dek jarimani toʻlab, faoliyat koʻrsatishmoqda. Xalqimiz tilida aytilgandek “deport” boʻlib, uzr “ikki qoʻlini burniga tiqib”, yana bir bor uzr, soʻppayib, “quriq” qaytib kelayotganlarining soni ham – talaygina. Sababi: patent olish bahosi – qimmat; buning ustiga, migratsiya tartiblari ham – murakkab.

Ustiga-ustak, ishlayotganlarning barchasi har oyiga 3,0 ming rubldan 8,0 ming rubl (50,0-125,0 AQSh dollari yoki 0,5-1,2 mln.soʻm)gacha ish (mehnat) haqlaridan daromad soligʻini ham toʻlashadi. Umuman olganda, RFda ishlayotgan yurtdoshlarimiz har birining shu mamlakat ixtiyoriga qonuniy tarzda qoldirayotgan daromadlarining miqdori yiliga 1700,0 AQSh dollarigacha yetib bormoqda.

Qozogʻistonda ishlashga ruxsat olish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni ish beruvchi qoplaydi, albatta. Uning miqdori esa yiliga 200,0 AQSh dollaridan 1000,0 AQSh dollarigacha yetib boradi. Lekin xursand boʻlishga – hech hojat yoʻq. Zero, bu summani ham, oxir-oqibatda, ish beruvchi ishga yollanganning koʻzini “moshdek” ochib va “hayrat”lantirib, uning hisobidan oʻziga “qurtdek” sanab oladi. Xullas, bu yerda ham “ishlash huquqi” tekinga amalga oshirilmaydi. Nimasini aytasiz: bozorning qonun-qoidasi – ana shunday – shafqatsiz.

Endi quyidagi “arifmetika”larga bir eʼtibor beraylik-a?!:

  1. RFda 2,0 mln. fuqaromiz ishlab, ularning har biri yiliga 1700,0 AQSh dollarini oʻsha mamlakatda qoldirayotgan boʻlsa, bu yiliga 3,4 mlrd. AQSh dollari, demakdir. Uning soʻmdagi ekvivalenti esa deyarli 32,0 trill. soʻmdan oshib ketadi. Bu summani 2019 yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining rejalashtirilgan daromadlari summasi bilan taqqoslaydigan boʻlsak, uning qariyb 1/3 qismiga teng boʻlishi mumkinligi aniq boʻladi;

  2. Qozogʻistonda 0,3 mln. hamyurtimiz ishlab va ularning har biri, boring-ki, 1000,0 AQSh dollarini oʻsha yerda “qoldirib” kelayotgan boʻlsa, u holda bu 300,0 mln. AQSh dollariga teng boʻlmoqda. Buning soʻmdagi ekvivalenti esa qariyb 3,0 trill. soʻmga tengdir. Bu ham mamlakatimiz Davlat byudjeti rejalashtirilgan daromadlari summasining deyarli 3,0%iga teng, demakdir;

  3. Yuqoridagi har ikki bandda keltirilgan raqamlarni umumlashtirsak, oʻzlariga mutlaqo yarashmaydigan “gastarbayter” nomi bilan “mashhur” boʻlgan hamyurtlarimiz shu ikki holatning oʻzidayoq yiliga 3,5 mlrd AQSh dollaridan yoki 35,0 trill. soʻmdan ortiqroq summani oʻzga yurtlarda “sochib” kelayotganligi maʼlum boʻladi-qoladi. Bu, boshqa sharoitlar teng boʻlganda, 2019 yil uchun rejalashtirilgan Davlatimiz byudjeti daromadlarining 34,0%iga teng boʻlishi mumkinligini anglatadi.

Shu munosabat bilan har birimiz oʻz-oʻzimizga quyidagi savollarni berib koʻraylikchi, javobimiz qanday boʻlarkin?: Shu pullar oʻzga yurtlarda “He, yoʻq!”, “Be, yoʻq”siz “qolib” ketmasdan, oʻz yurtimizga qoʻshimcha tarzda “kirib” keladigan boʻlsa, birortamizning qornimizni ogʻritarmikan? Buning turgan-bitgani “koni foyda” emasmi? Bu pullar evaziga qanchadan-qancha “kamchilik”larimizni “tuzat”masmidik?!

Endi esa masalaning quyidagi jihatlariga eʼtibor beraylik-chi, qanday “manzara”ga guvoh boʻlarkanmiz? Xususan, Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlishi:

  1. Amalda uning barcha fuqarolariga legal (ochiq-oydin, erkin) ishlashga va oʻz “uy”lariga “joʻnatiladigan” pul oʻtkazilmalari hajmini oshirishga imkon beradi;

  2. “Ishlashga ruxsat”ni rasmiylashtirish xarajatlarining kamayishi, maqomining legallashuvi natijasida migrantlar soni va daromadlari darajasining oʻsishi hisobidan mamlakatimizga oʻtkaziladigan pul oʻtkazilmalarining hajmi hozirgisiga nisbatan bir necha martaga oshiradi;

  3. “Ishga joylashish” masalasida keng imkoniyatlarni taqdim etadi (fuqarolarimiz Ittifoqqa aʼzo boʻlgan mamlakat-larning hududlarida “qayddan oʻtmasdan” ham tegishli tartibga muvofiq oʻrnatilgan davr davomida boʻlishlari mumkin; chegaralar kesib oʻtilayotgan paytda tegishli pasport asosida “migratsion karta”lar toʻldirilmaydi; “ishga ruxsat berish” – rasmiylashtirilmaydi, buning uchun tegishli mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi oʻzining boʻlishi yetarli va b.);

  4. Fuqarolarimizni himoyalanganlik huquqi bilan taʼminlaydi (mehnat staji inobatga olinadi; ularning farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalariga qatnashish huquqiga ega boʻladi; “tez tibbiy yordam” tekinga xizmat koʻrsatadi; fuqarolarimiz “sotsial paket”ga “kirish” huquqini qoʻlga kiritadi va b.);

  5. Mamlakatimiz fuqarolari huquqlarini himoya qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligining imkoniyatlarini kengaytiradi.

Xoʻsh, yuqorida qayd etilganlarning qay biri, baʼzi bir sabablarga koʻra, “rizqi sochilib ketgan” migrantlarimizning manfaatlariga mos kelmaydi? Buning ustiga, oʻsha migrantlarning biri birimizning - akamiz, ikkinchimizning – ukamiz, uchinchimizning – otamiz, toʻrtinchimizning – turmush oʻrtogʻimiz va h.k.larimiz emasmi?! Ne maqsadlarni koʻzlab ularning aksariyati oʻzga yurtlarda yurishibdi? “Bolam-chaqam, oilam”, - deb emasmi?!

Shunday ekan, bu masalaga befarq qarab boʻladimi? Yoki unga nisbatan ham oʻziga xos tarzda “oʻzbekchilik” qilib, har birimiz “koʻrpa”ni oʻz-oʻzimizga qarab tortishimiz kerakmi?! “Aziz”lar! Axir bunday qilsak, “koʻrpa”dan “ayrilib” qolamiz-ku?! Bundan kimga – yaxshi-yu, kimga – yomon?!...

Nazarimizda, YeOII aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalasiga nisbatan tegishli qaror qabul qilinayotgan paytda, jumladan, yuqorida qayd etilgan holat bilan birgalikda yana bir narsaga eʼtibor berish kerak. Gap bu oʻrinda azal-azaldan boʻyon dono va mehnatkash-u-zahmatkash xalqimiz tilidan aytilgan “Birlashgan – oʻzar, birlashmagan – toʻzar” toʻgʻrisida ketmoqda. Bu hayot aksiomasi emasmi? Uni qay birimiz rad eta olamiz? Oʻzish maqsadimizmi? Unda nima qilishimiz kerak ekan? “Retsept”ni xalqimizning oʻzi bergan ekan-ku! Bu masalada “diagnoz” ham oʻshalar tomonidan qoʻyilgan ekanmi? Unda...

Albatta, bizning yuqoridagi fikrlarimizdan “Mehnat migratsiyasi” bilan bogʻliq boʻlgan masalaning salbiy jihatlarini koʻrishga muallif qodir emas ekan”, - degan xulosani chiqarishga shoshilmang. Ulardan biz ham ogohmiz. Har narsaning yaxshi tomoni boʻlganidek, uning yomon tomoni ham mavjud. Buni bilmasak, tabiat va jamiyat taraqqiyotining eng asosiy qonunlaridan biri boʻlgan “qarama-qarshiliklar birligi va kurashi” qonunining amal qilishini oddiygina inkor etgan boʻlamiz. Holbuki, buni rad qilgan “mard” oramizda yoʻq. Biz ham oʻshalar safidamiz. Shunday boʻlsa-da, masalaning “salbiy tomonlari”ga eʼtiboringizni qaratmoqchi emasmiz. Zero, bu masalada “ijobiy tomonlar” bilan “salbiy tomonlar” tarozi pallalariga qoʻyiladigan boʻlsa, pallaning “ijobiy tomonlar”ga tegishli boʻlgani keskin “bosib ketishi” va oxir-oqibatda, qanday qarorni qabul qilishimiz kerakligi – mutlaqo aniq.

Tohir MALIKOV

iqtisodiy fanlar doktori, professor

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ