Mashinali “boyvachcha”lar nega tashvishga tushishlari kerak?
Maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda, jumladan, avtomobil egalaridan undiriladigan ikki yigʻim ham joriy etilishi koʻzda tutilgan. Bu ayrim fuqarolarimiz tomonidan salbiy talqin qilinmoqda.

Maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda, jumladan, avtomobil egalaridan undiriladigan ikki yigʻim ham joriy etilishi koʻzda tutilgan. Bu ayrim fuqarolarimiz tomonidan salbiy talqin qilinmoqda. Buning ham balki oʻziga xos sabablari bordir. Lekin mana shu ikki yigʻimga va ularning nima maqsadlarga (avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga) sarf qilinishiga nisbatan salbiy fikr bildirilayotganda, oddiy fuqaro sifatida, masalaning quyidagi jihatlariga eʼtibor berishni va ulardan mantiqiy xulosalar chiqarilishini istardim.
Birinchidan, XXI asrda yashayotganimizga qaramasdan yoʻllarimizning ahvoliga bir nazar soling. Ularning ayrimlari, ayniqsa – mahalliy yoʻllar “yigʻlaydigan” ahvolda emasmi? Buni kim tuzatishi kerak? “Yoʻllaringni toʻgʻrilab, kaftdek ravon qilib beraman!”,- deydigan “mard”lar hali-hamon oramizda yoʻq. Bu davlatning zimmasiga tushayotir. Davlat nimaning hisobidan bu ishlarni “qoyil” qilishi kerak? Oʻzga manbalar hisobidan “Bir kuni ogʻirimga yarab qolar!”, - deb bosib qoʻygan mablagʻlari ham – yoʻq. Buning ustiga, “oltin togʻ” ham mavjud emas. Bor boʻlganda ham “Yotib yeganda – oltin togʻ ham chidamas”ligini bilamiz;
Ikkinchidan, birinchi yigʻimda, bor-yoʻgʻi, litriga 25 soʻmgacha qoʻshilish koʻzda tutilibdi. Demak, 40 litr benzin xarid qilsak, 1000 soʻm qoʻshimcha toʻlarkanmiz. Bu mashina minuvchi “mard”ga ogʻirlik qiladimi? Mashinada – toʻrt gʻildirakning ustida – hayotimizni xavfga solib, har daqiqada “uchib” yuramiz-a? Har chorrahada toʻxtaganimizda soxta “tilanchi”larga ham shu summani berib ketmayapmizmi? Boringki, “Boshi-koʻzimizdan – sadaqa!”, - deb oʻshalarga bermaylik-da, buning oʻrniga, oʻsha summani yoʻllarimizni rekonstruksiya qilish va taʼmirlashga moʻljallasak, buning nimasi yomon?!
Uchinchidan, ikkinchi yigʻimning avtomobil dvigateli quvvatiga qarab undirilishi ham uning egalariga yoqmaydi, albatta. Lekin bundan, jumladan, nima maqsad koʻzlanganligini bilasizmi? Oʻzimizga yoqqan mashinani xarid qilib, undan foydalanmasdan, nimalargadir uni moʻljallab qoʻymayapmizmi? Shularning soni keyingi paytlarda koʻpayib ketmayaptimi? Buning ustiga, dasturxonimizda – yeyishga hech vaqo yoʻq. Bolalar ham – och-yalangʻoch. Oʻqiydigan kitoblari ham – yoʻq. Lekin oldiginamizda yangi-yangi mashina “savlat solib” turibdi-ya! Uning yoqilgʻi bakiga 1,5 litrli “baklashka”da benzin solishga qurbimiz zoʻrgʻa yetadi, xolos. Bu manzaraga siz bilan biz oddiy tomoshabin boʻlib turarmiz. Lekin shunday qilishga davlatning – haqqi-yoʻq. Shuning uchun bu oʻrinda u oʻz qoʻlidagi richaglardan foydalanishga va bu jarayonlarni tartibga solishga majbur: mashina – bu mulk. Undan foydalanamizmi yoki yoʻqmi, bundan qatʼiy-nazar, uning soligʻini toʻlashimiz kerak. Bu faqat bizning davlatimizdagina oʻrnatilgan – tartib emas. Unga nisbatan “xoʻroz”lar hamma yerda bir xil qichqiradi;
Toʻrtinchidan, mashina minishni, keskinroq aytayotgan boʻlsam, uzr – chidaganga chiqargan. Mashina mingan odam boshqalarga nisbatan koʻproq qulaylikka ega ekanligi – hammaga maʼlum. Qoʻshimcha qulaylikka ega boʻlganlar – qoʻshimcha toʻlashlari ham kerak. Bu bozorning yozilmagan qonuni. Uning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini hech kim muhokama qilmasligi va quloqni qimirlatmasdan rioya qilishi kerak. Hayot obʼyektiv realligi – shundan iborat;
Beshinchidan, biror marta xorijda, masalan, Yevropa mamlakatlarida boʻlganmisiz? Ularning yoʻllarini koʻrib, hayratdan yoqa ushlamaganmisiz? Men shunday ahvolga tushib, Germaniya Moliya vaziriga quyidagicha savol berganman: “Yoʻllaringiz juda zoʻr-a?! Avtobusda bemalol oʻtirib, suhbatlashib, choy-kofe ichib ketaverasiz! Bunga shu maqsadlar uchun undiriladigan soliqlarning roli katta boʻlsa kerak-a?”. Mana uning javobi nimadan iborat boʻldi: “Agar yoʻl uchun undirilgan soliq summalarining hammasini yoʻlga sarflasak, Germaniyaning butun territoriyasini asfaltlab chiqqan boʻlur edik!” Endi oʻzingiz ayting: yoʻl uchun bunday katta mablagʻ boʻlganda Germaniyaning yoʻllari shunday boʻlmasdan, bizniki boʻlsinmi?!
Oltinchidan, Prezidentimiz farmonida koʻzda tutilgan 2 ta yigʻimning qoʻshimcha undirilishidan “tashvish”ga tushayotgan mashinali “boyvachcha” akalarimizning ham “ahvol”ini tushunmoqchiman: shuncha oʻtgan yillar davomida bu maqsadlar uchun “yaxshigina” toʻlovlar toʻlanib kelindi. Lekin yoʻllarimizning ahvoli – oʻsha-oʻsha! Bu borada vaziyatning yaxshilanishini istaysizmi? Unda, marhamat, yoʻl uchun toʻlagan summalaringizning taqdiriga – befarq boʻlmang! Bir yoqadan bosh chiqarib, “Oʻtgan yili – shuncha pul toʻlagan edik. Ular qayoqqa ketdi? Nima maqsadlarga sarf qilindi?”, - deb tegishli mutasaddilardan soʻrang. Javoblaridan qoniqish hosil qilsangiz, sizni ishontira olishsa – tinching! Aks holda, to “gʻalaba” qilguncha, bu yoʻldan – qaytmang. Muammoni hal qilishning boshqa yoʻli – yoʻq;
Yettinchidan, bu fikrlarni mashinasi yoʻq odam bildirayapti deb, aslo oʻylamang! Mening ham yaxshigina, juda koʻplarni havasini keltiradigan, oʻzim esa yeru koʻkka ishonmaydigan, mashinam bor. Uni soʻnggi oʻn bir yil davomida uzluksiz minmoqdaman. Koʻz tegmasinu, biror joyi “qilt” ham etmaydi. Motori, negadir, boshqalarnikiga oʻxshab moy ham “yemaydi”. Avaylab – haydayman. Shunday boʻlsa-da, mashinamning gʻildiragi, hatto, biror marta chuqurga tushib-chiqsa, mening ham jonim achiydi. Gohida, beixtiyor, “alam” qilib, “Sening gʻildiraging tushgandan koʻra, oʻshanga oʻzim tushsam yaxshi edi!”, - degan xayollarga ham boraman. Lekin kun sayin “yaxshi yoʻllar”ning koʻpayib borayotganligini koʻrib, Germaniyadagi yoʻllarga oʻxshash yoʻllarda “qora tulpor”imning ham shamol tezligida “shippillab” yurishiga uncha koʻp vaqt qolmaganligiga ishonaman! Shuning uchun...
Tohir MALIKOV
iqtisodiy fanlar doktori, professor
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

