| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Markaziy Osiyo8 daqiqada oʻqiladi2 148 marta oʻqildi

Markaziy Osiyo va koronavirus: Nimalarni kutish mumkin?

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, koronavirus bilan zararlangan bemorlar dunyoning 75 ga yaqin mamlakatlarida aniqlangan va ularning umumiy soni 91 mingga yaqinlashdi. Koʻplab epidemiologlar fikricha, ushbu virusni tiyib turish qiyin – u oʻta yuqumli.

Markaziy Osiyo va koronavirus: Nimalarni kutish mumkin?

Xitoyning qoʻshnilari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Mongoliya hozircha dunyo xaritasidagi koronavirus yuqmagan yagona markaziy “dogʻ” boʻlib qolmoqda. Vaholanki, uni oʻrab turgan barcha mamlakatlar vatandoshlariga virus yuqqanini xabar qildi. Uzanalytics.com saytida koronavirusning iqtisodiy taʼsiri haqida maqola chop etildi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, koronavirus bilan zararlangan bemorlar dunyoning 75 ga yaqin mamlakatlarida aniqlangan va ularning umumiy soni 91 mingga yaqinlashdi. Koʻplab epidemiologlar fikricha, ushbu virusni tiyib turish qiyin – u oʻta yuqumli. Koronavirus Eron, Janubiy Koreya va Italiyada koʻplab kishilarga yuqqani qayd etildi. Oʻsha mamlakatlarda maktablar, universitetlar, kinoteatrlar yopilmoqda. Yaponiyada bosh vazir Sindzo Abe 2 martdan boshlab barcha maktablarni yopishni talab qilmoqda.

Shuning uchun virusning Markaziy Osiyo mintaqasida paydo boʻlishini kutsa boʻladi, yana mintaqa mamlakatlari hokimiyati epidemiyaning oldini olish va uni yuqtirganlarni davolashni eplay oladi, deb faqat umid qilish mumkin, xolos. Ammo koronavirusning Markaziy Osiyoga iqtisodiy taʼsiri uzoq va ogʻir boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Virusning jismoniy hujumi

Nima uchun Markaziy Osiyoda yangi turdagi virusni yuqtirganlik holatlari aniqlangani haqida xabar berilmayapti? Bu sogʻliqni saqlash idoralari faoliyatining oʻziga xosligi yoki kasallikni aniqlashning ishonchsiz statistikasi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Ammo xaritaga qaralsa, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalari hammadan koʻp boʻlgan Shinjon bilan Markaziy Xitoy aholisi virusga kam chalinganini koʻrish mumkin. Shinjon Uygʻur muxtor tumanida (ShUMT) 3 mart holatiga koʻra 76 ta virus yuqtirganlik holati aniqlandi. Epidemiya markazi Vuhan Markaziy Osiyodan jugʻrofiy joylashuviga koʻra ham, ishbilarmonlik aloqalari nuqtai nazaridan ham bir oz uzoq. U yerda avtomobilsozlik kompaniyalari jamlangan, shu sababli asosiy ish aloqalari Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan yuritilmoqda. Qozogʻiston Jahon iqtisodiyoti va siyosati institutining (JISI) Xitoy va Osiyo tadqiqotlari dasturi bosh eksperti Anton Bugayenko CAANga (Markaziy Osiyo tahliliy tarmogʻi) bildirishicha, haligacha toʻliq karantin davom etayotgan Hubey viloyati muhim transport kesishmasida joylashgan boʻlib, ishlab chiqarish markazidir. U yerda avtomobillar yasaladigan qismlarni ishlab chiqaradigan yuzdan oshiq zavod, jumladan, Robert Bosch, Valeo va ZF Friedrichshafen joylashgan.

Markaziy Osiyoda hokimiyatning avtoritar tabiati ijobiy rol oʻynayotgan boʻlsa ajab emas – hukumatlar vatandoshlarini tezlik bilan Xitoydan olib chiqib ketdi, barcha keluvchilarga karantin joriy qildi, buning uchun baʼzan qattiq kuch resursidan foydalandi, karantinga tushgan kishilarning shikoyatlariga qarab oʻtirmadi. Qirgʻizistonda ayni paytda 141 kishi shifokorlar nazorati ostida boʻlib turibdi; bu yerda Vuhandan kelgan bir kishida virus boʻlishi mumkinligi gumon qilindi, lekin keyinchalik uning sogʻlom ekani maʼlum boʻldi. Qozogʻistonda Xitoydan qaytib kelgan uchoqdagi ayrim yoʻlovchilar karantinga joylashtirildi. Tojikiston hokimiyati Eronga parvozlarni taqiqlab qoʻydi. Lekin ushbu mamlakat vatandoshlarining Eron bilan bordi-keldisi qalin ekanini, EIRdagi infeksiya miqyosi va Tojikistondagi tibbiy potensial zaifligi hisobga olinsa, u yerda virusning paydo boʻlish ehtimoli qoʻshnilariga qaraganda yuqoriligi ayon boʻladi.

Markaziy Osiyo vatandoshlarining Sharqiy Osiyo va Erondagi faolligi kamayishi ushbu mamlakatlarda kasallik yuqqan holatlar yoʻqligini tushuntiruvchi umidbaxsh omil boʻlgan boʻlishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyo aholisi endi koʻproq Rossiya bilan Yevropaga safar qilayotgani xavotir uygʻotadi va bu safarlar yangi virusni yuqtirish xavfini oshiradi.

Iqtisodiy taʼsir

Virusning jahon iqtisodiyotiga taʼsiri koʻproq tashvish uygʻotmoqda – jahon moliya bozorlari bir haftadan beri izchil pasayish tamoyiliga koʻchdi. Jismoniy chegaralarni yopish, aholi faolligini toʻxtatib turish hamda isteʼmol bilan ishlab chiqarishni kamaytirish birinchi navbatda jahon savdosi surʼati muqarrar tarzda pasayishini anglatadi. Ushbu globallashuv omili bir zamonlar dunyo aholisi uchun bir qancha ijobiy hodisalar, jumladan, turli-tuman tovarlarni hamyonbop narxlarda sotib olishni taʼminlab bergan edi. Harvard universiteti xodimi Jeffri Frankel yozishicha, “Virusning qoʻqqisdan tarqab ketishi AQSh prezidenti Donald Trampning savdo siyosati bilan birga tobora oʻsib borgan xalqaro savdo-sotiq global tinchlik va taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlab turgan davr tugaganini anglatishi mumkin”.

Soʻnggi oʻn yillikda Xitoy iqtisodiyoti oldingidan koʻra pastroq surʼat bilan oʻsgani va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Xitoy uchun 2020 yilgi oʻsish surʼatini joriy prognoz sifatida 5,6 foizga qadar kamaytirgani – bu 1990 yildan beri eng past koʻrsatkich hisoblanadi – hisobga olinsa, dunyo iqtisodiyoti oʻsishiga tahdid ancha jiddiy ekani ayon boʻladi. Ammo boshqa ssenariyga koʻra, Xitoy YaIM oʻsishi 3,5 foizgacha tushib ketishi aytilmoqda.

‒ Bu global oʻsishni ancha-muncha qiyinlashtirishi mumkin, – deya taʼkidlaydi Frankel, chunki jahon iqtisodiyoti har qachongidan koʻra Xitoy iqtisodiyotiga bogʻlanib qolgan. 2003 yilda Xitoy YaIM hajmi jahon YaIMining 4 foizini tashkil qilgan boʻlsa, joriy almashuv kursiga koʻra, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 17 foizga yetdi. Bundan tashqari, Xitoy tovarlar yetkazib berish zanjirining global markazi boʻlgani sababli ushbu mamlakatda roʻy berayotgan toʻxtab qolishlar boshqa joylardagi ishlab chiqarish jarayonlariga putur yetkazadi… Xitoyning barcha asosiy savdo sheriklari qaltis ahvolda qoladi.

Xitoyning oʻzida hokimiyat iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish rejasini eʼlon qildi hamda vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqda, ammo yilning eng muhim voqeasi boʻlmish va har yili martning dastlabki kunlarida oʻtkaziladigan Umumxitoy xalq vakillari majlisi va Xitoyning xalq bilan siyosiy maslahat kengashi yigʻinlari baribir nomaʼlum muddatga koʻchirildi.

Xitoy Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun eng yirik savdo sherigi hisoblanadi hamda Osmonosti yurtining Markaziy Osiyo mamlakatlariga ekportiga oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, oraliq foydalanish tovarlarigacha kiradi. Anton Bugayenko taʼkidlayotganiday, Qozogʻistonning oziq-ovqat bozori bir qancha sohalar boʻyicha Xitoydan yetkazib beriladigan tovarlarga qattiq bogʻlanib qolgan. Xususan, (YeOIIga aʼzo mamlakatlar bilan savdo-sotiqni hisobga olmaganda) import qilinayotgan pomidorlarning 44 foizi (15,5 million AQSh dollari), dukkakli mahsulotlarning 80 foizi (160 ming dollar), sabzavotlarning 50 foizi (16,5 million dollar), yongʻoqlarning 39 foizi (11 million dollar), sitrus mevalarining 56 foizi (15,8 million dollar), shaftoli va oʻrikning 23 foizi (22 million dollar) va gullarning 60 foizi (200 ming dollar) Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi.

Bugayenko qayd etishicha, Xitoyda 2020 yil yanvaridagi isteʼmol inflyasiyasi har qanday kutilmadan oshib ketdi va yillik hisob boʻyicha 5,4 foiz boʻldi. Vaholanki, 2019 yil dekabrida bu koʻrsatkich 4,5 foiz boʻlgan edi. Xitoy bozorida tovarlarning qimmatlashuvi oziq-ovqat inflyasiyasini, ayniqsa, tovarlar tanqis boʻladigan qishqi va koʻklamgi davrda oshirib yuborishi mumkin. Buni Markaziy Osiyo aholisi uchun yaxshi xabar deb boʻlmaydi, chunki devalvatsiya – pul kursi pasayishining soʻnggi raundidan beri aholining talabi zaif boʻlib qolmoqda va daromadlari uncha koʻp oʻsmadi.

Xitoyning mintaqadan energiya resurslari va boshqa xom ashyoni import qilishi bilan bogʻliq vaziyat yanada xavotirlidir. Mabodo Xitoy ichki bozoridagi talab pasayishi bilan bogʻliq tarzda oʻsha import pasayadigan boʻlsa, bu mintaqaga valyuta oqib kelishi kamayishiga va dollar narxi oshib ketishiga sabab boʻladi. Albatta, Xitoy va boshqa rivojlangan mamlakatlarda energiya resurslariga boʻlgan talab tushib ketsa (bunga faollik, yuk tashish, odamlarning bir joydan ikkinchi joyga parvoz qilishi va hk. bevosita taʼsir koʻrsatadi), bu neft narxi uzoq vaqt pasayishiga olib keladi. Shusiz ham neft narxi joriy haftada yillik eng past nuqtaga yetdi, “Brent” navli neftning bir barreli 51 dollarga tushib qoldi. Bu moliya bozorida boshqa noxush holatlarni ham keltirib chiqardi. Qozogʻiston bilan Oʻzbekistondan Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish 20 foiz qisqardi. Ushbu qisqa muddatli tamoyilni oʻnglasa boʻladi, ammo bunday qisqarish uzoq davom etadigan boʻlsa, falokat muqarrar. Neft narxlarining pasayishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ikki tomonlama muammo tugʻdiradi, yaʼnikim Qozogʻiston va Turkmaniston singari energiya resurslarini eksport qiluvchi mamlakatlarga bevosita, boshqa mamlakatlar – Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonga bilvosita taʼsir koʻrsatadi. Sababi neft narxlari pasayishidan zarar koʻradigan Rossiyadagi salbiy taʼsir ushbu mamlakatlarga ham oʻtadi.

“Makon va yoʻl” tashabbusini amalga oshirish sustlashib qoladi

Yevroosiyo markazida joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy bilan Yevropa oʻrtasida tovarlarni yetkazib berish boʻyicha logistika zanjirining muhim boʻgʻini edi. Koronavirus “Makon va yoʻl” singari inqilobiy tashabbusni (Belt and Road, BRI) amalga oshirishga tahdid soladimi?

Bunday xavotirlarga asos bor: bugun Xitoyning oʻzida aksariyat yirik sanoat korxonalari toʻliq quvvat bilan ishlayotgani yoʻq, sayyohlar oqimi toʻxtab qoldi, iqtisodiyot surʼati sustlashmoqda. Bunday sharoitda Xitoyning “Makon va yoʻl”day global loyihasi faol amalga oshirilishini tasavvur qilish qiyin. Biroq adolat yuzasidan shuni ham qayd etish zarurki, uni amalga oshirish bir qancha vaqt oldin koronavirus bilan bogʻliq tarzda emas, aksincha, Xitoyning haddan oshiq shiddatli saʼy-harakatlari bois ayrim qiyinchiliklarga duch kelgan edi.

Yaqinda Qirgʻizistonda Xitoyga qarshi norozilik namoyishlaridan soʻng “Makon va yoʻl” tashabbusi doirasidagi ulkan loyiha barbod boʻldi. Xususan, Qirgʻiziston bilan Xitoy chegarasidagi “At-Bashi” erkin savdo zonasini tashkil etish loyihasi yopildi. U Norin viloyatida chegara osha savdo-sotiq qilish hamda mamlakatlar oʻrtasida tovarlar erkin harakat qiladigan hayotiy jihatdan muhim yoʻlak boʻlishi kerak edi. Biroq Xitoyga qarshi koʻp ming kishilik mitinglardan soʻng tomonlar kelishuvlarni bekor etishga majbur boʻldi, Qirgʻiziston hukumati esa investorga 45 million somlik mablagʻni qaytarishi kerak. Ushbu holat Markaziy Osiyo mamlakatlarida Xitoy bilan bogʻliq qoʻrquv yuqoriligicha qolayotganidan dalolat beradi.

Xitoyning “Makon va yoʻl” tashabbusi boʻyicha mintaqadagi eng muhim sherigi Qozogʻiston muqobil rivojlanish yoʻllarini axtarib topishi kerak boʻladi. Qozogʻiston iqtisodiyotini ragʻbatlantirishga qaratilgan koʻplab hukumat dasturlari mamlakatning tranzit salohiyatini ishga solish umidi bilan bogʻliq. Qozogʻistonning Xitoy bilan chegaradosh Almati va Sharqiy Qozogʻiston viloyatlari aholisi tobora savdo-sotiq, logistika sohalarida va Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi ishlab chiqarishda mashgʻul boʻlib bormoqda. Xitoydan “Makon va yoʻl” tashabbusi doirasida 51 ta korxonani koʻchirish boʻyicha keng qamrovli investitsiya dasturi amalga oshirilmoqda. Unda Xitoydan uskunalar, hatto xodimlarni olib kirish koʻzda tutilgan. Qozogʻiston hokimiyat idoralari xabar qilishicha, Atirau viloyatida polipropilen ishlab chiqarish boʻyicha loyiha hayotga tatbiq etilayotir, unga Xitoyning 400 nafar vatandoshi jalb etilgan, shulardan 161 Xitoy vatandoshi soʻnggi haftada mamlakatga kira olmadi. Bundan tashqari, umuman olganda, neft va gaz kompaniyalarida Chin yurtining 800 nafar vatandoshi ishlaydi, shularning ham 350 nafari koronavirus sabab Qozogʻistonga kira olmayapti. Xitoyning bank sohasidagi muammolarni va “yomon qarzlar” hajmini hisobga olib, ushbu mamlakatdan ayni investitsiya loyihalariga sarmoya oqib kelishi pasayishi mumkin, chunki buhron choʻzilib ketadigan boʻlsa, bank sohasidagi muammolar faqat koʻpayishi mumkin. Buning maʼnosi shuki, “Makon va yoʻl” tashabbusi faolligi pasayishi aniq: amalga oshirish bosqichida boʻlgan loyihalar toʻxtatib turiladi. Rejalashtirilgan loyihalar, jumladan, memorandumlarni imzolash bosqichida boʻlgan loyihalar bekor qilinsa ajab emas.

Shusiz ham butun dunyodagi millatchilik va proteksionizm – ichki bozorni himoya qilish koʻpayayotganidan zarar koʻrayotgan globallashuvni koronavirus toʻxtatib qoʻyadimi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, Markaziy Osiyo mamlakatlari globallashuvga muqobil rivojlanish yoʻllari haqida bosh qotirishi, yaʼni mintaqaning oʻziga koʻproq eʼtibor qaratishi, Xitoyga bir tomonlama qaramlikni va energetika bozorlari holatiga qaramlikni asta-sekin kamaytirib, tashqi iqtisodiy aloqalarni rang-baranglashtirishi lozim boʻladi. Boshqa tarafdan olib qaraganda, okeandan uzilib qolgan mintaqa uchun muqobil yoʻllar unchalik koʻp emas. Xitoydagi virus bilan bogʻliq vaziyat beqarorligi yil davomida saqlanib qoladigan boʻlsa, mintaqaviy va Yevroosiyo savdo-sotigʻi imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqish zarur boʻladi. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-sotigʻini va investitsiyalar jalb etishni, bir oz boʻlsa-da, Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlari tomon qayta yoʻnaltirish taqozo etiladi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ