| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza3 daqiqada oʻqiladi204 marta oʻqildi

Maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash islohotlar muvaffaqiyatining asosi

Ochiq maʼlumotlar koʻlamining kengayib borishi oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan har qanday inson uchun ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash siyosatining bir qismi sifatida namoyon boʻladi.

Maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash islohotlar muvaffaqiyatining asosi

Bunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali (data.gov.uz) faoliyatini takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan tegishli maʼlumotlar eʼlon qilib borilishi hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida boʻlishi lozim.

Investor biror davlatga investitsiya kiritishidan oldin oʻsha davlat haqida oʻrganadi

Taʼkidlash joizki, bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning boshlanishi birinchidan, “his-tuygʻu”ga asoslangan qaror qabul qilish usulidan fakt va statistik maʼlumotlarga asoslangan qaror qabul qilish usuliga oʻtish imkonini beradi.

Ikkinchidan, xorijiy investorlar investitsiya kiritmoqchi boʻlgan davlatlari haqida maʼlumotlarni batafsil oʻrganib chiqadi. Qiziqqan mamlakatlari haqida oʻzlarini qoniqtira oladigan maʼlumot topisha olmasa, u davlatga investitsiya kiritish fikridan qaytishadi.

Bundan tashqari, donorlar ochiq maʼlumotlarsiz biror bir yordam loyihasining samaralilik darajasini baholay olishmaydi. Shuningdek, hududdagi bemorlar soni va keng tarqalgan kasallik turlari haqida maʼlumotga ega boʻlmagan tibbiyot sohasidagi xususiy firma kasalxona qurish uchun joy tanlash borasida notoʻgʻri qaror chiqarishi mumkin.

Ochiqlik va oshkoralik hukumatni nazorat qilib borishni osonlashtiradi

Aslini olganda dalillarsiz, statistik maʼlumot va faktlarsiz rivojlanish jarayoni haqida aniq holatni bilish, yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosa chiqarishning imkoni yoʻq. Xalqning hukumat faoliyatini nazorat qilib borishi va masʼul rahbarlarning masʼuliyatni his etib faoliyat yuritishi ham aynan maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishiga bogʻliq.

Shu nuqtai nazardan, ochiq maʼlumotlarni jamoatchilik bilan ulashish uzoq muddatli rivojlanish va bu rivojlanish jarayonlari ustidan xalq nazoratini oʻrnatishning tayanch nuqtasi hisoblanadi.

"Open Data Challenge" xakatoni – ochiq maʼlumotlar tanlovi

Bularni inobatga olgan holda, mamlakatimizda "Open Data Tashkent – 2019" ochiq maʼlumotlar boʻyicha xalqaro konferensiya va ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda ilova ishlab chiqish boʻyicha yillik tanlov "Open Data Challenge" xakatoni oʻtkazildi.

Turli vazirlik va idoralar uchun "Ochiq maʼlumotlar", ularning ahamiyati va zarurligi, ulardan foydalanishning afzalliklari, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar toʻplamlarini joylashtirish yuzasidan koʻnikmalarni hosil qilish boʻyicha "Ochiq maʼlumotlarga kirish" malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi loyihalari va Jahon banki Oʻzbekiston Respublikasida ochiq maʼlumotlarni faol rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini alohida taʼkidlab oʻtish zarur.

Ochiq maʼlumotlar manbalari reytingida Oʻzbekiston 9-oʻrinda

Bunday xatti-harakatlarning natijasi oʻlaroq Open Data Inception sayti taqdim etgan 100 mamlakat uchun ochiq maʼlumotlar manbalari reytingida Oʻzbekiston 9-oʻringa loyiq deb topildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda asosiy ochiq maʼlumotlarni taqdim etuvchi veb sahifalar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • - data.gov.uz;

  • - stat.uz;

  • - vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarning rasmiy veb-sahifalari.

Ayni paytda data.gov.uz ochiq maʼlumotlar portaliga 117 davlat organlari tomonidan 1960 ga yaqin ochiq maʼlumotlar toʻplami kiritilgan. Portaldan tegishli ravishda 650 mingdan ziyod fayllar yuklab olingan. Portalda makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha milliy statistika, davlat byudjetiga oid maʼlumotlar, davlat xaridlari va tenderlar, milliy xarita, atrof-muhit, geoaxborot tizimlarning (GIS) maʼlumotlari, huquqiy, meteriologik maʼlumotlar oʻrin olgan.

Ochiq maʼlumotlar investorlarga ishonch beradi

Ochiq maʼlumotlar portallarini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda dunyo boʻylab axborot-tahliliy mahsulotni yaratishda asosiy manba sifatida ochiq maʼlumotlarga tayanadigan yangi kompaniyalarning paydo boʻlishi va oʻsishi kuzatilmoqda.

Kompaniyalar oʻz faoliyatlarining samaradorligini oshirish, raqobatbardoshligini yaxshilash, yangi bozorlarga chiqish va aniqroq qarorlar qabul qilish maqsadida ochiq maʼlumotlardan keng foydalanishga ehtiyoj sezmoqda.

Bundan tashqari, ochiq maʼlumotlar tufayli ish beruvchi va potensial xodimni yanada samaraliroq birlashtiradigan mobil dasturlar yaratilishi, ish qidirayotganlarga koʻnikmalariga yarasha ish topishga yordam beradi. Ochiq maʼlumotlar potensial investorlarga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, uning infratuzilmasi va manbalari toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarni olishga imkon beradi.

Portalning yangi talqini ishlab chiqilmoqda

Bularning hammasini inobatga olgan holda, hozirgi kunda, hukumat topshirigʻi bilan “Ochiq maʼlumotlar global indeksi”, “Ochiq maʼlumotlar barometri” xalqaro reytinglarida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yuksaltirish maqsadida portalning yangi talqinini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda. Barcha vazirlik va idoralarning bu ishda faol ishtirokini taʼminlash maqsadida kelajakdagi qilinishi kerak boʻlgan ishlar rejasi ustida ishlanmoqda. Masalan, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining “Yer uchastkasi chegaralari, yer uchastkasi kadastr raqami, yer boniteti va egalik huquqi”, “Asosiy avtomagistrallar, temir yoʻllar, gidrografiya, relef, davlat chegarasi va maʼmuriy chegaralar, aholi punktlari”, “Maʼmuriy zona koordinatalari, maʼmuriy zonaning nomlanishi, zona chegaralari”, “Pochta indekslari manzillari va koordinatalari” toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq portalda joylashtirishi respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, faoliyat samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati toʻgʻrisida xabardor qilishga katta turtki boʻladi.

Shunday ekan, ochiq maʼlumotlar koʻlamining kengayib borishi oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan har qanday inson uchun ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash siyosatining bir qismi sifatida namoyon boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ