| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar21 daqiqada oʻqiladi367 marta oʻqildi

MAKROIQTISODIYoT MUAMMOSI: KAMBAGʻALLIK YoKI PANDEMIYa?

Har yili 5 mln. bolalar vafot etmoqda. Hozirgi pandemiyada zararlanganlarning soni 12 mln.ga yetdi. Shu oʻrinda, tabiiy savol tugʻiladi, qaysi koʻrsatkich makroiqtisodiy muvozanatni koʻproq izdan chiqarmoqda? Professor Nodir Jumayev bu haqda oʻz mulohazalarini keltirmoqda.

MAKROIQTISODIYoT MUAMMOSI: KAMBAGʻALLIK YoKI PANDEMIYa?

Oxirgi 20 yillikda insonlarning yashash standartlari sezilarli darajada ortdi. Qashshoq mamlakatlarda YaIMning kishi boshiga toʻgʻri kelishi 2 barobarga koʻpaydi. 1995 yildan buyon bolalar oʻlimi ikki hissa kamayib, maktabga qatnovchilar soni 56 foizdan 80 foizga oʻzgardi. Shunday boʻlsada, 700 mln. odam past daromad bilan qolmoqda. Har yili 5 yoshga toʻlmagan 5 mln. bolalar vafot etmoqda va ularning aksariyatiga sifatsiz tibbiy xizmatlar koʻrsatilgan. Qolaversa, dunyo bolalarining yarmi maktablarni oʻqish va sanashni bilmasdan bitirib ketmoqda[1].

Eʼtibor berish kerak, har yili 5 mln. bolalar vafot etmoqda. Hozirgi pandemiyada zararlanganlarning soni 12 mln.ga yetdi. Shu oʻrinda, tabiiy savol tugʻiladi, qaysi koʻrsatkich makroiqtisodiy muvozanatni koʻproq izdan chiqarmoqda?

Bizningcha, inqirozning bu kabi tus olishi birinchi navbatda – iqtisodiy harakatsizlikning vujudga kelishi bilan bogʻliq. Bu esa, insonlarning daromadlar olishidan butunlay yoki qisman mahrum boʻlishi holatlarini yuzaga kelishiga taʼsir koʻrsatdi. Natijada, insonlarning jamgʻarmalariga boʻlgan murojaatni vujudga keltirdi.

Biz mazkur tadqiqotimiz davomida kambagʻallik kategoriyasini inqiroz davridagi tendensiyasini tahlil qilishga va xulosalar shakllantirishga harakat qilamiz. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi tadqiqot savollariga javob topish muhim hisoblanadi, deb oʻylaymiz.

  1. Kambagʻallikni oʻlchashning qanday iqtisodiy mezonlari mavjud?

  2. Inqiroz davrida kambagʻallik qanday muammolarni keltirib chiqarmoqda?

  3. Oʻzbekistonda kambagʻallikni bartaraf etishda qanday choralar qoʻllash maqsadga muvofiq?

Kambagʻallik kategoriyasiga nisbatan Oʻzbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 24 yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”, deb taʼkidlab oʻtdilar.

  1. Adabiyotlar sharhi.

A) Xalqaro va mahalliy olimlar qarashlari

Umuman olganda, kambagʻallikni mezonlari ikkita yondashuv orqali amalga oshirilgan. Birinchisi, olimlar tomonidan asoslangan nazariy jihatlar, ikkinchisi xalqaro moliya institutlari tomonidan daromadlarni tabaqalashtirish orqali aiiqliklar kiritilgan.

Rus olimlaridan B.Popkin[2] va boshq. Rossiya uchun kambagʻallik chegarasini shakllantirishga eʼtibor qaratishgan. Bunda isteʼmol savatchasini inobatga olgan holda kam daromadli oila daromadining 75 foizi oziq-ovqat uchun sarflanishini tavsiya etilgan. Natijada, narxlarga nisbatan oila daromadi (1/0,75=) 1,33 barobarga koʻp boʻlishi tavsiya etiladi. Bu esa oʻz navbatida, mamlakat uchun kambagʻallik chegarasini aks ettirishini taʼkidlab oʻtishadi.

I.Sidorchuk quyidagi mezonlardan foydalangan holda kambagʻallikni aniqlashni taklif etadi[3]: yashash joyining boʻlishi, toʻlaqonli ovqatlanish va ichimlik suviga egalik, minimal taʼlim olish imkoniyati va sogʻliqni saqlash imkoniyati. I.Sazanov[4] kambagʻallikni absolyut va nisbiy darajalarda boʻladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, u kambagʻallik kategoriyasi dastlab XIX asrning oxirlari XX asrning boshlanishida ingliz sotsiologlari S.Rountri va Ch.Buta tomonidan fanga olib qirilganligiga eʼtibor qaratadi. Ushbu olimlar yashash minimumi – kambagʻallik/daromad chegarasini fanga olib kirishadi. Ekspertlar ushbu holatda oziq-ovqat, kiyimlar va yashash sharoiti boʻlishini mezonlar sifatida taʼkidlashadi. Ushbu mezonlarga javob bera olmaslik esa, absolyut kambagʻallikni anglatishini qayd etib oʻtadi.

Bizningcha, yuqorida keltirilgan ilmiy xulosalarda kambagʻallikni aniqlashga qaratilgan yondashuvlar keltirildi. Ularda asosiy eʼtibor hayot darajasini belgilab beruvchi omillar – yashash sharoiti, ovqatlanish va kiyim bilan taʼminlanganlik kabi jihatlarga qaratildi. Bu esa, ushbu tovar va xizmatlarni sotib olish uchun minimal daromad darajasini belgilashning zaruratini keltirib chiqaradi.

Xorijiy olimlardan pokistonlik Majid va Malik (2015) tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotda kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga savodxonlik darajasini ham kiritadi[5]. Bunda oila xoʻjaligining kambagʻallikka tushib qolishiga oila boshligʻining tajribasi, yoshi, jinsi va bandligi kabi omillar taʼsir qilishini keltirib oʻtadi. Shuningdek, oila boshligʻi sifatida ayol kishi boʻlishi kambagʻallikni keltirib chiqarishga koʻproq taʼsir qiladi, degan gʻoyani ilgari suradi. Sababi, ayollarni taʼlim olishga va daromad topishdagi imkoniyatlari yuqori emasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotlar asosida birinchidan, taʼlim olganlik darajasi bilan kambagʻallik teskari proporsional ekanligi, ikkinchidan, qishloq joylarda pul oʻtkazmalariga ega boʻlganlar kambagʻallikka kamroq tushishayotganligi, uchinchidan shaharlashib borish kambagʻallikni pasaytirishini va qishloq hududi esa, oshishiga olib kelishini qayd etib oʻtadi. Oʻz navbatida, tajriba, yosh va qishloq xoʻjaligida band boʻlish kambagʻallikni keltirib chiqarmasligini asoslab beradi.

AQShda monetar siyosatning samarali amalga oshirilishi asoschilaridan biri M.Fridmen[6] daromadlarning notengligi omillari statistik taqsimotni aniq koʻrsatmasligini taʼkidlaydi. Uning fikriga koʻra, isteʼmol jihatidan daromadlarning taqsimoti ularni yuzaga keltiruvchi sabablarga bogʻliq va u buni asoslab beradi. Daromadlarning notengligiga sabablardan biri insonlarning qobiliyati teng taqsimlanmaganligi sababli ushbu tendensiya yuzaga kelganligini taʼkidlagan olimlardan – biri Stakle[7] hisoblanadi. Shu oʻrinda, Fordning muhim bir iborasini eslash lozim. “Eng zoʻr ish – bu yuqori haq toʻlanadigan xobbi” deb taʼkidlab oʻtganligi inson qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirilishi lozimligi va savodxonlikni shu yoʻnalishda rivojlantirish kerakligini oʻzida aks ettiradi.

J.Minser inson kapitaliga investitsiyalar va daromadlarning tengsizligi omillarini aniqlagan va ularni baholagan[8]. Insonlar daromadining notengligi inson kapitaliga qilingan investitsiyalarga bogʻliq ekanligi va investitsiya jarayoni erkin tanlovga asoslanishini qayd etib oʻtadi. Uning fikriga koʻra, katta maosh koʻp oʻrganishni talab etadi. Shu boisdan, kasblararo farq ularni oʻrganishdagi farqlar bilan izohlanadi va oʻrganish muddatlaridagi oʻzaro absolyut farq yillik daromaddagi foizli farqlarni keltirib chiqaradi. Bir kasbning bir necha egalari daromadlari oʻrtasidagi farq inson kapitali tajribasiga qilingan investitsiya muddatining uzaytirilganligi bilan bogʻliq. Umuman olganda, taʼlim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlarini tabaqalanishida asosiy ekanligi asoslab beriladi.

Rindermann, Seyler va Tompsonlar oʻzlarining tadqiqotlarida ijtimoiy taraqqiyotning omillariga eʼtibor qaratib, unda aql va bilimga asoslangan omilni alohida tadqiq etishadi[9]. Ularning xulosasiga koʻra, xalqning (IQ, intelligence quotient – intellekt darajasi) intellekt darajasi koeffitsiyenti bir punktga oshishi YaIMning kishi boshiga 229 AQSh dollarga, eng yuqori intellekt egalarining 5 foizi doirasida esa 468 AQSh dollarga ortishini asoslab berganlar.

Peng va boshqalar oʻzlarining tadqiqotlarida kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil etib chiqishadi[10]. Ular kambagʻallik ehtimolini keltirib chiqaruvchi omillar qatorida quyidagilarni sanab oʻtiladi: qarilik, ayol kishi boʻlish, turmush oʻrtogʻi boʻlmasligi, bir ota yoki bir ona boʻlgan oilada katta boʻlish, ishsizlik, davlat uyida ijarada turish, past savodxonlik va sogʻliq darajasiga ega boʻlish. Shuningdek, oilada nogiron yoki surunkali kasallikka ega boʻlgan odamning boʻlishi. Taʼkidlash lozim, oliy taʼlim olganlik kambagʻallik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga yordam bermoqda.

Fikrimizcha, kambagʻallikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi. Oʻz navbatida, daromadni shakllanishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Bu esa, kambagʻallikni bartaraf etishda asosiy rol oʻynaydi: jumladan, taʼlim tizimini va insonlarni qiziqishi doirasida kasbga yoʻnaltirishni rivojlantirish.

B) Xalqaro tashkilotlarning kambagʻallik kategoriyasiga yondashuvi va mezonlari

Tadqiqotlarimiz davomida kambagʻallikka nisbatan xalqaro tashkilotlar tomonidan yondashuvlarni koʻrib chiqamiz. Jahon banki tomonidan kambagʻallikni aniqlash boʻyicha kunlik daromadning hajmiga nisbatan mezon sifatida milliy daromadning kishi boshiga toʻgʻri kelishi hajmi quyidagicha belgilangan:

  • - xalqaro kambagʻallik chizigʻi 1,9 AQSh dollari;

  • - oʻrtacha daromaddan past (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 1026-3995 AQSh dollar) boʻlgan mamlakat uchun 3,2 AQSh dollari;

  • - oʻrtacha daromaddan yuqori (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 3995-12375 AQSh dollar) boʻlgan mamlakat uchun 5,5 AQSh dollari.

Mazkur mezon 2013 yilda eʼlon qilingan boʻlib, oʻsha davrda 1,25 AQSh dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2015 yilga kelib 1,9 AQSh dollariga koʻtarilgan. Oʻz navbatida, mazkur koʻrsatkichlar mos ravishda 2005 va 2011 yillardagi bazis narxlar bilan kishi boshiga daromad hisoblanishi orqali tadbiq etiladi. 2017 yildan boshlab esa, qoʻshimcha ravishda keyingi ikkita koʻrsatkich ham kiritilgan. Kambagʻallikning xalqaro meʼyori minimal isteʼmolni nazarda tutadi va u keyingi ikkita mezon bilan almashtirilmaydi. Ushbu koʻrsatkich oʻta kambagʻallikni aks ettiradi. Oʻzbekiston oʻrtacha daromaddan past daromadga ega boʻlganligi uchun 3,2 AQSh dollari tavsiya etiladi.

Jahon banki tomonidan 2013 yilda eʼlon qilingan kambagʻallikka qarshi kurash loyihasining maqsadi birinchidan, 2030 yilga borib kambagʻal qatlamni dunyo aholisining 3 foizdan kam boʻlishiga erishish, ikkinchidan, har bir mamlakat aholisining juda kambagʻal qatlami daromadlarini oshirishdan iborat. Umuman olganda, 2030 yilga borib jahondagi kambagʻallik omili bilan yashaydiganlarning 90 foizi Afrika mamlakatlariga toʻgʻri kelishini taʼkidlash lozim.

2015 yilda BMTning 70-Assambleyasida 2030 yilgacha “Barqaror rivojlanish”ning 17 maqsadlari qabul qilindi. Ushbu maqsadlarning birinchisi – “Kambagʻallikni yoʻqotish (No Poverty)” deb nomlangan boʻlib, dunyo mamlakatlarini ushbu omilga qarshi ommaviy kurashga chaqirgan. Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 841-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ilovasining 1-bandida “1-maqsad. Barcha joylarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirish” deb nomlangan. Ushbu bandning vazifalari sifatida belgilangan 7-yoʻnalishda asosiy eʼtibor ijtimoiy himoyaga va gender tengligini taʼminlash hamda mikrokreditlash amaliyotlaridan foydalanish koʻzda tutilgan.

Fikrimizcha, ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning bir qator yoʻnalishida taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan, ayniqsa oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish boʻyicha ustuvorliklar keltirilmagan. Bu esa, jahon olimlari tomonidan asoslangan ilmiy xulosalarni inobatga olinmaganligini anglatadi. Sababi, daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi kam sonli omillarning asosiysi – bu taʼlim ekanligi taʼkidlab oʻtilgan.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD, 2020) tomonidan kambagʻallik darajasiga nisbatan mezonlar tavsiya etilgan. Jumladan, kambagʻallik darajasi – bu maʼlum yoshdagi aholi guruhi daromadlarini uy xoʻjaliklari oʻrtacha daromadining yarmidan kam boʻlgan chegaradan past boʻlishi bilan izohlanadi. Shuningdek, kambagʻallik oraligʻi kategoriyasini ham kiritishadi va bu– kambagʻal qatlamning oʻrtacha daromadi kambagʻallik darajasi mezonidan pastga tushib ketadi. Ushbu kategoriya kambagʻallikni miqyosini aniqlashga yordam beradi. Ushbu koʻrsatkich yosh doirasida aniqlanishi amalga oshiriladi. Yaʼni 18-65 va 65 yoshdan kattalar.

Shu bilan birga, mazkur tashkilot (OECD, 2020) daromadlar tengsizligini baholashda Jini koeffitsiyenti, detsil nisbati kabilardan foydalanishni tavsiya etib oʻtadi.

  1. Tahlil va natijalar muhokamasi.

A) Xorijiy tajriba va tendensiyalar

Rossiyaga gʻarb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar va oxirgi besh yilda neft narxining tushib borishi sababli aholining real daromadlari va isteʼmol narxlari indeksi oshdi. Davlatning strategik maqsadlariga koʻra, 2024 yilga borib kambagʻallik darajasini 12 foizga tushirish rejalashtirilgan. Umuman olganda, joriy davrda 21 mln. yoki 14,3 foiz aholi kambagʻallik chegarasidan pastda istiqomat qilmoqda[11].

A.Karbonel va I.Prag[12] tomonidan Rossiyadagi kambagʻallik miqyosini tahlil qilib oʻrganib chiqishadi. Unga koʻra, 1997-1998 yillarda kam daromadlilik hayotdan qoniqishga nisbatan katta ekanligini aniqlab berishadi. Boshqacha aytganda, insonlar daromadlari kambagʻallik chegarasida boʻlsada, hayotlaridan qoniqish hosil qilish kayfiyati mavjud ekanligi aniqlangan va baholangan.

1-rasm. Oʻzbekiston yirik savdo hamkor davlatlari (Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston)da kambagʻal aholi ulushi, jamida foizda

Manba: Jahon banki

Shu bilan birga, Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, 2000 yilda kambagʻal aholi ulushi Rossiyada 25 foizdan ortiq boʻlgan boʻlsa, 13 foiz atrofiga tushgan. Qozogʻistonda esa, ushbu raqam 45 foizdan 2,5 foizga qadar oʻzgarganligi yoki Xitoyda 2018 yilda 1,7 foizga teng boʻlganligi muhim ahamiyat kasb etadi (1-rasmga qarang).

Shu oʻrinda taʼkidlash lozim, PISA (Programme for International Student Assessment) sinov tizimi – 15 yoshdagilarning savodxonlik darajasi – 2015 yil natijalarida Xitoy oʻqish savodxonligida – 27 oʻrin, matematika savodxonligi – 6 oʻrin va tabiiy fanlar savodxonligi – 10 oʻrinda qayd etilgan. 2018 yilda kelib esa, barcha savodxonlik kategoriyalar boʻyicha 1 oʻrinda qayd etildi. Bu esa, mamlakatda kambagʻallik muammosini bartaraf etishda eng asosiy omil boʻlib xizmat qildi, desak xato boʻlmaydi.

Rossiya tajribaisda esa, ushbu savodxonlik reytingi koʻrsatkichlarida mos ravishda oʻrtacha 2015 yilda 28 oʻrin boʻlgan boʻlsa, 2018 yilga kelib ushbu koʻrsatkich 2-3 oʻringa pastlaganini koʻrish mumkin. Ushbu trend Jahon banki maʼlumotlarida ham kambagʻallik miqyosini sezillarli pasayishi kuzatilmaganligi oʻzaro uygʻunlikni aks ettirib beradi.

Fikrimizcha, kambagʻallikka qarshi kurashda ularni tizimlashtirilgan holda amalga oshirishni demografik nuqtai nazardan guruhlarga ajratgan holda tahlil etilishi muhim hisoblanadi. Bu esa, kambagʻallik statistikasini yanada aniqlashtirishni taqozo etadi.

B) Oʻzbekistondagi tendensiyalar va pandemiyaning taʼsiri

Endi tadqiqotimizda eʼtiborni 2020 yildagi pandemiya natijasidagi iqtisodiy xarakatsizlik inqirozi davrida jahon iqtisodiyoti mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratamiz.

2020 yil jahon iqtisodiyotida yana bir global inqiroz yuz bergan voqeilik sifatida tarixga kirdi. Ushbu inqirozning asosiy jihati xarakatsizlikdir. Ushbu omilning yuzaga kelishi aholining, ayniqsa kam daromadli qatlamning ehtiyojlarini qondirishda muammolarni jadallashtirdi.

Ushbu iqtisodiy murakkablik sharoitida yalpi talabning pasayib ketishi insonlarning isteʼmol xarajatlari emas, balki jamgʻarma hajmlari bilan bevosita bogʻliqligini ham inobatga olish zaruratini koʻrsatib berdi. Bu esa, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, insonlar daromadlarining barcha bosqichlarini mustahkamlash dolzarb ekanligida oʻz ifodasini topdi.

Jumladan, Oʻzbekistondagi axborot portallari Kun.uz va Gazeta.uz tarmoqlari orqali amalga oshirilgan soʻrovnomalar natijalari ham mamlakatimizda aholi daromadlarida jamgʻarmalarning yuqori emasligini koʻrsatib berdi.

Gazeta.uz 2020 yil 2 aprelda oʻtkazgan soʻrovnomada 337000 dan ortiq aholi qatnashgan boʻlib, ularning 36 foizi “jamgʻarmam yoʻq”, 28 foizi “1-2 haftagacha yetadi”, deb javob bergan. Shuningdek, 3-6 oyga yetadi, deb javob bergan aholi 4 foiz atrofida boʻlgan. Shu bilan birga, Kun.uz portali orqali 2020 yil 14 aprel kuni amalga oshirilgan soʻrovnomada 576000 dan ortiq odam ishtirok etgan. Eʼtiborli jihati, undagi natijalar ham boshqa portal orqali oʻtkazilgan soʻrovnomadagi natijalar keskin farq qilmagan. Xususan, ishtirokchilarning 35 foizi “jamgʻarmam yoʻq”, 7 foizi esa, 3 oygacha jamgʻarmalar yetadi, deb javob bergan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda aholi daromadlarining ¼ qismi 10 foiz[13] aholi qoʻlida toʻplanganligi ham daromadlar tengligini taʼminlashning zaruratini keltirib chiqaradi.

Fikrimizcha, aholi asosiy qatlamining daromadlari vaqtinchalik uzilishga uchragan davrda jamgʻarma kategoriyasi muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlash lozim. Bu esa, davlatning zimmasiga katta moliyaviy yukni keltirib chiqarishi mumkin. Oʻz navbatida, byudjetdan aholining isteʼmolini taʼminlashni amalga oshirish byudjet defitsitini oshirishi mumkin.

1-jadval

Oʻzbekiston aholi daromadlarining tarkibi, foizda

Koʻrsatkichlar

2013

2014

2015

2016

2017

2018

Umumiy daromadlar –jami

100,0

100,0

100,0

100,0

100,0

100,0

shu jumladan,

1.

Birlamchi daromadlar

73,0

75,6

83,1

84,0

79,1

76,1

Shundan

1.1.

Ishlab chiqarishdan olingan daromadlar

70,3

73,2

80,8

80,9

75,8

73,0

1.2.

Mol-mulkdan olingan daromadlar

2,8

2,4

2,3

3,1

3,4

3,1

2.

Transfertlardan daromadlar

27,0

24,4

16,9

16,0

20,9

23,9

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari

Aholi daromadlarining ¼ qismi transfertlarga toʻgʻri kelayotganligini koʻrish mumkin (1-jadvalga qarang). Bundan esa, oʻzbekistonliklarning daromadlari tarkibida migrantlar daromadiga bogʻliqlik sezilarli ahamiyatga ega ekanligini koʻrish mumkin. Oʻz navbatida, mazkur holat xorijiy davlatlardagi iqtisodiy holatga bogʻliqlikni oshirishini koʻrsatadi. Pandemiyaning jahonning barcha mamlakatlariga tarqaganini inobatga olsak, oʻzbekistonlik mehnat migrantlari daromadining pasayishi bizdagi daromadlarning pasayishiga taʼsir qilishi tabiiy. 1-jadvalga eʼtibor bersak, mol-mulkdan olinadigan daromadning ulushi 3 foiz atrofida boʻlmoqda. Ushbu holatning ham mavjudligi daromadlarning diversifikatsiya qilinmaganligini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, pandemiya sharoitida daromadlarning pasayishi va jamgʻarmalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qoʻshimcha mablagʻlarni safarbar etishni taqozo etadi. Bu esa, byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablagʻlarini jalb etishga zaruratni keltirib chiqaradi.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5969-sonli Farmonining qabul qilinishi muhim ahamiyagga ega boʻldi. Unga koʻra, hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 mlrd. AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi.

Agar 5 mln. kishi atrofidagi kambagʻal qatlam mavjudligini inobatga olsak, ularning har birining oilasiga oʻrtacha (5 kishi deb tasavur qilsak) 100 AQSh dollaridan taqdim etilganda 100 mln. AQSh dollari kerak boʻladi. Bu esa, kishi boshiga 20 AQSh dolaridan boʻlsa, yana 10 kunlik isteʼmolni taʼminlashi mumkin (agar 1,9 dollarga nisbatan olsak) boʻladi.

Qayd etish lozim, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232 sonli qarori bilan byudjet xarajatlarining 6 trln. soʻm mablagʻ maqbullashtirilishi nazarda tutildi.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib aytganda, Oʻzbekistonda aholiga pul tarqatilishi ehtimoli pastligini va bu amalga oshirilganda ham natija bermasligini anglatmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng kambagʻallikka qarshi choralar natija bermaganligi pandemiya oqibatlarini yanada murakkablashishiga olib kelmoqda. Boshqacha aytganda, iqtisodiy xarakatsizlik davrida aholining kamida 2 oyga yetadigan jamgʻarmalarga ega boʻlishi vaziyatni hozirgidek chuqurlashtirmagan boʻlar edi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda kishi boshiga toʻgʻri keluvchi YaIM hajmi oʻrtacha 1500 AQSh dollari atrofida ekanligini hisobga olsak, bu kuniga oʻrtacha (1500/365 kun) 4,1 AQSh dollariga teng boʻlmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda 2020 yilda YaIMning oʻsishi XVF tomonidan 1,6 foiz boʻlishini prognoz qildi. Mazkur raqamlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, mamlakatimizda Jini koeffitsiyentini barqarorlashtirish zarurligini koʻrsatib beradi.

Kambagʻallikka qarshi kurash natijalari natijasi

2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kramer tomonidan davlatlar va xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechogʻliq natija berayotganligini koʻrsatib berildi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambagʻallikka qarshi kurash natijalari tahlili, bu boradagi tadbirlarni tubdan oʻzgartirish zaruratini isbotlab berdi.

Tadqiqotlarga koʻra, birinchi omil – maktab taʼlimida ikki omil oʻquvchilarning qiziqishi va oʻqituvchilar bilan maʼlum muddatli shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.

Oʻzbekistonda 1991-2019 yillarda maktab taʼlimini raqamlarda koʻrsak, bir maktabga 1991 yilda 543 ta, 2019 yida 623 ta oʻquvchi toʻgʻri kelgan, shuningdek, maktablar soni 1991-2000 yillarda 1169 taga, 2000-2010 yillarda 80 taga va 2010-2019 yillarda 136 taga oshgan[14].

Qayd etish lozim, maktab taʼlimidagi muammolar nafaqat kambagʻallik muammolarini balki, boshqa ijtimoiy-huquqiy muammolarni ham chiqarishi koʻplab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda «Mehr-1» va «Mehr-2» operatsiyalari natijalari tahlil etildi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov oʻzbek ayollarining Iroq va Suriyaga ketgani sabablari haqida toʻxtalib “Eng katta sabab – ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz taʼlim olishgan”, deb taʼkidlab oʻtdi[15].

Ikkinchi omil - sogʻliqni saqlash tizimida insonlarning farzandlari sogʻligʻi uchun investitsiya qilmasliklari yoki uni ortga surib kelishlari salbiy taʼsirga ega ekanligini qayd etishadi. Shu boisdan, bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiyalar doimiylaridan koʻra samarali ekanligini qayd etib oʻtishadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz rahbari taʼkidlab oʻtgan “... bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi[16]” , degan soʻzlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, uchinchi omil sifatida – mikrokreditlash mexanizmi tahlil etiladi. Unga koʻra, mazkur usul kambagʻallikka qarshi kurashda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlanadi.

  1. Xulosa va takliflar.

Olib borilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekistonda kambagʻallikni keltirib chiqarishga sabab boʻlgan muhim sabablar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin, deb oʻylaymiz:

  1. Ijtimoiy sohaning nobaqarorlashuviga olib kelgan jihatlar:

  • - sogʻliqni saqlash tizimida davlat xarajatlarining yetarli emasligi, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatlar taqdim etishda;

  • - maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish miqyosining pastligi;

  • - maktab taʼlimida maktab binolarning “rezina”kabi foydalanilishi bazaviy taʼlimning natijaviyligini tushirib yubordi;

  • - oliy taʼlimning qamrovi 10 foizga yetmasligi katta ulushga ega boʻlgan yoshlarning inson kapitali darajasini pasaytirdi;

  • - ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablagʻlar YaIMga nisbatan 0,25 foiz atrofida boʻlishi.

  1. Mehnatga haq toʻlash kasbga emas, balki lavozimga biriktirilishi, yuqori bilim talab qiluvchi kasblar jozibardorligini yoʻqotdi. Masalan, shifokor va serjant unvonidagi harbiy xizmatchining ish haqidagi sezilarli tafovut.

  2. Elektr taʼminotidagi uzilishlarning davomiyligi quyidagi nobarqarorlikni keltirib chiqardi:

  • - taʼlimning uyda bajariladigan vazifalar qismi oʻzlashtirilmasligiga taʼsir koʻrsatdi;

  • - biznes yuritishga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Masalan, jahon bankining hisobotida, biznes subʼyekti kichiklashib borgani sari elektr taʼminotidan uzilishi kuchayib borishi qayd etilgan[17].

  1. Iqtisodiyotning norasmiy qismini kuchayishi aholi daromadlari hisobini va statistikasini yuritishga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Tadqiqotlar asosida quyidagilarga eʼtibor berish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz:

  1. Aholining kambagʻallik darajasini aniqlashtirish uchun demografik jihatdan guruhlarga ajratish nuqtai nazaridan aniq statistikani shakllantirish va shunga mos tadqiqotlarni amalga oshirish. Bunda, kambagʻallikni aniqlash va baholashda oila aʼzolari soni, savodxonligi, sogʻligi, yoshi, jinsi, tanlagan kasbi kabilarni inobatga olishga imkon yaratish.

  2. Qisqa muddatli davrda eʼtibor berilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar:

  • - Iqtisodiyotdagi ixtisoslashuv nazariyasini (D.Rikardo) insonlarning qobiliyatiga uygʻunlashuvini joriy etish. Buning uchun odamlarning qanday mehnatni amalga oshirishlariga imkoniyat va hohishlari yuqori boʻlishini inobatga olish orqali qiymat yaratish (YaIM)ni yoʻlga qoʻyish. Masalan, pichoq yasaydigan (hunarmad ota-bobosidan oʻrgangan va shu ishni sevib qiladigan) insonga mehant qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratish mexanizmini joriy etish. Agar biz undan boshqa turdagi mehnat qilishni talab etsak yoki u shunga majbur boʻsa iqtisodiy oʻsish va kambagʻallikdan chiqish tendensiyasi yuzaga kelmasligi mumkin;

  • - aholining isteʼmolini arzonlashtirish, yaʼni davlat va “ayrim” tadbirkorlarning monopoliyasini favqulodda tugatish. Buning uchun, iqtisodiyotda raqobat muhitini yaratish lozim boʻladi. Ushbu jarayonda ikki jihatga eʼtibor qaratish lozim boʻladi. birinchidan, milliy (davlat yoki xususiy) ishlab chiqaruvchilarning monopoliyasini shakllanishini kamaytirish. Ikkinchidan, turli iqtisodiy ittifoqlar, jumladan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni jadallashtirish;

  • - elektr taʼminotining uzluksizligini amalga oshirish, muqobil energiyadan foydalanishni jadallashtirish. Buning uchun muqobil (quyosh, shamol kabilar) energiya manbalarini rivojlantirshga eʼtibor qaratish. Shuningdek, ushbu turdagi energiya isteʼmoliga oʻtishda davlat subsidiyalarini joriy etishni rivojlantirish;

  • - xarajatlarni qisqartirish, yaʼni koʻp daromadga ega boʻlmagan sharoitda jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish. Masalan, turli milliy qadriyatlarga asoslangan marosimlarga xarajatlarni kamaytirish;

  • - norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish.

  1. Uzoq muddatli davrga moʻljallangan dasturlarni amalga oshirish doirasida:

  • - profilaktika tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish hajmini va samaradorligini oshirish. Asosan, yosh bolalarning emlash ishlariga eʼtibor berish va aktiv umr faoliyatini rivojlantirish orqali passiv umr koʻrishni qisqartirishga sharoit yaratish;

  • - maktab taʼlimida oʻquvchilarning qiziqishlarini inobatga oladigan holda guruhlarga ajratgan holda taʼlim berish. Bunda, oʻqish va yozish, matematika va tabiiy fanlar kesimida guruhlarni tashkil etishni oʻquvchilarning qanday kasbga (lavozimga emas) qiziqishlari doirasida sinflarga ajratishni joriy etish;

  • - oliy taʼlimni qamrovini oshirish. Bunda, bir turdagi mutaxasislikni tayyorlash bir nechta oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilishi orqali raqobat muhitini yaratish. Oliy taʼlimda shartnoma toʻlovlarini darsga qatnashish uchun emas, balki fan boʻyicha yakuniy imtihonlarda qatnashish huquqini belgilash tamoyili asosida oliy taʼlim muassalarida mustaqil joriy etishga imkon berish. Shuningdek, qabul kvotalarini muassasa sigʻimkorligi asosida mustaqil belgilashni joriy etish;

  • - “kichik biznesdan-yirik biznesga” gʻoyasini iqtisodiyotda joriy etish. Bunda, bir ishchi oʻrin uchun xarajatlar hajmi yirik biznesda kichik biznesga nisbatan kam ekanligini inobatga olish. Shu bilan birga, yirik biznes mamlakat eksport salohiyatini oshirishdagi asosiy omillardan biri hisobalanadi.

  • - yuqori ilmiy sigʻimkor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish. Bunda tadqiqotlarni natijalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish uchun venchur fondlari faoliyatini shakllantirish. Xususiy sektorning tadqiqotlarni moliyalashtirishga qaratilgan faoliyatini amalga oshirishga shart-sharoit yaratish;

  • - mehnat migrantlarini emas, balki mehnat mahsulini eksport qilish tamoyilini amalga oshirish. Bunda, inson salohiyati (aqli-ilmi yaratuvchanlikning asosi) tuganmas resurs ekanligini va aksincha inson mehnat qilishining jismoniy imkoniyati oʻrtacha 30-35 yil ekanligini inobatga olinishi zarur. Shu nuqtai nazardan, inson kapitaliga investitsiyalar uzoq muddatli davrda barqaror natijalarni berishi muqarrarligiga ishonish.

Nodir Jumayev, i.f.d., prof., Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Dilshodjon Raxmonov, i.f.d., dots., Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi

Izoh:

1 Research to help the worldʼs poor. https://www.nobelprize.org/uploads/2019/10/popular-economicsciencesprize 2019-2.pdf

2 Jumayev N.X., Rahmonov D.A. Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik. 2020 yil 3 aprel. Manba: https://www.review.uz/

3 Popkin, B.M., A.K. Baturin, M. Mozhina, T. Mroz, S. Annu, I. Dmitrichev, E. Glinskaya and M. Lokshin: 1996, The Russian Federation Subsistence Income Level: The development of regional food baskets and other methodological improvements (Report to the Russian federation and also the World Bank).

4 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618

5 Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePEc

6The Population of Poverty USA. https://www.povertyusa.org/facts

7 Poverty in the United Stateshttps://www.debt.org/faqs/americans-in-debt/poverty-united-states/

8 Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf

9 Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisoblangan.

10 Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar boʻyicha oʻrganish natijalari maʼlum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi

11 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618

12 Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePE

13 Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf

14 Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisoblangan.

15 Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar boʻyicha oʻrganish natijalari maʼlum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi

16 Tarixda ilk marta «yopiq mavzu» boʻlgan qambagʻallikni qisqartirish uchun kurash boshlandi https://review.uz/uz/post/tarixda-ilk-marta-yopiq-mavzu-bolgan-qambagallikni-qisqartirish-uchun-kurash-boshlandi

17 World Bank. 2020. Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.

[1]Research to help the worldʼs poor. https://www.nobelprize.org/uploads/2019/10/popular-economicsciencesprize 2019-2.pdf

[2] Popkin, B.M., A.K. Baturin, M. Mozhina, T. Mroz, S. Annu, I. Dmitrichev, E. Glinskaya and M. Lokshin: 1996, The Russian Federation Subsistence Income Level: The development of regional food baskets and other methodological improvements (Report to the Russian federation and also the World Bank).

[3] Sidorchuk I.B. (2010) Kriterii bednosti i pokazateli yeye opredeleniya. https://cyberleninka.ru/article/n/kriterii-bednosti-i-pokazateli-ee-opredeleniya/viewer

[4] Sazanov I.S. (2012) Bednost: Natsionalnie i mejdunarodnie kriterii//Chelyabinskiy gumanitariy. -№3(20). – S.80-84.

[5] Majeed M.T., Malik M.N. (2015) Determinants of Household Poverty: Empirical Evidence from Pakistan. he Pakistan Development Review 54:4, Part II (Winter ) pp. 701–718

[6] Milton Friedman A. (1957) Theory of the Consumption Function. Princeton, N.J. Princeton University Press.

[7] Stachle H. Ability, (1943) Wages and Income. Review of Economics and Statistics, XXV, February, pp. 77-87.

[8] Mincer, J. (1958) Investment in Human Capital and Personal Income Distribution. TheJournal of Political Economy 281–302.https://www.jstor.org/stable/1827422?read-now=1&refreqid=excelsior%3Ad2f165a96877f753b910571c7cf28284&seq=1#page_scan_tab_contents

[9] Rindermann H., Sailer M., Thompson J. (2009) The impact of smart fractions, cognitive ability of politiciansand average competence of peoples on social development//Talent Development & Excellenc. - №1(1). - pp.3-25.

[10] Peng, C., Fang, L., Wang, J.S. et al. (2019) Determinants of Poverty and Their Variation Across the Poverty Spectrum: Evidence from Hong Kong, a High-Income Society with a High Poverty Level. Soc Indic Res 144, 219–250. https://doi.org/10.1007/s11205-018-2038-5

[11] 21M Russians Live in Poverty, Official Data Says. July 30, 2019. https://www.themoscowtimes.com/2019/07/30/21m-russians-live-in-poverty-official-data-says-a66618

[12] Ada Ferrer-I-Carbonell and Bernard M.S. Van Praag Poverty in Russia. Journal of Happiness Studies· February 2001. pp. 147-172. DOI: 10.1023/A:1011560530411 · Source: RePEc

[13]Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf

[14]Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisoblangan.

[15]Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar boʻyicha oʻrganish natijalari maʼlum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi

[16]Tarixda ilk marta "yopiq mavzu" boʻlgan qambagʻallikni qisqartirish uchun kurash boshlandi https://review.uz/uz/post/tarixda-ilk-marta-yopiq-mavzu-bolgan-qambagallikni-qisqartirish-uchun-kurash-boshlandi

[17] World Bank. 2020. Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ