| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar20 daqiqada oʻqiladi

Makraiqtisodiyot muammosi: Kambagʻallik yoki pandemiya

Pandemiya sharoitida daromadlarning pasayishi va jamgʻarmalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qoʻshimcha mablagʻlarni safarbar etishni taqozo etadi. Bu esa, byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablagʻlarini jalb etishga zaruratni keltirib chiqaradi, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev. Shshuningdek, professor N.Jumayev olib borilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekistonda kambagʻallikni keltirib chiqarishga sabab boʻlgan muhim sabablarni keltirib oʻtdi.

Makraiqtisodiyot muammosi: Kambagʻallik yoki pandemiya

Makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashning muhim jihatlaridan biri – bu iqtisodiy inqirozlar davrida barqarorlikni taʼminlashga muvaffaq boʻlishdir. 2020 yilning birinchi choragi davrida yuzaga kelgan pandemiya jarayoni iqtisodiy barqarorlikni jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda. Ushbu inqirozning oldingi inqirozlardan faqrli jihati – bu yalpi talab va yalpi taklifning bir paytda inqirozga uchrashi bilan izohlanadi. Oldingi inqiroz davrlarida yoki talab, yoki taklif inqirozga uchraganini taʼkidlash lozim.

Oxirgi 20 yillikda insonlarning yashash standartlari sezilarli darajada ortdi. Qashshoq mamlakatlarda YAIMning kishi boshiga toʻgʻri kelishi 2 barobarga koʻpaydi. 1995 yildan buyon bolalar oʻlimi ikki hissa kamayib, maktabga qatnovchilar soni 56 foizdan 80 foizga oʻzgardi. Shunday boʻlsada, 700 mln. odam past daromad bilan qolmoqda. Har yili 5 yoshga toʻlmagan 5 mln. bolalar vafot etmoqda va ularning aksariyatiga sifatsiz tibbiy xizmatlar koʻrsatilgan. Qolaversa, dunyo bolalarining yarmi maktablarni oʻqish va sanashni bilmasdan bitirib ketmoqda[1].

Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari real xavflarni keltirib chiqaradi

Eʼtibor berish kerak, har yili 5 mln. bolalar vafot etmoqda. Hozirgi pandemiyada zararlanganlarning soni 2,5 mln.ga yaqinlashdi. Shu oʻrinda, tabiiy savol tugʻiladi, qaysi koʻrsatkich makroiqtisodiy muvozanatni koʻproq izdan chiqarmoqda?

Bizningcha, inqirozning bu kabi tus olishi birinchi navbatda – iqtisodiy xarakatsizlikning vujudga kelishi bilan bogʻliq. Bu esa, insonlarning daromadlar olishidan butunlay yoki qisman mahrum boʻlishi holatlarini yuzaga kelishiga taʼsir koʻrsatdi. Natijada, insonlarning jamgʻarmalariga boʻlgan murojaatni vujudga keltirdi.

Umuman olganda, iqtisodiyotda maʼlumki, insonlar daromadlari uch bosqichni bosib oʻtadi. Bular – isteʼmol, jamgʻarish va investitsiya davrini oʻzida aks ettiradi. Shu nuqtai nazardan, insonlar daromadi inqiroz davrida muhim kategoriya sifatida gavdalanadi. Bu esa, kambagʻallik omilini oʻrganishga boʻlgan zaruratni keltirib chiqaradi.

Biz mazkur tadqiqotimiz davomida kambagʻallik kategoriyasini inqiroz davridagi tendensiyasini tahlil qilishga va xulosalar shakllantirishga harakat qilamiz. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi tadqiqot savollariga javob topish muhim hisoblanadi, deb oʻylaymiz.

  1. Kambagʻallikni oʻlchashning qanday iqtisodiy mezonlari mavjud?

  2. Inqiroz davrida kambagʻallik qanday muammolarni keltirib chiqarmoqda?

  3. Oʻzbekistonda kambagʻallikni bartaraf etishda qanday choralar qoʻllash maqsadga muvofiq?

Kambagʻallik kategoriyasiga nisbatan Oʻzbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 24 yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda.

Dunyo boʻyicha koronavirus bilan bogʻliq noaniqlik rekord darajada yuqori

2020 yilda qarz inqirozidan oʻzgacha tusga ega boʻlgan, boshlanishidan iqtisodiy xususiyat kasb etmagan inqiroz omili – bu pandemiya ekanligini kuzatishga toʻgʻri kelmoqda. Natijada, iqtisodiy qulashlarning yuz berishi boʻyicha ayrim signallar vujudga kelmoqda. Bulardan asosiysi “iqtisodiy taʼtil”larning yuz berishidir. Boshqacha aytganda, yalpi isteʼmolning tushib ketishi va yalpi taklifning toʻxtalishi bilan bevosita bogʻliqdir. Mazkur iqtisodiy inqirozning eng asosiy belgisi sifatida – iqtisodiy harakatsizlikni keltirish mumkin. Bu sharoitda, davlatlarning eng asosiy vazifasi ­-­ minimal iqtisodiy harakatni taʼminlab turishdan iborat boʻlishi lozim[2].

Baʼzi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb oʻylaydi. Bu – bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermaydi.

Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir”, deb taʼkidlab oʻtdilar.

Adabiyotlar sharhi

A) Xalqaro va mahalliy olimlar qarashlari

Umuman olganda, kambagʻallikni mezonlari ikkita yondashuv orqali amalga oshirilgan. Birinchisi, olimlar tomonidan asoslangan nazariy jihatlar, ikkinchisi xalqaro moliya institutlari tomonidan daromadlarni tabaqalashtirish orqali aiiqliklar kiritilgan.

Rus olimlaridan Sidorchuk (2010) quyidagi mezonlardan foydalangan holda kambagʻallikni aniqlashni taklif etadi: yashash joyining boʻlishi, toʻlaqonli ovqatlanish va ichimlik suviga egalik, minimal taʼlim olish imkoniyati va sogʻliqni saqlash imkoniyati. Sazanov (2012) kambagʻallikni absolyut va nisbiy darajalarda boʻladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, u kambagʻallik kategoriyasi dastlab XIX asrning oxirlari XX asrning boshlanishida ingliz sotsiologlari S.Rountri va Ch.Buta tomonidan fanga olib kirilganligiga eʼtibor qaratadi. Ushbu olimlar yashash minimumi – kambagʻallik/daromad chegarasini fanga olib kirishadi. Ekspertlar ushbu holatda oziq-ovqat, kiyimlar va yashash sharoiti boʻlishini mezonlar sifatida taʼkidlashadi. Ushbu mezonlarga javob bera olmaslik esa, absolyut kambagʻallikni anglatishini qayd etib oʻtadi.

Kosharnaya va Karimova (2018) oʻzlarining maqolalarida ushbu kategoriyaga quyidagicha yondashuvni bayon qilishadi. Unga koʻra, aholining hayot farovonligiga erishishi va uni turli kategoriyalar orqali aniqlashni taklif etadi: 1) farovonlik – jismoniy va intellektual imkoniyatlardan toʻliq foydalanish orqali insonni har tomonlama rivojlanishi; 2) kambagʻallik – isteʼmol miqdorini saqlab qolinishi va mehnatga layoqatli boʻlish; 3) qashshoqlik – isteʼmolning minimal darajasi boʻlib insonning biologik imkoniyatlarigina taʼminlanishini anglatadi.

Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik

Bizningcha, yuqoridagi ilmiy xulosalarda kambagʻallikni aniqlashga qaratilgan yondashuvlar keltirildi. Ularda asosiy eʼtibor hayot darajasini belgilab beruvchi omillar – yashash sharoiti, ovqatlanish va kiyim bilan taʼminlanganlik kabi jihatlarga qaratildi. Bu esa, ushbu tovar va xizmatlarni sotib olish uchun minimal daromad darajasini belgilashning zaruratini keltirib chiqaradi.

Xorijiy olimlardan pokistonlik Majid va Malik (2015) tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotda kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga savodxonlik darajasini ham kiritadi. Bunda oila xoʻjaligining kambagʻallikka tushib qolishiga oila boshligʻining tajribasi, yoshi, jinsi va bandligi kabi omillar taʼsir qilishini keltirib oʻtadi. Shuningdek, oila boshligʻi sifatida ayol kishi boʻlishi kambagʻallikni keltirib chiqarishga koʻproq taʼsir qiladi, degan gʻoyani ilgari suradi. Sababi, ayollarni taʼlim olishga va daromad topishdagi imkoniyatlari yuqori emasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotlar asosida birinchidan, taʼlim olganlik darajasi bilan kambagʻallik teskari proporsional ekanligi, ikkinchidan, qishloq joylarda pul oʻtkazmalariga ega boʻlganlar kambagʻallikka kamroq tushishayotganligi, uchinchidan shaharlashib borish kambagʻallikni pasaytirishini va qishloq hududi esa, oshishiga olib kelishini qayd etib oʻtadi. Oʻz navbatida, tajriba, yosh va qishloq xoʻjaligida band boʻlish kambagʻallikni keltirib chiqarmasligini asoslab beradi.

AQShda monetar siyosatning samarali amalga oshirilishi asoschilaridan biri Fridmen (1957) daromadlarning notengligi omillari statistik taqsimotni aniq koʻrsatmasligini taʼkidlaydi. Uning fikriga koʻra, isteʼmol jihatidan daromadlarning taqsimoti ularni yuzaga keltiruvchi sabablarga bogʻliq va u buni asoslab beradi. Daromadlarning notengligiga sabablardan biri insonlarning qobiliyati teng taqsimlanmaganligi sababli ushbu tendensiya yuzaga kelganligini taʼkidlagan olimlardan – biri Stakle (1943) hisoblanadi. Shu oʻrinda, Fordning muhim bir iborasini eslash lozim. “Eng zoʻr ish – bu yuqori haq toʻlanadigan xobbi” deb taʼkidlab oʻtganligi inson qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirilishi lozimligi va savodxonlikni shu yoʻnalishda rivojlantirish kerakligini oʻzida aks ettiradi.

Minser (1958) inson kapitaliga investitsiyalar va daromadlarning tengsizligi omillarini aniqlagan va ularni baholagan. Insonlar daromadining notengligi inson kapitaliga qilingan investitsiyalarga bogʻliq ekanligi va investitsiya jarayoni erkin tanlovga asoslanishini qayd etib oʻtadi. Uning fikriga koʻra, katta maosh koʻp oʻrganishni talab etadi. Shu boisdan, kasblararo farq ularni oʻrganishdagi farqlar bilan izohlanadi va oʻrganish muddatlaridagi oʻzaro absolyut farq yillik daromaddagi foizli farqlarni keltirib chiqaradi. Bir kasbning bir necha egalari daromadlari oʻrtasidagi farq inson kapitali tajribasiga qilingan investitsiya muddatining uzaytirilganligi bilan bogʻliq. Umuman olganda, taʼlim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlarini tabaqalanishida asosiy ekanligi asoslab beriladi.

Odamlar pandemiyaga qarshi jipslasha olishmasa, u qancha davom etishi mumkin?

Rindermann, Seyler va Tompsonlar (2009) oʻzlarining tadqiqotlarida ijtimoiy taraqqiyotning omillariga eʼtibor qaratib, unda aql va bilimga asoslangan omilni alohida tadqiq etishadi. Ularning xulosasiga koʻra, xalqning (IQ, intelligence quotient – intellekt darajasi) intellekt darajasi koeffitsiyenti bir punktga oshishi YAIMning kishi boshiga 229 AQSH dollarga, eng yuqori intellekt egalarining 5 foizi doirasida esa 468 AQSH dollarga ortishini asoslab berganlar.

Peng va boshqalar (2019) oʻzlarining tadqiqotlarida kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil etib chiqishadi. Ular kambagʻallik ehtimolini keltirib chiqaruvchi omillar qatorida quyidagilarni sanab oʻtadi: qarilik, ayol kishi boʻlish, turmush oʻrtogʻi boʻlmasligi, bir ota yoki bir ona boʻlgan oilada katta boʻlish, ishsizlik, davlat uyida ijarada turish, past savodxonlik va sogʻliq darajasiga ega boʻlish. Shuningdek, oilada nogiron yoki surunkali kasallikka ega boʻlgan odamning boʻlishi. Taʼkidlash lozim, oliy taʼlim olganlik kambagʻallik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga yordam bermoqda.

Oʻzbekistonlik olimlardan Xasanov va Usmonov (2020) oʻzlarining tadqiqot xulosalarida “Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash haqida gapirganda, turli mintaqalarda, shahar yoki qishloqlarda yashaydigan turli yoshdagi odamlar, erkaklar va ayollar uchun kambagʻallikning sabablari juda farq qilishini hisobga olishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan, qashshoqlikka qarshi kurash juda murakkab va koʻp qirrali vazifadir. Shu munosabat bilan, muhtoj odamlarga toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy yoki natura tarzida yordam koʻrsatish orqali qashshoqlik muammosini hal qilishda jiddiy ijobiy natijaga erishish mumkin emasligi ayon boʻladi. Albatta, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash zarur, ammo kambagʻallikning turli xil sabablarini hisobga olgan holda, unga qarshi kurashda har qanday muhim yutuqlarga odamlar oʻzlarining moddiy muammolarini mustaqil hal eta oladigan va oʻzlarini zarur daromadlari bilan taʼminlaydigan sharoitlar yaratilgandagina erishish mumkin”, deb taʼkidlab oʻtishadi.

Mustafaqulov (2020) oʻzining maqolasida kambagʻallikka nisbatan yondashuvni bayon etib, Oʻzbekistonda uni bartaraf etish uchun “Kambagʻallik holatida yoki chegarasida yashayotgan aholi qatlamini qashshoqlikdan chiqarish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va aholi tomorqalaridan maqsadli foydalanishda mikroklaster tuzilmalarini yaratish maqsadga muvofiqdir”, deb taʼkidlab oʻtadi.

Fikrimizcha, kambagʻallikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi. Oʻz navbatida, daromadni shakllanishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Bu esa, kambagʻallikni bartaraf etishda asosiy rol oʻynaydi: jumladan, taʼlim tizimini va insonlarni qiziqishi doirasida kasbga yoʻnaltirishni rivojlantirish.

B) Xalqaro tashkilotlarning kambagʻallik kategoriyasiga yondashuvi va mezonlari

Tadqiqotlarimiz davomida kambagʻallikka nisbatan xalqaro tashkilotlar tomonidan yondashuvlarni koʻrib chiqamiz. Jahon banki tomonidan kambagʻallikni aniqlash boʻyicha kunlik daromadning hajmiga nisbatan mezon sifatida milliy daromadning kishi boshiga toʻgʻri kelishi hajmi quyidagicha belgilangan:

Mazkur mezon 2013 yilda eʼlon qilingan boʻlib, oʻsha davrda 1,25 AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2015 yilga kelib 1,9 AQSH dollariga koʻtarilgan. Oʻz navbatida, mazkur koʻrsatkichlar mos ravishda 2005 va 2011 yillardagi bazis narxlar bilan kishi boshiga daromad hisoblanishi orqali tadbiq etiladi. 2017 yildan boshlab esa, qoʻshimcha ravishda keyingi ikkita koʻrsatkich ham kiritilgan. Kambagʻallikning xalqaro meʼyori minimal isteʼmolni nazarda tutadi va u keyingi ikkita mezon bilan almashtirilmaydi. Ushbu koʻrsatkich oʻta kambagʻallikni aks ettiradi. Oʻzbekiston oʻrtacha daromaddan past daromadga ega boʻlganligi uchun 3,2 AQSH dollari tavsiya etiladi.

Jahon banki tomonidan 2013 yilda eʼlon qilingan kambagʻallikka qarshi kurash loyihasining maqsadi birinchidan, 2030 yilga borib kambagʻal qatlamni dunyo aholisining 3 foizdan kam boʻlishiga erishish, ikkinchidan, har bir mamlakat aholisining juda kambagʻal qatlami daromadlarini oshirishdan iborat.

Umuman olganda, 2030 yilga borib jahondagi kambagʻallik omili bilan yashaydiganlarning 90 foizi Afrika mamlakatlariga toʻgʻri kelishini taʼkidlash lozim (1-rasmga qarang).

1-rasm. 2030 yilda juda kambagʻallikning shakllanish miqyosi, ulushlarda

Manba: Jahon banki maʼlumotlari

2015 yilda BMTning 70-Assambleyasida 2030 yilgacha “Barqaror rivojlanish”ning 17 maqsadlari qabul qilindi. Ushbu maqsadlarning birinchisi – “Kambagʻallikni yoʻqotish (No Poverty)” deb nomlangan boʻlib, dunyo mamlakatlarini ushbu omilga qarshi ommaviy kurashga chaqirgan. Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 841-sonli qarori qabul qilindi.

Raqamli iqtisodiyot nega kerak va u nima beradi?

Mazkur qaror ilovasining 1-bandida “1-maqsad. Barcha joylarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirish” deb nomlangan. Ushbu bandning vazifalari sifatida belgilangan 7-yoʻnalishda asosiy eʼtibor ijtimoiy himoyaga va gender tengligini taʼminlash hamda mikrokreditlash amaliyotlaridan foydalanish koʻzda tutilgan.

Fikrimizcha, ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning biror yoʻnalishida taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan, ayniqsa oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish boʻyicha ustuvorliklar keltirilmagan. Bu esa, jahon olimlari tomonidan asoslangan ilmiy xulosalarni inobatga olinmaganligini anglatadi. Sababi, daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi kam sonli omillarning asosiysi – bu taʼlim ekanligi taʼkidlab oʻtilgan.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD, 2020) tomonidan kambagʻallik darajasiga nisbatan mezonlar tavsiya etilgan. Jumladan, kambagʻallik darajasi – bu maʼlum yoshdagi aholi guruhi daromadlarini uy xoʻjaliklari oʻrtacha daromadining yarmidan kam boʻlgan chegaradan past boʻlishi bilan izohlanadi. Shuningdek, kambagʻallik oraligʻi kategoriyasini ham kiritishadi va bu– kambagʻal qatlamning oʻrtacha daromadi kambagʻallik darajasi mezonidan pastga tushib ketadi. Ushbu kategoriya kambagʻallikni miqyosini aniqlashga yordam beradi. Ushbu koʻrsatkich yosh doirasida aniqlanishi amalga oshiriladi. Yaʼni 18-65 va 65 yoshdan kattalar.

Shu bilan birga, mazkur tashkilot (OECD, 2020) daromadlar tengsizligini baholashda Jini koeffitsiyenti, detsil nisbati kabilardan foydalanishni tavsiya etib oʻtadi.

Tahlil va natijalar muhokamasi.

A) Xorijiy tajriba va tendensiyalar

Kambagʻallikni mamlakatdagi oʻrtacha daromadga nisbatan aniqlanganda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 18-65 yosh orasidagi daromadlarning taqsimlanishi jami taqsimlanish bilan bir darajada shakllanganligini koʻrish mumkin. Daniya, Vengriya, Niderlandiya, Fransiya kabi mamlakatlarda esa, 65 yoshdan katta boʻlganlarda kambagʻallik miqyosi yanada qisqarayotganligini koʻrish mumkin. Avstriya, Belgiya, Germaniya va Portugaliya kabi mamlakatlarda esa, yosh guruhida va jami doirasidagi farqning umuman yoʻqligini kuzatish mumkin (2-rasmga qarang). Fikrimizcha, ushbu mamlakatlarda daromadlarni teng taqsimoti – birinchi navbatda, inson kapitali yuqori ekanligi, ikkinchidan, yashirin iqtisodiyot ulushining kamligidir.

2-rasm. Yevropa Ittifoqi davlatlarida kambagʻallik darajasi (OECD, 2020)

Masalan, AQShda 2018 yil uchun kambagʻallik chegarasi oilada bir kishiga 12784 dollar, ikki kishiga 16247 dollar boʻlsa, 9 kishilikda 51393 (oʻrtacha 5710) dollarni tashkil etgan. Demografik nuqtai nazardan, kambagʻallik quyidagicha koʻrinishga ega: erkaklarda 10,6 foiz, ayollarda 12,9 foiz, yosh oilalarning 4,7 foizi, oilada ota-onalarning faqat birining boʻlishi, agar u erkak boʻlsa 12,7, ayol kishi boʻlsa 24,9 foizni tashkil etgan. Nogironligi boʻlganlarning 25,7 foizi kambagʻallikda kun kechirmoqda[3]. Kambagʻallikning asosiy nuqtalari sanoat chiqib ketgan yoki umuman boshlanmagan hududlar hissasiga toʻgʻri kelishini taʼkidlash lozim[4].

Fikrimizcha, kambagʻallikka qarshi kurashda ularni tizimlashtirilgan holda amalga oshirishni demografik nuqtai nazardan guruhlarga ajratgan holda tahlil etilishi muhim hisoblanadi. Bu esa, kambagʻallik statistikasini yanada aniqlashtirishni taqozo etadi.

B) Oʻzbekistondagi tendensiyalar va pandemiyaning taʼsiri

Endi tadqiqotimizda eʼtiborni 2020 yildagi pandemiya natijasidagi iqtisodiy xarakatsizlik inqirozi davrida jahon iqtisodiyoti mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratamiz.

2020 yil jahon iqtisodiyotida yana bir global inqiroz yuz bergan voqeilik sifatida tarixga kirdi. Ushbu inqirozning asosiy jihati xarakatsizlikdir. Ushbu omilning yuzaga kelishi aholining, ayniqsa kam daromadli qatlamning ehtiyojlarini qondirishda muammolarni jadallashtirdi.

Ushbu iqtisodiy murakkablik sharoitida yalpi talabning pasayib ketishi insonlarning isteʼmol xarajatlari emas, balki jamgʻarma hajmlari bilan bevosita bogʻliqligini ham inobatga olish zaruratini koʻrsatib berdi. Bu esa, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, insonlar daromadlarining barcha bosqichlarini mustahkamlash dolzarb ekanligida oʻz ifodasini topdi.

Jumladan, Oʻzbekistondagi axborot portallari Kun.uz va Gazeta.uz tarmoqlari orqali amalga oshirilgan soʻrovnomalar natijalari ham mamlakatimizda aholi daromadlarida jamgʻarmalarning yuqori emasligini koʻrsatib berdi.

Gazeta.uz 2020 yil 2 aprelda oʻtkazgan soʻrovnomada 337000 dan ortiq aholi qatnashgan boʻlib, ularning 36 foizi “jamgʻarmam yoʻq”, 28 foizi “1-2 haftagacha yetadi”, deb javob bergan. Shuningdek, 3-6 oyga yetadi, deb javob bergan aholi 4 foiz atrofida boʻlgan. Shu bilan birga, Kun.uz portali orqali 2020 yil 14 aprel kuni amalga oshirilgan soʻrovnomada 576000 dan ortiq odam ishtirok etgan. Eʼtiborli jihati, undagi natijalar ham boshqa portal orqali oʻtkazilgan soʻrovnomadagi natijalar keskin farq qilmagan. Xususan, ishtirokchilarning 35 foizi “jamgʻarmam yoʻq”, 7 foizi esa, 3 oygacha jamgʻarmalar yetadi, deb javob bergan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda aholi daromadlarining ¼ qismi 10 foiz[5] aholi qoʻlida toʻplanganligi ham daromadlar tengligini taʼminlashning zaruratini keltirib chiqaradi.

1-jadval:

Fikrimizcha, aholi asosiy qatlamining daromadlari vaqtinchalik uzilishga uchragan davrda jamgʻarma kategoriyasi muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlash lozim. Bu esa, davlatning zimmasiga katta moliyaviy yukni keltirib chiqarishi mumkin. Oʻz navbatida, byudjetdan aholining isteʼmolini taʼminlashni amalga oshirish byudjet defitsitini oshirishi mumkin.

Aholi daromadlarining ¼ qismi transfertlarga toʻgʻri kelayotganligini koʻrish mumkin (1-jadvalga qarang). Bundan esa, oʻzbekistonliklarning daromadlari tarkibida migrantlar daromadiga bogʻliqlik sezilarli ahamiyatga ega ekanligini koʻrish mumkin. Oʻz navbatida, mazkur holat xorijiy davlatlardagi iqtisodiy holatga bogʻliqlikni oshirishini koʻrsatadi. Pandemiyaning jahonning barcha mamlakatlariga tarqaganini inobatga olsak, oʻzbekistonlik mehnat migrantlari daromadining pasayishi bizdagi daromadlarning pasayishiga taʼsir qilishi tabiiy. 1-jadvalga eʼtibor bersak, mol-mulkdan olinadigan daromadning ulushi 3 foiz atrofida boʻlmoqda. Ushbu holatning ham mavjudligi daromadlarning diversifikatsiya qilinmaganligini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, pandemiya sharoitida daromadlarning pasayishi va jamgʻarmalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qoʻshimcha mablagʻlarni safarbar etishni taqozo etadi. Bu esa, byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablagʻlarini jalb etishga zaruratni keltirib chiqaradi.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5969-sonli Farmonining qabul qilinishi muhim ahamiyagga ega boʻldi. Unga koʻra, hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 mlrd. AQSH dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi.

Agar 5 mln. kishi atrofidagi kambagʻal qatlam mavjudligini inobatga olsak, ularning har birining oilasiga oʻrtacha (5 kishi deb tasavur qilsak) 100 AQSH dollaridan taqdim etilganda 100 mln. AQSH dollari kerak boʻladi. Bu esa, kishi boshiga 20 AQSH dolaridan boʻlsa, yana 10 kunlik isteʼmolni taʼminlashi mumkin (agar 1,9 dollarga nisbatan olsak) boʻladi.

Qayd etish lozim, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232 sonli qarori bilan byudjet xarajatlarining 6 trln. soʻm mablagʻ maqbullashtirilishi nazarda tutildi.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib aytganda, Oʻzbekistonda aholiga pul tarqatilishi ehtimoli pastligini va bu amalga oshirilganda ham natija bermasligini anglatmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng kambagʻallikka qarshi choralar natija bermaganligi pandemiya oqibatlarini yanada murakkablashishiga olib kelmoqda. Boshqacha aytganda, iqtisodiy xarakatsizlik davrida aholining kamida 2 oyga yetadigan jamgʻarmalarga ega boʻlishi vaziyatni hozirgidek chuqurlashtirmagan boʻlar edi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda kishi boshiga toʻgʻri keluvchi YAIM hajmi oʻrtacha 1500 AQSH dollari atrofida ekanligini hisobga olsak, bu kuniga oʻrtacha (1500/365 kun) 4,1 AQSH dollariga teng boʻlmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda 2020 yilda YAIMning oʻsishi XVF tomonidan 1,6 foiz boʻlishini prognoz qildi. Mazkur raqamlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, mamlakatimizda Jini koeffitsiyentini barqarorlashtirish zarurligini koʻrsatib beradi.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston oʻzining iqtisodiy mustaqilligi davrida kambagʻallikka qarshi choralar koʻrmaganmi? degan savol tugʻilishi tabiiy. Mamlakatimizda kam daromadli oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, arzon kreditlar taqdim etish, yakka tadbirkorlikni rivojlantirish kabi chora-tadbirlar shular jumlasiga kiradi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 44-sonli qarori qabul qilingan. Vaholanki, ushbu hujjat doirasida moddiy yordamning hajmi katta boʻlmagan yoki muddati qisqa boʻlgan. Umuman olganda, mazkur moddiy yordam joriy isteʼmolni taʼminlagan boʻlib, qoʻshimcha qiymat yaratilishiga sharoitni yaratmagan. Boshqacha aytganda, tor doiragi yalpi talab davlat tomonidan ragʻbatlantirib turilgan. Mazkur turdagi nafaqalarni oluvchilar 595000tani tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5978-sonli farmoni bilan amaldagi toʻlovlar saqlab qolindi va uni moliyalashtirish Inqirozga qarshi choralar jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilishi belgilandi.

Kambagʻallikka qarshi kurash natijalari natijasi

2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kramer tomonidan davlatlar va xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechogʻliq natija berayotganligini koʻrsatib berildi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambagʻallikka qarshi kurash natijalari tahlili, bu boradagi tadbirlarni tubdan oʻzgartirish zaruratini isbotlab berdi.

Tadqiqotlarga koʻra, birinchi omil – maktab taʼlimida ikki omil oʻquvchilarning qiziqishi va oʻqituvchilar bilan maʼlum muddatli shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.

Oʻzbekistonda 1991-2019 yillarda maktab taʼlimini raqamlarda koʻrsak, bir maktabga 1991 yilda 543 ta, 2019 yida 623 ta oʻquvchi toʻgʻri kelgan, shuningdek, maktablar soni 1991-2000 yillarda 1169 taga, 2000-2010 yillarda 80 taga va 2010-2019 yillarda 136 taga oshgan[6].

Qayd etish lozim, maktab taʼlimidagi muammolar nafaqat kambagʻallik muammolarini balki, boshqa ijtimoiy-huquqiy muammolarni ham chiqarishi koʻplab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda «Mehr-1» va «Mehr-2» operatsiyalari natijalari tahlil etildi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov oʻzbek ayollarining Iroq va Suriyaga ketgani sabablari haqida toʻxtalib “Eng katta sabab – ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz taʼlim olishgan”, deb taʼkidlab oʻtdi[7].

Ikkinchi omil - sogʻliqni saqlash tizimida insonlarning farzandlari sogʻligʻi uchun investitsiya qilmasliklari yoki uni ortga surib kelishlari salbiy taʼsirga ega ekanligini qayd etishadi. Shu boisdan, bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiyalar doimiylaridan koʻra samarali ekanligini qayd etib oʻtishadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz rahbari taʼkidlab oʻtgan “... bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi[8]” degan soʻzlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini qayd etish lozim.

Peykarjo, Gollu va Shaxrivarlar (2011) MDH (Oʻzbekiston) mamlakatlarida 2001-2009 yillarda sogʻliqni saqlash va iqtisodiy oʻsish oʻrtasidagi bogʻliqni tadqiq etadilar. Ularning xulosasiga koʻra, oʻrta yoshdagilarning oʻrtacha umr koʻrishi bilan iqtisodiy oʻsish oʻrtasida ijobiy bogʻliqlik mavjudligini qayd etadi. Jumladan, real YAIM, YAIMga nisbatan investitsiyalar, iqtisodiyotning ochiqligi, yoshlarning oʻrtacha umr koʻrishi, aholining koʻpayish darajasi kabi koʻrsatkichlarini iqtisodiy oʻsishga taʼsirini tahlil qiladi. Oʻz navbatida, iqtisodiyotning ochiqligi va investitsiyalar iqtisodiy oʻsishga taʼsir etmaydi, degan xulosaga keladilar.

Shu bilan birga, uchinchi omil sifatida – mikrokreditlash mexanizmi tahlil etiladi. Unga koʻra, mazkur usul kambagʻallikka qarshi kurashda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlanadi.

Xulosa va takliflar.

Olib borilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekistonda kambagʻallikni keltirib chiqarishga sabab boʻlgan muhim sabablar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin, deb oʻylaymiz:

  1. Ijtimoiy sohaning nobaqarorlashuviga olib kelgan jihatlar:

  • - sogʻliqni saqlash tizimida davlat xarajatlarining yetarli emasligi, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatlar taqdim etishda;

  • - maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish miqyosining pastligi;

  • - maktab taʼlimida maktab binolarning “rezina”kabi foydalanilishi bazaviy taʼlimning natijaviyligini tushirib yubordi;

  • - oliy taʼlimning qamrovi 10 foizga yetmasligi katta ulushga ega boʻlgan yoshlarning inson kapitali darajasini pasaytirdi;

  • - ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablagʻlar YAIMga nisbatan 0,25 foiz atrofida boʻlishi.

  1. Mehnatga haq toʻlash kasbga emas, balki lavozimga biriktirilishi, yuqori bilim talab qiluvchi kasblar jozibardorligini yoʻqotdi. Masalan, shifokor va serjant unvonidagi harbiy xizmatchining ish haqidagi sezilarli tafovut.

  2. Elektr taʼminotidagi uzilishlarning davomiyligi quyidagi nobarqarorlikni keltirib chiqardi:

  • - taʼlimning uyda bajariladigan vazifalar qismi oʻzlashtirilmasligiga taʼsir koʻrsatdi;

  • - biznes yuritishga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Masalan, jahon bankining hisobotida, biznes subʼyekti kichiklashib borgani sari elektr taʼminotidan uzilishi kuchayib borishi qayd etilgan[9].

  1. Iqtisodiyotning norasmiy qismini kuchayishi aholi daromadlari hisobini va statistikasini yuritishga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Tadqiqotlar asosida quyidagilarga eʼtibor berish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz:

  1. Aholining kambagʻallik darajasini aniqlashtirish uchun demografik jihatdan guruhlarga ajratish nuqtai nazaridan aniq statistikani shakllantirish va shunga mos tadqiqotlarni amalga oshirish.

  2. Qisqa muddatli davrda eʼtibor berilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar:

  • - aholining isteʼmolini arzonlashtirish, yaʼni davlat va “ayrim” tadbirkorlarning monopoliyasini favqulodda tugatish;

  • - elektr taʼminotining uzluksizligini amalga oshirish, muqobil energiyadan foydalanishni jadallashtirish;

  • - xarajatlarni qisqartirish, yaʼni koʻp daromadga ega boʻlmagan sharoitda jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish;

  • - venchur fondlari ishlashi uchun sharoit yaratish;

  • - norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish.

  1. Uzoq muddatli davrga moʻljallangan dasturlarni amalga oshirish doirasida:

  • - profilaktika tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish hajmini va samaradorligini oshirish;

  • - maktab taʼlimida oʻquvchilarning qiziqishlarini inobatga oladigan holda guruhlarga ajratgan holda taʼlim berish;

  • - oliy taʼlimni qamrovini oshirish;

  • - “kichik biznesdan-yirik biznesga” gʻoyasini iqtisodiyotda joriy etish;

  • - yuqori ilmiy sigʻimkor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish;

  • - mehnat migrantlarini emas, balki mehnat mahsulini eksport qilish tamoyilini amalga oshirish.

Nodir Jumayev, i.f.d., professor,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Dilshodjon Raxmonov, i.f.d., dotsent,

Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi

Adabiyotlar:

  • Majeed M.T., Malik M.N. (2015) Determinants of Household Poverty: Empirical Evidence from Pakistan. he Pakistan Development Review 54:4, Part II (Winter ) pp. 701–718

  • Milton Friedman A. (1957) Theory of the Consumption Function. Princeton, N.J. Princeton University Press.

  • Mincer, J. (1958) Investment in Human Capital and Personal Income Distribution. TheJournal of Political Economy 281–302.https://www.jstor.org/stable/1827422?read-now=1&refreqid=excelsior%3Ad2f165a96877f753b910571c7cf28284&seq=1#page_scan_tab_contents

  • OECD (2020), Poverty gap (indicator). DOI: 10.1787/349eb41b-en (Accessed on 23 April 2020)

  • OECD (2020), Poverty rate (indicator). DOI: 10.1787/0fe1315d-en (Accessed on 23 April 2020)

  • Peng, C., Fang, L., Wang, J.S. et al. (2019) Determinants of Poverty and Their Variation Across the Poverty Spectrum: Evidence from Hong Kong, a High-Income Society with a High Poverty Level. Soc Indic Res 144, 219–250. https://doi.org/10.1007/s11205-018-2038-5

  • Peykarjou K., Gollu R.B., Gashti H.P., Shahrivar R.B. (2011) Studying the relationship between health and economic growth in OIC member states//Interdisciplinary Journal of Contemporary Research in Business. December, Vol 3(8). – rp. 1041-1054.

  • Rindermann H., Sailer M., Thompson J. (2009) The impact of smart fractions, cognitive ability of politiciansand average competence of peoples on social development//Talent Development & Excellenc. - №1(1). - pp.3-25.

  • Stachle H. Ability, (1943) Wages and Income. Review of Economics and Statistics, XXV, February, pp. 77-87.

  • The Population of Poverty USA. https://www.povertyusa.org/facts

  • World Bank (2020) Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.

  • Kosharnaya G.B., Karimova L.F. (2018) Osnovniye podxodi k izmereniyu urovnya bednosti v sovremennoy Rossii//https://cyberleninka.ru/article/n/osnovnye-podhody-k-izmereniyu-urovnya-bednosti-v-sovremennoy-rossii/viewer

  • Jumayev N.X., Rahmonov D.A. Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik. 2020 yil 3 aprel. Manba: https://www.review.uz/

  • Mustafaqulov Sh. (2020) Kambagʻallik ayb emas, biroq .... Xalq soʻzi, 25.03.2020 y. http://xs.uz/uzkr/post/kambagallik-ajb-emas-biroq

  • Sazanov I.S. (2012) Bednost: Natsionalniye i mejdunarodniye kriterii//Chelyabinskiy gumanitariy. -№3(20). – S.80-84.

  • Sidorchuk I.B. (2010) Kriterii bednosti i pokazateli yeye opredeleniya. https://cyberleninka.ru/article/n/kriterii-bednosti-i-pokazateli-ee-opredeleniya/viewer

  • Xasanov R., Usmonov B. (2020) Oʻzbekistonda kambagʻallik va uni qisqartirish yoʻllari. 06.03.2020 y. https://review.uz/oz/post/ozbekistonda-kambagallik-va-uni-qisqartirish-yollari

[1]Research to help the worldʼs poor. https://www.nobelprize.org/uploads/2019/10/popular-economicsciencesprize 2019-2.pdf

[2] Jumayev N.X., Rahmonov D.A. Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik. 2020 yil 3 aprel. Manba: https://www.review.uz/

[3] The Population of Poverty USA. https://www.povertyusa.org/facts

[4] Poverty in the United Stateshttps://www.debt.org/faqs/americans-in-debt/poverty-united-states/

[5]Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari http://web.stat.uz/open_data/uz/9.2% 20OD_income_by_deciles_uzb.pdf

[6]Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisoblangan.

[7]Iroq va Suriyadan qaytarilgan ayollar boʻyicha oʻrganish natijalari maʼlum qilindi. https://kun.uz/news/2020/03/03/iroq-va-suriyadan-qaytarilgan-ayollar-boyicha-organish-natijalari-malum-qilindi

[8]Tarixda ilk marta "yopiq mavzu" boʻlgan qambagʻallikni qisqartirish uchun kurash boshlandi https://review.uz/uz/post/tarixda-ilk-marta-yopiq-mavzu-bolgan-qambagallikni-qisqartirish-uchun-kurash-boshlandi

[9]World Bank. 2020. Global Economic Prospects, January 2020: Slow Growth,Policy Challenges.Washington, DC: World Bank.p. 89.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ