| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza7 daqiqada oʻqiladi185 marta oʻqildi

Kosteshtilik fermerlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan. Buning siri nimada?

Mutaxassislarning fikriga koʻra, Moldovaning Kosteshti qishlogʻida agrobiznesning rivojlanishi ayni avjida va kelajakda katta salohiyatga ega. Bu degani, qishloqdagi millionerlar soni ortib boraveradi. Kosteshti qishlogʻining tajribasi Oʻzbekiston uchun nega muhim?

Kosteshtilik fermerlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan. Buning siri nimada?

Agar siz zamonaviy agrobiznesning qanchalik daromadli va muvaffaqiyatli ekaniga va shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil qilish qishloq joylarda barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishiga ishonch hosil qilishni istasangiz, Moldovaning Kosteshti qishlogʻiga tashrif buyurishingiz kerak, deb yozadi UzAnalytics.com.

Kosteshti (Kosteshti yoki Kostesht, rumin va moldavan tillarida – Costeşti) qishlogʻida 12 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ushbu qishloq fermerlari har yili umumiy qiymati qariyb 30-40 million dollarga teng qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirib, ichki va tashqi bozorlarda sotadi. Bu aholi jon boshiga taxminan 3000 dollarga teng yillik daromad degani. Qishloqda yetishtiriladigan asosiy mahsulot – uzum. Kosteshtida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan fermerlar soni kam emas. Mutaxassislarning fikriga koʻra, ushbu qishloqda agrobiznesning rivojlanishi ayni avjida va kelajakda katta salohiyatga ega. Bu degani, qishloqdagi millionerlar soni ortib boraveradi.

EastFruit sayti Kosteshtilik fermerlarning muvaffaqiyatlari va ularning noyob tajribasiga bagʻishlangan bir qator maqolalarni eʼlon qildi.

Kosteshti qishlogʻining tajribasi Oʻzbekiston uchun nega muhim?

Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotining 2017 yil holati maʼlumotlariga koʻra, uzumzorlar maydoni boʻyicha Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida 2-oʻrinda (Moldova Respublikasidan keyin), dunyo miqyosida esa 17-oʻrinda turadi. Oʻzbekistonda jami 45 ta uzum navlari mavjud. 2018 yilda respublikada 1,56 million tonna uzum yetishtirildi, 2017 yilda esa bu koʻrsatkich 1,75 million tonnani tashkil qilgan.

Kosteshti qishlogʻi aholisining noyob tajribasi Oʻzbekistonda qabul qilingan “Bir mahalla – bir mahsulot” davlat dasturining real hayotdagi muvaffaqiyatli namunasi desa ham mubolagʻa boʻlmaydi. Mamlakat rahbarining joriy yil mart oyida imzolagan qaroriga binoan, barcha hudud rahbarlari oldiga ularning oʻziga xos xususiyatini hisobga olib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani (hududni) aniq bir yoʻnalishga ixtisoslashtirish vazifasi qoʻyilgan. Joriy yilning oktyabr oyida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida uzumchilikka ixtisoslashgan mevachilik klasterlari misolida mazkur tamoyilning amaliyotda qanday qullanilayotgani haqida maxsus reportaj chop qilingan edi.

Kosteshti fermerlarining muvaffaqiyatli tajribasida ularning kooperatsiyalarga birlashgani va boshqa shakldagi hamkorligi muhim rol oʻynaydi. Maʼlumki, yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish va ularni qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

Sharqiy Yevropaning uzumchilik poytaxti

Kosteshti qishlogʻida uzumchilik asosiy faoliyat hisoblanadi. Tokzorlar nafaqat mayda, oʻrta va yirik fermerlar yerlarining, balki aholi tomorqalaring asosiy qismini tashkil qiladi. Umuman olganda qishloqda 1,5 ming gektardan ortiq uzumzorlar mavjud. Har bir gektar yerdan oʻrtacha yillik daromad 23 ming dollarni tashkil qiladi. Kosteshti tokzorlarida asosan uzumning Moldova navi yetishtiriladi. Uzumning ushbu navi uzoq vaqt davomida maxsus omborlarda saqlanishi mumkin va u mahalliy iqlim sharoitiga yaxshi moslangan.

Hosilni sovuq havo taʼsirida nobud boʻlish xavfini kamaytirish uchun Kosteshtida uzum tepalik va adirlarda yetishtiriladi. Erta bahorda sovuq havo oqimi tepadan pastga siljiydi va hosilning nobud boʻlishiga olib kelmaydi. Ayni paytda Kosteshti fermerlari adir va tepaliklarda sugʻorish tizimini yaratish rejasi ustida ishlamoqda, chunki suv mahalliy fermerlar uchun asosiy muammodir.

Mahsulotning asosiy qismi eksport qilinadi. Moldovadan eksport qilinadigan barcha uzumlarning uchdan bir qismi Kosteshtida yetishtiriladi. Moldova mintaqadagi eng yirik uzum eksportchisi boʻlganligi sababli, Kosteshti qishlogʻini Sharqiy Yevropaning haqiqiy “uzumchilik poytaxti” deb atash mumkin.

Qishloqning dasht va yalanglik qismlarida olxoʻri va gilos yetishtiriladi. Moldovada olxoʻri hosilini muzlatgichlar yordamida hattoki fevral oyigacha saqlashni bilishadi. Odatda, olxoʻrini yangi yil bayramigacha sotib boʻlishadi, ezilgan va “nekonditsiya” holdagi qismidan esa meva spirtini ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalaniladi.

Kooperatsiya – muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri

Moldova Respublikasining sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Ion Sulaning (Ion Sula) soʻzlariga koʻra, uzum yetishtiruvchi va eksportchilari assotsiatsiyasining tashkil qilinishi Moldovada va Kosteshti qishlogʻida uzumchilikni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi. Ushbu uyushma uzumchilar va bogʻbonlarga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirishda faol yordam berib, ularning hamkorlikda ishlashiga katta hissa qoʻshmoqda. Bundan tashqari, assotsiatsiya fermerlarga ichki va tashqi meva bozorlarida samarali marketing olib borishda ham yordam beradi. Ayni paytda mazkur Assotsiatsiya Moldovaning 105 qishloq xoʻjaligi korxonalarini va fermerlarini birlashtirgan.

Hozirgi kunda fermerlarning aksariyati maxsus GlobalGAP sertifikatiga ega. Ushbu sertifikatning mavjudligi uzumni nafaqat MDH mamlakatlariga, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ham eksport qilishga imkon beradi. Bu sertifikatga qoʻshimcha ravishda, Moldova uzumining eng yirik importyorlaridan biri boʻlgan Rossiya har bir ishlab chiqaruvchidan oʻz sertifikatsiyasini talab qilmoqda. Shu bois, Moldova bogʻbonlari sertifikatlashning umumiy xarajatlarini kamaytirish uchun birlashishga harakat qilmoqdalar. Birlashishning yana bir sababi – mahsulotni yirik partiyalarda shakllantirish uchun mahsulot sifatini unifikatsiyalashdir. Mahsulotni yirik hajmdagi partiyalarini shakllantirish eksport uchun juda muhim. Buning uchun Assotsiatsiya maxsus treninglar oʻtkazmoqda, mazkur qishloq va uning atrofidagi barcha fermerlarning texnologiyalarini sinxronlashtirishga harakat qilmoqda.

Uzum yetishtirishda ilgʻor texnologiyalar

Noxush ob-havo va doʻlning uzumga zarar yetkazish xavfini kamaytirish uchun Kosteshtida toklarni maxsus plyonkalar bilan qoplay boshlashdi. Moldovalik uzumchilarning fikriga koʻra, Moldova sharoitida tokzorlar maxsus qoplamalar bilan himoya qilinmasa, sifatli mahsulot yetishtirish amri-mahol, chunki hosilni yigʻish oldidan har qanday yomgʻir mahsulot sifatiga jiddiy zarar etkazishi va ularni uzoq muddatli saqlash uchun yaroqsiz holga keltirishi mumkin. Bunday uzumni faqat uzum spirtini ishlab chiqaruvchilarga juda arzon narxda sotish mumkin. Fermerlar uchun bu foydani butkul yoʻqotish degani. Maxsus plyonkalar bilan tokzorlarni yopish hosil yigʻish mavsumini uzaytirish imkonini ham beradi. Bu ishchi kuchi yetishmasligi sharoitida juda muhimdir. Hosil yigʻish mavsumida yuqori ish haqi va ishchi kuchining yetishmasligi nafaqat Kosteshtida, balki butun Moldova miqyosida jiddiy muammolardan biridir. Tokzorlarni maxsus plenkalar bilan yopish taxminan gektariga 20 ming dollardan koʻproqqa tushadi. Mazkur texnologiyaning qimmatligiga qaramay, bu xarajatlar qisqa muddatda oʻzini oqlaydi.

Bundan tashqari, Kosteshti fermerlari uzum yetishtirishda birin-ketin pergola (pergola) texnologiyasiga oʻtmoqdalar. Ushbu texnologiya hosildorlikni ancha oshiradi. BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bir necha yillardan buyon ushbu texnologiyaga oʻtish gʻoyasini ilgari surmoqda. Bu esa oʻzining birinchi ijobiy natijalarini bermoqda. Shuningdek, Kosteshtining koʻplab tokzorlarida suvdan samarali foydalanish, noxush ob-havoning hosilga zarar yetkazish xavfini kamaytirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilash maqsadida tuproq namligi sezgichlari bilan jihozlangan meteostansiyalar oʻrnatilgan.

Oxirgi yillarda Moldova fermerlari issiqxonalarda uzum yetishtirish texnologiyasini amalda qoʻllamoqdalar. Ushbu texnologiya deyarli ikki baravar koʻp hosil olish va maxsus muzlatgich omborxonalaridan foydalanilmagan holda mahsulotni 4-5 baravar qimmatroq narxda sotish imkonini beradi. Bundan tashqari, issiqxona usulida bozorda yuqori talabga ega boʻlgan ertachi uzumni yetishtirish mumkin. Yopiq usulda yetishtirilgan uzumning sifatiga sovuq havo, doʻl, yomgʻir va shu kabi omillarning taʼsiri deyarli yoʻq, zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish bilan bogʻliq xarajatlar keskin kamayadi. Bunday mahsulotning yuqori sifati tufayli uni isteʼmolchilarga yetkazib berish ham ancha qulay. Mahsulotning bu jihatlari supermarketlar tarmogʻi va ulgurji olib sotuvchilar uchun uning qiymatini oshiradi.

Uzum yetishtirishda issiqxona texnologiyasini amalda qoʻllagan birinchi fermerlar bu uslub anʼanaviy usullarga qaraganda gektariga 6-10 baravar koʻproq daromad olishlari mumkinligini tushunishdi. Shu bois, kelgusi yillarda uzum biznesining mazkur segmentini jadal rivojlanishi kutilmoqda. Kosteshti qishlogʻida yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun mablagʻlar yetarli, sababi, anʼanaviy usulda uzum yetishtirish biznesi ham daromadlidir.

Kosteshti Yevropada eng koʻp mevalarni saqlash omborlariga ega hudud

Kosteshti qishlogʻida mevalarni saqlash uchun 100 dan ortiq maxsus muzlatgichli omborxonalar mavjud. Bunday omoboxonalarning har birida 20 ming tonnadan ortiq mahsulotni saqlash mumkin.

Bu yerda uzum va olxoʻri saqlash uchun muzlatgichlar qurilishi 15 yil oldin boshlangan. Oʻsha yillarda koʻp xatolarga yoʻl qoʻyildi. Eng keng tarqalgan xatolardan biri bu kichik hajmdagi muzlatgichlarning qurilishi boʻldi. Natijada, ularda mevalarni saqlash qiymati juda yuqori boʻlib chiqdi, bu esa loyihalarning oʻzini oqlashiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining iqtisodchisi Andrey Yarmakning taʼkidlashicha, Moldovada agrobiznes rivojining dastlabki bosqichlarida bunday muzlatgichlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari emas, balki olib-sotarlar va ulgurji savdogarlar qurgan. Ular hosilni yigʻish mavsumida uzumni arzonroq koʻtara narxda sotib olib, maʼlum vaqt muzlatgichlarda saqlab, qimmatroq narxda sotishdi. Bu uslub maxsus omborlar (muzlatgichlar) soni oz boʻlgan davrdagina yaxshi ish berdi va ulgurji savdogarlar daromadini taʼminlab berdi. Biroq, muzlatgichlar soni koʻpaygan sari bunday biznes tobora kamroq foyda keltira boshladi. Iqtisodchining fikriga koʻra mevalarni saqlash alohida biznes emas, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish biznesining ajralmas qismidir. Shu sabab, mevalarni saqlash maxsus omborxonalari asta-sekin fermerlar va ularning kooperativlari ixtiyoriga oʻta boshladi. Agar fermer uzoq muddat saqlashga moʻljallangan koʻp miqdordagi meva va sabzavotlarni yetishtirsa, u nafaqat mahsulot yetishtirish tannarxini, balki uni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni ham hisobga olishi lozim. Koʻp hollarda mahsulotni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar tokzor yoki bogʻlarni barpo etish xarajatlaridan ham koʻproqdir. Bu fermerlarning kooperatsiyasini yanada dolzarb qiladi.

Bu borada “Eko-Frukt” kooperativi yaqqol misol boʻla oladi. Kooperativ aʼzolari birgalikda (hamkorlikda) oʻz mahsulotlarini saqlaydi va shuningdek, boshqa fermerlarga ham meva saqlash xizmatlarini koʻrsatadi. Kooperativ oʻzining zamonaviy muzlatgichli saqlash omboriga, mahsulotlarni saralash va qadoqlash liniyalariga ega. Bundan tashqari, kooperativ mahsulotlarni ichki bozor isteʼmolchilariga yetkazib berish va mustaqil ravishda eksport qilish uchun 7 ta yuk mashinasiga ega.

Moldova fermerlari federatsiyasi FARM direktorining oʻrinbosari Yuriy Xurmuzaki (Iurie Hurmuzachi) Kosteshti qishlogʻida fermerlarning samarali kooperatsiya davri boshlanayotganligini taʼkidlaydi. Uning fikriga koʻra, bu mintaqadagi mevalarni yetishtirish va sotishni rivojlantirishda muhim bosqichdir.

“Agar fermer koʻproq sifatli mahsulotlar yetishtirsa, ularni zarur sharoitlarda saqlab, xarajatlarini kamaytira olsa, shunda u koʻproq daromad oladi. Aynan kooperatsiyaga birlashish orqali Moldovaning uzumchi fermerlari oʻz daromadlarini oshirishi mumkin, deb oʻylayman. Bu ularga ilgʻor texnologiyalarni amalda qoʻllash va shuningdek, oʻqib-oʻrganishga va eng muhimi marketingga sarmoya kiritish uchun mablagʻ topish imkonini beradi. Oʻylaymizki, vaqt oʻtishi bilan, Kosteshti Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uzumchilari uchun oʻziga xos biznes maktabiga aylanadi. Biz doimo oʻz tajribamiz bilan boʻlishish va boshqalardan oʻrganishga tayyormiz”, deydi Yuriy Xurmuzaki.

2018 yilda jahon uzum bozorining umumiy hajmi 167,9 milliard dollarni tashkil qildi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, 2024 yilga kelib bu koʻrsatkich 254,29 milliard dollarga yetadi, yaʼni 51 foizga oʻsadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ