Korporativ ijtimoiy masʼuliyat toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar sonining koʻpayishi garovimi?
Ekspert Malika Sharipova fikri buyicha: "Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston TTXI jalb qilish uchun ishlatilmayotgan imkoniyat va oʻsish nuqtalariga eʼtibor qaratishi lozim. Bu masalada Korporativ ijtimoiy masʼuliyat (KIM) ning oʻrniga urgʻu berishni istar edim".

Hozirgi kunda Oʻzbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilishiga qaramasdan investitsiyalar yetarli darajada kirib kelyapti deb ayta olmaymiz. AQSH Davlat departamentining 2019 yil Oʻzbekiston boʻyicha bayonotida keltirilishicha, Oʻzbekistonda baʼzi rasmiy hujjatlarga asosan 2018 yilda TTXI 1,6 milliard AQSH dollaridan kam boʻlgani koʻrsatilgan (YAIMning qariyb 3 foizi). Bu raqam 2017 yildagiga nisbatan kamligi (2,4 milliard AQSH dollari) va ayniqsa, hukumatning 5,8 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta mablagʻlarini jalb qilishni koʻzda tutadigan prognozidan juda kamligi taʼkidlangan. Hukumat ekspertlariga koʻra esa, Oʻzbekiston iqtisodiyotining hajmi va oʻsish surʼati har yili taxminan 12 milliard dollarlik TTXIni talab etadi.
Oʻzbekistonda rivojlangan mamlakatlardan korxonalar kirib kelishi surʼati ham qoniqarli emas. Toʻgʻri, 2018 yilda xorijiy kapitalga ega kompaniyalar soni 2 385 taga koʻpaygan, lekin chet el sarmoyadorlarining aksariyati Rossiya (428), Turkiya (364) va Xitoydan (351). Eʼtibor bersangiz, kompaniyalar orasida Yevropa yoki AQSH sarmoyadorlari juda kam.
Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston TTXI jalb qilish uchun ishlatilmayotgan imkoniyat va oʻsish nuqtalariga eʼtibor qaratishi lozim. Bu masalada Korporativ ijtimoiy masʼuliyat (KIM) ning oʻrniga urgʻu berishni istar edim.
KIM nima?
Tashkilot va bizneslarning daromad olish bilan birga, jamiyatning rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishi (xayriya ishlarini bajarish, oʻz xodimlarining haq-huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy muammolarni yechishda oʻz hissasiga ega boʻlish), ularning barcha manfaatdor tomonlari oldidagi maʼsuliyatni bajarishi, oʻz faoliyati davomida tabiatga zarar yetkazmaslik hamda milliy qonunlarga rioya qilishi, taʼminot tizimi masʼuliyatini taʼminlashi va hokazolar KIM ning asosiy talablaridir.
KIM Afzalliklari
Birinchidan, bir qator olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, xorijiy sarmoyadorlar muayyan mamlakatning investitsion jozibadorligini aniqlashda ushbu yurtdagi shaffoflik darajasiga alohida eʼtibor qaratishmoqda.
Kuchli KIM siyosatiga ega boʻlgan kompaniya yuqori shaffoflik darajasiga ega boʻladi va KIM faoliyatlarini keng ommaga va manfaatdor tomonlarga yetkazishga, nomoliyaviy hisobotlarni chop etishga harakat qiladi. Bunday kompaniyalar oshkoralik prinsiplariga amal qiladi, bu esa investorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning kompaniya haqida yetarli maʼlumot olishiga imkon beradi. Maʼlumotlarni ommaga havola etadigan kompaniyalar sarmoyadorlar eʼtiboriga tezroq tushadi.
Olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qimmatli qogʻozlar bozorida ham ixtiyoriy ravishda nomoliyaviy KIM yoki barqarorlik hisobotlarini chiqaruvchi kompaniyalarning bozori chaqqon.
KIM yoki barqarorlik hisobotlari bilan tanish boʻlmaganlar uchun aytib oʻtish mumkin: bu kabi hisobotlar inson resurslari, atrof-muhit, korporativ boshqaruv, xom ashyo yetkazib beruvchilar, mijozlar, jamoatchilik bilan aloqalar va boshqa tegishli omillar haqida maʼlumot beradi.
Ikkinchidan, kuchli KIM strategiyalari tadbirkorlarga ehtimoliy risklarni boshqarishga yordam beradi va bu orqali ular bozordagi raqobatchilar orasida ustunlikka ega boʻladi.
Bugungi kunda koʻp sarmoyadorlar barqarorlik tamoyillariga tayanib ish koʻryaptilar, shunday ekan KIMga eʼtibor berayotgan kompaniyalar bundan keyin muvaffaqiyat izidan boradilar, ijtimoiy va ekologik masʼuliyatni hisobga olmaydigan kompaniyalar esa muqarrar ravishda investitsiyalar uchun nomaqbul kompaniyalarga aylanadi.
Jahon bozorida muvaffaqqiyat qozonish uchun kompaniya va tashkilotlar kuchli KIM siyosatini ishlab chiqishlari, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik standartlarini yaxshilashi zarur. Masalan, eng yirik investitsion kompaniyalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga kirishdan qoʻrqishining sababi shuki, ular kiritayotgan sarmoyalarining etikaga toʻgʻri kelmaydigan tadbirkorlik faoliyatiga ishlatilishidan xavfsirashadi, chunki bu ularning obroʻsiga putur yetkazadi.
Uchinchidan, hozirda masʼuliyatli biznes va muvaffaqiyatli biznes tushunchalari bir biriga bogʻliq tushunchalarga aylangan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sarmoyadorlar orasida va moliyaviy bozorlarda KIM faoliyatini amalga oshiruvchi, ijtimoiy muammolarni hal etishga urinuvchi bizneslarni yaxshi boshqaruvga ega bizneslar deb ham tan olingan. Tashkilotning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) metrikalariga oid maʼlumotlar sarmoyadorlar uchun kompaniyalarning moliyaviy muvaffaqiyati garovi deb tan olinmoqda.
Jamiyat ishonchini qozonish, sodiq mijozlar va ishchilarni jalb qilish, ishchilarga va jamiyatga nisbatan masʼuliyatli munosabatda boʻlish, kompaniyalar va ularning aksiyadorlari uchun qoʻshimcha qiymat yaratish mumkin.
Investorlar KIM siyosatiga egalik va moliyaviy koʻrsatkichlar oʻrtasida mustahkam aloqani koʻrishadi, shuning uchun ular barqarorlikka oid maʼlumotlardan investitsion qarorlar uchun mantiqiy asos sifatida foydalanmoqdalar. Gʻarbda kompaniyalarning atrof muhitga boʻlgan taʼsirlarini, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi va jamiyat rivojiga hissa qoʻshishlari hamda ichki ish yurituvlar haqida (ESG) maʼlumot yigʻib, ularni analiz qiladigan maxsus firmalar bor. Bularga misol qilib, Sustainable asset management, Morgan Stanley, Trucost, Sustainalytics larni keltirsa boʻladi. Investorlar ana shu firmalar xizmatidan foydalanib, barqaror va masʼuliyatli bizneslar roʻyxatidan oʻzlariga yoqqanini tanlab, ular bilan ish qiladi.
Bundan tashqari, turli barqarorlik indekslari ham mavjud. Masalan, Yaponiyadagi Morning star Socially Responsible Investment Index investorlarga barqaror va masʼuliyatli bizneslar reytingini taqdim etadi, Ethibel Sustainability Index Global (ESI) ham Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyoda KIM borasida yetakchi bizneslar roʻyxatini koʻrsatadi, Dow Jones Sustainability Index (DJSI)esa investorlar uchun masʼuliyatli bizneslarni solishtirish imkonini beradi.
Barqarorlik reytinglarida boʻlish, investorlar diqqatini jalb etish ehtimolini kuchaytiradi, ayniqsa, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan bizneslari uchun. Chet ellik investorlar uchun mamlakatdagi ichki ahvoli va bizneslar haqida maʼlumot olish qiyin, ammo mavjud reytinglar orasidagi biznes haqida barcha maʼlumotlar boʻladi va bu reytinglarda boʻlish albatta biznesning masʼuliyatli va barqaror ekanligidan dalolat beradi. Afsus hech qaysi barqororlik indekslarida Oʻzbekiston bizneslarining ismi yoʻq.
Toʻrtinchidan, ijtimoiy masʼul sarmoyadorlar soni kun sayin ortib bormoqda, insonlar ekologik va ijtimoiy muammolarga yana ham koʻproq eʼtibor bermoqdalar. Sarmoyadorlar barqaror boʻlmagan va masʼuliyatsiz kompaniyalardan oʻz sarmoyalarini qaytarib olish trendini boshlaganlar. Boston Consulting Group oʻtkazgan soʻrovlarga koʻra, agar biron bir kompaniyada barqaror boʻlmagan koʻrsatkichlar qayd etilsa, investorlarning 44 % unga sarmoya kiritmasligini aytgan. Investitsiya shirkati boshqaruv kengashi aʼzolarining qolgan 60 %, agarda ular sarmoya qilgan kompaniya masʼuliyatsiz amaliyotlarni amalga oshiradigan boʻlsa, sarmoyalarini qaytib olishlarini aytganlar. Hozirda investorlardan ajrab qolayotgan soha bu tabiiy yonilgʻi sanoati hisoblanadi.
Hisobotga koʻra, 400 dan ortiq korxona va 2000 nafar sarmoyadorlar qazib oluvchi kompaniyalardan 2 trillion dollardan koʻproq mablagʻni qaytib olishgan. "Allianz" global sugʻurta kompaniyasi ham daromadining 30 % dan ortigʻi koʻmirni qazib olishdan oladigan yoki ishlab chiqarishda oʻz energiyasini 30% ni koʻmirni yoqishdan oladigan kompaniyalardan sarmoyasini qaytib olishini maʼlum qilgan.
Investorlar shuningdek, Volkswagenʼning dizel emissiya skandali kabi korporativ janjallarni boshidan kechirgan kompaniyalar bilan aloqada boʻlishni istamaydi. Eslatib oʻtaman, bu janjal oqibatida sarmoyadorlar $ 33 mlrd. AQSH dollarini yoʻqotganlar.
Tadqiqotlarga koʻra, korporativ masʼuliyat 15 yillik davr mobaynida kompaniyaning bozordagi qiymatini kamida 40-80% ga oshirishi mumkin ekan. Daromad tomonidan esa, KIM kuchli bizneslar mahsulot narxlarini 20% ga oshirishi shunda ham sotuv hajmlarini oʻsishini koʻrishlari mumkinligini koʻrsatgan.
Qolaversa, KIM tamoyillarni bajarish bizning jamiyatimiz va davlatimiz uchun yana bir foydali tomoni mavjud. Bunda KIM tamoyillari nafaqat mahalliy, balki xorijiy kompaniyalardan ham talab qilinadi. Masalan, baʼzi chet el sarmoyadorlari borki, oʻz ishlab chiqarish davomida ekologiyamizga yomon taʼsir oʻtkazib, olib kirgan 1 soʻm sarmoyasi oʻrniga 10 soʻmlik zarar yetkazadi. KIM tamoyillarini ulardan talab etib boshlasak, nomaʼqul sarmoyadorlardan oʻzimizni himoyalagan boʻlamiz.
Oʻzbekiston misolida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimo chiqishlarida Oʻzbekiston xom paxta emas, balki yuqori sifatga va qiymatga ega tayyor mahsulotni sotishga eʼtibor qaratishni gapiradilar. Bu bizga paxtadan koʻproq daromad olishga yordam beradi. Masalan, bir futbolkani Oʻzbekistonda 22 ming soʻmga sotsak, uni AQSH yoki Yevropada 22 $ AQSH dollaridan sotishimiz mumkin. Lekin hozircha bu davlatlarda oshigʻimiz olchi emas, Osiyo davlatlarida esa ayni narxda mahsulot sotish qiyin. Xoʻsh Yevropadagi va AQSH kabi rivojlangan davlatlar bilan bogʻliq bu vaziyatni qanday yaxshilasa boʻladi? KIM prinsiplarini amalga qoʻyish bizga qanchalik yordam beradi?
Toʻgʻri Xalqaro mehnat tashkilotining (ILO) 2019 yil maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston paxta yigʻim-terimida sistematik yoki bolalar mehnatidan foydalanish yoki majburiy mehnat yoʻq. Odamlarni paxta terimiga majbur qilish uchun moʻljallangan markaziy hukumat siyosati, qoidalari, tizimlari yoki harakatlari yoʻq.
Buning natijasida AQShning oʻzbek paxtasiga bozor taqiqlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori juda yaxshi qadamlardan boʻldi. Lekin shunga ham qaramay boykot hali tugaganicha yoʻq.
Xalqaro mehnat huquqlari boʻyicha forumning direktori Erik Gottvaldning izohlashicha, "Taqiqlar bekor qilingan boʻlsada, boykot eʼlon qilgan brendlar oʻzbek paxtasini sotib olishga shoshilmayaptilar. Chunki ular Oʻzbek paxtasini ishlata boshlasa, bu ularga reputatsiyalari bilan bogʻliq katta muammolarni keltirib chiqarish xavfi bor”.
Eslatib oʻtish joiz, AQShda joylashgan "Cotton campaign" kompaniyasining Oʻzbekiston paxtasiga qarshi boykotini 313 Shimoliy Amerika va Yevropa brendlari imzolagan. Bular ichida masalan, Adidas, Amazon, Balenciaga, Bottega Veneta, Calvin Klein, Gap, H&M, Gucci, Ikea, Levis, Nike kabi dunyoga mashhur brendlar bor.
Oʻzbekistonda KIM tamoyillari va masʼuliyatli biznes talablarini ishlab chiqish uchun quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:
Biznesning oshkoraligini ragʻbatlantiradigan qonunlarni ishlab chiqish va bu prinsipga amal qiluvchilarni qoʻllab quvvatlash;
Davlat darajasida KIMni taʼminlash. Bizdagi jamiyatning passivligi sharoitida, dastlabki bosqichda hukumat KIMni rivojlantirish boʻyicha asosiy islohotchi sifatida harakat qilishi kerak. Ushbu sohada yuqorida keltirilgan qator xalqaro qoʻllanmalar asosida standartlar ishlab chiqish lozim;
Nomoliyaviy hisobotlarni chop etishni ragʻbatlantirish va bu borada yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqish;
Tadbirkorlarni oʻz bozorlarini kengaytirish va mahsulot sifatini taʼminlashlari uchun taʼminot zanjirlaridagi maʼsuliyatlarini xalqaro koʻrsatmalarga asosan amal qilishlarini ragʻbatlantirish;
KIM tamoyillarini targʻib qilishda ommaning saviyasini oshirish (maʼruzalar, seminarlar, brifinglar, ommaviy axborot vositalarida intervyular va h.z.). KIM tamoyillari va uning rivojlanishi bilan bogʻliq tadqiqotlar va nashrlarni ragʻbatlantirish;
Biznes va tashkilotlarga KIMni rivojlantirish maqsadida maslahat xizmatlarini tashkil qilish;
Xorijiy va koʻp millatli korxonalardan boshqa rivojlangan davlatlarda amalga oshiradigan KIM va xalqaro standartlariga amal etish tartiblarini xuddi shunday tarzda Oʻzbekistonda ham rioya qilishlarini talab etish.
Malika Sharipova, korporativ ijtimoiy masʼuliyat va barqaror rivojlanish boʻyicha mutaxassis, CARE CSR konsalting kompaniyasi asoschisi va rahbari
Ekonomicheskoye obozreniye №8 (247) 2020
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

