Korporativ ijtimoiy masʼuliyat toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar sonining koʻpayishi garovimi?
Hukumat ekspertlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotining hajmi va oʻsish surʼati har yili taxminan 12 milliard dollarlik TTXIni talab etadi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilishiga qaramasdan investitsiyalar yetarli darajada kirib kelyapti deb ayta olmaymiz. AQSh Davlat departamentining 2019 yil Oʻzbekiston boʻyicha bayonotida keltirilishicha, Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya (TTXI) larning aniq hajmi haqida ommaviy axborot yoʻq, lekin baʼzi rasmiy hujjatlarga asosan 2018 yilda TTXI 1,6 milliard AQSh dollaridan kam boʻlganini koʻrsatilgan (YaIMning qariyb 3 foizi). Bu raqam 2017 yildagiga nisbatan kamligi (2,4 milliard AQSh dollari) va ayniqsa hukumatning 5,8 milliard AQSh dollari miqdorida valyuta mablagʻlarini jalb qilishni koʻzda tutadigan prognozidan juda kamligi taʼkidlangan. Hukumat ekspertlariga koʻra esa, Oʻzbekiston iqtisodiyotining hajmi va oʻsish surʼati har yili taxminan 12 milliard dollarlik TTXIni talab etadi.
Oʻzbekistonda rivojlangan mamlakatlardan korxonalar kirib kelishi surʼati ham qoniqarli emas. Toʻgʻri, 2018 yilda xorijiy kapitalga ega kompaniyalar soni 2 385 taga koʻpaygan, lekin chet el sarmoyadorlarining aksariyati Rossiya (428), Turkiya (364) va Xitoydan (351). Eʼtibor bersangiz, kompaniyalar orasida Yevropa yoki AQSh sarmoyadorlari juda kam.
KIM nima?
Tashkilot va bizneslarning daromad olish bilan birga, jamiyatning rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishi (hayriya ishlarini bajarish, oʻz xodimlarining haq-huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy muammolarni yechishda oʻz hissasiga ega boʻlish), ularning barcha manfaatdor tomonlari oldidagi maʼsuliyatni bajarishi, oʻz faoliyati davomida tabiatga zarar yetkazmaslik hamda milliy qonunlarga rioya qilishi, taʼminot tizimi masʼuliyatini taʼminlashi va hokazolar KIM ning asosiy talablaridir.
KIM Afzalliklari
Birinchidan, bir qator olib borgan tadqiqotlarga koʻra, xorijiy sarmoyadorlar muayyan mamlakatning investitsion jozibadorligini aniqlashda ushbu yurtdagi shaffoflik darajasiga alohida eʼtibor qaratishmoqda.
Kuchli KIM siyosatiga ega boʻlgan kompaniya yuqori shaffoflik darajasiga ega boʻladi va KIM faoliyatlarini keng ommaga va manfaatdor tomonlarga yetkazishga, nomoliyaviy hisobotlarni chop etishga harakat qiladi. Bunday kompaniyalar oshkoralik prinsiplariga amal qiladi, bu esa investorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning kompaniya haqida yetarli maʼlumot olishiga imkon beradi. Maʼlumotlarni ommaga havola etadigan kompaniyalar sarmoyadorlar eʼtiboriga tezroq tushadi.
Ikkinchidan, kuchli KIM strategiyalari tadbirkorlarga ehtimoliy risklarni boshqarishga yordam beradi va bu orqali ular bozordagi raqobatchilar orasida ustunlikka ega boʻladi.
Jahon bozorida muvaffaqqiyat qozonish uchun kompaniya va tashkilotlar kuchli KIM siyosatini ishlab chiqishlari, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik standartlarini yaxshilashi zarur. Masalan, eng yirik investitsion kompaniyalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga kirishdan qoʻrqishining sababi shuki, ular kiritayotgan sarmoyalarining etikaga toʻgʻri kelmaydigan tadbirkorlik faoliyatiga ishlatilishidan xavfsirashadi, chunki bu ularning obroʻsiga putur yetkazadi.
Uchinchidan, hozirda masʼuliyatli biznes va muvaffaqiyatli biznes tushunchalari bir biriga bogʻliq tushunchalarga aylangan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sarmoyadorlar orasida va moliyaviy bozorlarda KIM faoliyatini amalga oshiruvchi, ijtimoiy muammolarni hal etishga urinuvchi bizneslarni yaxshi boshqaruvga ega bizneslar deb ham tan olingan. Tashkilotning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) metrikalariga oid maʼlumotlar sarmoyadorlar uchun kompaniyalarning moliyaviy muvaffaqiyati garovi deb tan olinmoqda.
Gʻarbda kompaniyalarning atrof muhitga boʻlgan taʼsirlarini, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi va jamiyat rivojiga hissa qoʻshishlari hamda ichki ish yurituvlar haqida (ESG) maʼlumot yigʻib, ularni analiz qiladigan maxsus firmalar bor. Bularga misol qilib, Sustainable asset management, Morgan Stanley, Trucost, Sustainalytics larni keltirsa boʻladi. Investorlar ana shu firmalar xizmatidan foydalanib, barqaror va masʼuliyatli bizneslar roʻyhatidan oʻzlariga yoqqanini tanlab, ular bilan ish qiladi.
Toʻrtinchidan, ijtimoiy masʼul sarmoyadorlar soni kun sayin ortib bormoqda, insonlar ekologik va ijtimoiy muammolarga yana ham koʻproq eʼtibor bermoqdalar. Boston Consulting Group oʻtkazgan soʻrovlarga koʻra, agar biron bir kompaniyada barqaror boʻlmagan koʻrsatkichlar qayd etilsa, investorlarning 44 % unga sarmoya kiritmasligini aytgan. Investitsiya shirkati boshqaruv kengashi aʼzolarining qolgan 60 %, agarda ular sarmoya qilgan kompaniya masʼuliyatsiz amaliyotlarni amalga oshiradigan boʻlsa, sarmoyalarini qaytib olishlarini aytganlar.
Oʻzbekiston misolida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimo chiqishlarida Oʻzbekiston xom paxta emas, balki yuqori sifatga va qiymatga ega tayyor mahsulotni sotishga eʼtibor qaratishni gapiradilar. Bu bizga paxtadan koʻproq daromad olishga yordam beradi. Masalan bir futbolkani Oʻzbekistonda 22 ming soʻmga sotsak, uni AQSh yoki Yevropada 22 $ AQSh dollaridan sotishimiz mumkin. Lekin hozircha bu davlatlarda oshigʻimiz olchi emas, Osiyo davlatlarida esa ayni narxda mahsulot sotish qiyin. Xoʻsh Yevropadagi va AQSh kabi rivojlangan davlatlar bilan bogʻliq bu vaziyatni qanday yaxshilasa boʻladi? KIM prinsiplarini amalga qoʻyish bizga qanchalik yordam beradi?
Xalqaro mehnat tashkilotining (ILO) 2019 yil maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston paxta yigʻim-terimida sistematik yoki sistematik bolalar mehnatidan foydalanish yoki majburiy mehnat yoʻq. Odamlarni paxta terimiga majbur qilish uchun moʻljallangan markaziy hukumat siyosati, qoidalari, tizimlari yoki harakatlari yoʻq. Buning natijasida AQSh ning oʻzbek paxtasiga bozor taqiqlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori juda yaxshi qadamlardan boʻldi. Lekin shunga ham qaramay boykot hali tugaganicha yoʻq.
Xalqaro mehnat huquqlari boʻyicha forumning direktori Erik Gottvald izohlashicha "Taqiqlar bekor qilingan boʻlsada boykot eʼlon qilgan brendlar oʻzbek paxtasini sotib olishga shoshilmayaptilar. Chunki ular Oʻzbek paxtasini ishlata boshlasa bu ularga reputatsiyalari bilan bogʻliq katta muammolarni keltirib chiqarish xavfi bor”.
Eslatib oʻtish joiz, AQShda joylashgan "Cotton campaign" kampaniyasining Oʻzbekiston paxtasiga qarshi boykotini 313 Shimoliy Amerika va Yevropa brendlari imzolagan. Bular ichida masalan Adidas, amazon, Balenciaga, bottega Veneta, calvin klein, Gap, H&M, Gucci, Ikea, Levis, Nike kabi dunyoga mashhur brendlar bor.
Oʻzbekistonda KIM tamoyillari va masʼuliyatli biznes talablarini ishlab chiqish uchun quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:
Biznesning oshkoraligini ragʻbatlantiradigan qonunlarni ishlab chiqish va bu prinsipga amal qiluvchilarni qoʻllab quvvatlash;
Davlat darajasida KIMni taʼminlash. Bizdagi jamiyatning passivligi sharoitida, dastlabki bosqichda hukumat KIMni rivojlantirish boʻyicha asosiy islohotchi sifatida harakat qilishi kerak. Ushbu sohada yuqorida keltirilgan qator xalqaro qoʻllanmalar asosida standartlar ishlab chiqish lozim;
Nomoliyaviy hisobotlarni chop etishni ragʻbatlantirish va bu borada yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqish;
Tadbirkorlarni oʻz bozorlarini kengaytirish va mahsulot sifatini taʼminlashlari uchun taʼminot zanjirlaridagi maʼsuliyatlarini xalqaro koʻrsatmalarga asosan amal qilishlarini ragʻbatlantirish;
KIM tamoyillarini targʻib qilishda ommaning saviyasini oshirish (maʼruzalar, seminarlar, brifinglar, ommaviy axborot vositalarida intervyular va x.z.). KIM tamoyillari va uning rivojlanishi bilan bogʻliq tadqiqotlar va nashrlarni ragʻbatlantirish;
Biznes va tashkilotlarga KIMni rivojlantirish maqsadida maslahat xizmatlarini tashkil qilish;
Xorijiy va koʻp millatli korxonalardan boshqa rivojlangan davlatlarda amalga oshiradigan KIM va xalqaro standartlariga amal etish tartiblarini xuddi shunday tarzda Oʻzbekistonda ham rioya qilishlarini talab etish.
Malika Sharipova, korporativ ijtimoiy masʼuliyat va barqaror rivojlanish boʻyicha mutaxassis, CARE CSR konsalting kompaniyasi asoschisi va rahbari
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




