COVID-19 pandemiyasi sharoitida ish bilan bandlik: imkoniyat va toʻsiqlar
Uyda ishlaydigan mutaxassis belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarsa, u meʼyorlashtirilgan holatda ishlashini nazorat qilishga hojat qolmaydi. Ayniqsa, amaliyot shuni koʻrsatadiki, masofadan turib ishlaydigan xodimning ish vaqti umuman qisqarmaydi. Aksincha, odatdagi toʻliq ish kuni bilan ishlash kerak boʻlgan holatga nisbatan uzoqroq boʻladi, deydi professor G.K. Abduraxmonova.

Raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti tufayli mehnat haqiqiy jismoniy ishlab chiqarish sohasidan virtual va interaktiv makon sohasiga oʻtdi.
COVID-19 pandemiyasining global iqtisodiyotga taʼsiri: soʻrovnoma natijalari
Endi zarur funksiyalarni bajarish uchun uydan ish joyiga jismoniy oʻtish zarur emas - koʻp funksiyalar aslida masofadan turib bajarilishi mumkin.
Bugungi kunda jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasi tarqalishi insonlarning harakatlanishiga cheklovlar (karantinga) kiritilishiga sabab boʻldi. Natijada, aksariyat korxonalar nimaga majbur boʻldi?
Keling buni bir koʻrib chiqamiz:
Ayrim korxonalar faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatishga;
ish vaqtini qisqartirishga; masofadan ishlash tizimiga oʻtkazishga;
zarur hollarda esa ishchilarni ishdan boʻshatishga majbur boʻlgan.
Bu esa mamlakatlarda iqtisodiy-ijtimoiy sohada, jumladan, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va ishga yollanuvchi oʻrtasidagi:
ziddiyatlar;
ishsizlik;
ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi;
global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi;
dunyo moliya bozorlarida xom-ashyo tovarlari narxining pasayishi;
konʼyunkturaning yomonlashuvini keltirib chiqardi.
Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bugunga qadar dunyo boʻylab ish soatlarining 6,7% yoʻqotilgan.
Bunday sharoitda avvalo ish bilan beqaror band boʻlganlar:
frilanserlar;
vaqtincha ish bilan band boʻlganlar;
ijtimoiy kafolati taʼminlanmagan mehnat bozori ishtirokchilari pandemiyaning salbiy taʼsirini birinchi boʻlib qabul qilib oladi.

Mamlakatimiz amaliyotida masofaviy ish bilan bandlik (personalni masofadan boshqarish) tashkiliy-huquqiy asoslarii toʻlaqonli shakllanmagan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomi tasdiqlandi.
Nizom karantinga oid choralar amal qilish davri uchun tasdiqlangan boʻlsada, mamalakatimiz mehnat munosabatlari sohasidagi noodatiy ish bilan bandlik boʻyicha dastlabki asos soluvchi meʼyoriy–xuquqiy xujjat sifatida ish beruvchilar va ishga yollanuvchilar tomonidan foydalanilmoqda. Qayt etishimiz lozimki, mamlakatimizda karantin davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻtkazilgan onlayn soʻrovnoma maʼlumotiga koʻra, qariyib 30 foiz korxona va tashkilotlarning xodimlari masofaviy ish usuli tartibi boʻyicha faoliyat yuritayotganini qayd etdi.
COVID-19ni toʻxtatish yoki iqtisodiyotni qutqarish? Ikkalasini ham eplash mumkin(mi?)
Masofaviy (virtual) ish bilan bandlikdan foydalanish boʻyicha XMT soʻrovnoma natijalarini umumlashtirish, xodimlarni ishga jalb qilishning ushbu tashkiliy-huquqiy shaklining afzalliklari va kamchiliklarini aniqlashga imkon beradi.
Xodimlar uchun afzalliklar roʻyxatini oʻzi uchun qulay vaqtda ishlash imkoniyatiga ega boʻlish omili yetakchilik qiladi. Bundan keyin boshqa masalalarga oʻtish imkoniyati (uy bekalari uchun eng mos); yoʻlda vaqt va pul sarflashning hojati yoʻqligi - uyda ishdan chalgʻitadigan narsalar kamroq boʻladi. Afzalliklarning alohida guruhi - jamiyatdan va u oʻrnatgan tizim chegaralaridan ozodlik - muayyan kiyim uslubini kuzatish va doimiy ravishda boshqa xodimlar oldida boʻlishning hojati yoʻq.
Kamchiliklar afzalliklar bilan chambarchas bogʻliq va baʼzida ularni takrorlaydi. Respondentlar koʻproq uy ishlarini bajarishi kerak, deb hisoblaydigan boshqa oila aʼzolari bilan chalgʻiyotganliklarini, shuningdek, oʻzlarini tashkil etishdagi qiyinchiliklarni koʻrsatmoqdalar. Umuman olganda, masofadan turib ishlash amaliyotiga umumiy ijobiy bahosi qayd etilishi mumkin.
Shu birgalikda ish beruvchilar tomonidan quyidagi qulayliklar keltiriladi:
xarajatlarda tejash;
joyga bogʻlanmagan holda yaxshi mutaxassis tanlab olish imkoniyati;
uzoqdagi mijozlar bilan masofaviy ishlash. Bu xizmat safariga borishdan ancha arzonga tushadi;
bevosita yaqin muloqotda ishlaydigan yuqori malakali mutaxassislar yordamida yanada sifatliroq xizmat koʻrsatish;
mehnat samaradorligi, mijozlarga tunu-kun xizmat koʻrsatish;
ish joyiga borish uchun vaqt sarflanmaydi (yoʻldagi tirbandlik, ob-havo sharoitlari), ish beruvchi uchun elektr energiyasi va ofis binolari ijarasida, ish joyini jihozlash borasida tejash.
Masofaviy mehnatning tarqalishini cheklab turadigan omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
dastlabki joriy qilish jarayonida IT-infratuzilmasi va dasturiy taʼminot xarajatlari ortishi;
bir nechta ulangan qurilmalar bilan tarmoqni boshqarishning murakkabligi;
qoʻshimcha xavfsizlik talablari, kompaniya xavfsizlik xizmatlarining qarshiliklari;
faoliyatning ayrim sohalarida masofadan turib ishlashning imkoni yoʻqligi;
ish beruvchilar orasida keng tarqalgan stereotip: samarali ish bu - ofis ishi;
koʻplab ish beruvchilar aniq biznes jarayonlarini yaratishga qodir emasligi va istamasligi;
samarali KPI tizimi va motivatsiyasining yoʻqligi;
xodimlarning sodiqligi va korporativ madaniyatiga qoʻshilmaslik haqida tashvishlar.
Masofaviy ishlarni boshqarishning markaziy elementi - bu ish natijalarini tahlil qilish asosida xodimlarni nazorat qilish zaruratidir. Agar uyda ishlaydigan mutaxassis belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarsa, u meʼyorlashtirilgan holatda ishlashini nazorat qilishga hojat qolmaydi. Ayniqsa, amaliyot shuni koʻrsatadiki, masofadan turib ishlaydigan xodimning ish vaqti umuman qisqarmaydi. Aksincha, odatdagi toʻliq ish kuni bilan ishlash kerak boʻlgan holatga nisbatan uzoqroq boʻladi. Albatta, ularning boshqaruv strukturasi eng boshidan natijaga qanday usul bilan erishilganligini emas, balki natijaning oʻzini nazorat qilishga imkon beradigan kompaniyalar bunday sharoitlarga osonlikcha moslasha oladilar.
Shunday qilib, bugungi kunda samarali raqamli aloqa tuzilmasi va natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimi xodimlarning ishdan qoniqishini, "ish - shaxsiy hayot" ning qulay muvozanatini - kasbiy rivojlanishni ragʻbatlantirish va tashkilot samaradorlikni oshirishga yordam beradi.
Toshkent davlat universiteti professori,
iqtisod fanlari doktori
G.Q.Abduraxmonova
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

