Koronavirusga chalingan bemorning kim bilan muloqot qilganligini koʻrsatuvchi mobil ilova joriy etiladi
Oʻzbekiston va Koreya Sogʻliqni saqlash vazirlari yurtimizda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “COVID-19” ga qarshi mobil ilovalarini yaratib, treking usulini joriy etish borasida kelishuvga erishdi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi. Unda tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan, “COVID-19” qarshi kurash borasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Suhbat davomida ikki mamlakat vazirlari yurtimizda Koreyaning yetakchi tibbiyot universitetining filialini ochish, tibbiyot klasterini tashkil etish masalalarini keng muhokama qildilar.
Eng muhimi, ikki davlat vazirlari yurtimizda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “COVID-19” ga qarshi mobil ilovalarini yaratib, treking usulini joriy etish borasida kelishuvga erishdilar. Bu esa bizga xuddi Koreyadagidek koronavirusga chalingan bemorni kim bilan muloqot qilgan va qaysi hududlarda boʻlganligini innovatsion tarzda aniq koʻrsatib berish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, hamkorlikda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda testlar va dorilarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, “COVID-19” qarshi vaksinani birgalikda klinik sinovlarini oʻtkazish toʻgʻrisida ham kelishuvga erishildi. Oʻz navbatida Koreya Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu ushbu vaksinani dunyo mamlakatlariga taqdim etishda Oʻzbekiston alohida ustuvor mavqeyga ega boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.
Samarali kechgan muzokaralar yakunida Sogʻliqni saqlash sohasida Oʻzbekiston – Koreya hamkorligi markazining imkoniyatlarini yanada kengaytirishga ham kelishib olindi.
Eslatib oʻtamiz, Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu oʻtgan yil aprel oyida mamlakatimizga tashrifi davomida Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi edi.
Hozirda ikki davlat oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikda islohotlarni amalga oshirish, jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini yanada oshirish, elektron tibbiyotni joriy etish, davlat-xususiy sektor hamkorligi, tibbiy turizm hamda tibbiy sugʻurta sohasida mutaxassislar almashinuvi boʻyicha qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda

COVID-19 pandemiyasi sharoitida davlatning puxta oʻylangan rivojlanish strategiyasi juda muhimdir – ekspert

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

