Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda
Moodyʼs reyting agentligining eng soʻnggi prognoziga koʻra, dunyo avtomobil bozori 2020 yilda 20 foizga qisqaradi. Oʻzbekistonda koʻrilgan choralar tufayli pandemiyaning mashinasozlik sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirishga erishilmoqda. Ekspert Xamidulla Normuradov mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar va ularning taʼsirini muhokama qildi.

Iqtisodiy oʻsishda investitsiyaning ahamiyati ilmiy jihatdan atroflicha oʻrganilgan va tadqiqot natijalari bilan tasdiqlangan. Investitsiya yalpi talabning tarkibiy qismidir. Shu sababli, investitsiyalar ortsa, u yalpi talab va uning ortidan qisqa muddatli iqtisodiy oʻsishni oshirishga yordam beradi. Agar qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlsa, investitsiyalarning koʻpayishi va yalpi talabning ortishi iqtisodiy oʻsish surʼatini oshiradi. Oʻn ikkita yirik rivojlanayotgan mamlakatlarning 1991-2013 yillar orasidagi iqtisodiy koʻrsatkichlari oʻrganilganda, investitsiya hajmining bir foizga ortishi YaIMning 0,24 foizga ortishiga olib kelishi aniqlangan.
Shu bilan birga, investitsion parametrlari bir-biriga yaqin mamlakatlarda investitsiyalarning iqtisodiy oʻsishga taʼsiri bir necha marta farq qilishi mumkin. Buning asosiy sababi investitsion loyihalarni tanlash, amalga oshirishdagi kamchiliklar va sohadagi tarkibiy muammolar bilan izohlanadi.
Dunyo avtomobil bozori qisqaradi
Mashinasozlik sohasi butun dunyoda COVID-19 pandemiyasidan eng salbiy taʼsir qilgan sohalardan biri hisoblanadi. Euler Hermes sugʻurta kompaniyasining hisobotlariga koʻra, transport sohasidan keyingi oʻrinda eng katta salbiy taʼsir aynan avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalariga toʻgʻri kelishi taʼkidlangan. Moodyʼs reyting agentligining eng soʻnggi prognoziga koʻra, dunyo avtomobil bozori 2020 yilda 20 foizga qisqaradi.
2020 yil I yarim yillik natijalariga koʻra, pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda. «Oʻzavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yilning yanvar-iyun oylarida 16,9 trln. soʻmga yetib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 108,9 foizni tashkil etdi. Mazkur davrda yengil avtomobillarni ishlab chiqarish hajmi deyarli 20 foizga ortdi, lekin avtobus va yuk avtotransporti ishlab chiqarish hajmi 32 foizga kamaydi.
Oʻzbekistonda investitsion dasturlar 2020 yil 9 yanvardagi «Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ–4563-son Prezident qarori bilan tasdiqlangan. Qarorga asosan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturida 850,5 trln soʻm investitsiyalar, shu jumladan, 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Undan tashqari 2020 yilda 206 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratilishini nazarda tutuvchi yirik ishlab chiqarish obʼyektlari va quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturi koʻrsatilgan.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar
Jumladan, mashinasozlik sohasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar quyidagilardan iborat:
“Oʻzavtosanoat” AJ tizimida 2017-2019 yillarda jami 27,1 million AQSh dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilgan, shu jumladan, 17,3 million AQSh dollari oʻz mablagʻlari va 9,8 million AQSh dollari bank kreditlari hisobiga. Investitsion loyihalar Andijon viloyatida (avtomat uzatmali Spark avtomobili ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish), Fargʻona viloyatida («Avtooyna» MChJda yangi oynani chiniqtirish va oldindan ishlov berish liniyasida xavfsiz avtomobil oynalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish), Toshkent viloyatining Bekobod tumanida (ikki va uch gʻildirakli mototsikllar ishlab chiqarishni tashkil etish) amalga oshirildi. 2017 yilda amalga oshirilgan investitsion loyihalar natijasida 60 ta ishchi oʻrni yaratildi. 2019 yilda bu koʻrsatkich esa 140 ishchi oʻrnini tashkil etdi.
Yirik soha uchun yangi ish oʻrinlarining kamligi avvalgi yillarda meʼyordan ortiq ishchi-xodimlar ishga olingani bilan izohlanadi. Soha korxonalarida ushbu xodimlarning bir qismini yangi ishlab chiqarish boʻlinmalariga oʻtkazish tizimi joriy etilgan.
Hozirgi kunda 2019-2023 yillarga rejalashtirilgan 5 ta investitsion loyiha doirasida qariyb 667 million AQSh dollari oʻzlashtirilishi rejaga kiritilgan. Shu jumladan, 2020 yil yakuniga qadar 107,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi kutilmoqda.
Loyiha №1. 2019-2023 yillarda umumiy qiymati 50 million AQSh dollari boʻlgan korxonalarni modernizatsiya qilish va eskirgan texnologik asbob-uskunalar hamda qoliplarni yangilash loyihasi.
Ushbu Loyiha boʻyicha, biznes reja ishlab chiqilgan, «Oʻzavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalardagi yangilanishi lozim uskunalar roʻyxati belgilangan. Texnologik uskunalarni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar 2020 yil davomida bosqichma-bosqich tuziladi. 2021-2023 yillarda uskunalarni ishlab chiqarish, manzilgacha yetkazish va oʻrnatish ishlari olib boriladi.
Loyiha №2. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 534,3 million AQSh dollari boʻlgan yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi.
Loyiha boʻyicha 2022 yil soʻnggiga qadar qoʻshimcha 190 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega liniya yoʻlga qoʻyiladi. Loyihaning texnik iqtisodiy asosi «OʻzavtoMotors» aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanib, litsenziya va muhandislik-texnologik ishlanmalarini amalga oshirish boʻyicha shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalar asosida ilk toʻlovlar amalga oshirildi. Pandemiya tufayli 2020 yil uchun rejalashtirilgan kapital quyilmalarning 70 million AQSh dollari miqdoridagi qismini oʻz vaqtida oʻzlashtirmaslik xavfi mavjud.
Loyiha №3. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 50,0 million AQSh dollari boʻlgan "Uzlogistic" MChJ bazasida logistika kompaniyasini yaratish.
Loyiha boʻyicha potensial strategik sheriklarni qidirish ishlari olib borilmoqda. Pantos (Koreya) va Unico (Koreya) korxonalari bilan muzokaralar davom etmoqda. Shu bilan birga, «Oʻzavto Motors» AJ tomonidan oʻz hissasini qoʻshib, "Uzlogistic" MChJ ustav kapitalini oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Loyiha №4. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 30,0 million AQSh dollari boʻlgan «Samavto» MChJ da ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi.
Loyiha parametrlariga koʻra, qoʻshimcha 10 ming donagacha texnika ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Hozirgi kunda asosiy ushlab turuvchi ustun, devor va tunnel qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha instituti tomonidan yangi ishlab chiqarish kompleksi, omborlar loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va ekspertizadan oʻtgan. Shuningdek, hozirda metallga ishlov berish sexi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Loyiha №5. Xorazm viloyatida shtamplangan qismlarni ishlab chiqarish, muddati 2020-2021 y., umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollari
Loyihaning texnik iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Qurilish-montaj ishlari boshlanishi shu yilning 3 kvartalida rejalashtirilgan. Pudratchi tomonidan Hyundai Rotem, SIMPAC, WIWA va boshqa press-uskunalarni yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, mahalliylashtirish dasturi asosida 2020 yil yanvar-iyun oylarida mahalliy butlovchi qism ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan jami 216 turdagi import qilinayotgan butlovchi qismlarni oʻzlashtirishi taʼminlandi. Buning natijasida jami 10 ta loyiha boʻyicha 209,2 mlrd. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, shundan 0,5 mln. dollarlik mahsulot eksportga yuborildi.
2 yilda ikkita investitsion loyiha
«Oʻzagrotexsanoatxolding» AJ tomonidan 2017-2019 yillar mobaynida faqat ikkita investitsion loyiha amalga oshirilgan.
Birinchi loyiha «Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi» AJ korxonasini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash boʻlib, 13,6 million AQSh dollari sarflangan va 100 ishchi oʻrni yaratilgan. Qayta jihozlash sababli universal paxta kultivator, chizel kultivator, mexanik bugʻdoy ekish seyalka, kanal qazigich, tekislagich, ozuqabob ekinlarni yigʻish kosilkasi, toʻrt qatorlik pnevmatik seyalka kabi qishloq xoʻjaligiga zarur keng turdagi tirkama va osma qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarilgan.
Ikkinchi loyiha «Amkodor-Agrotexmash» MChJ Qoʻshma korxonasida qurilish texnikasini ishlab chiqarish loyihasi boʻlib, 35 kishi ish bilan taʼminlangan. Texnik iqtisodiy asosga koʻra, 2 million AQSh dollari hajmidagi bank krediti va 2,5 million AQSh dollari xorijiy investitsiya jalb etilishi koʻzda tutilgan, lekin loyiha qiymati 2,26 mln. dollargacha qisqarib, «Oʻzagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatining oʻz mablagʻlari hisobiga yakunlangan.
2020-2021 yillarga esa «Oʻzagrotexsanoatxolding» AJ tomonidan umumiy qiymati 44,9 mln. dollar boʻlgan ikkita yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha №1. Umumiy qiymati 41 million AQSh dollari boʻlgan metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish.
Hozirgi kunga qadar "GEMCO« (Gollandiya) kompaniyasi bilan umumiy qiymati 20,2 mln. yevrolik shartnoma imzolandi, uskunalar uchun avans toʻlovi amalga oshirildi. Uskunalarning birinchi qismi joriy yilning sentyabr oyida yetkazib berilishi kutilmoqda. Investitsiya loyihasining texnik iqtisodiy asosi ishlab chiqildi va moliyalashtirish uchun “Asaka” bankiga taqdim qilindi. Hozirda loyiha doirasida moliyalashtirishni ochish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichida 2020 yilning soʻngiga qadar yiliga 12 ming tonna metallni qayta ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Loyihaning yakuniy qayta ishlash quvvati 30 ming tonnaga yetkaziladi.
Loyiha №2. Umumiy qiymati 3,9 million AQSh dollari boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikalariga kabinalarni ishlab chiqarishni tashkil qilish.
Loyihani amalga oshirish uchun mavjud bino va inshootlardan foydalanish sababli, qurilish ishlari talab qilinmadi. Kabinalarni boʻyash, payvandlash va yigʻish asbob uskunalari oʻrnatildi va ishga tushirildi, kabinalarning texnik hujjatlari ishlab chiqildi. Natijada loyihada 3 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻ tejaldi. Loyihani ishga tushirish hisobiga 456 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi va 60 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Xulosa
Yuqorida sanab oʻtilgan loyihalardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasida koʻrilgan choralar tufayli pandemiyaning mashinasozlik sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirishga erishilmoqda. Avtomobilsozlik sohasining mahsulotlariga talabni qoʻllab-quvvatlash maqsadida moliyaviy instrumentlardan foydalanish kengaytirilmoqda, xususan, kredit va boʻlib toʻlash shartlari asosida avtomobillarni sotish takliflari tobora keng qoʻllanilmoqda.
Shu bilan birga, investitsion dasturlarning muvaffaqiyati bir yilda oʻzlashtirilgan mablagʻlar bilan emas, chet el investitsiyasini jalb qilish hajmi, yangi yaratilgan ish oʻrinlari va mahsulot tan narxini necha foiz pasaytirilgani bilan baholanishi toʻgʻri boʻladi.
Oʻzbekiston va hamkor mamlakatlardagi karantin choralari tufayli, investitsion dasturlar boʻyicha 2020 yilga belgilangan tadbirlarlarning bir qismi 2021-2022 yillarga taqsimlanishi kutilmoqda.
Xamidulla Normuradov
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Infografika: Oʻzbekistonning 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida MDH davlatlari bilan savdo aloqasi

