| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil8 daqiqada oʻqiladi169 marta oʻqildi

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

"Xalqaro migratsiya jarayonining oʻyin qoidalarini mehnat resurslarini qabul qiluvchi mamlakat ishlab chiqadi. Pandemiya paytida mazkur cheklovlarning ahamiyati yanada oshgani mehnat kuchini eksport qiluvchi mamlakatlarni qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarning huquqlarini mustahkamlash maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishga undadi", deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Hasanjon Majidov.

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

Oxirgi oʻn yilliklarda globalizatsiya va integratsion jarayonlarining jadal rivojlanishi xalqaro mehnat almashinuvida ham oʻz aksini topdi. Birlashgan millatlar tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi maʼlumotlariga koʻra, 2015-2019 yillar oraligʻida xalqaro mehnat muhojirlari soni 11,4%ga koʻpaygan. 2019 yilda muhojirlar soni jahon aholisining 3,5 foizini tashkil qilgan va ushbu koʻrsatkich 2000 yilga nisbatan 25%ga oshgan.

Muhojirlarning aksariyati (60%) oʻz mintaqasidagi qoʻshni mamlakatlarga koʻchib oʻtgan. Xususan, 2015 yilda 59 millionga yaqin osiyolik oʻz yurtidan mintaqadagi boshqa mamlakatga koʻchib oʻtgan boʻlsa, 40 million yevropalik Yevropaning boshqa davlatlarida qoʻnim topgan.

Umuman olganda, Yevropa mehnat muhojirlari orasida eng jozibador manzil hisoblanadi. 2019 yil holatida mintaqa 82 million muhojirni qabul qilgan boʻlib, undan keyingi oʻrinlarni Shimoliy Amerika (59 million), Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlari (49 million) egallagan.

Pandemiyaning xalqaro mehnat migratsiyasiga taʼsiri

Aksariyat mehnat muhojirlari iqtisodiyotning norasmiy sektorida vaqtincha va huquqlari himoyalanmagan ishlarda faoliyat yuritishadi. Koʻpgina mamlakatlarda ushbu toifadagi insonlar oʻsha davlatdagi milliy mehnat qonunchiligiga amal qilmaganligi sababli, pandemiya kabi favqulodda vaziyatlarda ularning ijtimoiy va iqtisodiy himoya choralaridan foydalana olmaslik xavfi yuqori. Xususan, KOVID-19 bilan bogʻliq inqiroz sharoitida baʼzi mamlakatlarda mehnat muhojirlariga nisbatan diskriminatsiya, ishdan boʻshatish, mehnat sharoitining yomonlashishi va boshqa shu kabi salbiy holatlarning oshishi kuzatilmoqda.

Aksariyat muhojirlarning turli sabablarga koʻra sogʻliqni saqlash tizimidan foydalana olmasligi, virusning yanada keng va jadal surʼatlarda tarqalishiga olib kelmoqda. Aksincha, tibbiy xizmatlardan foydalangan taqdirda, bu ularning moliyaviy ahvolini yanada yomonlashtirib, kambagʻallik qopqoniga tushish ehtimolini koʻpaytiradi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, iqtisodiy inqirozdan oldingi davrda dunyo boʻylab yiliga 100 million nafar aholi sogʻliqni saqlash uchun sarflangan xarajatlar tufayli kambagʻallik darajasiga tushib qolar edi.

Shuningdek, qattiq karantin choralarining joriy qilinganligi va davlatlararo transport qatnovlarining cheklanganligi tufayli muhojirlar mehnat bozoridagi ish oʻrinlarning keskin kamayishi va ish haqi miqdorining tushishi kabi qiyinchiliklarga duch kelishmoqda (1-jadval).

Hisob-kitoblarga koʻra, 2020 yilning ikkinchi choragida ish oʻrinlarining qisqarishi dunyo boʻylab 10,5 %ga teng boʻldi. Boshqacha aytganda, joriy yilning 2-choragida dunyo boʻylab ishsizlar soni 195 million nafarga koʻpaydi. Mintaqalar kesimida, Amerika (-12,4%), Yevropa va Markaziy Osiyo (-11,8%) hududlarida raqamlar oʻrtacha koʻrsatkichlardan ham salbiyroq tus oldi. Undan tashqari muhojirlarning aksariyati faoliyat olib boradigan iqtisodiyotning norasmiy tarmoqlaridagi oʻrtacha ish haqi -60%ga qisqargan boʻlib, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur qisqarish -70%ga teng.

1-jadval. Muhojirlar duch kelayotgan asosiy muammo va xatarlar

Muhojirlarning turlari

Muammo va xatarlar yuzaga kelgan asosiy mamlakatlar

Muhojirlar duch kelayotgan asosiy muammo va xatarlar

Vaqtincha va mavsumiy xalqaro migratsiya

· Koʻrfaz Hamkorlik Kengashi mamlakatlari

· Malayziya

· Janubiy Koreya

· AQSh

· Avstraliya

· Yangi Zelandiya

· Rossiya

· ishsiz qolish;

· ish haqining qisqarishi;

· pul oʻtkazmalarining kamayishi yoki batamom toʻxtashi;

· qarzdorlikning koʻpayishi, kambagʻallik qopqoniga tushib qolish ehtimolining ortishi;

· ish beruvchi tomonidan berilgan turar-joydan mahrum boʻlish;

· ijtimoiy himoyadan mahrum boʻlish;

· yashash va mehnat sharoitlari tufayli kasallikning yuqishi va yuqtirish xavfining oshishi

Norasmiy xalqaro migratsiya

· Hindiston

· Malayziya

· Rossiya

· Janubiy Afrika

· Tayland

· AQSh

Vaqtincha va mavsumiy xalqaro migratsiya muammolariga qoʻshimcha:

· mehnat huquqlarining kafolatlanmaganligi bilan bogʻliq muammolar;

· ijtimoiy himoya boʻyicha imtiyozlarining mavjud emasligi

Muhojirlarning vatanga qaytishi

· Aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlar

· uyushgan tarzda vatanga qaytish davomida kasallikning yuqishi va yuqtirish xavfi;

· vatanga qaytganda ish bilan taʼminlash imkoniyatlaring pastligi;

· ijtimoiy kapitaldan foydalanish imkoniyatlaring pastligi;

· qarzdorlikning koʻpayishi evaziga kambagʻallik qopqoniga tushib qolish ehtimolining ortishi;

· pul oʻtkazmalari olmaydigan oilalar sonining ortishi.

Manba: Jahon banki maʼlumotlari[1]

Yana bir tomondan mehnat muhojirlarining moliyaviy tang vaziyatga tushib qolishi ular tomondan yuborilayotgan pul oʻtkazmalari hajmiga ham salbiy taʼsir qilishi turgan gap. Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, rivojlanayotgan mamlakatlarga pul oʻtkazmalari 2020 yilda oʻrtacha 19,9%ga kamayadi (2-jadval). Xalqaro pul oʻtkazmalarining pasayishi Yevropa va Markaziy Osiyo hududida eng sezilarli boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan -27,5%ni tashkil etishi prognoz qilingan.

2-jadval. Kam va oʻrta daromadli mamlakatlarga yuborilayotgan pul oʻtkazmalari hajmining oʻzgarishi

Manba: Jahon banki maʼlumotlari

Majburiy qaytish

Muhojirlar tomonidan chet elda ishlab topilgan pul mablagʻlari vatanga qaytganida kredit cheklovlarini yengib oʻtish va biznesni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, inson kapitaliga sarmoya kiritgan muhojirlar ichki mehnat bozori talablarini oʻzgartirishi mumkin.

Ammo, shuni unutmaslik kerakki, pandemiya tufayli aksariyat muhojirlarning rejalari oʻzgarib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, ular rejalashtirgan mablagʻni toʻplay olmadi, koʻzlangan kasb malakalarni oʻrgana olmadi. Umuman, muhojirlar oʻz xohishi bilan emas, majburlikdan vatanga qaytishiga toʻgʻri kelmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar davomida pandemiya paytida vatanga qaytgan muhojirlarning 5% koʻzlagan jamgʻarmasini yigʻganligi tufayli vatanga qaytgani aniqlandi.

Bunday holatda, muhojirlarning vatanga qaytishidan jamiyat aʼzolarining maksimal darajada naf koʻrishi vatanda ularning mavjud malakasi va investitsiyalaridan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi institutlarga bogʻliq. Bunda, ularning investitsiya kiritishga va mehnat bozorida reintegratsiyasi qilishiga ragʻbat yaratuvchi tizimni shakllantirish juda muhim.

Pandemiya va oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari

Oʻzbekiston tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni asosan muddatli va mavsumiy xarakterga ega va muhojirlarning aksariyati bahor va yoz oylarida chet elda ishlab, qishki mavsumda vatanga qaytadi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi maʼlumotiga koʻra, 2019 yil holatida 3 millionga yaqin oʻzbekistonlik chet elda mehnat faoliyatini olib bordi va ularning aksariyati Rossiya va Qozogʻiston hududida malaka talab qilinmaydigan sohalarda ish bilan band hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar davomida ushbu davlatlarga asosan kam taʼminlangan oila aʼzolarining borishi, daromadi yuqori uy-xoʻjaliklari vakillari esa koʻproq Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yoʻl olishi aniqlangan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2019 yilda mehnat muhojirlari tomonidan Oʻzbekistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Xususan, MDH aʼzo davlatlaridan 5 mlrd. joʻnatilgan boʻlib, uning 98% Rossiya va Qozogʻistondagi muhojirlar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda eng koʻp pul joʻnatmalari qabul qiluvchi mamlakat boʻlib kelmoqda.

Chegaralarning yopilishi va qattiq karantin choralari chet elda mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik fuqarolarga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Xususan, turli manbalarga koʻra, qish mavsumi davrida uyiga qaytgan 500 mingga yaqin fuqarolar koʻzlangan manziliga qaytib keta olmadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarolarining asosiy manzili hisoblangan Rossiya Federatsiyasida har ikkinchi muhojir ishsiz qoldi[2]. Ijara va oziq-ovqat xarajatlari tufayli muhojirlar ahvoli yanada ogʻirlashdi. Natijada, iyun oyidagi tiklanishga (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga oʻsish) qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalarining umumiy hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga kamaydi (1-rasm).

1-rasm. Oʻzbekistonga/dan joʻnatilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi (mln. AQSh dollarida)

Manba: Markaziy Bank maʼlumotlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahallalar darajasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, mehnat muhojirlari pandemiyadan eng koʻp jabr koʻrgan aholi qatlamlaridan biri ekanligi aniqlandi. Xususan, 43% mahallalarda respublikaga qaytgan fuqarolarning soni oshgan, eng yuqori oʻsish Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan. Qaytgan muhojirlar asosan ish bilan taʼminlash (54%), moliyaviy yordam (27%) va oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj sezayotganligi aniqlandi.

Hukumatlar chet eldagi mehnat muhojirlarini qanday qoʻllab-quvvatlayapti?

Nazariyaga koʻra, ishchi kuchining ortiqcha cheklovlarsiz erkin harakati xalqaro migratsiyaning barcha ishtirokchilariga birdek foyda keltiradi. Ammo, deyarli barcha rivojlangan davlatlar viza, patent, sugʻurta va shu kabi boshqa cheklovlar orqali migrantlar oqimini nazorat qiladi. Mahalliy mehnat bozorini ragʻbatlantirish, byudjet mablagʻlarini qayta taqsimlash va davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy yordamni avvalambor oʻz fuqarolariga yoʻnaltirish, mazkur cheklovlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, xalqaro migratsiya jarayonining oʻyin qoidalarini mehnat resurslarini qabul qiluvchi mamlakat ishlab chiqadi. Pandemiya paytida mazkur cheklovlarning ahamiyati yanada oshgani mehnat kuchini eksport qiluvchi mamlakatlarni qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarning huquqlarini mustahkamlash maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishga undadi.

Xorijdagi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha rivojlanayotgan mamlakatlar va Oʻzbekiston tajribasini, shu jumladan, Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasi jarayonini soddalashtirish va fuqarolarning chet eldagi huquq va majburiyatlarini taʼminlash boʻyicha takliflarni «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 9-sonida batafsil oʻqishingiz mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi Hasanjon Majidov

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Castles S. & Vezzoli S. (2009, June), The global economic crisis and migration: temporary interruption or structural change? Paradigmes #2. Retrieved from https://www.migrationinstitute.org/files/news/castles-and-vezzoli_the-global-economic-crisis-and-migration.pdf

  2. IOM (2019), World Migration Report 2020, UN, New York, Retrieved from https://doi.org/10.18356/b1710e30-en

  3. OECD (2020), Managing international migration under COVID-19. Retrieved from http://www.oecd.org/coronavirus/policy-responses/managing-international-migration-under-covid-19-6e914d57/

  4. Rodrik D. & Rosenzweig M (2010). Development Economics #5. Elsevier BV.

  5. World Bank Group & KNOMAD (2020, April), COVID-19 Crisis Through a Migration Lens. Migration and Development Brief 32. Retrieved from https://openknowledge.worldbank.org/bitstream/handle/10986/33634/COVID-19-Crisis-Through-a-Migration-Lens.pdf?sequence=5&isAllowed=y

  6. World Bank Group (2020, June), Potential Responses to the COVID-19 Outbreak in Support of Migrant Workers. “Living Paper” Version 10. Retrieved from http://documents1.worldbank.org/curated/en/428451587390154689/pdf/Potential-Responses-to-the-COVID-19-Outbreak-in-Support-of-Migrant-Workers-June-19-2020.pdf

  7. International Labour Organization (2020, May), COVID-19 crisis and the informal economy Immediate responses and policy. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---travail/documents/briefingnote/wcms_743623.pdf

  8. International Labour Organization (2020, June), Social protection for migrant workers: A necessary response to the Covid-19 crisis. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---soc_sec/documents/publication/wcms_748979.pdf

  9. International Labour Organization (2020, June), COVID-19 and the world of work: Ensuring no one is left behind in the response and recovery. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---dgreports/---gender/documents/publication/wcms_750309.pdf

  10. International Labour Organization (2020, June), COVID-19 and the world of work: Ensuring no one is left behind in the response and recovery. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---dgreports/---gender/documents/publication/wcms_750309.pdf

  11. International Labour Organization (2020), Malaysia: Review of admission and recruitment practices of Indonesian workers in the plantation and domestic work sectors and related recommendations. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---asia/---ro-bangkok/documents/publication/wcms_749695.pdf

  12. International Labour Organization (2020, April), Protecting migrant workers during the COVID-19 pandemic: Recommendations for Policy-makers and Constituents. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---migrant/documents/publication/wcms_743268.pdf

  13. International Labour Organization (2020, April), Protecting migrant workers during the COVID-19 pandemic: Recommendations for Policy-makers and Constituents. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---migrant/documents/publication/wcms_743268.pdf

[1] Jahon banki (2020, June), Potential Responses to the COVID-19 Outbreak in Support of Migrant Workers. “Living Paper” Version 10. http://documents1.worldbank.org/curated/en/428451587390154689/pdf/Potential-Responses-to-the-COVID-19-Outbreak-in-Support-of-Migrant-Workers-June-19-2020.pdf

[2] Varshaver V., Ivanova N., Rocheva A. Gruppa issledovaniy migratsii i etnichnosti. Polojeniye migrantov v Rossii vo vremya pandemii koronavirusa (COVID-19): rezultati oprosa. http://mer-center.ru/_ld/1/169_06-07-2020-vars.pdf

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ