Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan taʼminlanadi
Uyida koronavirusdan davolanayotgan bemorlarga bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan meʼyorda, bepul yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.

16 iyul kuni Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda 15 iyul kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali bajarish masalalari muhokama qilindi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maxsus komissiya yigʻilishida koronavirus infeksiyasining odamlar orasida keng tarqalishi oldini olish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish uzluksizligini taʼminlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha birinchi galda qilinadigan ishlarga eʼtibor qaratildi.
Komissiya yigʻilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ruyxati tasdiqlandi.
Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davlanayotgan bemorlarga:
“Gidroksixloroxin”,
“Azitromitsin”,
“Paratsetamol”,
“Vitamin S” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan meʼyorda, bepul yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.
Koronavirus infeksiyasi boʻyicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan bepul taʼminlanadi.
Yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta toʻplamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib berish tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda

COVID-19 pandemiyasi sharoitida davlatning puxta oʻylangan rivojlanish strategiyasi juda muhimdir – ekspert

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

