| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
COVID-1912 daqiqada oʻqiladi836 marta oʻqildi

Koronavirus pandemiyasining global iqtisodiyotga va Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkor mamlakatlariga taʼsiri

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining (XVJ) joriy yil birinchi yarmida koronavirus pandemiyasi kengayishining toʻxtatilishi va ikkinchi yarim yildan boshlab iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanishi boʻyicha taxminlariga asoslangan bazaviy prognozlariga koʻra, 2020 yilda jahon iqtisodiyoti 3 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Koronavirus pandemiyasining global iqtisodiyotga va Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkor mamlakatlariga taʼsiri

2019 yilning noyabr-dekabr oylarida Xitoy Xalq Respublikasining Uxan shahrida paydo boʻlgan koronavirus pandemiyasining jahon miqyosida keng tarqalishi global inqirozni vujudga keltirdi. Bu jahon inqirozlaridan turli jihatlari bilan farq qilib, iqtisodiyotga salbiy taʼsiri juda kuchliligini koʻrsatmoqda. Iqtisodiy tilda aytadigan boʻlsak, bu pandemiya yalpi talab va yalpi taklifga, makroiqtisodiy barqarorlikka tashqi “zarba” boʻlib, oldingi iqtisodiy inqirozlardan koʻlami va zarari jihatidan katta farq qiladi. Qisqa vaqt ichida COVID-19’ning global miqyosda keng tarqalishi deyarli barcha davlatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuningdek, virusning taʼsir koʻlami kengayishda davom etmoqda.

Koronavirus pandemiyasigacha boʻlgan davrdagi iqtisodiy rivojlanish

Tadqiqotlar natijasi shundan dalolat beradiki koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar jahon iqtisodiyoti va milliy iqtisodiyotlarda ijobiy siljishlar, barqaror rivojlanish alomatlari kuzatilgan. Oxirgi yillarda jahon iqtisodiyotida iqtisodiy oʻsishning surʼati oʻrtacha 3 foiz atrofida boʻlsa, uning yuqori surʼatlari:

  • Xitoy;

  • Tojikiston;

  • Armaniston;

  • Oʻzbekistonda.

past surʼatlari:

  • AQSh;

  • Buyuk Britaniya;

  • Rossiya Federatsiyasida kuzatilgan.

Jahon iqtisodiyotining yalpi daromadi 2019 yilda 84,5 trillion AQSh dollarni, shu jumladan:

  • AQSh 20,6 trillion dollar (ulushi 24,4 foiz);

  • Xitoy Xalq Respublikasi 13,1 trillion dollar (ulushi 15,6%);

  • Germaniya 3,9 trillion dollar (4,6%);

  • Buyuk Britaniya 2,8 trillion dollar (3,3%);

  • Rossiya va Janubiy Koreya 1,5 trillion dollari (1,9%)ni tashkil etilishini 1-rasmda koʻrishimiz mumkin.

Iqtisodiy oʻsish surʼatlari dinamikasi

1-Rasm. Jahon iqtisodiyoti va Oʻzbekiston bilan hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy oʻsish surʼatlari dinamikasi

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining (XVJ) joriy yil birinchi yarmida koronavirus pandemiyasi kengayishining toʻxtatilishi va ikkinchi yarim yildan boshlab iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanishi boʻyicha taxminlariga asoslangan bazaviy prognozlariga koʻra, 2020 yilda jahon iqtisodiyoti 3 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Bu sharoitda, iqtisodiy pasayish rivojlangan davlatlarda 6,1 foizni (shu jumladan, AQSh – 5,9 foiz, Yevrozona mamlakatlari – 7,5 foiz) va rivojlanayotgan mamlakatlarda – 1 foizni, shuningdek, Rossiyada – 5,5 foizni va Qozogʻistonda – 2,5 foizni tashkil etishi, Oʻzbekistonda esa 1,8 foizlik iqtisodiy oʻsish prognoz qilinmoqda.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatning oʻziga xos xususiyatlari shundan iborat:

birinchidan, yuzaga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyat bank va moliya sektoridagi qandaydir inqirozli holat natijasi emas hamda fiskal yoki monetar siyosat orqali uning toʻliq yechimini taʼminlash imkoniyati cheklangan. Mavjud vaziyat, eng birinchi navbatda “insoniy” yoki “inson sogʻligi inqirozi” bilan bogʻliqdir;

ikkinchidan, odatda inqirozlar talab (bank tizimidagi inqiroz va kreditlarning sekinlashuvi, yoki davlat qarzining oshib ketishi natijasida xarajatlarning qisqarishi, daromadlarning kamayib ketishi) yoki taklifning yaʼni, ishlab chiqarish hajmlarining keskin qisqarishi (urush va tabiiy ofatlar, qarz inqirozlari va h.k.) bilan bogʻliq omillarning biri taʼsirida yuzaga keladi. Amaldagi iqtisodiy vaziyatning murakkabligi, bir paytning oʻzida talab va taklifning qisqarishi bilan izohlanadi;

uchinchidan, koronavirus pandemiyasining toʻxtatilishi va undan keyingi bosqichda cheklovlarning olib tashlanishi hamda ushbu kasallik tarqalishining ikkinchi toʻlqini bilan bogʻliq yuqori darajadagi noaniqliklarning mavjudligi:

  • biznes subʼyektlari uchun ishlab chiqarish va investitsion loyihalar boʻyicha;

  • aholining isteʼmol faolligiga;

  • hukumatlar tomonidan fiskal va monetar qoʻllab quvatlash;

  • tashqi va ichki qarzlarni jalb qilish;

  • ijtimoiy himoya hajmi va dasturlarini belgilash borasida aniq qarorlarni qabul qilishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shu nuqtai nazardan koronavirus pandemiyasining mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish vazifasi, birinchi navbatda, ushbu kasallikning aholi sogʻligiga taʼsirini minimallashtirish, ushbu borada kiritilgan cheklovlarni ehtiyotkorlik bilan bosqichma-bosqich olib tashlash va kelgusidagi vaziyatni imkon qadar aniqroq baholay olish orqali inqirozdan keyingi iqtisodiy tiklanish siyosatini toʻgʻri shakllantirish va amalga oshirishdan iborat boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentiga Murojaatnomasi hamda mamlakatimizni 2017 – 2021 yillarda yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan joriy yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb atalgani va Davlat dasturining qabul qilinishi, barqaror iqtisodiy rivojlanish, xalq farovonligini oshirishda muhim dasturamal boʻlib xizmat qiladi.

Koronavirus pandemiyasining global iqtisodiyotga va Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkor mamlakatlariga salbiy taʼsiri

Global inqirozning respublikamiz ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsirlarini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz xolatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora - tadbirlar toʻgʻrisida” va “Kornovirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab – quvvatlashga doir qoʻshimcha chora - tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmonlari qabul qilindi va amaliyotda joriy etilmoqda.

Farmonda koʻrsatib oʻtilgandek jahon miqyosida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda respublikamizda insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritish va korxonalar faoliyatini toʻxtatish orqali misli koʻrilmagan choralar koʻrilmoqda. Global iqtisodiyot tizimining bir qismi boʻlgan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham mazkur omillar taʼsir qilmoqda, bu esa oʻz navbatida ushbu holatning salbiy taʼsirlarini yumshatish boʻyicha samarali oldini oluvchi choralar koʻrishni talab qiladi.

Bunda turizm, transport, farmatsevtika va toʻqimachilik sanoati kabi respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlarini qoʻllab -quvvatlash va ularning barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarur.

Globallashuv va integratsiyadan, ikki va undan koʻp tomonlama iqtisodiy aloqalardan inqirozgacha koʻp naf koʻrgan mamlakatlar koronavirus pandemiyasidan juda koʻp zarar koʻrmoqda. Ular koronavirusga chalinganlarning soni jihatidan dunyoda peshqadam boʻlmoqda.

Jumladan:

  • AQSh da 2020 yil 20 aprel sanasiga 1 475 milliandan ortiq;

  • Ispaniya 245 ming;

  • Italiya 209 ming;

  • Buyuk Britaniya 182 ming;

  • Fransiya 168 ming;

  • Germaniya 164 ming;

  • Rossiyada 134 ming;

  • Turkiyada 124 ming holatda koronavirus yuqtirganlar qayd etilgan.

Iqtisodiyotning salohiyati, savdo-sotiq munosabatlar, mamlakatlarning ochiqlik darajasi, tovarlar, investitsiya va turistlar oqimi oʻzaro kontaktlarining oshishiga va pandemiyaning keng tarqalishiga sabab boʻlgan.

Tahlillar shuni taqozo qilmoqdaki, mamlakatlarning jahon iqtisodiyotidagi ulushi bilan koronavirusga chalinganlarning ulushi oʻrtasida oʻzaro korrelyasion aloqadorlik ( R = 0,75) bor ekan. Shuningdek, mamlakatlarning koronavirus pandemiyasidan iqtisodiy yoʻqotishlari ham epidemiyadan zararlanish ulushlariga bogʻliq.

Aholi daromadlaridagi yoʻqotishlarni qoplash uchun baʼzi mamlakatlar pul tarqatmoqda. Ammo Oʻzbekiston Respublikasi hukumati muqobil qaror qilib “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati orqali korxona va jamoat tashkilotlari kam taʼminlangan oilalarga xayriya tadbirlarini oʻtkazmoqda. Korxonalarning "Saxovat va koʻmak" umumxalq harakatida qatnashishi davlat tomonidan inqiroz yoʻqotishlarini tadbirkorlar zimmasiga tashlagani emas, balki bu harakat ayni yalpi talab tushib borayotgandagi holatni oʻnglashga qaratilgan harakatdir. Chunki yalpi taklif pasaygan davrda yalpi taklifni aholiga pul tarqatish orqali oshirish inflyasiyani oshiradi va aholi undan naf koʻrmasligi mumkin.

Korxonalarning umumxalq xarakatida qatnashishi ularga naf keltiradi:

  • birinchidan,korxona tovar yoki xizmatlarini (oldindan toʻplangan zaxiralarini talab tushib ketgan davrda sotish uchun reklama xarajatlarini qilishi kerak boʻlardi;

  • ikkinchidan,korxonaning “Saxovat va koʻmak” umumxalq xarakatidagi ishtiroki xaridorlar, uning aholi oʻrtasidagi obroʻsi va imidjini oshiradi;

  • uchinchidan,umumxalq harakatida qatnashish korxonalar oʻrtasidagi oldingi shakllangan zanjirband iqtisodiy aloqalarni jonlantiradi. Biznes yuritish faollashadi va toʻrtinchidan marketiing xarajatlari tejaladi, chunki ular kelgusida jozibador (consumer loyalty) isteʼmolchilar guruhini shakllantiradi.

Kornovirus pandemiyasi tugagandan soʻng iqtisodiy tiklanish va rivojlanish

Inqiroz davom etayotgan davrida milliy iqtisodiyotning birinchi galdagi vazifalari bozor ishonchini tiklash, nobozor sektorini, birinchi navbatda renta munosabatlari taʼsir hududini qisqartirish va raqobatchilikni rivojlantirishdan iborat. Milliy iqtisodiyotni energiya-xom ashyo yoʻlidan innovatsion yoʻnalishga oʻtkazish samaradorligi aholining turli ijtimoiy guruhlari, hokimiyat va biznes oʻrtasidagi aloqalarning ishonch darajasi bilan belgilanadi.

Shuningdek, korxonalarning raqobatbardoshligi va ularning iqtisodiy holatiga koronavirus pandemiyasining taʼsirini yumshatish maqsadida ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish, transaksion sarflarni tejash chora - tadbirlari tavsiya etilgan.

Moliyaviy nochor korxonalarga imtiyozli kredit berish, bankdan olgan kreditlarini soʻndirishga imtiyoz yaratish, mahsulotlarning energiya va boshqa xom ashyo sigʻimini pasaytirishni ragʻbatlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarini lokalizatsiya dasturlariga kiritish, ularning mahsulotiga boʻlgan ichki talabni oshirish tadbirlari belgilangan. Ishlab chiqarishni yangi mahsulotlar va faoliyatlar bilan kengaytirish hisobiga diversifikatsiyalashni amalga oshirish, mahsulotlar va xizmatlar assortimenti va sifatini oshirish, ulardagi qoʻshimcha qiymat sigʻimini oshirish, sotish kanallari va bozorlarini kengaytirish, bandlikni, oʻz – oʻzining bandligini taʼminlash chora –tadbirlari keng joriy etilmoqda.

Bu holatlar kelgusida mamlakatimiz tez fursatda inqiroz taʼsiridan chiqgan inqirozgacha boʻlgan holatni tiklab barqaror rivojlanish trayektoriyasiga oʻtishiga xizmat qiladi. Shu xususida yana bir olimlar oʻrtasidagi inqirozdan keyingi rivojlanish ssenariyalari munozarali boʻlib turibdi.

Ayrim olim va mutaxassislar kelgusida iqtisodiyotlarning rivojlanishi toʻgʻrisida lotincha L- shaklida ( L- shape), U- shaklida ( U –shape) yoki V –shaklida (V-shape) boʻlishini prognoz qilishmoqda. Ushbu harflarning koʻrinishi yalpi taklif egri chizigʻining shaklini ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda milliy iqtisodiyotlar va jahon iqtisodiyoti oldingi shakliga kirib rivojlanish bosqichiga oʻtadi deganidir.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti 5 yoki 6 oyda iqtisodiy yoʻqotishlarni qoplab bu yilgi YaIM ning oʻsish surʼati 1,2 – 1,5 foiz atrofida va keyingi yili 7,0 - 7,2 foizga koʻtariladi. Jahon iqtisodiyoti va rivojlangan mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya) iqtisodiyotlari iqtisodiyotining U – shaklda rivojlanadi, Boshqacha qilib aytganda bu iqtisodiyotlarga tiklanishi va rivojlanishi uchun koʻproq vaqt (bir va bir yarim yil) talab etiladi.

Respublikamiz uchun koronavirus pandemiyasi taʼsiridagi iqtisodiy yoʻqotishlarni qoplash uchun bizningcha bu yil 5 yoki 6 oy talab etiladi va joriy yilda iqtisodiy oʻsish pasayib 1,2 – 1,4 foiz atrofida boʻlishi va keyingi yili esa qabul qilingan Inqirozga qarshi chora tadbirlarning mahsuli sifatida oʻsish surʼati 7,0 atrofida va undan yuqori boʻladi.

Vaziyatning keskin oʻzgaruvchan boʻlishini inobatga olib bugungi kunda kutilayotgan makroiqtisodiy vaziyat boʻyicha nisbatan aniq prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqish murakkab boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekistonning "Bir makon-bir yoʻl" davlatlari bilan hamkorligi ulkan va hali toʻla amalga oshirilmagan salohiyatga ega ekanligini ahamiyatga olish darkor. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan bildirilgan transport, innovatsiya va taʼlim sohalaridagi aniq tashabbuslar Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarini yangi darajaga koʻtara oladi va "Bir makon-bir yoʻl" doirasida barqaror iqtisodiy oʻsish va rivojlanishga toʻsiq boʻlib turgan eng dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha hamkorlikka yoʻnaltiradi. Oʻzbekiston “Bir makon-bir yoʻl” loyihasini, transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohalaridagi tashabbuslarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bogʻlaydigan transport-logistika yoʻnalishlarini ochish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.

"Bir makon-bir yoʻl"ga aʼzo mamlakatlar bilan sayyohlik sohasida faol hamkorlik Oʻzbekiston uchun katta imkoniyatlarni ochadi. “Bir makon-bir yoʻl”ning 60 mamlakati eng yirik tashqi turist “yetkazib beruvchilar”dir. Jahon sayyohlik tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi sayyohlar tomonidan sarflangan pullarning 20 foizidan koʻprogʻi Xitoy ulushiga toʻgʻri keladi. Ular 2017 yilda turizmga 250,6 milliard dollar sarflagan. Ekspertlarning qayd etishicha, 2021 yilga kelib jahondagi Xitoy sayyohlarining soni 200 millionga, ularning xarajatlari 429 milliard dollarga yetadi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hozirgi davrda nafaqat insoniyat hayotiga, balki ayrim davlatlar va umuman dunyo iqtisodiyotiga ham jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Investorlarning vahima sababli aksiyalarini sotib yuborishi oqibatida dunyo boʻylab yetakchi boʻlgan birjalarda yuzaga kelgan inqirozni ekspertlar oxirgi 10 yillikda kuzatilmagan, deb baholashmoqda.

Mazkur vaziyat oddiy “informatsion panika” emas, balki jahon iqtisodiyotiga jiddiy tahdid ekanini dunyodagi yetakchi moliyaviy institutlar, xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlar amalga oshirayotgan harakatlardan ham kuzatish mumkin.

Jumladan, AQSh Federal Rezerv Tizimi iqtisodiy faollikni barqaror holatda ushlab turish maqsadida, bazaviy foiz stavkasini 0,5 foiz punktga tushirdi. Mazkur qaror 2008 yilgi inqiroz davridan beri birinchi marta boʻlayotgani ahamiyatga molikdir. AQSh moliya vazirligi huzurida kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha maxsus komissiya tuzilgan.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) 2020 yildagi jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlari prognozini 0,5%ga kamaytirdi. IHRT, savdo urushlari va siyosiy tanglik tufayli oʻzi shundoq ham “jar yoqasida”gi dunyo iqtisodiyotining hozirgi kundagi taʼminot zanjirining uzilishi, resurslarga boʻlgan talabning sustlashishi, turizmdagi pasayish tendensiyasi va kasallik sababli isteʼmolchilar ishonchining kamayishi bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.

IHRT hisobotiga koʻra, eng yomon ssenariy (Downside scenario) boʻyicha, yaʼni pandemiya koʻlamining dunyo boʻylab kengayishi, pandemiyaga qarshi qoʻllaniladigan choralar va vahima sababli, ishlab chiqarishga jiddiy zarar keltirishi va oqibatda iqtisodiy retsessiyani olib kelishi, global iqtisodiy oʻsish 1,5% gacha pasayishi prognoz qilingan. Oʻz navbatida, bu holatning taʼsiri mamlakatlar uchun judayam kuchli va davomli boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.

Oʻzbekistonda mazkur vaziyat yuzasidan boʻlgan qisqa muddatli muhim choralarni koʻrish ehtiyojini tugʻdirmoqda.

Buning uchun:

birinchidan, fiskal va pul-kredit siyosatni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va mamlakatdagi tarkibiy islohotlarni kuchaytirish lozim.

Mazkur choralar iqtisodiy oʻsishni barqarorligiga, isteʼmolchilar va investorlarning ishonchini oshirishga va noaniqlikni kamaytirishga yordam beradi;

ikkinchidan, korxona va tashkilotlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlashga qaratilgan choralar, jumladan soliq stavkalarini maʼlum muddatga kamaytirish, “soliq taʼtillari”, “soliq kreditlari”ni taqdim qilish va uzoq muddatda qaytarish imkoniyatini yaratish, QQSni tezkor qaytarish mexanizmlarini joriy etish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Naqd pul oqimi bilan bogʻliq muammolarga duch kelayotgan korxonalarga, ayniqsa, kichik va oʻrta korxonalarga yordam berishga banklar tomonidan imkon berilishi lozim. Zarar koʻrishi ehtimoli boʻlgan hududlar va tarmoqlar uchun energiya manbalari narxini pasaytirish choralari koʻrilishi lozim.

Rossiya rublining kuchsizlanishi – soʻmning almashuv kursini kuchaytirishi, bu esa, Rossiya bozorida Oʻzbekiston eksport mahsulotlarining qimmatroq boʻlishiga va mahalliy eksportyorlarning daromadlari kamayishiga, oʻz navbatida, bu ham Oʻzbekistondagi valyuta hajmini kamayishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya iqtisodiyotining sustlashishi oqibatida, Oʻzbekistonlik migrantlarning mamlakatimizga keltirayotgan 3,4 mlrd. dollarlik (YaIMga nisbatan 5,9 foiz) foydasining qisqarishiga olib kelishi ham mumkin.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida transfertlardan keladigan daromadlar 25,3%ni tashkil etishini hisobga olganda, mazkur vaziyat Oʻzbekistonda aholining yashash darajasiga ham maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Buning uchun, iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish va bandlikni qoʻllab quvvatlash choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Jumladan, kichik tadbirkorlikni moliyalashtirishni kengaytirish, berilayotgan kreditlar imtiyozli davrini uzaytirish lozim.

Barcha ruxsat beruvchi va byurokratik tartib-tamoyillarga maʼlum muddat maratoriy eʼlon qilish, tadbirkorlik faoliyatidagi vujudga kelayotgan toʻsiq va muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bandlikni taʼminlash boʻyicha keskin choralar koʻrish, qisqa muddatli ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish lozim.

Bugungi kunda aynan bu holatni oldini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 yanvardagi “Uy-joy sharoitlarni yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga koʻp kvartirali uylardan xonadonlar ajratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi №39 sonli qaroriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida” 2019 yil 20 avgustdagi PF-5785-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarining uy-joy sharoitini yaxshilash uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda uy-joylar qurilishi boʻyicha davlat dasturlarining ijrosi doirasida koʻp kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi;

2021 yil va keyingi yillarda uy-joylar qurish parametrlarini shakllantirishda ularga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun koʻp kvartirali uylardan xonadonlar kiritilishi belgilanganligi;

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ipoteka kreditlarini ajratish boʻyicha:

a) 2020 yil dasturlari ijrosi doirasida:

- ipoteka kreditlari boʻyicha imtiyozli davr 1 yil etib belgilanadi;

- ipoteka kreditidan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir meʼyorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilandi;

- ipoteka kreditlari foizlarini annuitet toʻlovlari formulasi boʻyicha hisoblash tartibi tatbiq etiladi (oylik toʻlov asosiy qarz qoldigʻiga hisoblangan foizlar boʻyicha toʻliq toʻlovni hamda kreditning bir qismini oʻz ichiga oladi, bu shunday hisoblashni nazarda tutadiki, har oylik barcha toʻlovlar kredit toʻlashning butun davrida bir xil boʻladi);

Mazkur koʻriladigan choralar, tashqi global iqtisodiy oqibatlarni Oʻzbekistonga taʼsirini kamaytirish, iqtisodiy vaziyatni muvozanatlashtirish uchun xizmat qiladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, koʻpgina davlatlarning markaziy banklari asosiy foiz stavkalarini tushirishi moliyaviy sektorda emas, balki iqtisodiyotning real sektorida investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan. Agar 2008 yildagi tajribadan kelib chiqsak, oʻsha paytdagi ushbu vaziyat kapital oqimning rivojlangan davlatlardan rivojlanayotgan davlatlarga (Xitoyga) qarab harakatlanganligi kuzatilgan. Shu sababdan, Oʻzbekistonning ayni paytdagi vaziyatdan foydalanib qolish imkoniyati mavjudligini inobatga olib, qulay investitsion muhitni yaratishga katta eʼtibor qaratish, investitsion jozibadorlikni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan Veb-saytlar roʻyxati:

  1. https://.review.uz

  2. https://index.minfin.com.

  3. https://coronavirus-monitor.ru

  4. https://ru.wikipedia.org

i.f.d.prof.Raximova Dilfuza Nigmatovna

Iminov Akbarjon Odiljon oʻgʻli

Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyat yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ