| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar10 daqiqada oʻqiladi451 marta oʻqildi

Koronavirus pandemiyasi koʻproq qaysi sohaga salbiy taʼsir koʻrsatadi?

Pandemiya sharoitida bir qator mamlakatlar toʻgʻrida-toʻgʻri kichik korxonalarga yoʻnaltirilgan ish vaqtini qisqartirish, vaqtincha ishdan boʻshatish va kasallik taʼtiliga chiqarish kabi chora-tadbirlar joriy etmoqda. Oʻzbekiston pandemiya sharoitida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishni koʻzda tutgan?

Koronavirus pandemiyasi koʻproq qaysi sohaga salbiy taʼsir koʻrsatadi?

Koronavirus pandemiyasi salbiy taʼsiri kichik biznesni chetlab oʻtayotgani yoʻq. Oʻzbekistonda 250 mingga yaqin kichik biznes subʼyektlari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning 60%dan ortigʻi oʻz faoliyatini boshlaganiga 3 yildan koʻp vaqt oʻtgan. Ularda umumiy kichik biznesda bandlarning 81% faoliyat yuritadi. Tabiiyki, misqollab toʻplangan obroʻ va uzoq muddatda erishilgan natijalarni bir kunda yoʻqotilishining oldini olish zarur.

Koronavirus pandemiyasining kichik biznesga taʼsir qilish kanallari

Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotga, ayniqsa, kichik biznesga ham talab va ham taklif kanallari orqali taʼsir etadi.

Infografika: Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha tavsiya etilayotgan chora-tadbirlar

Taklif tomonidan taʼsirning bir koʻrinishi bu korxonalarda ishchi kuchi taklifining kamayib ketishidir. Aniqrogʻi, bogʻcha va maktablar yopilishi natijasida bolali oilalar, oʻzlari yoki oila aʼzolarida kasallik aniqlangani tufayli ishga qatnolmaydi. Taklif kanalining boshqa koʻrinishi bu taʼminot zanjirlari uzilishi natijasida ehtiyot qismlar va oraliq isteʼmol tovarlarining yetib kelishi cheklanishi hisoblanadi. Karantin sharoiti joriy etilgan joylarda esa ishlab chiqarish quvvatlarini yetarli darajada safarbar etish imkoni boʻlmaydi.

Talab tomonidan taʼsirning asosiy koʻrinishi bu aholi daromadlarining keskin va toʻsatdan tushib ketishi natijasida kichik biznes subʼyektlari tomonidan yetkazib beriladigan tovar va xizmatlarga talabning pasayib ketishi sifatida namoyon boʻladi. Boshqa tarafdan esa kasallik yuqishi va yuqori darajadagi noaniqlikdan xavfsirash hissi (daromad manbayi saqlanib qolgan yoki jamgʻarmalari yetarli aholi ichida) sarf-xarajatlarning cheklanishiga olib keladi.

Maʼlumot taʼriqasida: Italiyada pandemiya taʼsirida talabning keskin kamayishi va yetkazib beruvchilar bilan aloqalarning uzilishidan zarar koʻrgan firmalar ulushi 72%ni tashkil etgan. Ularning uchdan bir oʻz tushumlarining 15%dan koʻproqqa qisqarishini taxmin qilmoqda (20% esa 5-15%ga). Eng koʻp zarar koʻrgan tarmoqlar qatoriga transport (98%), turizm (90%), moda sanoati (80%), oziq-ovqat sanoati (78%) kiradi.

Bunday holatlar korxonalarda kuchli likvidlik tanqisligini keltirib chiqaradi, yaʼni masofadan turib ishlaydigan ishchilarga yoki ishlamagan taqdirda ham maoshi saqlanib qoladigan ishchilarga korxonalar ish haqini toʻlashga qodir boʻlmay qoladi.

Maʼlumot taʼriqasida: Belgiyada 75% firmalar tushumlariga putur yetganligini bildirishgan va 50%dan oshiq kichik firmalar ijara, oylik maoshlar kabi toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshira olmasliklarini aytib oʻtishgan.

Taʼkidlash joizki, virusning taʼsiri moliya bozorlariga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Yaʼni, noaniq holat va kelajakdagi risk darajasining oshib ketishi natijasida banklar tomonidan kreditlar berilishi nisbatan kamayadi. Bu esa katta va kichik firmalarning investitsion faoliyatiga salbiy taʼsir qiladi. Bu holat past darajada moslashuvchan boʻlgan kichik korxonalarga nisbatan jiddiyroq taʼsir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, kichik biznes vakillari katta korxonalarga qaraganda manevr qilish uchun yetarlicha katta mablagʻlarga ega emasliklari, sugʻurta va moliyalash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari nisbatan cheklanganligi tufayli "ijtimoiy izolyasiyalanish" holatlariga nisbatan koʻproq taʼsirchan boʻladi.

COVID-19 pandemiyasining global iqtisodiyotga taʼsiri: soʻrovnoma natijalari

Odatda kichik biznes vakillari tashqi yetkazib beruvchilarga kamroq ehtiyoj sezadi. Ammo shunday korxonalar borki, ular baʼzi virus keng tarqalgan davlatlardan xom ashyo yoki texnologiyalar import qilishga ehtiyoj sezadi. Ana shu korxonalar pandemiya paytida koʻproq zarar koʻradi. Bundan tashqari, bu firmalar uchun aloqalar zanjiri uzilgan taqdirda ularning qayta tiklanishi juda qiyin kechadi.

Maʼlumot taʼriqasida: Koreya Respublikasida 72% kichik va oʻrta biznes vakillari virus oqibatlaridan zarar koʻrganlarini bildirishgan. Ularning yarmidan koʻpi Xitoydagi fabrikalar yopilishi natijasida oʻz buyurtmalarini vaqtida bajara olmaganliklarini aytishgan. Bu ahvolda 42% firma biznesni uch oydan oshiq va 70% firma 6 oyda oshiq ish faoliyatida ushlab turish imkoniyati yoʻqligini bildirgan.

Global darajada talabning pasayishi ham kichik biznes vakillariga sezilarli taʼsir oʻtkazishi mumkin. Masalan, turistlar oqimining kamayishi bu sohadan daromad koʻruvchi tutash transport, moda, umumiy ovqatlanish va milliy hunarmandchilik kabi sohalarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Koʻpchilik mamlakatlarida korxonalar soni, qoʻshimcha qiymatning yaratilishi va bandlikning asosiy ulushi kichik va oʻrta biznes hissasiga toʻgʻri kelishi sir emas. Biroq, chegaralarning yopilishi oqibatida taʼsir koʻrgan sayyohlik va transport sohalari, shuningdek, vaqt omili muhim sanalgan moda sanoati va oziq-ovqat sohasida kichik biznesning ulushi juda yuqori.

Odamlar pandemiyaga qarshi jipslasha olishmasa, u qancha davom etishi mumkin?

Shu bilan birga, kichik va oʻrta korxonalar tashqi shoklar keltirib chiqaradigan ortiqcha xarajatlarga kamroq bardoshli va moslashuvchan boʻladi. Ularning sanitariya xarajatlarini oshirish, shuningdek, onlayn ish rejimiga oʻtish, raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni qoʻllashda imkoniyatlari cheklanganligi ham yangi muammolar keltirib chiqaradi.

Umumiy maʼnoda, pandemiya sharoitida kichik biznes oldida turgan toʻsiqlarni quyidagicha guruhlash mumkin:

  • ishchi kuchi taqchilligi (oʻzi yoki yaqinlari kasallikka chalingan ishchilar, bogʻcha yoshidagi bolali ota-onalar, uzoq joylarda yashovchi ishchilar ishlay olmasliklari sababli);

  • taʼminot zanjiri uzilib qolganligi (ixtisoslashish kuchli va qoʻshilgan qiymati katta boʻlmagan firmalarda);

  • mahsulotlarga tashqi va ichki talab pasayganligi (talab elastigligi yuqori boʻlgan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun);

  • likvidlilikning cheklanib qolganligi (manevr uchun mablagʻi yetarli boʻlmagan korxonalar uchun);

  • kreditlar berilishi kamayganligi (noaniqlik darajasi oshganligi sababli);

  • hamkorlar bilan aloqa zanjiri qayta tiklanmaydigan darajada uzilishi (oʻzining chet elda joylashgan taʼminotchilari oldida bir yoki ikki marta buyurtmalaridan voz kechgan firmalar ular uchun oʻz obroʻyini yoʻqotishi mumkin);

  • yangi (raqamli) texnologiyalarni qoʻllashda imkoniyatlar cheklanganligi (qurilish, taʼmirlash, sanoat ishlab chiqarish, transport, maishiy xizmat kabi jismoniy ishtirokni talab qiluvchi faoliyat turlari uchun).

Oʻzbekistonda kichik biznesning holati

Oʻzbekistonda kichik biznes sektori tovar va xizmatlarning yarmidan koʻpini ishlab chiqarishi va ishchi kuchining toʻrtdan uch qismini band qilib turganligi bilan ahamiyatli. 2019 yilda kichik tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi 56,5%ni tashkil qilgan. 2020 yilning yanvar-mart oylarida esa bu koʻrsatkich 46%ni tashkil etgan.

Hududlar boʻyicha kichik tadbirkorlikning Yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2019 yilda eng koʻp Jizzax (84,1%), Namangan (79,2%), Surxondaryo (78,2%), Samarqand (77,5%) va Buxoro (75,7%) viloyatlarida kuzatiladi. Har 1000 aholiga nisbatan olganda esa eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida (28,8 ta), Navoiy viloyatida (18,1 ta), Sirdaryo viloyatida (17,9 ta), Jizzax viloyatida (15,6 ta), Toshkent va Buxoro viloyatlarida (14,9 ta), Fargʻona viloyati (12,2 ta) kuzatiladi.

2020 yilning yanvar-mart oylariga kelib kichik tadbirkorlik subʼyektlari hissasiga:

– sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining 28,7%;

– oʻzlashtirilgan umumiy investitsiyalar hajmining 54,6%;

– qurilish ishlari umumiy hajmining 72,3%;

– respublika jami xizmatlar hajmining 52,1%;

– chakana tovar aylanmasi umumiy hajmining 85%;

– umumiy eksport hajmining 27,4%;

– umumiy import hajmining 58,1%;

– jami avtomobil transporti yuk aylanmasining 77,4% (2019 yil);

– umumiy yoʻlovchi aylanmasining 94,9% toʻgʻri keladi (2019 yil).

Xizmatlar sohasini turlari boʻyicha tahlil qilinganda, 2019 yilda eng yuqori xizmat hajmi savdo xizmatlarida 42478,0 mlrd. soʻmni, transport xizmatlarida 25620,1 mlrd. soʻmni, koʻchmas mulk bilan bogʻliq xizmatlarda 4831,7 mlrd. soʻmni, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 4621,6 mlrd. soʻmni, boshqa shaxsiy xizmatlarda 4420,9 mlrd. soʻmni, ijara xizmatlarida 3575,3 mlrd. soʻmni tashkil etgan.

Bugungi kunga kelib roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subʼyektlarining katta qismi oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda karantin muddatining 60 kunga choʻzilishi kichik biznes korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotning yillik hisobda 11%ga kamayishiga va tegishli ravishda, ularning daromadlarining ham shunchaga kamayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston kichik biznes sektorining ahamiyatli taraflariga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • YaIMning yarmidan koʻpi va iqtisodiyotda bandlarning toʻrtdan uch qismi kichik biznes vakillari hisobiga toʻgʻri keladi;

  • kichik biznesga butunlay bogʻlanib qolgan hududlar soni koʻp (jumladan, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro);

  • iqtisodiyotga investitsiyalarning deyarli yarmi ular hisobiga toʻgʻri keladi;

  • chakana tovar aylanmasi, transport va qurilish faoliyatlarining asosiy qismi ular tomonidan amalga oshiriladi;

  • jami eksportning uchdan bir qismini ular amalga oshiradi;

Hozirga kelib kichik biznes korxonalarining koʻpchiligi oʻz ish faoliyatini toʻxtatganidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • aholining katta qismi oʻz daromad manbayidan ayrilish xavfi (asosan, transport, qurilish, nooziq-ovqat tovarlar savdosi sohasida band boʻlganlar ichida);

  • asosan Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida kambagʻallik darajasining oshib ketish va talabning tushib ketish xavfi;

  • investitsiyalar hajmining tushib ketish xavfi;

  • eksport va valyuta tushumlarining tushib ketish xavfi.

Kichik biznesni pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jahon tajribasi

Bir qator mamlakatlar toʻgʻrida-toʻgʻri kichik korxonalarga yoʻnaltirilgan ish vaqtini qisqartirish, vaqtincha ishdan boʻshatish va kasallik taʼtiliga chiqarish kabi chora-tadbirlar joriy etmoqda. Shunga oʻxshab, hukumatlar vaqtincha ishdan boʻshatilgan ishchilarga toʻgʻrida-toʻgʻri yordam yoki kompaniyalarga ish oʻrinlarini saqlab qolishlari uchun koʻmak qoʻrsatmoqdalar. Koʻp holatlarda, mamlakatlar oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni joriy etishmoqda.

Likvidlikni taʼminlash maqsadida koʻp mamlakatlar soliqlar, ijtimoiy toʻlovlar, qarzlar, ijara va kommunal toʻlovlarni kechiktirish choralarini koʻrmoqdalar. Baʼzi hollarda soliqni kamaytirish yoki qarzni toʻlashga moratoriy joriy etish choralari ham qoʻllanilmoqda. Shuningdek, baʼzi davlatlar davlat xaridlari va toʻlovlarini kechiktirish tartiblari bilan bogʻliq choralarni tadbiq etmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Taʼkidlash kerakki, baʼzi davlatlar, tijorat banklariga kichik va oʻrta biznesga kredit berishni kengaytirish uchun kredit kafolatlarini taqdim etishni kengaytirmoqda va buning yoʻl-yoʻrigʻini soddalashtirmoqda.

Davlat muassasalari orqali kichik biznes subʼyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlar berishni koʻzda tutuvchi siyosatlar ham oʻrin olgan.

Bir necha davlatlar kichik va oʻrta biznes korxonalariga tushumlarning keskin pasayishini oldini olish uchun grantlar va subsidiyalar ajratmoqda.

Cheklovlar sharoitida yangi bozorlar va savdo kanallari topish orqali faoliyatni davom ettirish uchun yangi ishlash tizimlarini va yangi (raqamli) texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashmoqda. Taʼkidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar, bir tarafdan, qisqa muddatli muammolarni shoshilinch hal qilishga qaratilgan, boshqa tarafdan esa ularning uzoq muddatda barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qilishni koʻzda tutgan.

Baʼzi davlatlar kichik biznes korxonalariga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini doimiy tarzda yaxshilab borish maqsadida tadbiq etilgan chora-tarbirlar samarasini monitoring qilish tizimlarini joriy etishgan.

Kichik biznesni rivojlantirish chora-tadbirlarini shartli ravishda quyidagi yoʻnalishlarga boʻlish mumkin:

  • ishchilarni qoʻllab quvvatlash (ish vaqtini qisqartirish, vaqtincha ishdan boʻshatish va kasallik taʼtiliga chiqarish);

  • toʻlovlarni kechiktirishga imkon yaratish (soliqlar, ijtimoiy toʻlovlar, qarzlar, ijara va kommunal toʻlovlarni kechiktirish);

  • kredit berishni kengaytirish va toʻlov qobiliyatini kafolatlash (shu jumladan foizsiz kreditlar berish);

  • grant va subsidiyalar ajratish;

  • yangi (raqamli) texnologiyalarni qoʻllashda koʻmaklashish.

    Pandemiya sharoitida ish beruvchining xodimlar oldidagi majburiyatlari nimalardan iborat?

Bulardan eng koʻp qoʻllanilayotgan mexanizmlar qatoriga ish haqi subsidiyalari, foyda va daromad soligʻini va qarzlarni toʻlashni kechiktirish, qarzdorlikni kafolatlash va toʻgʻridan-toʻgʻri (foizsiz) qarz berishlar kiradi.

Jumladan, Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan:

  • tijorat banklari tomonidan turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi subʼyektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmogʻining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarga ajratilgan kreditlar boʻyicha umumiy summasi 5 trln soʻmlik qarzdorliklarni toʻlash boʻyicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirish; xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun, shu jumladan, isteʼmol bozorini eng zarur tovarlar bilan toʻldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratish.

  • Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlik subʼyektlariga kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kafillik va kompensatsiyalar taqdim etish hajmlarini oshirishga boʻlgan talabni hisobga olgan holda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kapitallashuvini 500 mlrd soʻmgacha oshirish.

    Oʻzbekiston va Rossiya koronavirus pandemiyasi sharoitida investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlarini muhokama qildi

  • 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subʼyektlar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida toʻlash.

  • karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatish.

  • oʻz faoliyatini toʻxtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi oʻrtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan koʻproqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020 yil 1 oktyabrga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha — ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan va ijtimoiy soliq boʻyicha — uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etish.

  • loyihalar sonidan qatʼiy nazar, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlik subʼyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda kafillik qilish.

  • tadbirkorlik subʼyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etish.

Oʻzbekistonda kichik biznesni yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar

Yuqoridagi tahlildan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston sharoitida pandemiya oqibatlarini kichik biznesga taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar tarkibiga quyidagilarni kiritish oʻrinli:

  • iqtisodiyotda kichik biznes subʼyektlari mahsulotlariga talabni yetarli darajada ushlab qolinishini taʼminlash maqsadida asosan Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida kichik biznes ishchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish;

  • transport va nooziq-ovqat tovarlar savdosi (ayniqsa, kompyuter va aloqa vositalari) sohalarini sanoat ishlab chiqarish va taʼmirlash sohalari kabi dezinfeksiya qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini qayta tiklashga imkon yaratib berish choralarini koʻrish;

  • banklar tomonidan faoliyat yuritayotgan korxonalarga foizsiz yoki davlat kafolati ostida kreditlar ajratish masalasini koʻrib chiqish (yangi tashkil etilayotgan korxonalar bundan mustasno);

  • eksport qiluvchi kichik firmalar faoliyatini har tomonlama qoʻllab-qoʻvvatlash;

  • masofadan turib ishlash mumkin boʻlgan faoliyat turlarini (biznes konsalting, bank va moliya, sugʻurta, savdo) texnik va texnologik jihatdan qoʻllab-qoʻvvatlash va raqamli texnologiyalar, internet qamrovini kengaytirish chora-tadbirlarini koʻrish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ