Koronavirus inqiroziga qarshi kurashishda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) pandemiyani urushga qiyoslamoqda va uning “urush” davri kamida bir chorakdan ikki chorakgacha davom etishini prognoz qilmoqda. Ushbu maqolada Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston va Yevropa mamlakatlarida koronavirus inqiroziga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari haqida fikr yuritiladi.
Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi COVID-19 jahon hamjamiyati uchun eng katta muammoga aylanib turibdi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) pandemiyani urushga qiyoslamoqda va uning “urush” davri kamida bir chorakdan ikki chorakgacha davom etishini prognoz qilmoqda. Jamgʻarma ekspertlarining xulosasiga koʻra, koronavirus inqiroziga qarshi kurashish “urush davrida”gi chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.
Shundan kelib chiqib, mamlakatlar koronavirus inqiroziga qarshi innovatsion va noodatiy usullar bilan kurashishmoqda. Koʻplab mamlakatlar tomonidan virusning tarqalishini cheklash maqsadida oʻquv dargohlari, koʻngilochar maskanlar, sport inshootlari yopilib, tugash muddati nomaʼlum karantin eʼlon qilindi. Muhim boʻlmagan korxona va tashkilotlar faoliyati vaqtincha toʻxtatilib, odamlarning uyda qolishlari talab etilmoqda. Bunday ogʻir sharoitda aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik vakillarini qoʻllab-quvvatlash doirasida soliq-byudjet va pul-kredit siyosati sohalarida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda va COVID-19 taʼsiridan eng katta aziyat chekayotgan Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida (Italiya, Ispaniya va Germaniya) hamda Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari boʻlgan Rossiya va Qozogʻistonda koronavirus inqiroziga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari haqida fikr yuritiladi.
Oʻzbekistonda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari
Oʻzbekistonda koronavirus inqiroziga qarshi kurashish doirasida aholi va iqtisodiyotni COVID-19 taʼsiridan himoya qilish maqsadida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi va mazkur jamgʻarmaga 10 trln. soʻm (1 mlrd. AQSh dollaridan koʻproq yoki YaIMning 1,5 foizi) miqdoridagi mablagʻlar jalb qilinishi eʼlon qilindi.
Shuningdek, tezkor va favqulodda vaziyatga oʻz vaqtida javob qaytarish maqsadida bir qator vazirliklar va davlat boshqaruv organlari tomonidan inson hayoti va sogʻligʻini iqtisodiy manfaatlardan ustun qoʻygan holda qatʼiy harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz vakolatlari doirasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari orqali COVID-19 taʼsiridan aziyat chekayotgan aholi va xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar hamda tijorat banklariga yordam koʻrsatmoqda.
Xususan, tijorat banklari tomonidan turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi subʼyektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmogʻining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarga ajratilgan kreditlar boʻyicha umumiy summasi 5 trln. soʻmlik qarzdorliklarni toʻlashni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirishga ruxsat berildi. Chunki, karantin sharoitida insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritilishi va baʼzi bir korxonalarning faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatilishi tijorat banklariga bosimni kuchaytirmoqda hamda aholi va tadbirkorlik vakillari kredit toʻlovlari boʻyicha muammolarga uchramoqda.
Bunday qiyin sharoitda XVJning bergan tavsiyalar Markaziy bank tomonidan oʻz vaqtida, maqsadli va kelishilgan holda amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar mamlakatimizning koronavirus inqirozidan katta talofatlarsiz chiqib ketishida muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Zero, XVJ ekspertlari markaziy banklar inqiroz davrida jiddiy, ammo vaqtinchalik zarbalarga uchragan qarz oluvchilar va iqtisodiy sektorlar uchun kredit portfellari boʻyicha toʻlovlarni qayta rejalashtirishda faol boʻlishlari uchun tijorat banklari bilan aniq va tushunarli aloqa qilishlari kerakligini tavsiya etishmoqda. Shuningdek, bunday ogʻir vaziyatda regulyatorning vazifasi banklarning kapital va likvidlilik buferlarini hisobga olgan holda iqtisodiyotni kreditlash faoliyatlarini davom ettirishini taʼminlash boʻlishi lozimligini taʼkidlashmoqda.
Shuning uchun, mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va iqtisodiy faollikning keskin pasayishi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik shaxslarning kreditlari boʻyicha 7,9 trln. soʻm miqdoridagi qarzdorlik kechiktirildi va qoʻshimcha 7 trln. soʻm miqdoridagi toʻlovlar restrukturizatsiya qilinishi belgilab olindi.
Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020 yil aprel-sentyabr oylarida soʻndirilishi lozim boʻlgan 4,7 trln. soʻm miqdoridagi kreditlar muddati uzaytirildi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan xususiy tadbirkorlik korxonalariga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun, shu jumladan, isteʼmol bozorini eng zarur tovarlar bilan toʻldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratila boshlandi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan koronavirus inqirozi davrida tijorat banklari va toʻlov tizimlarining uzluksiz va barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida:
tijorat banklariga 2020 yil 1 apreldan boshlab Markaziy bankda depozitga oʻtkazilishi lozim boʻlgan majburiy zaxiralarning 35 foizini (2020 yil 31 martga qadar 25 foiz) vakillik hisobvaraqlarida saqlab qoldirishga ruxsat berildi; pul-kredit siyosatining mazkur instrumentiga kiritilgan oʻzgartirish yaqin kelajakda tijorat banklarini 2,6 trln. soʻm hajmidagi qoʻshimcha likvidlik bilan taʼminlashga imkon beradi;
likvidlilik yetishmovchiligiga duch kelgan tijorat banklariga har oyda umumiy summasi 1 trln. soʻmgacha boʻlgan miqdorda qisqa muddatli likvidlik taqdim etish va zaruriyatdan kelib chiqib, 3 yil muddatgacha 2 trln. soʻmgacha miqdorda qoʻshicha likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmini joriy etish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.
Gʻarbiy Yevropa davlatlarida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari
Hozirda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, ayniqsa, Italiya, Ispaniya va Germaniya koronavirus pandemiyasi oʻchogʻiga aylandi. Shuning uchun, mazkur davlatlarda inqiroz taʼsirini kamaytirish maqsadida yumshoq pul-kredit va soliq-byudjet siyosatlarini amalga oshirish uchun byudjet qoidalari va cheklovlari toʻxtatilmoqda va byudjet defitsitining oshishiga yoʻl qoʻyilmoqda.
Yevropa Markaziy Banki (ECB) mavjud aktivlarni sotib olish dasturi (APP) boʻyicha 2020 yil oxirigacha qoʻshimcha 120 mlrd. yevro miqdorida va Pandemik favqulodda sotib olish dasturi (PEPP) boʻyicha yana qoʻshimcha 750 mlrd. yevro miqdorida aktivlarni sotib olish orqali pul-kredit siyosati tomonidan iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga qaror qildi.
Moliyaviy regulyator banklar qiyin vaziyatda qolgan mijozlarini va iqtisodiyotni kengroq qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishlari uchun prudensial talablarni yengillashtirmoqda. Xususan, ECB muhim ahamiyatga ega moliya institutlariga the Pillar 2 Guidance (P2G) bilan belgilangan kapital darajasidan (kapitalni saqlash buferi (CCB) va likvidlikni qoplash koeffitsiyentidan (LCR)) pastroq darajada vaqtincha faoliyat olib borishga imkon berdi.
Italiya hukumati tomonidan qabul qilingan asosiy chora-tadbirlar paketi doirasida baʼzi uy-xoʻjaliklari va kichik va oʻrta biznes vakillari uchun kreditlarni toʻlashga, shu jumladan, ipoteka va overdraftlar boʻyicha qarzlarni qaytarishga moratoriy eʼlon qilindi. Kichik va oʻrta biznes subʼyektlariga beriladigan kreditlar boʻyicha davlat kafolatlari taqdim etilmoqda. Moliya va nomoliya kompaniyalarga soliq toʻlovlarini kechiktirish shaklida imtiyozlar berildi. Shuningdek, davlat taraqqiyot bankiga (Cassa Depositi e Prestiti) 0,5 mlrd. yevro miqdorida davlat kafolati taqdim etildi. Davlat kafolati tijorat banklariga kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish uchun kredit berish va likvidliligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.
Ispaniya hukumati firmalar va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlagan shaxslar uchun 100 mlrd. yevrogacha boʻlgan miqdorda davlat kredit kafolatlarini taqdim etdi. Shuningdek, hukumat tomonidan eksportyorlar uchun Ispaniya eksport sugʻurta-kredit kompaniyasi orqali 2 mlrd. yevrogacha davlat kafolatlari hamda maxsus 2017 yil qurgʻoqchilik kredit liniyalaridan foydalangan holda fermerlarga kredit muddatini uzaytirish kafolatlari taqdim etildi. Boshqa chora-tadbirlar qatoriga Instituto de Credito Oficial (ICO) kredit liniyalari uchun qoʻshimcha moliyalashtirish (10 mlrd. yevro), turizm sohasi uchun maxsus kredit liniyasini joriy etish (400 mln. yevro), aholining eng zaif qatlami, shu jumladan uy xoʻjaliklari, oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlaganlar va garovga qoʻyilgan koʻchmas mulklarini ijara bergan mulkdorlar uchun ipoteka toʻlovlarini toʻlashga uch oylik moratoriy berish va boshqalar kiradi.
Germaniyada Yevro hudud miqyosida qabul qilingan choralarga qoʻshimcha ravishda:
1) banklar uchun kontrsiklik kapital buferi 0,25 foizdan nolgacha tushirildi;
2) KfW davlat taraqqiyot banki orqali tijorat banklari bilan hamkorlikda kompaniyalarga 100 mlrd. yevro miqdorida qoʻshimcha qisqa muddatli likvidlik taqdim etildi;
3) zarar koʻrgan yirik kompaniyalarning aksiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish va ularning kapital mavqeini mustahkamlash uchun 100 mlrd. yevro ajratildi.
Rossiya Federatsiyasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari
Rossiya Markaziy banki (RMB) asosiy foiz stavkasi yillik 6 foiz darajada oʻzgarishsiz saqlab qolgan boʻlsada, COVID-19 taʼsir koʻrsatayotgan sohalarga yordam berish maqsadida banklar uchun moliyaviy tartibga solish talablarini vaqtincha yengillashtirdi va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga berilgan valyuta kreditlari uchun yanada qulay sharoitlarni joriy etdi.
Shuningdek, RMB tizimli ravishda muhim boʻlgan kredit tashkilotlari uchun likvidlik qoidalarini yengillashtirish, aholi uchun toʻlov tizimi barqarorligini taʼminlash, onlayn savdo maydonchalarini rivojlantirish va pandemiyadan aziyat chekayotgan chakana qarz oluvchilarni himoya qilish choralarini tasdiqladi. RMB kichik va oʻrta biznesni kreditlash boʻyicha qayta moliyalash dasturini kengaytirdi va kredit tashkilotlariga 500 mlrd. rubl miqdorida kreditlarni yiliga 4 foiz stavkasi bilan 1 yil muddatga taqdim etdi. Bunda, yuqori kredit reytingiga ega boʻlgan kredit tashkilotlari tomonidan garovsiz kreditlar taqdim etilishi va bunday reytingga ega boʻlmagan kredit tashkilotlari tomonidan esa «Korporatsiya «MSP» kafolati bilan kreditlar ajratilishi belgilandi.
Avvalgi qayta moliyalash dasturi boʻyicha taqdim etilgan 175 mlrd. rubl miqdoridagi kreditlar boʻyicha foiz stavkasini 6 foizdan 4 foizgacha pasaytirdi hamda qarz oluvchi uchun kreditlar foiz stavkasi 8,5 foizdan oshmasligi kerakligini belgilab qoʻydi.
Ishbilarmonlik faoliyatining pasayishi sharoitida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan jismoniy shaxslar – qarz oluvchilarga kredit toʻlovlarini 6 oygacha kechiktirish orqali kredit taʼtillaridan foydalanish imkoniyati berildi. Rossiya Dumasi 2020 yil 1 aprel kuni tegishli qonun qabul qildi.
Qozogʻistonda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari
2020 yil 10 mart kuni Qozogʻiston Milliy banki (QMB) neft narxining pasayishi bilan tenge almashuv kursiga bosim kuchaygandan soʻng asosiy foiz stavkasini 9,25 foizdan 12 foizga koʻtardi va foiz korridorini 1 foizdan 1,5 foizgacha kengaytirdi. Tijorat banklariga QMB va moliyaviy nazorat agentligi tomonidan qarzlarni toʻlashni kechiktirishga va favqulodda vaziyatda zarar koʻrgan qarzdorlar uchun jarimalar va qoʻshimcha toʻlovlar undirmaslikka koʻrsatma berildi. Shuningdek, kichik va oʻrta biznes kreditlari boʻyicha tartibga solish talablari yengillashtirildi. Bunda, tavakkalchilik mezoni (risk weights) milliy valyutada kreditlar uchun 75 foizdan 50 foizga, xorijiy valyutadagi kreditlar uchun 200 foizdan 100 foizga tushirildi. 23 mart kuni hukumat favqulodda holat davomida chakana qarz oluvchilar uchun kreditlarni qaytarishni toʻxtatib turishga buyruq berdi.