| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza11 daqiqada oʻqiladi563 marta oʻqildi

Kelajak iqtisodiyotiga qanday moslashish mumkin?

Salkam 11 yil muqaddam xalqaro hamjamiyat ilk bor innovatsiyalar va iqtisodiy oʻsish uchun asosiy toʻsiqlardan biri kvalifikatsion oʻra (chuqurlik) haqida soʻz ochdi. Texnologiyalarning rivojlanish suʼratlari va iqtisodiy oʻzgarishlar olimlar, davlat rahbarlari va dunyoning oldi tadbirkorlarini zamonaviy iqtisodiyot uchun qanday inson kapitali zarurligi toʻgʻrisida munozara boshlashga undadi.

Kelajak iqtisodiyotiga qanday moslashish mumkin?

“Oʻsib borayotgan kadr yetishmovchiligi va “kadrlar boʻshligʻi” deb nomlangan muammo bugungi kunda dunyo mehnat bozorida kun tartibida turgan asosiy bandlardan biri hisoblanadi. Oliy oʻquv yurtlarini tamomlaganlar va oʻz ishlarini ustasiga aylangan mutaxassislar oʻz ixtisosliklari boʻyicha ish topolmayotgan boʻlsalar, ish beruvchilar esa, asosiy lavozimlarga mutaxassislar topish uchun yillar yoʻqotadilar. Bu holat kecha yuzaga kelgani yoʻq. Yangi texnologiyalar, sunʼiy aql-idrok va robotlar – bularning hammasi millionlab insonlarni ishsiz qoldirib va kadrlar boʻshligʻini muammosini yanada murakkablashtirgan holda mehnat bozorini tubdan oʻzgartiradi.

Kadrlar tayyorlashning mavjud tizimi bu oʻzgarishlarga moslashishga ulgurmayapti va biznesning yangi shakl-shamoyildagi kadrlarga tobora oʻsib borayotgan ehtiyojini taʼminlashga qodir emas. Natijada kadrlar boʻshligʻi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, butun mamlakatlar va qolaversa, deyarli turli shakldagi bizneslarga muhim darajada taʼsir etadi” deydi “Rosatom” Davlat korporatsiyasining Bosh direktori Aleksey Lixachev.

Xodimlarni ishga olishda asosiy muammo nimada?

Bu muammo Oʻzbekistonning zamonaviy iqtisodiyotiga bevosita bogʻliq. HRC va ERGO Research and Advisory tadqiqot firmalarining 2019 yil iyunida respublikada faoliyat yuritayotgan 100 dan ziyod kompaniyalar ishtirokida oʻtkazgan soʻrov natijalariga koʻra, mazkur firmalarning 67 foizi xodimlarni ishga olishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini qayd etgan. Ularning aksariyat qismi asosiy muammolar sifatida nomzodlarning professional va kasbiy malakasi hamda ish tajribasi yetishmasligini iddao qilishgan.

Oʻtgan yilning ikkinchi yarmida Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasi “Ommaviy oʻziga xoslik: isteʼdodlar uchun kurashda global muammolar” (“Massovaya unikalnost: globalniy vizov v borbe za talanti”) deb nomlangan tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Dunyoning 30 mamlakati ekspertlari va 47 ta davlatining 160 dan ortiq kompaniyalari ishtirok etgan mazkur xalqaro tadqiqot doirasida tobora oʻsib borayotgan “kadrlar boʻshligʻi” muammosining sabablari koʻrib chiqilgan. BCG kompaniyasining hisobotida mazkur muammoning «insonga yoʻnaltirilgan tizim» va ommaviy oʻziga xoslik konsepsiyasiga asoslangan yechimlari taklif qilingan. Tadqiqot mualliflarining fikriga koʻra, ushbu yechim va takliflarga muvofiq zarur choralarni koʻrish nafaqat oʻquv tizimlari va mehnat bozorini uygʻunlashtiradi, balki YaIMning qoʻshimcha 0,5 dan 2 foizgacha oʻsishini taʼminlaydi.

UzAnalytics tahliliy sayti BCG hisobotining muhim jihatlarini taqdim qildi.

Kadr va malaka boʻshligʻi

Hozirgi dunyoda ish beruvchilarning oʻziga zarur mutaxassislarni topa olmasligi odatiy holga aylanmoqda, negaki, bozorda bunday mutaxassislarni oʻzi yoʻq. Kompaniyalar kerakli malakasi va tajribasi yoʻq insonlarni ishga olib, keyin ularni qayta oʻqitish uchun sarmoya sarflashga majbur. Shunga qaramay, davlat koʻnikma va malakalariga talab boʻlmagan yoki mehnat bozorida ortiqcha boʻlgan mutaxassislar taʼlimi uchun moliyalashda davom etmoqda. Taʼlim muassasalari ish beruvchilarning hozirgi talab-ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlaguncha, talaba oʻqishni bitirib ulgurmay mazkur talablar yanada oʻzgarib ketmoqda.

Shunday boʻlsada, yetarli ish tajribasiga ega inson uning malaka va koʻnikmalari oʻz dolzarbligini yoʻqotib, mehnat bozorida uning malakasi va tajribasiga talabni keskin kamayib ketishi xavfi ostida. Yangi, ehtiyojtalab koʻnikmalarni oʻrganishga esa u qodir emas yoki uning istagi yoʻq. Kadrlar boʻshligʻi deb atalmish bu muammo har bir mamlakatda mavjud.

Kadrlar boʻshligʻi sharoitida ish beruvchilar koʻpincha malakasi zarur talablarga taxminan mos keluvchi xodimlarni ishga yollashga majburdirlar. Aksariyat xodimlar oʻzlarining malakalariga muvofiq ish oʻrinlari yoʻqligidan har qanday ishga rozi boʻladilar. Shu tariqa ular mos malaka va tajribaga ega nomzodning ish oʻrnini egallaydi. Kvalifikatsion (malaka) oʻrasi deb atalmish bu muammo kadrlar boʻshligʻi muammosiga nisbatan kamroq koʻzga tashlanadi, negaki, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik hamda vujudga kelgan yuzaki bandlik mazkur muammoni birmuncha yashiradi. BCG Consulting bahosiga koʻra, bugunga kelib, kvalifikatsion oʻra muammosi yer yuzining qariyb 1,3 miliardga yaqin aholisiga bevosita tegishlidir. Bu esa jahon iqtisodiyotida qoʻldan boy berilgan mehnat samaradorligi shaklida yashirin soliqning 6 foiziga toʻgʻri keladi.

Raqamli inqilob kadrlar tayyorlash tizimiga taʼsir koʻrsatdi

XX asr boshlaridagi texnologik oʻzgarishlar va sanoat inqilobi hamda XX asr oxirlaridagi raqamli inqilob kadrlar tayyorlash tizimiga keskin taʼsir koʻrsatdi. Avvaliga savodsizlikni tugatish vazifasi koʻndalang qoʻyildi, soʻngra iqtisodiyotning asosiy sektorlari ehtiyojlarini qanoatlantiruvchi darajada taʼlim sifatini oshirishga zarurat tugʻildi. Oʻrta va oliy taʼlim hech boʻlmaganda bitta kasbga almashishi mumkin boʻlgan universal valyutaga aylandi. Oʻsha vaqtlarda bitta kasb butun umrga yetardi. Sekin-asta taʼlim olish jarayoni uzaydi, sifatli taʼlim esa tobora qimmatlasha bordi. Soʻnggi yarim asr mobaynida oʻrtacha taʼlim davomiyligi dunyoda 2,5 marotabaga oʻsdi, toʻrt yillik byudjet taʼlimi oxirgi 30 yil ichida uch barobarga ortdi.

XXI asr kelishi bilan dunyoda oʻzgarishlar yanada tezroq surʼatda roʻy bera boshladi. Muntazam yuzaga kelayotgan yangi texnologiyalar va biznesning yangi turlari yangi-yangi ixtisoslik va mutaxassisliklarga talabni oshirmoqda. Kadrlar tayyorlashning eski tizimi mehnat bozori talablariga javob bera olmayapti. Sababi, bu kasb-hunar turlari doimo oʻzgarib yangilanyapti. Agar XX asr oʻrtalarida texnik bilimlar eskiradigan davr oʻn yilni tashkil qilgan boʻlsa, hozirda bu muddat ikki-besh yilgacha qisqargan. Kvalifikatsion oʻra (boʻshliq) biz XX asr oʻrtalarida, butkul boshqa iqtisodiy va ijtimoiy kontekst sharoitlarida amalga oshirilgan inson kapitalini rivojlantirishda davom etayotganligimiz bois vujudga keladi.

Ommaviy standartlashtirish – umrboʻyiga bir xil taʼlim va bitta kasb hozirgi dunyoda ish bermaydi. Jadal oʻzgarayotgan texnologiyalar va iqtisodiy oʻzgarishlar sharoitlarida insondan uddaburro fikrlash, tezkor va doimo oʻrganish koʻnikmalari hamda harakatchanlik talab etiladi.

Kelajak qanday boʻladi?

Hisobot mualliflari kvalifikatsion oʻra muammosini faqat isteʼdodlarni rivojlantirish jarayonining barcha ishtirokchilari: davlat, taʼlim tizimi, biznes va shaxsan har bir inson hamjihatligidagina hal qilish mumkinligini taʼkidlaydilar.

Kelajak raqamlarda:

  • 2030 yilga kelib butun dunyo aholisi 13 foizga oʻsishi kutilmoqda

  • Avtomatlashtirish va raqamlashtirish tufayli 2035 yilga kelib bandlikning 1/3 qismi oʻzgaradi

  • Global ishchi kuchining 85 foizi – past va oʻrta malakali ishchilar

  • Bugungi kunda barcha ish hajmining 14 foizi avtomatlashtirilishi mumkin

Kelajak iqtisodiyotiga butkul yangi inson kapitali zarur

Biz kelajak toʻgʻrisida birmuncha olis istiqbolda keladigan taraqqiyotning mukammal yangi bosqichi sifatida mulohaza yuritishga koʻnikkanmiz. Biroq bugun barcha sohalarda – iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy, texnologik tarmoqlardagi oʻzgarishlarning tezligi va teranligi – misli koʻrilmagan surʼatlarga yetdi. Bu oʻzgarishlar kelajak trendlari emas. Ular bugungi kunda mehnat bozorini turli tezlikda, turli koʻlamda va turli teranlik darajasida, hamma yerda, qolaversa, butun dunyoda oʻzgartirmoqda. Mehnat bozorini oʻzgartirish megatrendlar taʼsiri ostida sodir boʻlmoqda. Bunday megatrendlar inson hayotining barcha jabhalariga bevosita taʼsir koʻrsatadigan keng koʻlamli tarkibiy oʻzgarishlarni anglatadi. Hisobot mualliflari mazkur megatrendlarning quyidagi uch guruhiga alohida urgʻu beradilar: texnologik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy guruhlari.

Texnologiyalar taraqqiyotining jadal suratlari va doimiy bozor oʻzgarishlari sharoitlarida iqtisodiyotning oʻsishi uchun inson kapitalining muvofiq dinamikasi va sifatini oshirishni taʼminlash zarur. Aholi boshiga YaIM yuqori koʻrsatkichni tashkil qilgan va innovatsion iqtisodiyotga ega mamlakatlarda yuqori malakali mutaxassislar ulushi dunyoda eng yuqori – 22 dan 45 foizgacha (dunyoda oʻrtacha koʻrsatkich – 15%) sanaladi. Bir tarafdan, bu qonuniylik shundan dalolat beradiki, inson kapitalini rivojlantirmay turib kelgusida texnikaviy taraqqiyotga erishish, ijtimoiy-demografik muammolar va tegishli madaniy oʻzgarishlarni hal qilish mumkin emas. Boshqa tarafdan, maʼlumki, iqtisodiyotda yuqori malakali va mos kadrlar oʻz oʻzidan paydo boʻlmaydi. XXI asrda jahon iqtisodiyoti ishchi kuchi sifati va malakalarining xilma-xilligiga yangi talab-ehtiyojlarni shakllantirmoqda. Ammo taʼlim tizimida mehnat bozorining yangi talablariga moslashish muayyan vaqt talab qiladi.

Taʼlim tizimida ham maʼlum oʻzgarishlar kuzatilmoqda, biroq bu tizim ilgarigidek bir qancha fundamental savollarga javob izlashi kerak boʻladi: Taʼlimga chinakam individual shaklda qanday yondashish mumkin, har bir inson ehtiyojlariga uni qay tariqa moslashtirish lozim? Umrboʻyi taʼlim olishga odamlarni qanday ragʻbatlantirish mumkin? Qanday qilib talabalarni zarur va kerakli bilimlarga yoʻnaltirish mumkin?

Global muammo

Mamlakatlarning innovatsion iqtisodiyotga oʻtish davrida yetarli miqdorda kerakli za zarur malakali kadrlar topilmayotgani mehnat bozorida asosiy muammolardan biriga aylandi. Dunyoda bu muammo skills gap – kadrlar boʻshligʻi sifatida maʼlum. Kadrlar boʻshligʻi muammosining asosiy sabablaridan biri mutaxassis xodimlarning jismonan yoʻqligi emas, balki faoliyat turiga qarab ularning bilim va malakalarining nomuvofiqligidir. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) maʼlumotlariga koʻra, har uchinchi xodimning malakasi ular bajarayotgan faoliyat uchun yo ortiqcha, yo yetarli emas. Bu shunday atalmish kvalifikatsion oʻra (skills mismatch) har ikkinchi ish beruvchiga ham taalluqlidir.

Kvalifikatsion oʻra raqamlarda:

  • 1,3 mlrd. ishchi va xodimlar kasbiy koʻnikmalarga mos kelmaslik muammosiga duch kelmoqda

  • Ish beruvchilarning 45 foizi kerakli malakaga ega ishchi va xodimlarni topishga qiynaladi

  • Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga (IHRT) aʼzo davlatlarida koʻnikmalarning mos kelmasligi tufayli mehnat unumdorligining 6 foizi yoʻqotilmoqda

  • Ishchi va xodimlarning 76 foizi kelajakda ish yoʻqotish va topish bilan bogʻliq qiyinchiliklarga tayyorlanish kerak deb hisoblashadi

  • Mehnat unumdorligining nisbatan pastligi sababli global YaIM $5 trln. yoʻqotmoqda

  • Zamonaviy dunyoda texnik bilimlar 2-5 yil ichida eskiradi

  • Soʻnggi 30 yil ichida taʼlim olish narxi 2-3 baravar oshdi

Oʻz egallagan mavqelari uchun ortiqcha malakali ishchi va xodimlar yuqori mahsuldor mehnat resurslarini talab qiladigan faoliyatning aksar turlaridagi oʻrinlarga daʼvo qilishlari mumkin edi. Misol tariqasida, 1970 yilda AQShda kollej diplomi bilan taksi haydovchilarining ulushi umumiy hisobning 1 foizidan ortmasdi. 2013 yilda bunday yuqori malakali taksichilar 15 foizni tashkil qildi. Bu insonlarning malaka va koʻnikamalari iqtisodiyot va jamiyat uchun kattaroq foyda bilan qoʻllanilishi mumkin edi. Shuning barobarida malakasi yetarlicha boʻlmagan kadrlar oʻz ishlarini puxta epidan chiqolmaydilar. Ularni qayta oʻqitish kerak, ayrim holatlarda bunday kadrlarni oʻqitishdan naf yoʻq. Bu ish beruvchilarning samaradorligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Mahsuldorlikka yashirin soliq va ijtimoiy xatarlar

Kvalifikatsion oʻra jahon iqtisodiyotining oʻsishida jiddiy xatar sanaladi. Bu global miqyosda rivojlanish suʼratlarining pasayishiga va olinmay qolgan daromadlar hajmining oʻsishiga olib keladi. 2016 yilda IHRT mamlakatlarida kadrlar malakasi disbalansi sabablariga koʻra mehnat samaradorligining pasayishi oʻrtacha 6 foizni tashkil qildi. Kvalifikatsion oʻraning iqtisodiy oqibatlari bu mehnat samaradorligiga solingan yashirin soliqdir. Malakasi yetarli boʻlmagan xodimni ishga yollarkan, ish beruvchi yoki samaradorlikda yutqizadi va koʻzlagan foydasini ololmaydi, yoki bunday xodimni qoʻshimcha oʻqitishi yohud qayta tayyorlashga majbur.

Kvalifikatsion oʻra faqat iqtisodiy muammogina emas. Xodimlarda ularning kelgusida ishga joylashishi yuzasidan mavhumlik va xavotir holatini yuzaga keltirgan holda jamiyat barqororligi va farovonligiga xavf soladigan masala. Nihoyat, xodimdan talab etiladigan va unda mavjud koʻnikmalarning nomuvofiqlik muammosi davlat uchun ham xavf-xatarni vujudga keltiradi. Oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy oʻsish va global mehnat taqsimoti koʻrsatkichlariga boʻyicha mamlakatlar oʻrtasida disbalansining yanada ortishini kutish mumkin. Mehnat resurslari maksimal darajada yuqori texnologik iqtisodiyot – bilimlar iqtisodiyotiga tayyor boʻlgan mamlakatlargina kelajakda raqobatbardosh boʻla oladilar.

Kvalifikatsion oʻra va taʼlim tizimi

Bilimlar iqtisodiyoti tomon siljish xodimlardan XXI asr raqamli texnologiyalari va koʻnikmalarning universal toʻplami bilan ishlay olish mahoratini talab etadi. Dunyoda ixtisosliklar soni oʻsib boryapti, ularning aksariyati soʻnggi 10-15 yil ichida paydo boʻldi. Texnik koʻnikmalar yuqori malakali mutaxassisni tayyorlash oʻrtacha muddatiga qaraganda tezroq eskirmoqda. Biroq inson kapitalini shakllantirish tizimi hali-hanuz eskicha yondashuvda saqlanib qolgan. Bu yondashuv taʼlimni standartlashtirish hamda taʼlim va mehnat bozorini markazlashtirishdan iborat. Hamon standartlashtirilgan bilimlar va koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlash jarayoni davom etayapti. Ehtiyojtalab malakaga ega boʻlmagan bu mutaxassislar mehnat bozoriga chiqishni davom etmoqda, demak kvalifikatsion oʻra tobora kengaymoqda. Taʼlim tizimini oʻzining eski yondashuvini oʻzgartirmasdan bozorning yangi talablariga moslashishga urinishi mavjud muammoning yanada murakkablashishiga olib keladi. Natijada taʼlim olish muddati yanada uzayadi va qimmatga tushadi.

BCG kompaniyasining ish istiqbollari boʻyicha xodimlar oʻrtasida oʻtkazgan tadqiqoti quyidagilarni koʻrsatdi:

  • har ikkinchi xodim kelgusida uning ish topish imkoniyati pasayadi, deb hisoblaydi

  • xodimlarning 76 foizi kelgusida ish topishda qiyinchiliklarga tayyor turish kerakligiga ishonchi komil

  • oddiy xodimlar va menejerlarning 30 foizi yaqin 3-5 yilda muvaffaqiyatli faoliyat uchun zarur koʻnikmalarga talablar darajasi oshishini kutyapti

  • xodimlarning 30 foizdan ortigʻi kelajakdagi oʻzgarishlarga hech qanaqa tayyorgarlik koʻra olmasliklarini bayon qildilar.

Iqtisodiyot, mehnat bozori va taʼlim tizimi uchun yangi konsepsiya: insonga yoʻnaltirilgan tizim

XX asrning ijtimoiy shartnomasini amalga oshirishning asosiy mexanizmlari bu standartlashtirilgan kasblar, ushbu kasblarga oid standartlashtirilgan taʼlim, mahalliy mehnat bozori, muayyan ish haqi tizimi, taqsimot boʻyicha OTM bitiruvchilarini ishga joylash va boshqalardan iborat.

Bunday ijtimoiy shartnoma doirasida kvalifikatsion oʻrani bartaraf etishni deyarli iloji yoʻq. Chunki, inson kapitalining notekis taqsimlanishi standartlashtirish gʻoyasining mohiyatida yotadi. Bu muamoni faqat xodim, ish beruvchi, davlat va taʼlim tizimi oʻrtasida ijtimoiy kontraktni tubdan oʻzgartish holatidagina yechish mumkin.

Yangi ijtimoiy kontraktning asosiy vazifasi xodimlarga oʻqib-oʻrganish va ishga joylashish uchun keng imkoniyatlar yaratib berishdan iborat. Oʻz navbatida xodim oʻz salohiyatini maksimal darajada amalga oshirish uchun butun masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi. Buning uchun taʼlim tizimi ish beruvchi, davlat va shaxs ehtiyojlari oʻrtasida vositachi boʻlishi darkor. Bunday tizim insonning butun umri davomida taʼlim olish uchun zarur vositalar va usullar toʻplamini shakllantirishi kerak. Ish beruvchining vazifasi xodimlarni shaklan taʼlimi emas, real koʻnikma va malakalariga asoslangan holda tanlashi, ularning shaxsiy qadr-qimmatini inobatga olib, ish joyida oʻzini ishda namoyon etishi uchun ularga imkoniyatlar yaratishdan iborat. Davlat esa har bir inson uchun uning istaklarini hisobga olib, ishga joylashish va rivojlanish imkoniyatlarini yaratishi kerak.

Global muammolar raqamlarda:

  • 2022 yilga kelib yangi faoliyatlar ulushi 27 foizga yetadi

  • Ishchi va xodimlarning 30 foizi kelgusida mehnat bozorida kutilayotgan oʻzgarishlarga tayyor boʻlishiga ishonmaydi

  • Dunyo aholisining 49 foizi internetdan foydalanish imkoniyatiga ega emas

Ijtimoiy shartnoma shartlarini oʻzgartirish – ommaviy standartlashtirishdan ommaviy oʻziga xoslikka oʻtish – inson qobiliyati, motivatsiyasi va uning mehnat bozoridagi imkoniyatlariga yangi talablarni qoʻyadi.

Mavhumlik yuqori boʻlgan holatlarda ishchi xodimlarda ish beruvchilarning oʻzgargan talablariga tez moslashishlariga imkon beruvchi barcha zaruriy koʻnikmalar va bilimlar boʻlishi zarur. Bu omil mehnat bozorida hamisha kerakli boʻlish imkonini beradi. Davlat har bir inson uchun rivojlanish va ishga joylashish imkoniyatlariga barobar yoʻl ochishni taʼminlashi lozim, ish beruvchilar esa ishchi xodimlarni yollashda kamsitmaydigan sharoitlarini yaratish zarur. Taʼlim tizimidan, oʻz navbatida, ish beruvchilarning doimo oʻzgarib turadigan talablarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlashga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish talab qilinadi.

Insonga yoʻnaltirilgan tizim prinsiplari asosida quyidagi yetti shartni amalga oshirish koʻzda tutiladi: doimiy rivojlanish, kelajak koʻnikmalari, ongli ravishda mustaqillik, toʻsiqlarsiz mehnat bozori, salohiyatni safarbar qilish, inklyuziv mehnat bozori va qadriyatlarini hurmatlash.

Bu shartlar uch guruhga: “Qobiliyatlar”, “Motivatsiya” va “Imkoniyatlar”ga taqsimlanib, quyidagicha taʼriflanadi:

  • Qobiliyat: kelajak koʻnikmalarini shakllantirish va insonning doimiy rivojlanishi

  • Motivatsiya: inson oʻz taʼlimi va taraqqiyotining buyurtmachisidir

  • Imkoniyatlar: xodimning qadriyatlarini hisobga olgan holda uning malaklalari asosida ishga joylashishi.

Hozirgi mehnat bozori insonga yoʻnaltirilgan tizim konsepsiyasidan qanchalik olis?

Insonga yoʻnaltirilgan tizim boʻyicha yondashuv – mavhum gumanistik tushuncha emas, balki mehnat unumdorligini oshirish, mutaxassislarni izlash va qayta tayyorlash xarajatlarini kamaytirish, ish beruvchining brendini yaxshilash va h.k. Ushbu yondashuvning ayrim tarkibiy qismlari va jihatlari biznesda, shuningdek mehnat bozori va taʼlimni rivojlantirish boʻyicha milliy strategiyalarni shakllantirishda qoʻllanilmoqda. Biroq, mutlaqo yangi munosabatlar tizimini qurish uzoq va murakkab jarayondir.

BCG tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, kvalifikatsion oʻra katta boʻlgan mamlakatlar mehnat bozori insonga yoʻnaltirilgan tizim darajasining pastligi bilan tafsivlanadi. Oʻz navbatida insonga yoʻnaltirilgan tizim bevosita mehnat unumdorligi bilan bogʻliq: insonga yoʻnaltirilgan tizim darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlarda mehnat unumdorligi ham ancha yuqori.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ