Karantin yumshatilishi bilan Oʻzbekiston iqtisodiyoti qanday tiklanayapti
May oyida terminallar orqali toʻlovlar hajmi 25%ga, pul oʻtkazmalari esa $234 mlnga oshdi.

Markaziy bank bazaviy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi, yillik 15% darajada. Tashkilot qarorni inflyasiya darajasining barqarorlashishini kutayotgani bilan izohladi.
Markaziy bank yil oxiridagi inflyasiya bashoratini oʻzgarishsiz - 11-12,5% darajada saqladi, shu bilan birgalikda ikkinchi yarim yillikda inflyasiyaning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Faoliyatning izchil jonlanishi, shuningdek umumiy taklifning talab bilan muvofiqlashtirilishi hamda tartibga solinuvchi narxlarning oʻzgarmasligi - kutilayotgan asosiy omillardir.
Iyun va iyul oylarida yillik inflyasiyaning pasayish moyilligini oraliq koʻrsatkichlardan past darajada ushlab turish, yilning ikkinchi yarmida bazaviy stavkani pasaytirish uchun sharoit yaratadi, deya qayd etdi. Shu bilan birga, Markaziy bank inflyasiya omillari va tavakkalari mohiyatini oʻrganishni va inflyasiyani bashorat qilish surʼati asosida bazaviy stavka boʻyicha qarorlar qabul qilishni davom ettiradi.
Shuningdek, Markaziy bankda karantinni bosqichma-bosqich yumshatish bilan bir qatorda iqtisodiy koʻrsatkichlar qanday tiklanayotgani haqida gapirib berishdi.
Inflyasiya
Aprel oyida pandemiya taʼsiridagi inflyasiya bozor narxlarining asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga, dori-darmonlar va shaxsiy parvarishlash vositalariga talabning keskin oshishiga moslashishi tufayli 1,7% ni tashkil etdi.
May oyida narxlarning umumiy darajasi bozorlarni yangi sabzavot hosillari bilan toʻldirish, cheklov choralarini yumshatish va iqtisodiy faoliyatni bosqichma-bosqich tiklash natijasida nisbatan barqarorlashdi. Narxlar 0,3%ga oʻsdi va yillik inflyasiya 14%ni tashkil etdi, bu oraliq koʻrsatkichdan oshmaydi.
Pandemiya sharoitida aholi asosan oziq-ovqat va dori-darmon sotib olib, boshka turdagi mahsulotlarni sotib olishdan cheklandi. Bu isteʼmol narxlari indeksida, inflyasiya darajasi hamda aholi va biznesning kutilayotgan inflyasiya darajasida aks etdi, ular may oyida biroz pasaygan, ammo hanuzgacha nisbatan yuqori darajada saqlanib turibdi.
Karantin choralarining asta-sekin yumshatilishiga qaramay, iqtisodiyotda inflyasion jarayonlarning istiqbollari toʻgʻrisida hali ham noaniqliklar mavjud: bir tomondan, yalpi talab pasayish taʼsiriga ega, boshqa tomondan cheklangan taklif kuchaytiruvchi taʼsirga ega.
Bundan tashqari, asosiy savdo hamkorlari iqtisodiyotining uzoqroq tiklanishi, shuningdek, biznesni yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashuvi vaqti va darajasi asosiy tavakkallar hisoblanadi.
Yilning birinchi yarmi oxiriga kelib, aprel oyidagi ayirboshlash kursining tashqi sharoitlarga va pandemiyaga taʼsir qilishi narx darajasiga hamda yillik inflyasiya surʼatining (14-14,5%) saqlanib qolishi kutilmoqda.
Iqtisodiy faollik
Aprel oyida karantin va jahon bozori sharoitlarining ogʻirlashishi sababli ishbilarmonlik faolligi sezilarli darajada pasaydi. Ishlab chiqarishning qisman toʻxtab qolishi va aholi daromadlarining tushib ketishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning pasayishiga olib keldi.
Banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy miqdori sezilarli darajada kamaydi - aprelda 39,8%ga, may oyida 34,7%ga (oʻtgan yilga nisbatan).
May oyida savdo va pullik xizmatlar terminallari orqali amalga oshirilgan toʻlovlar hajmi aprel oyiga nisbatan 25%ga oʻsib, 5,2 trln soʻmni tashkil etdi.
Shuningdek mayda tijorat banklariga tovarlar va xizmatlarni sotishdan tushgan naqd pul tushumlari tiklana boshladi. Agar aprel oyida banklarga 3,4 trln soʻm kelib tushgan boʻlsa, may oyida bu koʻrsatkich 44%ga oʻsib, 4,9 trln soʻmni tashkil etdi.
Shunga oʻxshash holat Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi savdolarida ham kuzatildi. Aprel oyida savdo hajmi oldingi oyga nisbatan 9,4%ga pasaygan va may oyida 39,7%ga oʻsgan.
Bundan tashqari, transchegaraviy oʻtkazmalar oqimi tiklanmoqda, bu aholining isteʼmol kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kerak. Shunday qilib, may oyida aprel bilan taqqoslaganda pul oʻtkazmalari hajmi $234 mlnga oshdi va $484 mlnni tashkil etdi.
May oyi yakunlari boʻyicha sanoat sohasidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi aprel oyidagiga nisbatan 27% darajaga koʻtarilishi kutilmoqda.
Shuningdek, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, birinchi yarim yillik natijalariga koʻra, qurilish sohasining oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4% va qishloq xoʻjaligida 3% atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari
Markaziy bank besh oy davomida oʻrtacha darajadagi qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab turdi.
Aprel oyi natijalariga koʻra, kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkalari mart oyiga nisbatan 0,7% darajaga pasaydi va 24,1%ni tashkil etdi, bir yildan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha 0,5%ga oshdi va 19,3%ga teng boʻldi. Bu umumiy kredit portfelida yuqori foiz stavkalari va isteʼmol kreditlari ulushining kamayishi bilan bogʻliq boʻlib, ushbu tendensiya kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotga kreditlar sarflanmalarining oʻsishi, valyuta kursining oʻzgarishini hisobga olmaganda, may oyida aprelga nisbatan tezlashdi (2,2%dan 2,8%gacha) va besh oy ichida 14,4% yoki 30 trln soʻmni tashkil etdi.
Pandemiya taʼsiri natijasida tijorat banklarining depozit operatsiyalariga talabi kamaymoqda.
May oyida banklararo pul bozori faollashdi va tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 4,4 trln soʻmni tashkil etdi, bu aprel oyiga nisbatan 2 trln soʻmga (85%) koʻpdir.
Shu bilan birga, 14 kungacha boʻlgan muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalari Markaziy bankning foizli yoʻlagida baʼzi oʻzgarishlar bilan shakllantirildi, uzoq muddatli manbalarga boʻlgan talabning ortishi sababli 30 kun va undan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalari nisbatan yuqori boʻldi.
Milliy valyutaning ayirboshlash kursi tashqi va ichki omillar taʼsirida aprel oyida 5,8%ga qadrsizlandi va may oyida u nisbatan barqaror darajada shakllandi.
Forbes.uz
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda

COVID-19 pandemiyasi sharoitida davlatning puxta oʻylangan rivojlanish strategiyasi juda muhimdir – ekspert

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

