| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza10 daqiqada oʻqiladi119 marta oʻqildi

Kamabagʻallik: Daromad tengsizligimi yoki taʼlim olishga eʼtiborsizlik?

Fikrimizcha, kambagʻallikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi. Bunda daromad shakllanishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish yanada muhim, deydi iqtisodiyot fanlari doktori Nodir Jumayev.

Kamabagʻallik: Daromad tengsizligimi yoki taʼlim olishga eʼtiborsizlik?

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlash taklif etilishida uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash nazarda tutildi. Ushbu gʻoyaning tub mohiyati mamlakatni ilgʻor tajribalar asosida rivojlantirish va aholi daromadlari tengsizligini bartaraf etishdir. Bu esa kambagʻallikni qisqartirishning bosh omili, desak, xato boʻlmaydi. Binobarin, Prezident 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12 — 15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”, deya alohida taʼkidladi.

Oʻzbekistonda mazkur kategoriyaga nisbatan yondashuvning yuzaga kelishi va unga doir islohotlarni amalga oshirish juda muhim masala. Chunki shu paytgacha unga, umuman, eʼtibor berilmagan, raqamlar ochiqlanmagan edi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan bu borada koʻplab vazifalar belgilab berildi hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi yoʻnalishlar shakllantirildi. Xususan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi qilib qayta tashkil etilishi ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Olimlar nima deydi?

Misol uchun, pokistonlik olimlar — Tariq Majid va Noʻmon Malik tomonidan 2015 yilda amalga oshirilgan tadqiqotda kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga savodxonlik darajasi ham kiritiladi. Bunda oila xoʻjaligining kambagʻallikka tushib qolishiga oila boshligʻining tajribasi, yoshi, jinsi va ­bandligi kabi omillar taʼsir qilishini keltirib oʻtadi. Shuningdek, oila boshligʻi sifatida ayol kishi boʻlishi kambagʻallikni keltirib chiqarishga koʻproq taʼsir qiladi, degan gʻoya ilgari suriladi. Bu ayollarning taʼlim olish va daromad topishdagi imkoniyatlari yuqori emasligi bilan izohlanadi. Tadqiqotlar asosida, birinchidan, taʼlim olganlik darajasi bilan kambagʻallik teskari proporsional ekanligi, ikkinchidan, qishloq joylarda pul oʻtkazmalariga ega boʻlganlar kambagʻallikka kamroq tushi­shayotganligi, uchinchidan, shaharlashib borish kambagʻallikni pasaytirishini va qishloq hududlarida esa oshishiga olib kelishini qayd etib oʻtadi. Oʻz ­navbatida, tajriba, yosh va qishloq xoʻjaligida band boʻlish kambagʻallikni keltirib chiqarmasligini asoslab beradi.

AQShda monetar siyosatning samarali amalga oshirilishi asoschilaridan biri M. Fridmen­ daromadlar notengligi statistik taqsimotni aniq koʻrsatmasligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, is­teʼmol jihatidan daromadlarning taqsimoti ularni yuzaga keltiruvchi sabablarga bogʻliq. Daromadlarning notengligiga sabablardan biri esa insonlarning qobiliyati teng taqsimlanmaganligi bilan bogʻliq. Ushbu tendensiyani olim H. Stakle ham taʼkidlasa, J. Minser inson kapitaliga investitsiyalar hamda daromadlarning tengsizligi omillarini aniqlagan va ularni baholagan. Insonlar daromadining notengligi inson kapitaliga qilingan investitsiyalarga bogʻliq ekanligi, investitsiya jarayoni erkin tanlovga asoslanishini qayd etib oʻtadi. Minser fikriga koʻra, katta maosh koʻp oʻrganishni talab etadi. Shu bois kasblararo farq ularni oʻrganishdagi farqlar bilan izohlanadi va oʻrganish muddatlaridagi oʻzaro absolyut farq yillik daromaddagi foizli farqlarni keltirib chiqaradi. Bir kasbning bir necha egalari daromadlari oʻrtasidagi farq inson kapitali tajribasiga qilingan investitsiya muddatining uzaytirilganligi bilan bogʻliq. Umuman olganda, taʼlim, yosh va kasb kabi omillar insonlar daromadlari tabaqalanishida asosiy sabab ekanligi asoslab beriladi.

S. Peng va boshqalar oʻzlarining tadqiqotlarida kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil etib chiqadi. Ular kambagʻallik ehtimolini keltirib chiqaruvchi omillar sifatida quyidagilarni sanab oʻtadi: keksalik, ayol kishi boʻlish, turmush oʻrtogʻining boʻlmasligi, ota yoki ona boʻlmagan oilada katta boʻlish, ishsizlik, davlat uyida ijarada turish, past savodxonlik va sogʻliq darajasi. Shuningdek, oilada nogiron yoki surunkali kasallikka chalingan odamning boʻlishi. Taʼkidlash lozimki, oliy taʼlim olganlik kambagʻallik va minimal qashshoqlikdan saqlanishga yordam berishi aytiladi.

Fikrimizcha, kambagʻallikni aniqlashga yordam beradigan omil sifatida daromadlarning shakllanishiga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi. Bunda daromad shakllanishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi sabablar va omillarni rivojlantirish yanada muhim. Bu esa kambagʻallikni bartaraf etishda asosiy rol oʻynaydi. Jumladan, taʼlim tizimi va insonlar qiziqishi doirasida kasbga yoʻnaltirishni rivojlantirish.

Xalqaro tashkilotlar yondashuvi ham oʻziga xos

Ushbu masalada xalqaro tashkilotlarning yondashuv va mezonlari ham qiziq. Xususan, Jahon banki tomonidan kambagʻallikni aniqlash boʻyicha kunlik daromadning hajmiga nisbatan mezon sifatida milliy daromadning kishi boshiga toʻgʻri kelishi hajmi quyidagicha belgilangan:

* xalqaro kambagʻallik chizigʻi 1,9 AQSh dollari;

* oʻrtacha daromaddan past (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 1026 — 3995 AQSh dollari) boʻlgan mamlakat uchun 3,2 AQSh dollari;

* oʻrtacha daromaddan yuqori (2020 yil uchun kishi boshiga YaIM 3995 — 12375 AQSh dollari) boʻlgan mamlakat uchun 5,5 AQSh dollari.

Mazkur mezon 2013 yilda eʼlon qilingan boʻlib, oʻsha davrda 1,25 AQSh dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2015 yilga kelib 1,9 AQSh dollariga koʻtarilgan. Oʻz navbatida, mazkur koʻrsatkichlar mos ravishda 2005 va 2011 yillardagi bazis narxlar bilan kishi boshiga daromad hisoblanishi orqali tatbiq etiladi. 2017 yildan boshlab esa qoʻshimcha ravishda keyingi ikkita koʻrsatkich ham kiritilgan. Kambagʻallikning xalqaro meʼyori minimal isteʼmolni nazarda tutadi va u keyingi ikkita mezon bilan almashtirilmaydi. Ushbu koʻrsatkich oʻta kambagʻallikni aks ettiradi. Oʻzbekiston oʻrtacha daromaddan past daromadga ega boʻlganligi uchun 3,2 AQSh dollari tavsiya etiladi.

2015 yilda BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasida 2030 yilgacha Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi qabul qilindi. Ushbu maqsadlarning birinchisi — “Kambagʻallikni yoʻqotish” (No Poverty) deb nomlangan boʻlib, dunyo mamlakatlari ushbu omilga qarshi ommaviy kurashga chaqiriladi. Mazkur maqsadlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha boʻlgan ­davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror ilovasining 1-bandida “1-maqsad. Barcha joylarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini pasaytirish” deb nomlangan. Ushbu bandning vazifalari sifatida belgilangan 7-yoʻnalishda ­asosiy eʼtibor ijtimoiy himoyaga va gender tengligini taʼminlash hamda mikrokreditlash amaliyotlaridan foydalanish koʻzda tutilgan.

Bizningcha, ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning bir qator yoʻnalishida taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan, ayniqsa, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini ken­gaytirish boʻyicha ustuvorliklar keltirilmagan. Bu esa jahon olimlari tomonidan asoslangan ilmiy xulosalar inobatga olinmaganligini anglatadi. Sababi daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi kam sonli omillarning asosiysi, bu, taʼlim ekanligi taʼkidlab oʻtilgan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda aholi daromadlarining 1/4 qismi 10 foiz aholi qoʻlida toʻplanganligi ham daromadlar tengligini taʼminlash zaruratini keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, aholi asosiy qatlamining daromadlari vaqtinchalik uzilishga uchragan davrda jamgʻarma kategoriyasi muhim ahamiyatga ega. Bu davlatning zimmasiga katta moliyaviy yukni keltirib chiqarishi, byudjet defitsitini oshirishi mumkin.

Sinovli davrdagi tadbirlar

Pandemiya sharoitida daromadlar pasayishi va jamgʻarmalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qoʻshimcha mablagʻlarni safarbar etishni taqozo qiladi. Bu esa byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablagʻlarini jalb etish zaruratini keltirib chiqaradi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganini alohida qayd etish joiz. Chunki ushbu hujjat asosida hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 milliard AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi. 2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan A. Banerji, E. Dyuflo va M. Kramer ­tomonidan davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechogʻliq natija berayotganligi tahlil etildi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambagʻallikka qarshi kurash natijalari tahlili bu boradagi tadbirlarni tubdan oʻzgartirish zaruratini koʻrsatdi. Yaʼni ­tadqiqotlarga koʻra, maktab taʼlimida ikki omil — oʻquvchilar qiziqishi va oʻqituvchilar bilan maʼlum muddatli ­shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.

Aytish kerakki, maktab taʼlimidagi muammolar nafaqat kambagʻallikka doir, balki bosh­qa ijtimoiy-huquqiy masalalarni ham keltirib chiqarishi koʻplab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda “Mehr-1” va “Mehr-2” operatsiyalari natijalari ­tahlil qilindi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov oʻzbek ayollarining Iroq hamda Suriyaga ketgani sabablari haqida toʻxtalib, “Eng katta sabab — ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz taʼlim olishgan”, deb taʼkidlab oʻtdi.

Ikkinchi omil sifatida sogʻ­liqni saqlash tizimida odamlarning farzandlari sogʻligʻi uchun investitsiya qilmasligi yoki uni ortga surib kelishi salbiy taʼsirga ega ekanligi koʻrsatiladi. Shu bois bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiya­lar doimiylaridan koʻra samarali ekanligi qayd etiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz ­rahbari taʼkidlab oʻtgan “...bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi” degan soʻzlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini ­anglash qiyin emas.

Bundan tashqari, mikrokreditlash mexanizmini ham yana bir omil sifatida keltirish mumkin. Nega deganda, mazkur usul kambagʻallikka qarshi kurashishda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlangan. Oʻzbekistonda kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi muhim sabablar nimalar? Quyida shularning ayrimlarini keltirib oʻtamiz.

1. Ijtimoiy sohaning nobarqarorlashuviga olib kelgan jihatlar:

* sogʻliqni saqlash tizimida davlat xarajatlarining, ayniqsa, birlamchi tibbiy xizmatlar taqdim etishda yetarli emasligi;

* maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish qamrovi
pastligi;

* maktab taʼlimida oʻquv muassasalaridan “rezina” kabi foydalanish bazaviy taʼlimning natijadorligini tushirib yuborishi;

* oliy taʼlimning qamrovi 10 foizga yetmasligi katta ulushga ega boʻlgan yoshlarning inson kapitali darajasini pasaytirishi;

* ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablagʻlar YaIMga nisbatan 0,25 foiz atrofida boʻlishi.

2. Mehnatga haq toʻlash kasbga emas, balki lavozimga biriktirilishi, yuqori bilim talab qiluvchi kasblar jozibadorligini yoʻqotdi. Masalan, shifokor va serjant unvonidagi harbiy xizmatchining ish haqidagi sezilarli tafovut.

3. Elektr taʼminotidagi uzilishlar davomiyligi quyidagi nobarqarorlikni keltirib chiqardi:

* taʼlimning uyda bajariladigan vazifalar qismi oʻzlashtirilmasligiga taʼsir koʻrsatdi;

* biznes yuritishga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Masalan, jahon bankining hisobotida, biznes subʼyekti kichiklashib borgani sari elektr taʼminotidan uzilishi kuchayib borishi qayd etilgan.

4. Iqtisodiyotning norasmiy qismi kuchayishi aholi daromadlari hisobini va statistikasini yuritishga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Qanday choralar koʻrmoq kerak?

Koʻrinib turibdiki, kambagʻallikni kamaytirish, bu borada yuzaga keladigan muammolardan kelib chiqadigan omillar yoʻq emas. Shunday ekan, nima qilmoq kerak?

Tadqiqotlarda ayon boʻlayotgan ushbu masalalardan kelib chiqib, quyidagilarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz. Avvalo, aholining kambagʻallik darajasini aniqlash uchun demografik jihatdan guruhlarga ajratish nuqtai nazaridan aniq statistikani shakllantirish va shunga mos tadqiqotlarni amalga oshirish. Bunda oila aʼzolari soni, savodxonligi, ­sogʻligʻi, yoshi, jinsi, tanlagan ­kasbi kabilarni inobatga olishga imkon yaratish.

Shuningdek, qisqa muddatli davrda eʼtibor berilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar ham talaygina. Xususan, iqtisodiyotdagi ixtisoslashuv nazariyasining (D. Rikardo) odamlar qobiliyatiga uygʻunlashuvini joriy etish. Buning uchun ularning qanday mehnat qilishga imkoniyat va xohishlari yuqori boʻlishini inobatga olish orqali qiymat yaratish (YaIM)ni yoʻlga qoʻyish. Masalan, pichoq yasaydigan (hunarmand ota-bobosidan oʻrgangan va shu ishni sevib qiladigan) insonga mehnat qilishi uchun barcha sharoitni yaratish mexanizmini joriy etish. Agar biz undan ­boshqa turdagi mehnat qilishni ­talab etsak yoki u shunga majbur boʻlsa, iqtisodiy oʻsish va kambagʻallikdan chiqish tendensiyasi yuzaga kelmasligi mumkin.

Aholining isteʼmolini arzonlashtirish, yaʼni davlat va “ayrim” tadbirkorlarning monopoliyasini favqulodda tugatish. Buning uchun iqtisodiyotda raqobat muhitini ­yaratish lozim boʻladi. Ushbu jarayonda ikki jihatga eʼtibor qaratish zarur. Birinchidan, milliy (davlat yoki xususiy) ishlab chiqaruvchilar monopoliyasi shakllanishini kamaytirish. Ikkinchidan, turli iqtisodiy ittifoqlar, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishni jadallashtirish kerak.

Elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlash, muqobil energiyadan foydalanishni jadallashtirish. Buning uchun muqobil (quyosh, shamol kabilar) energiya manbalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratish. Shuningdek, ushbu turdagi energiya isteʼmoliga oʻtishda davlat subsidiyalarini joriy etishni rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Xarajatlarni qisqartirish, yaʼni koʻp daromadga ega boʻlmagan sha­roitda jamiyatda tejamkorlik tamoyilini joriy etish. Masalan, turli milliy qadriyatlarga asoslangan marosimlarga xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, norasmiy iqtiso­diyotni qisqartirish talab etiladi.

Uchinchidan, bu jarayonda uzoq davrga moʻljallangan dasturlarning ham ahamiyati katta. Shu nuqtai nazardan bu kabi dasturlarni amalga oshirishda profilaktika tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish hajmi va samaradorligini oshirish darkor. Bu orqali yosh bolalarni emlash ishlariga eʼtibor berilib, aktiv umr faoliyatini rivojlantirish orqali passiv umr koʻrishni qisqartirishga sharoit yaratiladi.

Maktab taʼlimida oʻquvchilar qiziqishlarini inobatga olgan holda, guruhlarga ajratib taʼlim berish ham yaxshi natijani yuzaga chiqaradi. Bunda oʻqish, yozish, matematika va tabiiy fanlar kesimida guruhlarni tashkil etishni oʻquvchilarning qanday kasbga (lavozimga emas) qiziqishlari doirasida sinflarga ajratishni joriy qilish lozim.

Shuningdek, oliy taʼlim qamrovini oshirish, yaʼni bir turdagi mutaxassislikni tayyorlash bir nechta oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilishi orqali raqobat muhitini yaratish, oliy taʼlimda shart­noma toʻlovlarini darsga qatnashish uchun emas, balki fan boʻyicha yakuniy imtihonlarda qatnashish huquqini belgilash tamoyili asosida oʻquv yurtlarida mustaqil joriy etishga imkon berish lozim. Qolaversa, qabul kvotalari muassasa sigʻimkorligi asosida mustaqil belgilanishi kerak.

“Kichik biznesdan — yirik biznesga”. Bu gʻoya ham odamlar bandligini taʼminlash, demakki, kambagʻallikdan chiqarishda ayni muddao. Faqat bunda bir ishchi oʻrin uchun xarajatlar hajmi yirik biznesda kichik biznesga nisbatan kam ekanligi inobatga olinadi. Shu bilan birga, yirik biznes mamlakat eksport salohiyatini oshirishning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, yuqori ilmiy sigʻimkor mahsulotlarni rivojlantirish, yaʼni tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga, ayniqsa, xu­susiy sektorning tadqiqotlarini moliyalashtirishni joriy etish uchun venchur fondlarini shakllantirish zarur, deb oʻylaymiz.

Va nihoyat, mehnat migrantlarini emas, balki mehnat mahsulini eksport qilish tamoyilini rivoj­lantirmoq zarur. Binobarin, inson kapitaliga investitsiyalar jalb etish uzoq davrda barqaror natijalarni berishi muqarrar.

Yurtimizda inson manfaati yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, saʼy-harakatlar koʻlami tobora kengayib bormoqda. Soʻnggi paytlarda uzoq yillar davomida yashirib kelingan holat — kambagʻallik xususida, ayniqsa, koʻp gapirilmoqda. Muhimi, bu gap boʻlib qolib ketayotgani yoʻq. Amaliy harakatlar boshlab yuborilgan. Kambagʻal insonlar soni aniqlashtirilib, kam taʼminlangan oilalar roʻyxati shakllantirilyapti. Yaʼni jarayon boshlangan. Oʻylaymizki, biz bergan taklif va fikrlar ham ayni shu jarayonda asqatadi.

Nodir JUMAYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Dilshodjon RAHMONOV,
Bank-moliya akademiyasi
Moliya kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent

Manba: Xalq soʻzi gazetasi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ