Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish organlarining roli
Qaysi davlatda boʻlishidan qatʼiy nazar, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga vakolatli boʻlgan organlarning asosiy maqsadlari va vazifalari belgilab qoʻyilgan.

Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida samarali siyosatni amalga oshirish isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish milliy tizimining tarkibiy qismi boʻlgan davlat boshqaruv organlari, tadbirkorlik subʼyektlari va jamoat tashkilotlarining rivojlanishiga hamda ular oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning mavjudligiga chambarchas bogʻliq. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish milliy tizimini yaratish davlatning ichki siyosati hisoblanib, koʻplab omillar, shu jumladan, huquqiy rivojlanish, ijtimoiy-iqtisodiy holat, urf-odatlar va huquqiy madaniyat darajasi muhim ahamiyat kasb etadi[1].
Qaysi davlatda boʻlishidan qatʼiy nazar, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga vakolatli boʻlgan organlarning asosiy maqsadlari va vazifalari:
mamlakatda xavfsiz isteʼmol muhitini yaratish, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va buning uchun sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
isteʼmolchilik madaniyatini oshirish, sifatli tovarlar va xizmatlar bozori yaratilishini ragʻbatlantirish, isteʼmolchilarga ishlab chiqarilayotgan va taklif etilayotgan tovarlar va xizmatlar sifati toʻgʻrisida obʼyektiv maʼlumotlarni tarqatishdan iborat.
Dunyoda isteʼmolchilarning huquqlarini himoyalashni taʼminlaydigan turli xil tizimlar mavjud, ular bir-biridan hukumat tarkibidaligi va avtonom subʼyekt ekanligi bilan farqlanadi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish organlarining jamoat tuzilmasi sifatida faoliyat yuritishi aholining eʼtiborini jalb qilish imkonini beradi, isteʼmolchilar bilan aloqalarni oʻrnatishni taʼminlaydi. Bunday amaliyot isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish siyosatiga bevosita taʼsir qiladigan sharoitlarni yaratishga imkon yaratadi. Biroq, boshqa tomondan, keng vakolatlarga ega davlat organining rasmiy maqomi, unga yuqori nufuz beradi hamda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida yagona siyosatni amalga oshiradi. Taʼkidlash joizki, aksariyat rivojlangan va rivojlanib borayotgan davlatlarda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida yagona siyosat olib borilishida davlat organlarining oʻrni yuqoridir.
Xorij davlatlari amaliyotiga nazar tashlar ekanmiz, turli davlat muassasalari koʻrinishidagi vakolatli davlat organlarining faoliyat yuritishiga guvoh boʻlishimiz mumkin, jumladan, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat vakolatli organlari Savdo vazirligi huzurida, Bosh vazir devoni tarkibidagi boʻlimlar koʻrinishida yoki alohida idora va baʼzi hollarda Isteʼmolchilar ishlari vazirligi kabi davlat organlari sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Aksariyat hollarda, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazifasi bir necha sohalarni tartibga soluvchi vazirliklarga tegishli, masalan, Avstriyada xotin-qizlar faoliyati vaziriga, Avstraliyada ilm-fan va turizm vaziri vakolatlari doirasiga, Norvegiyada esa bolalar va oila faoliyati vaziriga qarashli. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Yevropa komissarlari ham ushbu faoliyatni koʻplab qoʻshimcha sohalar bilan birgalikda olib borishadi.
Davlat organi va vazirlik oʻrtasidagi farq qarorlarni mustaqil va tezkor qabul qilish hamda jamoatchilik bilan ishlash obʼyektivligi va tezkorligini oshirish nuqtai nazaridan muhim boʻlishi mumkin. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish muassasalari vazirliklar tarkibida boʻlgan taqdirda ham, ularning faoliyati asta-sekin mustaqil organ sifatida isteʼmolchilar eʼtiborini tortishi mumkin.
Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish tizimining yana bir modeli mavjudki, unda isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining barcha sohalarini qamrab oladi, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha hukumat organlari energetika, telekommunikatsiya va qishloq xoʻjaligi masalalari bilan shugʻullanuvchi tarmoq vazirliklarida muayyan vakolatlarga ega boʻladi.
Koʻplab davlatlarning konstitutsiyasida isteʼmolchi huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishini kafolatlangan. Yaʼni, davlat, oʻz fuqarolarini sifatli va xavfsiz tovarlar, xizmatlar va ish joylari bilan taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib va xalqaro tajribaga asoslanib, shuni aytish mumkinki, aynan isteʼmolchilarning huquqiy madaniyati yuqori boʻlgan rivojlangan davlatlarda jamoat tashkilotlarining roli sezilarli darajada yuqori va isteʼmolchilar oʻzlarini mustaqil himoya qila oladi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoat tashkilotlarining toʻlaqonli tizimini yaratish uchun har qanday davlat isteʼmol bozorining barcha sohalarini qamrab oladigan huquqiy bazaga ega boʻlishi, toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirli qonunlarni qabul qilinishi va mamlakat aholisining huquqiy savodxonligini oshirish uchun sharoit yaratilishi kerak.
Isteʼmolchilarning huquqiy madaniyati nisbatan past boʻlgan davlatlarda isteʼmolchilar huquqini himoya qilish sohasida sud amaliyoti mavjud yetarli darajada emas, bu esa oʻz manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat qilgan fuqarolar sonining oshishiga olib keladi. Shu sababli, dastlabki bosqichda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi jamoat tashkilotlari tizimini rivojlanishi uchun davlatning ishtirok etishi muhim. Keyingi bosqichlarda isteʼmolchilar huquqiy savodxonligi oshib borgani sari, jamoat tashkilotlari sonining koʻpayishi ham kuzatiladi.
Quyida davlat organlarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishtiroki yuqori boʻlgan xorijiy mamlakatlar tajribasini koʻrib chiqamiz.
AQSh. AQShda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish borasidagi eng taniqli va faol organ boʻlib, Federal savdo komissiyasi (Federal Trade Commission) hisoblanadi. FSK huzurida Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha byuro (Bureau of Consumer Protection) ish yuritadi. Byuroning asosiy maqsadi biznesni adolatsiz, nohaq va firibgarlik yoʻli bilan yuritishni oldini olishdan iborat. Byuro shuningdek, maʼlumotlarni himoya qilish, soxta reklama va shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash bilan bogʻliq muammolar boʻyicha isteʼmolchilar murojaatlarini qabul qiladi. 2009 yilda FSK tarkibida Isteʼmolchilarni moliyaviy himoya qilish byurosi (Consumer Financial Protection Bureau) ham tashkil etildi. Ushbu Byuroning asosiy vazifalaridan biri qoidalar yozish, kompaniyalarni nazorat qilish va qonun hujjatlariga amal qilinishini taʼminlash orqali adolatsiz, chalgʻituvchi yoki haqoratli xatti-harakatlar va amaliyotni bartaraf etishdan iborat.[2]
Germaniya. Germaniyada 2013 yildan Germaniya Respublikasi Federal adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (Bundesministerium der Justiz und für Verbraucherschutz) isteʼmolchilik munosabatlariga masʼul hisoblanadi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish siyosati isteʼmolchilar uchun ishonchli va oʻz-oʻzini tartibga soluvchi mexanizmlar yaratishga qaratilgan. Federal vazirlik umummilliy isteʼmol tashkilotlariga koʻmak berishga javob beradi va Consumer Research Network (Isteʼmolchilarni oʻrganish tarmogʻi) orqali oʻz mustaqil oʻrganishlarini olib boradi. Taʼkidlash joizki, Germaniya iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash vazirliklarida isteʼmolchilar bilan bogʻliq muammolar boʻyicha isteʼmolchilar sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarni ishlab chiqishda yordam beradigan maxsus boʻlimlar mavjud.[3]
Buyuk Britaniya. 2013 yilda tashkil etilgan Raqobat va bozorlarni tartibga solish boshqarmasi (The Competition and Markets Authority) Buyuk Britaniyaning raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir asosiy organi hisoblanadi. Boshqarma Angliyada va qirollikning boshqa hududlarida isteʼmolchilar manfaati yoʻlida raqobat muhitini shakllantirishga va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ustida ishlar olib boradi. Asosiy maqsad barcha diqqat eʼtiborni bozorlarni isteʼmolchilar, korxonalar va iqtisodiyot manfaatlari yoʻlida xizmat qilishiga qaratishni taʼminlashdan iborat. Raqobat va bozorlarni tartibga solish boshqarmasi qonunlarga rioya etilishini va toʻgʻri tushunilishini taʼminlash va hamda isteʼmolchilarga toʻgʻri tanlovni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish maqsadida boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Boshqarma kam taʼminlangan isteʼmolchilarni himoya qilish, bozorlarga ishonchni oshirish, iqtisodiy oʻsish va ishlab chiqarish mahsuldorligini qoʻllab-quvvatlash nuqtai nazaridan Buyuk Britaniya iqtisodiy hayotining markazi boʻlib hisoblanadi.[4]
Saudiya Arabistoni. Ushbu mamlakatda isteʼmolchilarning huquqlarini Saudiya Arabistoni Savdo vazirligi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi amalga oshiradi (Consumer Protection Agency at Ministry of Commerce). Agentlik isteʼmolchilarni firibgarlikdan, aldovdan hamda reklama qilishning taʼqiqlangan usullaridan, nohalol raqobatdan himoya qiladi, shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash uchun tovarlar va xizmatlar ustidan nazoratni amalga oshiradi, isteʼmolchilik savodxonligini oshirish va tovarlar sifatini yaxshilash hisobiga milliy iqtisodiyotni mustahkamlash ham tashkilotning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Savdo vazirining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Agentlik rahbari sifatida faoliyat yuritadi va isteʼmolchilarga taalluqli normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalda qoʻllash, shuningdek, isteʼmolchilar murojaatlarini koʻrib chiqish uchun va zaruriy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli vazirlik va muassasalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.[5]
Singapur. Singapur raqobat va isteʼmolchilar masalalari boʻyicha komissiyasi (Competition and Consumer Commission of Singapore) davlat boshqaruv agentligi hisoblanib, uning asosiy vazifalari sifatida bozorlar adolatli faoliyat yuritishini ragʻbatlantirish hamda isteʼmolchi va tadbirkorlik subʼyektlari uchun teng imkoniyatlar yaratilishini taʼminlash hisoblanadi. Komissiya isteʼmolchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri murojaatlarni qabul qilmaydi, bu vazifani boshqa nodavlat tashkilotlar amalga oshiradi. Biroq Komissiya isteʼmolchilarga adolatsiz munosabatda boʻlgan tadbirkorlik subʼyektlariga nisbatan qonuniy chora qoʻllash vakolatiga ega hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu davlat organi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini olib boradi, shuningdek isteʼmolchilar bilimini oshirish maqsadida koʻplab axborot materiallarini tayyorlaydi.[6]
Rossiya Federatsiya. Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) nafaqat isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash, balki epidemiologik va sanitariya nazorati uchun ham masʼul organ hisoblanadi. Rospotrebnadzor isteʼmolchilar barcha guruhlari xavfsizligini va farovonligini taʼminlashga kompleks yondoshuvchi organ hisoblanadi. Bundan tashqari, Rospotrebnadzor isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini muvofiqlashtiradi va ushbu sohada ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beradi. Taʼkidlash lozimki, Rospotrebnadzor muvofiqlashtirish siyosati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarga joriy muammolarga oʻz eʼtiborini qaratishga va ularni hal qilishda yanada samarali harakat qilishga imkon yaratadi.[7]
Qozogʻiston. Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish Qozogʻistonda ham faol rivojlanmoqda. Oxirgi yillarda, mamlakatda ushbu soha bilan bogʻliq boʻlgan bir qator oʻzgarishlar yuz berdi. Demak, 2019 yilda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha funksiyalar va vakolatlar Qozogʻiston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vazirligidan Savdo va integratsiya vazirligiga topshirilib, uning huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tashkil etildi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yaxlit va samarali davlat siyosatini taʼminlash maqsadida davlat organlari faoliyatini tarmoqlar boʻyicha muvofiqlashtirish Qoʻmitaning asosiy vazifasi sifatida belgilandi. Qoʻmita isteʼmolchilar huquqiy himoyasini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va sohaga taʼsirini baholash boʻyicha ishlar olib boradi.[8]
Nilufar Bobojonova
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi
[1] eurasiancommission.org/ru/act/texnreg/depsanmer/consumer_rights/Documents/Obzor_itog.pdf
[2] www.ftc.gov
[3] www.bmjv.de
[4] www.gov.uk/government/organisations/competition-an...
[5] mci.gov.sa
[6] www.cccs.gov.sg
[7] www.rospotrebnadzor.ru
[8] www.gov.kz/memleket/entities/mti/about
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




