Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi: Faoliyat indeksi boʻyicha qaysi banklar umumiy reytingda yetakchilik qilmoqda
Kapital bank, Universal bank va Ziraat bank eng faol banklar deb topildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan mamlakatimizdagi 31 tijorat banklari uchun faollik indeksi ishlab chiqildi.
Banklar uch guruhga ajratildi:
Davlat ulushi mavjud yirik banklar
Raqobatbardosh banklar
Markazlashgan banklar
Bank aktivlarida xususiy banklar ulushi oʻzgarishini, shuningdek bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqildi. Mazkur indeks ikkita subindeksdan iborat:
Moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
Moliyaviy barqarorlik indeksi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston bank tizimida 32 tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Ulardan 13 tasi ustav kapitalida davlat ulushi mavjud boʻlsa, 19 bank xususiy bank yoki chet el kapitali ishtirokidagi bank hisoblanadi. Taʼkidlash joizki, avgust oyining oxirida Oʻzbekiston Markaziy banki Anor Bank AJni birinchi raqamli bank sifatida roʻyxatdan oʻtkazdi.
Banklar faollik indeksining birinchi subindeksi sifatida moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi hisoblandi. Mazkur koʻrsatkichni aniqlashda iqtisodiyotning real sektoridan jalb qilingan jamgʻarma va muddatli depozitlarning jami kreditlarga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablagʻlarning jami majburiyatlardagi ulushi hamda banklarning aktivlarini shakllantirilishida davlat mablagʻlarining oʻrniga alohida eʼtibor qaratildi.
Moliyaviy vositachilik
Tijorat banklarining jamgʻarmalarni bank tizimiga jalb qilish hamda ushbu jamgʻarmalarni moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan eng samarali loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish salohiyati banklarning moliyaviy vositachi sifatida faolligini belgilab beradi.
Shundan kelib chiqib, banklarning moliyaviy vositachilik boʻyicha faolligini baholashda jamgʻarma va muddatli depozitlarning jami kredit qoʻyilmalariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablagʻlarning jami majburiyatlardagi ulushi hamda bank aktivlarining shakllanishida hukumatdan (Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan) olingan moliyaviy mablagʻlarning ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.
Moliyaviy vositachilik koʻrsatkichlaridan biri real sektordan jalb qilingan depozitlarning ajratilgan kreditlarga nisbati hisoblanadi. Ushbu koʻrsatkich qanchalik yuqori boʻlsa, “Banklar faollik indeksi”ga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va aksincha past boʻlsa, salbiy taʼsir koʻrsatadi. 2020 yil 1 sentyabr holatiga, bank sektorida jamgʻarma va muddatli depozitlarning kredit qoʻyilmalariga nisbati davlat ulushi mavjud 13 ta bankda oʻrtacha 28 foiz, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarda 69 foizni tashkil etdi. Ushbu raqamlar kreditlar berishda davlat yirik banklari uchun jamgʻarma va muddatli depozitlardan tashqari majburiyatlarning ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi.
Davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankda boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi oʻrtacha 58 foizni tashkil etmoqda. Ushbu koʻrsatkich xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarda 22 foizga etadi.
Shuningdek, davlat ulushi mavjud 10 yirik banklarning majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablagʻlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 2020 yil 1 sentyabr holatiga, ushbu koʻrsatkich 19 foizni tashkil etdi.
Moliyaviy ommaboplik
Banklarning moliyaviy ommabopligi kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining qay darajada ekanligi va “banksiz” qolayotgan aholi qatlamini bank sektoriga jalb qilish darajasini koʻrsatadi.
Ushbu omillar hisobga olinsa, bankning har bir filialiga toʻgʻri keluvchi kredit olgan yuridik va jismoniy shaxslar soni maʼlum darajada bank xizmatlari ommabopligini oʻlchovchi mezonlaridan biri sifatida qaralishi mumkin.
Ushbu yoʻnalishda Ipak yoʻli bank, Agrobank va Hamkor bank eng yuqori koʻrsatkichlarga ega. 2020 yil 1 sentyabr holatiga, Ipak yoʻli bankning har bir filialiga oʻrtacha hisobda 532 ta kredit olgan tadbirkor toʻgʻri kelgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich Agrobank va Hamkor bankda mos ravishda 476 va 411 tani tashkil etdi.
Moliyaviy ommaboplikni baholovchi mezonlardan yana biri sifatida top-10 yirik mijozlarga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushini olish mumkin. Ushbu koʻrsatkich OʻzKDB bankda 78 foiz, Ravnaq bankda 57 foiz, Oʻzmilliy bankda 52 foiz hamda Asaka bank 48 foizni tashkil etdi.
Banklar faollik indeksi boʻyicha reyting
2020 yil 3-chorak uchun hisoblangan “Banklar faollik indeksi” boʻyicha reytingda Kapital bank 1-oʻrnini saqlab qoldi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik (3-oʻrin), moliyaviy ommaboplik (4-oʻrin) hamda daromad olish salohiyati (5-oʻrin) boʻyicha yuqori natijalarni koʻrsatdi. Xususan, mazkur bankda jamgʻarma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 87 foizgacha oshgan boʻlsa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi (3 foiz) hamda majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablagʻlar ulushi (1 foiz) bank tizimi oʻrtacha koʻrsatkichidan ancha past darajada saqlanib qoldi.
Shuningdek, Kapital bankning moliyaviy ommaboplik indeksi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlari, xususan 10 ta eng yirik mijozlariga berilgan kreditlar ulushining pastligi hamda xususiy sektorga berilgan kreditlarning jami kreditlar hajmiga nisbatining yuqoriligi mazkur banknig ushbu reytingda 4-oʻrinni egallashiga sabab boʻldi.
Universal bank umumiy reytingda 2-oʻrinni egalladi. Xususan, mazkur bankning moliyaviy vositachilik (4-oʻrin), aktivlar sifati (1-oʻrin) hamda daromad olish salohiyati (6-oʻrin) boʻyicha koʻrsatkichlari bankning umumiy reytingda 2 pogʻonaga koʻtarilishiga yordam berdi. Ushbu bankning kapital yetarliligi boʻyicha natijalari kapital yetarliligi koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratish lozimligidan dalolat bermoqda.
Umumiy reytingda davlat ulushi mavjud banklar orasida Ipoteka bank 2 pogʻonaga (15-oʻrin), Mikrokredit bank 6 pogʻonaga (16-oʻrin) hamda Oʻzsanoatqurilish bank 4 pogʻonaga (19-oʻrin) koʻtarildi. Mazkur banklarda moliyaviy vositachilik va ommaboplik boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi.
Shu bilan birga, Xalq banki reytingi may oyidagi 11-oʻrindan 13-oʻringa tushdi. Chunki, mazkur bankning aktivlar sifati va boshqaruv samaradorligi boʻyicha koʻrsatkichlari bank tizimi oʻrtacha koʻrsatkichidan pastroq hisoblandi. Xususan, ushbu bankning muammoli kreditlarining jami kredit portfelidagi ulushi 4 foizni, har bir ishchisiga toʻgʻri keluvchi foyda miqdori 34,5 mln. soʻmni (oʻrtacha koʻrsatkich 64 mln. soʻm), operatsion xarajatlarining daromadlariga nisbati 53 foizni tashkil etdi.
Baklar faollik indeksi boʻyicha reyting

Asaka bank umumiy reytingda 4 pogʻona pastlab, 17-oʻringa joylashdi. Bunga sabab, mazkur bankning boshqa banklar va moliya institutlaridan olgan depozitlar va kreditlar hajmi 1,4 trln. soʻmga, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (OʻTTJ) oldidagi majburiyatlari esa 788 mlrd. soʻmga oshgani boʻldi.
Agrobank umumiy reytingda 8 pogʻonaga tushib, 18-oʻrindan joy oldi. Ushbu bankning boshqaruv samaradorligi va likvidlilik koʻrsatkichlari bank tizimi oʻrtacha koʻrsatkichlaridan pastroq hisoblandi. Shuningdek, Agrobankning boshqa banklar va moliya institutlari oldidagi majburiyatlari 839 mlrd. soʻmga, Moliya vazirligi va OʻTTJ oldidagi majburiyatlari 702 mlrd. soʻmga koʻpayishi moliyaviy vositachilik boʻyicha reytingiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Oʻzmilliy bank umumiy reytingda 1 pogʻonaga pastlab, 20-oʻrinni egalladi. Bankning boshqa banklar va moliya institutlaridan olgan depozitlari va kreditlari hajmi 1,5 trln. soʻmga koʻpaydi. Moliya vazirligi va OʻTTJ oldidagi majburiyatlari esa 122 mlrd. soʻmga oshdi. Oʻzmilliy bankning kredit portfelini moliyalashtirilishida depozitlari ulushi pastligicha (11 foiz) saqlanib qolmoqda.
Qishloq qurilish bank umumiy reytingda 3 pogʻonaga tushib, 21-oʻrinda joylashdi. Mazkur bankning jamgʻarma va muddatli depozitlari 200 mlrd. soʻmga koʻpaygan boʻlsada, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlari hajmi depozitlariga qaraganda koʻproq (446 mlrd. soʻmga) oshdi. Shuningdek, ushbu bankning likvidlilik hamda daromad olish salohiyati boʻyicha koʻrsatkichlarining pasayishi bankning umumiy reytingini biroz tushishiga sabab boʻldi.
Turkiston bank, Xay-Tek bank, Poytaxt bank, Oʻzagroeksport bank, Davr bank, Savdogar bank, Tenge bank Eron Soderot bank, Madad invest bank va Tibisi bank moliyaviy ommaboplik boʻyicha tegishli maʼlumotlar taqdim etmaganligi sababli ushbu reytingda ishtirok etmadi.
*Tadqiqot metodologiyasi va batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan toʻliq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan soʻrov boʻyicha olish mumkin.
Murojaat uchun: Tel.: (+998) 78 150-02-02 E-mail: k.khamidov@cer.uz, khamidovkhalilillo@gmail.com | X.S. Xamidov, Yetakchi ilmiy xodim Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi |
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

