| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza5 daqiqada oʻqiladi970 marta oʻqildi

Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni valyutalar va tovarlar harakati koʻlamining kengayishida muhim oʻrin tutadi

Jahon iqtisodiyotida roʻy berayotgan globallashuv va soʻnggi kuzatuvlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, xalqaro savdo, moliya, kapital va kreditlar hamda axborot oqimi, shuningdek, integratsiyalashgan bozorlarning kengayishi va tobora chuqurlashi yuz bermoqda, – deydi iqtisod fanlari doktori Nodir Jumayev.

Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni valyutalar va tovarlar harakati koʻlamining kengayishida muhim oʻrin tutadi

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “... nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak! Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Rossiyaning tranzit yoʻlaklari orqali oʻtadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar boʻyicha esa 80 foizi Rossiya, Qogʻogʻiston, Qirgʻiziston hissasiga toʻgʻri keladi. Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozogʻistonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda Oʻzbekistonnning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bogʻliq masalalar oʻrganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak”, deb taʼkidlab oʻtgan edilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi

Darhaqiqat, globallashuvning zarurati mamlakatimiz tashqi savdodasida hamkor davlatlarning ahamiyati va integratsiyaning zaruratini oʻzida aks ettirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsish surʼatlarini mustahkamlash, savdo munosabatlarnini erkinlashtirish blan birga kapital va ishchi kuchi xarakatini soddalashtirilishida integratsion jarayonlarning roli oʻzining dolzarbligini koʻrsatmoqda.

Soʻnggi vaqtlarda Jahon Savdo Tashkiloti (JST), YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) haqida, unga mamlakatimizni qoʻshilish qoʻshilmaslik masalalari, umuman olganda xalqaro iqtisodiy integratsiyalarning foyda va zararlari xususida turlicha qarashlar paydo boʻldi. Taʼkidlash lozimki, jahon iqtisodiyotida roʻy berayotgan globallashuv va soʻnggi kuzatuvlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, xalqaro savdo, moliya, kapital va kreditlar hamda axborot oqimi, shuningdek, integratsiyalashgan bozorlarning kengayishi va tobora chuqurlashi yuz bermoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash uchun tadqiqot oʻtkazmoqda

Iqtisodiy globallashuv – bu tarixiy jarayon boʻlib, inson kashfiyotlari va texnologik taraqqiyotning natijasidir. U jahon iqtisodiyotida integratsiyalashuv jarayonlarining jadallik bilan oʻsib borishini (xususan, savdo va kapital oqimlari orqali) anglatadi. Bu tushuncha baʼzan insonlar (ishchi kuchi) va ilm-fanning (texnologiya) xalqaro hududlar boʻylab harakatini ifodalashda ham ishlatiladi. Bundan tashqari, globallashuv tushunchasi keng madaniy, siyosiy va iqtisodiy holat bilan bogʻliq oʻlchovlarni ham qamrab oladi. Bu tushunchaning ishlatilishi XX asrning 80- yillarida ommaviy tus olgan boʻlib, u oʻzida xalqaro oʻtkazmalarni amalga oshirishni soddalashtiruvchi va tezlashtiruvchi texnologik imkoniyatlarni aks ettirgan. U inson iqtisodiy faoliyatining turli darajalarida asrlar davomida amal qilib kelgan oʻsha bozor kuchlarining[1] milliy chegaralarni eʼtiborga olmay uzluksiz kengayishini anglatadi.

Bozorlar raqobat va ishchi kuchining ixtisoslashuvi orqali samaradorlikni ragʻbatlantiradi, yaʼni insoniyat imkon qadar samaradorlikka intiladi. Global bozorlar insoniyatga jahon boʻylab koʻproq va kattaroq bozorlardan foydalanish borasida kengroq imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu shuni anglatadiki, ular yanada koʻproq kapital oqimi, texnologiya, arzon import va yirik eksport bozorlariga kirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Lekin bozorlar samaradorlikning oshishidan koʻriladigan manfaatlarni barcha uchun teng taqsimlanishini kafolatlay olmaydi.

Globallashuv kechagina sodir boʻlgan voqelik emas. Baʼzi tahlilchilar jahon iqtisodiyoti 100 yillar oldin ham bugungi kundagidek globallashganligini eʼtirof etadilar. XIX asr oxirlariga kelib, milliy daromad tarkibidagi tashqi savdo oqimining ulushi deyarli bugungi kundagidek edi, zero, kapital, transferlar nisbatan yirikroq, insonlarning koʻchib oʻtishi darajasi immigratsiyaga toʻsiqlarning mavjudligiga qaramay bugungi kunga nisbatan yuqoriroq boʻlgan. Lekin shuni tan olishimiz kerakki, bugungi kunda tijorat va moliyaviy xizmatlar avvalgi davrdagiga nisbatan ancha taraqqiy etgan va chuqur integratsiyalashgan.

Raqamli iqtisodiyot nega kerak va u nima beradi?

Jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni hozirgi bosqichining asosiy farqli xususiyati zamonaviy elektron kommunikatsiyalari tufayli moliya bozorlarining yanada integratsiyalashganligidir. Globallashuv XX asrning oxirgi oʻn yilligida hukmron kuchga aylandi va oʻziga xos yangi xususiyatlar kasb etdi:

- yangi bozorlar (yaʼni zamonaviy vositalar bilan tinimsiz ishlovchi oʻzaro bogʻlangan moliya bozorlari, global isteʼmol mollari bozorlari, elektron-tijorat va sh.k.);

- yangi oʻyinchilar (yaʼni multimilliy korporatsiyalar, Jahon savdo tashkiloti, hududiy bloklar);

- yangi qoidalar (yaʼni savdodagi koʻp tomonlama kelishuvlar, inson huquqlari va global muhit boʻyicha konvensiyalar);

- yangi aloqa vositalari (yaʼni, telefon, faks, elektron pochta).

Bundan tashqari, globallashuv tovarlar va kapitallarning harakatidagi obʼyektiv va subʼyektiv toʻsiqlarning olib tashlanishi natijasida davlatlararo aloqalarning rivojlanib borishini anglatadi.

Obʼyektiv toʻsiqlarning bekor qilinishi dengiz, havo transporti va aloqa xarajatlaridagi pasayish tendensiyalarida oʻz ifodasini topdi. Dengiz va bandargoh xarajatlari 1920 va 1990 yillar orasida taxminan 60 foizga qisqardi.(1) Havo transporti xarajatlarida yanada keskinroq kamayish kuzatildi va sayohat vaqti ham sezilarli darajada qisqardi.

Subʼyektiv, yaʼni insoniyatning oʻzi oʻylab topgan toʻsiqlar (kvota va tariflar)ga ham asta-sekin barham berilmoqda. 1947 yillarda tovarlar importiga tariflar oʻrtacha 47 foizni tashkil etgan boʻlsa, 1980 yillarga kelib ular 6 foizga tushib qoldi.(2)

Inflyasion targetlash rejimini qoʻllash makroiqtisodiy barqarorlik va aholi faravonligini taʼminlashning zaruriy sharti

Ayni paytda, kapital oqimi ustidan nazorat qilishga barham berilmoqda, xususan, Bretton Vuds qatʼiy valyuta kursi tizimiga 1971 yillarda nuqta qoʻyilgach, yetakchi valyutalar erkin suzish rejimiga oʻtdi, Yaponiya, Daniya, Ispaniya kabi yetakchi davlatlarda kapitallarning harakati boʻyicha mavjud cheklovlar toʻliq bekor qilindi.

Umuman olganda, globallashuv xususiy sektorlar va hukumatlarni xalqaro raqobatga chorlovchi global iqtisodiy integratsiyalashuvni texnologik va siyosiy jihatdan harakatlantiruvchi jarayon hisoblanadi.

Bu yerda raqobatning turli darajalarini yoki sohalarini farqlash lozim:

- xususiy sektorda (mikroiqtisodiy darajada), global iqtisodiy integratsiya nafaqat moliyaviy, balki tovarlar va mehnat bozorida ham oʻz samarasini beradi, yaʼni sotuvchi narxlarining (tannarx va bozor bahosi oʻrtasidagi farq) pasayishiga hamda ish haqini ortiqcha toʻlash oqibatida vujudga keladigan xarajatlarning qisqarishiga olib keladi;

- davlat sektorida (makroiqtisodiy darajada) global iqtisodiy integratsiya yangi davlatlarning (raqobatchilar) global bozor ishtirokchisiga aylanishi tufayli jahon bozoridagi raqobat keskinlashadi.

Koronavirus jahon iqtisodiyotiga taʼsir qiladi(mi)?

Shunday qilib, globallashuv mamlakatlarni makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, xususan, soliqlarni kamaytirish, davlat qarzini qisqartirish va inflyasiyani jilovlash orqali xalqaro raqobatbardoshlikni ragʻbatlantirishga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayoni obʼyektiv tarixiy jarayon boʻlib, oʻzining ijobiy va salbiy jihatlariga egadir. Uning ijobiy jihatlaridan xalqaro moliya bozorlari va valyuta munosabatlarini tartibga solish jarayonida oqilona foydalanish kapitallar, valyutalar va tovarlar harakati koʻlamining kengayishiga muhim zamin yaratadi.

Nodir Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Dilshodjon Raxmonov,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri,

iqtisod fanlari doktori, professor

[1] Bozor kuchi deganda talab-taklif, pul muomalasi qonuni, raqobat, qiymat qonuni, baho mexanizmi kabi kategoriyalar nazarda tutilgan. Izoh mualliflarniki.

(1) Internet maʼlumotlari (www.worldbank.org)

(2) Internet maʼlumotlari (www.capwig.org )

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ