Inqirozdan keyin Oʻzbekistonning xalqaro mehnat taqsimotidagi oʻrni qaysi tomonga oʻzgaradi?
Jahon Banki va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari butun dunyo, shu jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsish surʼatlari kamayishini taʼkidlayotgan boʻlsa ham, mamlakatda rejalashtirilayotgan taraqqiyot koʻrsatkichlariga erishish va hatto xalqaro mehnat taqsimotidagi oʻrnini mustahkamlab olish uchun imkoniyatlar mavjud ekanligini aytish mumkin. Buning uchun inqiroz davri va inqirozdan keyingi chora-tadbirlarni puxta oʻylangan iqtisodiy-siyosiy qarorlar asosida olib borish taqazo etiladi.
Iqtisodiy inqirozlar davrida yangi imkoniyatlar paydo boʻladi. Tabiiyki, imkoniyatlardan unumli foydalanganlar koʻproq yutadi. Koronavirus pandemiyasi sababli “dunyo ustaxonasi” – Xitoy Xalq Respublikasida boshlangan iqtisodiy inqiroz jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Iqtisodchilar allaqachon, pandemiya 2008 yildan keyingi eng yirik global iqtisodiy boʻhronga turtki boʻlishini prognoz qila boshlashdi. Jahon Banki prezidenti David Malpass joriy yilning 2 aprel kuni 65 ta davlat ushbu tashkilotdan koronavirus pandemiyasidan koʻrilgan zararni bartaraf etish uchun tezkor yordam olish maqsadida murojaat qilganini bayon etdi.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining oʻzida mart oyida 10 milliondan ortiq fuqarolar ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza topshirdi. 2008 yildagi inqirozda ushbu koʻrsatgich 1 millionga ham yetmaganini hisobga olganda koʻlamni baholash yanada osonlashadi. Birgina 22-28 mart haftasi davomida nafaqa soʻragan ishsizlar soni 6,5 milliondan ortiqroq. Oʻz umrini mehnat bozorini oʻrganish uchun sarf etgan iqtisodchi Xeydi Sheyrxols iyul oyiga qadar murojaatchilar soni 20 milliondan ortib ketishini prognoz qilmoqda. Hukumat iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻzining eng samarali paketlar dasturini ishlab chiqqanda ham vaziyat buyuk depressiya davridagidan ham yomonroq tus olganini anglatadi. Umuman olganda, deyarli barcha davlatlarning hukumatlari, markaziy bank va moliya vazirliklarini birgina savol qiynab turibdi: Qanday qilib, ushbu ogʻir iqtisodiy vaziyatdan minimal zararlar bilan chiqib ketish.
Jahon Banki Oʻzbekitson iqtisodiyoti oʻsishi 2020 yilda 1,6 % ni tashkil etishini qayd etdi
Shu jumladan, Oʻzbekiston iqtisodchi va siyosatchilarini ham ushbu masala oʻylantirayotgani tabiiy. Oʻzbekiston iqtisodiyoti ushbu ogʻir global vaziyatda nima yoʻqotadi, nima yutadi? Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 19 mart sanasida imzolangan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5969-son va3 aprel sanasida imzolangan
“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5978-sonFarmonlari oʻz vaqtida va oqilona chiqarilgan qarorlar mahsuli boʻlib, aholi va tadbirkorlik subʼyektlarini inqirozdan minimal zarar bilan oʻtib olishlari uchun qoʻllab-quvvatlovchi chora va tadbirlar koʻzda tutilgan.
Albatta, koʻrilgan va koʻrilayotgan chora-tadbirlarning nechogʻli samara berishi pandemiyanining qancha muddat davom etishi, jahon va milliy bozorda yuzaga keladigan tendensiyalar bilan bir qatorda ijro intizomi, shuningdek tadbirkorlik subʼyektlari va aholining iqtisodiy qarorlariga ham chambarchas bogʻliq. Shu oʻrinda Jahon Banki eʼlon qilgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy oʻsish surʼatlari yangilangan prognozlari hisobotida Oʻzbekitson iqtisodiyoti oʻsishi 2020 yilda atigi 1,6 % ni qayd etishi kutilayotgani bayon etilgan (qiyoslash uchun yil boshida 5,7% kutilayotgan edi). Davlat byudjet defitsiti 2020 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,6% ni, 2021 yilda esa 4,7% ni tashkil etishi mumkin. Ayni paytda Markaziy bank tomonidan koʻriladigan monetar choralar va Moliya vazirligining fiskal chora-tadbirlari hamohang tarzda iqtisodiy samarani oshirishni koʻzlagandagina maqsadga muvofiq boʻladi. Xususan, ogʻir iqtisodiy vaziyat tufayli iqtisodiy tushkunlikka tushib qoladigan korxona va tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlashning oqilona yechimlarini taqdim etish ish oʻrinlarini saqlab qolish va mehnat bilan bandlikni oshirishda muhim rol oʻynaydi.
Soʻrovnoma: Karantinda aholining 86,7 ming nafari daromadi kamayganini koʻrsatgan
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligida “...xodim oʻzining hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi”, deya mustahkamlab qoʻyilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 219-modda).
Ushbu qonunchilik talabidan kelib chiqqan holda “Koronavirusning oldini olish boʻyicha respublika komissiyasi”ning qarorida ham 23 martdan boshlab barcha korxona va muassasalar (mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar) asosiy ish faoliyatiga taʼsir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat taʼtiliga chiqarishi hamda qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etishi lozim ekanligi belgilandi. Ammo hamma tadbirkorlik subʼyektlari ham qonunda belgilanganidek ishchilarga oʻrtacha ish haqlaridan kam boʻlmagan maoshlarni toʻlab bera olayaptimi degan savolga javob hozircha noaniq. Gazeta.uz sayti telegram kanalida 5 aprel kuni joylashtirilgan soʻrovnoma (200 mingdan ortiq respondent) natijalariga koʻra, karantin davrida respondentlarning 43 foizi, aniqrogʻi 86,7 ming nafari daromadlari kamaygani, 29 foizi, yaʼni 58,6 ming nafari butunlay daromadidan ayrilganini qayd etgan. Soʻrovnoma natijalari koʻrsatmoqdaki, karantin 72 foiz aholi daromadlariga salbiy taʼsir oʻtkazgan. Shundoq ham 13-15 foiz yordamga muhtoj, kambagʻallik chegarasidan pastdagi aholining yoniga yana qariyb 30% hozirgi daromadlaridan ayrilgan va 43% damromadlari kamaygan aholining qoʻshilishi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni murakkablashtirishi tayin. Daromadlaridan ayrilgan aholini aniqlash va ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali ushbu murakkab vaziyatdan chiqib ketish mumkin. Birinchi galda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan respublikadagi ish haqlaridan soliqlar tushumi tarkibi monitoring qilingan holda xodimlar mehnat haqlari toʻlanishi ustidan nazoratni tashkil qilish lozim. Rasmiy roʻyxatdan oʻtib ishlayotgan ishchilarning ish haqlaridan soliq tushumlari toʻxtab qolgan, yoki keskin kamayib ketgan holatlar aniqlansa, ushbu xodim mehnat haqi toʻlanmayotgan yoki kamaytirib toʻlanayotgani oydinlashadi. Undan keyin mehnat qonunchiligini buzib, xodimlari ish haqlarini kamaytirib toʻlayotgan yoki umuman toʻlab bermayotgan ish beruvchilarni jazolash kerakmi degan savol tugʻiladi. Yoʻq, ushbu ogʻir sharoitda ish beruvchilarni jazolashdan imkon qadar qochgan maʼqul. Maqsad aybdorlarni jazolash emas, aholi daromadlari uzilishini oldini olish va mavjud ish oʻrinlarini saqlab qolish boʻlishi lozim. Chunki, hamma ish beruvchi ham ish faoliyati toʻxtatilgan vaziyatda ish haqlarini toʻlab bera oladigan jamgʻarmalarga ega deb ayta olmaymiz. Agar korxona yoki tashkilot toʻlov qobiliyatini yoʻqotgan boʻlsa, undan ishchilar maoshlarini toʻlab berishlarini talab qilish nooʻrin boʻladi. Aynan mana shu oʻrinda davlat koʻmagi lozim boʻladi. Soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan rasman yollanib ishlovchilar, shuningdek ularga tenglashtirilgan oʻzini oʻzi band qilgan va mustaqil band aholi karantin talablariga boʻysunishi oqibatida mehnat faoliyati va daromadlarida uzilishlar boʻlgan holatlar aniqlanganda subsidiya yoki boshqa koʻrinishda kompensatsiya qilinishi maqsadga muvofiq. Albatta, davlat tomonidan aholi daromadlari kompensatsiya qilinishi maʼlum mablagʻ talab qilishi tayin. Gazeta.uz soʻrovnomasida aholining 72%i karantin davrida daromadlaridan qisman yoki butunlay ayrilganini maʼlum qilganidan kelib chiqqan holda, hattoki, inqirozga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablagʻlardan ortib ketishi ham mumkinligini taxmin qilish mumkin. Ammo mavjud ish oʻrinlarini yoʻqotib yangi ish oʻrinlari yaratishga majbur boʻlgandan koʻra, karantin davom etayotgan bir yoki bir necha oylik ish haqlarini toʻlab berish kamroq vaqt va xarajat talab qilishini inobatga olish lozim. Buning uchun xalqaro davlatlardan qarz soʻrashga toʻgʻri kelsa ham, aholi daromadlari va xarid qobiliyatini saqlab qolish zarur. Qolaversa, mehnat qilish imkoniyatlari cheklangan hozirgi vaziyatda davlat koʻmagini his qilgan aholining karantin qoidalariga butkul amal qilish imkoniyati va masʼuliyati yanada ortgan boʻlar edi.
Mehnat bozori barqarorligini taʼminlash, mavjud ish oʻrinlarini saqlab qolish bilan bir vaqtda yana bir muhim masalani eʼtiborsiz qoldirish kerak emas. Bu pandemiya inqirozidan keyingi harakatlar rejasini ishlab chiqish. Koronavirus pandemiyasi inqirozidan keyingi harakatlar rejasini tuzishda iqtisodiy sikllar qonuniyatlaridan kelib chiqish lozim. Iqtisodiy sikllar qonuniyatiga koʻra, inqirozdan keyin yangi imkoniyatlar vujudga keladi. Soʻnggi yillarda jadal surʼatlar bilan rivojlanib kelayotgan Xitoy iqtisodiy taraqqiyotiga nazar solib, mamlakatning 2008 yildagi inqirozdan qanday qilib oqilona foydalanib qolganini oʻrganish mumkin. Inqirozdan keyin Xitoy hukumati tomonidan katta hajmdagi subsidiyalar va intellektual mulkni oʻzlashtirish yordamida chempion kompaniyalari yaratildi. Umuman Xitoyda doim rejalar boʻlgan. Ayni paytda, Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyati galdagi inqirozdan keyingi iqtisodiy rejalarini ishlab chiqmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyati kelgusida yuqori texnologiyalar bozoridan oʻrin egallash uchun yuqori eʼtibor qaratayotganini maʼlum qilmoqda.
Oʻzbekistonda 2018 yil dekabr oyi uchun oʻrtacha ish haqi 2 561 300 soʻmni tashkil etgan
Eʼtiborga molik jihat shundaki, mamlakat rahbariyatining oʻzi ham anʼanaviy sanoatlashtirish rejasining davom ettirishga urgʻu berayotgani yoʻq. Buning muhim bir sababi mavjud. Xitoy qanday qilib “dunyo ustaxonasi”ga aylanish tarixiga qaraladigan boʻlsa, bunda eng muhim rolni arzon va mehnat huquqlari taʼminlanmagan ishchi kuchi oʻynaganini kuzatish mumkin. Hozirgi kunga kelib esa, Xitoy mehnat resurslari yetarlicha qimmatlashib, uning global raqobatda ustunligini taʼminlaydigan omil boʻlmay qoldi. 1990 yilda mamalakatda oʻrtacha ish haqi 55 AQSh dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilga kelib 990 AQSh dollariga koʻtarilgan. Solishtirish uchun, Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2018 yil dekabr oyi uchun oʻrtacha ish haqi 2 561 300 soʻmni tashkil etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Banki maʼlumotlari asosida mos davr uchun AQSh dollarida hisoblangan (11.12.2018 holatiga koʻra 1 AQSh dollari 8312,64 oʻrtacha oylik ish haqi taqriban 310 AQSh dollarini tashkil etganini kuzatish mumkin. Albatta, Oʻzbekiston mehnat bozorining raqobatbardoshligini taʼminlash uchun faqatgina maoshlar pastligining oʻzigina yetarli boʻlmasdan mehnat resurslari malakasi ham muhim rol oʻynaydi. Shunga qaramasdan maoshlar pastligi arzon tannarxda ishlab chiqarish orqali narx boʻyicha raqobatda yutib chiqish imkoniyatini oshiradi. Va bu omil investorlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nafaqat ish haqlari oʻsishi, shuningdek inqiroz boshlanishiga turtki boʻlgan pandemiya oʻchogʻiga aylanib qolgani tufayli ham Xitoy iqtisodiyotiga investitsiyalar va mamlakatga turistik oqimning qisman boʻlsada, boshqa davlatlarga koʻchishini kutish mumkin. Xitoyning sanoat va xizmatlar sohasidagi roli qayta taqsimlanar ekan bu taqsimotda yutish uchun, avvalo Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini toʻgʻri baholash, undan keyin ushbu taqsimotdan samarali foydalanish uchun harakatlar rejasiga ega boʻlish lozim.
Oʻzbekiston arzon ishchi kuchi, shu bilan birgalikda boshqa koʻplab jihatlardan raqobatbardosh iqtisodiyot yarata olish imkoniyatiga ega
Yoʻl xaritasi tuzishda avvalo, Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatchi davlatlar iqtisodiyoti bilan raqobatlashish imkoniyatlarini toʻgʻri baholash talab etiladi. Oʻzbekiston nafaqat, arzon ishchi kuchi, shu bilan birgalikda boshqa koʻplab jihatlardan raqobatbardosh iqtisodiyot yarata olish imkoniyatiga ega. Xususan, Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelishni moʻljallagan har qanday investor oʻz ishlab chiqarish kuchlarini mintaqaning markazida joylashgan Oʻzbekiston hududida joylashtirish haqida toʻxtalib oʻtishi tayin. Oʻzbekiston milliy iqtisodiyoti oldida turgan asosiy vazifa ishlab chiqarish kuchlarini kirib kelishi va oʻrnashishi uchun qulay va raqobatbardosh iqtisodiy-investitsion muhit yaratib berish boʻlib qolmoqda.
Shu oʻrinda Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan 26 mart kuni imzolangan “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5975-son Farmonida makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish maqsadalari va tarkibiy islohotlar oʻrtasidagi muvofiqlikni taʼminlash, shuningdek, tashqi va ichki omillar taʼsirida yuzaga keladigan iqtisodiy sikllarni boshqarish kabi vazifalari qoʻyilgan boʻlib, ushbu vazifalarni bajarish provardida iqtisodiy raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot raqobatbardoshligini taʼminlashda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik muhim rol oʻynaydi. Shunday tashkilotlardan biri sifatida mamlakatlar makroiqtisodiy holati, iqtisodiy-siyosiy institutlari, infratuzilmalari, ishlab chiqarish shart-sharoitlari, inson kapitali, mehnat, moliyaviy, tovar va xizmatlar bozorlari holati va innovatsion muhiti kabi biznes yuritish uchun ahamiyatli barcha omillar tahlili asosida yillik “Global raqobatbardoshlik hisoboti”ni tayyorlab boradigan Jahon Iqtisodiyoti Forumini eʼtirof etish mumkin. Tashkilot tomonidan eʼlon qilib boriladigan “Global raqobatbardoshlik hisoboti” orqali raqobatdosh davlatlar iqtisodiyotini oʻrganib, ularning ustunlik va kamchiliklaridan foydalanish, kezi kelganda milliy iqtisodiyotdagi kamchiliklarni barataraf etish mumkin. Dunyoning 140 dan ortiq davlatlari iqtisodiy raqobatbardoshligini oʻrganib boradigan ushbu tashkilot tahlil va hisobotlarida Oʻzbekiston nomi hali ham uchramaydi. Forum bilan bevosita hamkorlik raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishda qoʻl keladi.
Xulosa oʻrnida, Jahon Banki va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari butun dunyo, shu jumladan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsish surʼatlari kamayishini taʼkidlayotgan boʻlsa ham, mamlakatda rejalashtirilayotgan taraqqiyot koʻrsatkichlariga erishish va hatto xalqaro mehnat taqsimotidagi oʻrnini mustahkamlab olish uchun imkoniyatlar mavjud ekanligini aytish mumkin. Buning uchun inqiroz davri va inqirozdan keyingi chora-tadbirlarni puxta oʻylangan iqtisodiy-siyosiy qarorlar asosida olib borish taqazo etiladi. Xususan, birinchi navbatda koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlari barqarorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozim. Mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, karantin davrida mehnat faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar mehnat qonunchiligida belgilanganidek oʻrtacha mehnat haqlari toʻlanishiga erishish imkoni boʻlmagan holatlar aniqlanganda inqirozga qarshi jamgʻarma hisobidan subsidiya, yoki imtiyozlar taqdim etish orqali mehnat daromadlari uzilishi oldini olish lozim. Daromadlar esa oʻz navbatida aholining xarid qobiliyatini saqlab qolish va inqirozdan tezroq chiqib ketishga xizmat qiladi.
Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi
ilmiy xodimi Rajabov Gʻiyosjon Bozorboy oʻgʻli
Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyat yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
Ulashish:
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing