| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza5 daqiqada oʻqiladi390 marta oʻqildi

Inflyasion targetlashga oʻtishning zaruriyati

Markaziy bank pul-kredit siyosati mamlakatdagi makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashga, moliya va tovarlar bozoridagi iqtisodiy holatga taʼsir etishga hamda provardida yalpi ichki mahsulot, inflyasiya darajasi va tashqi savdo operatsiyalariga ijobiy taʼsir qilish uchun olib boriladi.

Inflyasion targetlashga oʻtishning zaruriyati

Markaziy bank pul-kredit siyosati mamlakatdagi makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashga, moliya va tovarlar bozoridagi iqtisodiy holatga taʼsir etishga hamda provardida yalpi ichki mahsulot, inflyasiya darajasi va tashqi savdo operatsiyalariga ijobiy taʼsir qilish uchun olib boriladi.

Bu yoʻlda Markaziy banklar bir qancha oraliq maqsadlardan birini tanlab olishiga toʻgʻri keladi. Bu oraliq maqsadlarni targetlash deb atashimiz hamda bularga foiz stavkasini targetlash, pul massasi oʻsishini targetlash, valyuta kursini targetlash hamda inflyasiyani targetlashni kiritishimiz mumkin. Foiz stavkasini targetlashdan XX asrning 50-60 yillarida bozor iqtisodiyotidagi davlatlar foydalangan boʻlsa, pul massasining oʻsishini targetlashdan birinchilardan boʻlib, Germaniya va AQSh davlatlari markaziy banklari oʻtgan asrning 70 yillarida foydalangan.

1971 yilda Bretton Vuds jahon valyuta tizimining bekor boʻlishi fiksirlangan valyuta kursini saqlashning iloji qolmaganligi hamda mamlakatlarda milliy valyuta kursini tartibga solish kabi muammolarni vujudga keltirdi. Bu markaziy banklar oldiga yana bir murakkab masalani, yaʼni milliy valyuta almashinuv kursini tartibga solish masalasini paydo qildi. Buning natijasida rivojlanayotgan davlatlar markaziy banklari valyuta kursini targetlash kabi oraliq maqsadlarni ham yuritishga majbur boʻldi.

1990 yil birinchilardan boʻlib, Yangi Zelandiya Markaziy banki toʻgʻridan-toʻgʻri inflyasiyani targetlashga oʻtgan boʻlsa, oʻsha qisqa davrda koʻpgina rivojlangan davlatlar markaziy banklari ham inflyasion tergetlash rejimiga oʻtishgan. Ammo biz kabi rivojlanayotgan davlatlar markaziy banklari mamlakatda narx darajasi bilan birga milliy valyuta almashinuv kursining barqarorligini taʼminlash ham muhim iqtisodiy vazifa sifatida qaralgan. Rivojlangan davlatlardan farqli ravishda xalqaro savdoni milliy valyutada olib borishning iloji yoʻqligi hamda mamlakatda valyuta zaxirasining boʻlishligi kabi sabablar milliy valyuta kursining tebranishini eʼtibordan qochirmaslikka toʻgʻri keldi.

Bozor iqtisodiyotida milliy valyutaning katta inflyasiyaga uchramasligini taʼminlash, majoziy maʼnoda “milliy valyutaning sogʻlomligini” taʼminlash Markaziy banklarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Chunki har bir tovar ishlab chiqaruvchi oʻsha tovarning sifatiga javob berishi lozim. “Pul” ham bir tovar boʻlib, uni ishlab chiqaruvchi Markaziy bank hisoblanadi. Shunday ekan milliy valyuta barqarorligiga, mamlakatdagi narx darajasiga bevosita Markaziy bank javobgar hisoblanadi.

Hozirgi iqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib, koʻplab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan Markaziy bank pul-kredit siyosatida inflyasion targetlash rejimiga oʻtishga katta qiziqish bildirmoqda. Inflyasion targetlash rejimi bugungi kunda inflyasiyaga qarshi kurashishning eng optimal usullaridan biri sifatida qaralmoqda. Uning asosiy hususiyatlari quyidagilardir:

  • Markaziy bank oldida inflyasiyani maʼlum chegarada ushlab turish kabi aniq maqsadning boʻlishi;

  • Pul-kredit siyosatida boshqa birlamchi maqsadlarning boʻlmasligi;

  • Byudjet-soliq siyosati ustuvorligining yoʻqolishi;

  • Markaziy bank pul-kredit siyosati instrumentlarini mustaqil tanlashi;

  • Markaziy bank pul-kredit siyosatida shaffoflik va jamoat oldida hisobdor boʻlishligi.

Inflyasion targetlash jarayoni bir qancha bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Bular:

Inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini eʼlon qilish.

Inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini eʼlon qilish koʻpchilik davlatlarda har xil yuz beradi. Xususan, Avstraliya, Shvetsiya, Finlyandiya Markaziy banklari xukumatdan mustaqil ravishda maqsadli inflyasiya koʻrsatkichini eʼlon qilsa, qolgan koʻpchilik davlatlarda, jumladan Kanada, Yangi Zelandiya va boshqa koʻplab davlatlarda Markaziy banklar xukumat bilan kelishgan holda mazkur koʻrsatkichni eʼlon qiladi.

Inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichilarini aniqlash.

Markaziy banklar pul-kredit siyosatining oraliq maqsadlari boʻlgan kelajakda inflyasiya darajasining prognozini uchta asosiy parametr boʻyicha ishlab chiqishi lozim. Bular, inflyasion targetlash muddati, narx darajasi hamda inflyasion targetlash kengligidir (diapazoni).

Inflyasion targetlash muddati. Markaziy bank eʼlon qilgan inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichlarini qancha vaqt davomida saqsab turishligini bildiradi. Xozirda 24 oydan 36 oygacha boʻlgan davrda ushbu maqsadli koʻrsatkichni oʻzgartirmaslik eng maqbul holat hisoblanadi. Ammo koʻpchilik davlatlar, shuningdek bizning mamlakatimizda ham odatda bir yil olinadi.

Turli indekslar orqali hisoblanadiga narx darajasi. Markaziy banklar odatda inflyasiya maqsadli koʻrsatkichini aniqlashda isteʼmol narxlar indeksidan foydalanadilar. Chunki bu narx indeksi hamma tushunishi qulay boʻlgan indeksdir. Shuningdek, Markaziy banklar tuzatilgan indekslardan ham foydalanadilar. Yaʼni Markaziy banklar inflyasiyani hisoblash uchun kerak boʻladigan koʻrsatkichlarning hammasini olmasdan, balki u taʼsir qilaolmaydigan tovarlar narxlari oʻzgarishini olmaydilar.

Inflyasion targetlash kengligidir (diapazoni). Shunday qilib, AQSh, Avstraliya, Finlyandiya davlatlari Markaziy banklar inflyasion targetlashda inflyasiyaning aniq bir darajasini belgilab olsa, Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya, Turkiya davlatlari Markaziy banklari inflyasiyaning quyi va yuqori chegaralari, aniqrogʻi inflyasion targetlash intervalini belgilasa, Shveysariya, Ispaniyava boshqa koʻplab davlatlar markaziy banklari inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi sifatida uning yuqori chegarasini belgilab oladi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda oxirgi 15 yil davomida inflyasiyaning yuqori darajasi kuzatilmadi. Ammo 2017 yildan iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, davlat xarajatlarining oshirilishi hamda almashinuv kursining erkinlashtirilishi natijasida vaqtinchalik iqtisodiyotda inflyasiyaga bosimning oshishiga olib kelindi. Oʻzbekiston Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3272-sonli Qarori aynan ushbu inflyasiya darajasini pasaytirish hamda koʻpgina rivojlangan davlatlar singani bizda ham Markaziy bank oldida bitta aniq maqsad qoʻyish uchun yaʼni inflyasion targetlashga oʻtish yoʻlini belgilab berdi.

Shu maqsad yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) oʻrnatish yoʻli bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyasion targetlash rejimiga oʻtkazishni rejalashtirgan.

Inflyasiya darajasini yanada pasaytirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy oʻsish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlashning muhim omili hisoblanadi. Xususan, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Raisi M.Nurmurodov “Pul-kredit siyosatining 2020-2022 yillarga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari hamda inflyasion targetlash rejimiga oʻtish masalalari”ga bagʻishlangan matbuot anjumanidagi maʼruzasida “...inflyasion targetlash rejimining samarali joriy etilishi iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga va 2023 yilga qadar inflyasiyaning uzoq muddatli 5 foizlik maqsadli koʻrsatkich atrofida boʻlish imkonini beradi. Past darajadagi inflyasiya esa aholining turmush darajasini yaxshilash bilan birgalikda, iqtisodiyotda biznes va investitsion muhitni yaxshilaydi.” – deb taʼkidlagan.

Bizning fikrimizcha, u yoki bu davlatlar Markaziy banklarining inflyasion targetlashga oʻtishida quyidagi uchta shart bajarilishi maqsadga muvofiqdir:

  • Markaziy banklar ichki iqtisodiyotda valyuta almashinuv kursining aniq bir rejimini belgilab olishi lozim. Odatda koʻpgina davlatlar Markaziy banklari inflyasion targetlashga oʻtishda valyuta kursini erkin suzib yuruvchi rejimga oʻtkazadi;

  • Pul-kredit siyosati transmission mexanizmi va moliya bozori yaxshi rivojlangan boʻlishi lozim. Bunda Markaziy banklar foiz siyosati orqali tijorat banklarining faoliyatiga qisqa muddatda taʼsir qila oladi.

  • Targetlash uchun foydalanadigan pul-kredit siyosati instrumentini tanlab olishi lozim.

Xalqaro tajriba bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit siyosatini yuritishning samarali usullaridan biri inflyasion targetlash rejimi ekanligini koʻrsatmoqda, bunda pul-kredit bozoridagi Markaziy bankning faol ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning muntazam tahlili va davlat siyosati rejalarining keng yoritib borilishi inflyasiyaning miqdoriy maqsadlariga erishishni taʼminlaydi.

Nodir Jumayev, iqtisod fanlari doktori, professor
Akram Absalamov, mustaqil izlanuvchi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ