| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza6 daqiqada oʻqiladi1 468 marta oʻqildi

Inflyasion targetlash va uning oʻziga xos xususiyatlari

Xalqaro valyuta fondining rasmiy statistik maʼlumotlariga koʻra, 2018 yilda inflyasion targetlash rejmini qoʻllayotgan mamlakatlar soni 41 ta boʻlib, uning 30 tasi rivojlanayotgan mamlakatlardir.

Inflyasion targetlash va uning oʻziga xos xususiyatlari

Xalqaro valyuta fondining rasmiy statistik maʼlumotlariga koʻra, 2018 yilda inflyasion targetlash rejmini qoʻllayotgan mamlakatlar soni 41 ta boʻlib, uning 30 tasi rivojlanayotgan mamlakatlardir.

XVF ekspertlarining fikriga koʻra, inflyasion targetlashdan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida foydalanish uchun ikkita sharoit mavjud boʻlishi lozim. Birinchidan, Markaziy bank mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim. Markaziy bank hukumat maqbul deb hisoblagan inflyasiya darajasiga erishish uchun monetar instrumentlarni erkin tanlash huquqiga ega boʻlishi lozim. Mamlakatda byudjet-soliq siyosatining talablari pul-kredit siyosatini ishlab chiqishda ustuvor yoʻnalishlar sifatida inobatga olinmasligi lozim. Boshqacha qilib aytganda, mamlakatda «byudjet gegemonligi» tushunchasi mavjud boʻlmasligi lozim.

Ikkinchidan, inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi indikator sifatida tanlab olinishi uchun ish haqining oʻsishi, aholi bandligi darajasi va almashuv kursi boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilanmasligi lozim. Buning sababi shundaki, milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan kursining belgilanishi Markaziy bankni, oʻzining pul-kredit siyosatini, ana shu koʻrsatkichni bajarish uchun moslashtirishga majbur qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, Markaziy bankka inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini taʼminlash uchun monetar instrumentlardan erkin va toʻliq foydalanish imkonini bermaydi. Natijada, pul-kredit siyosatining taktik maqsadlarining mazmunida ikki yoqlamalik, qarama-qarshilik yuzaga keladi.

Inflyasion targetlash muvaffaqiyatli qoʻllanilgan davlatlar sifatida Yangi Zelandiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Shvetsiya, Avstraliya va Ispaniya tilga olinadi.

Avstraliya, Finlandiya va Shvetsiyada Markaziy bank inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini hukumatning qoʻllab-quvvatlash xususidagi roziligini olmasdan turib eʼlon qilgan.

Kanada va Yangi Zelandiyada maqsadli koʻrsatkichga erishish uchun 18 oylik muddatni belgilangan. Mazkur muddat tugagandan soʻng, inflyasiyaning darajasini bosqichma-bosqich pasaytirish maqsadida, Yangi Zelandiyada yana 12 oylik, Kanadada – 18 oylik muddat belgilangan.

Belgilangan yangi muddatlar tugagandan soʻng har ikkala mamlakatda inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini taʼminlashga muvaffaq boʻlindi va har ikkala mamlakatda yana besh yillik davrga inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi belgilangan.

Avstraliya, Finlandiyada inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi aniq daraja sifatida olingan.

Kanada, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniyada inflyasiya boʻyicha maqsadli koʻrsatkich yoʻlakcha sifatida belgilangan.

Rossiya Markaziy banki tomonidan qoʻllanilayotgan inflyasion targetlash rejimida 2017 yilning oxiriga borib, inflyasiyaning yillik darajasini 4 foizga yetkazish maqsadi qoʻyilgan edi. 2016 yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar ushbu maqsadga erishish imkoniyatini yuzaga keltirdi. Yaʼni, 2016 yilning yakuniga kelib, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 5,4 foizni tashkil qildi. Holbuki, 2015 yil 31 dekabr holatiga koʻra, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 12,9% boʻlgan edi.

2016 yilning iyun oyiga kelib, inflyasiyaning darajasini sezilarli darajada pasaytirishga erishilganligi Rossiya Markaziy bankiga qayta moliyalash stavkasini pasaytirish imkonini berdi.

Rossiyada 2016 yilda inflyasion targetlash samarasini taʼminlagan omillar quyidagilardan iborat:

  1. Tabiiy monopoliyalar mahsulotlari va xizmatlari baholarining past oʻsish surʼatlarini taʼminlanganligi. 2016 yilda mazkur baholarning oʻsish surʼati 1,3 foizni tashkil etdi.

  2. Milliy valyutaning nominal almashuv kursining barqaror boʻlganligi (2016 yil davomida 1 AQSh dollarini 64-67 rubl darajasida boʻlishi taʼminlandi.).

  3. Pul massasining past darajadagi oʻsish surʼatining taʼminlanganligi. 2016 yilda pul massasining oʻsish surʼati (M2 pul agregati boʻyicha) 9,2 foizni tashkil etdi. 2015 yilda oʻsish surʼati 11,5 foizni tashkil etgan edi.

  4. Zaxira fondi mablagʻlari hisobidan davlat byudjeti defitsitini moliyalashtirish orqali pul bazasining koʻpayishiga yoʻl qoʻyilmaganligi (2015 yilda yoʻl qoʻyilgan edi).

Qozogʻistonda inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi oʻrta muddatli davrga moʻljallanganligi sababli, ekonometrik tahlil choraklik davrdagi maʼlumotlar tahlili asosida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, prognozning aniqlik darajasini oshirish uchun aholi oʻrtasida, inflyasion va devalvatsion kutishlarni baholash maqsadida, soʻrovlar oʻtkazilmoqda.

Hozirgi davrda, Qozogʻistonda inflyasion targetlash rejimi qoʻllanilayotganligi sababli milliy valyutaning almashuv kursi boʻyicha maqsadi koʻrsatkichlar belgilanmagan. Milliy valyuta-tenge erkin suzish rejimiga ega.

Inflyasion targetlash rejimiga oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishning zamonaviy, innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtish bosqichida inflyasiyaga qarshi kurashning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3272-sonli “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida pul-kredit siyosatini takomillashtirish boʻyicha bir qator muhim chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, mazkur Qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ichki narxlarning barqarorligini taʼminlashda oʻrta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish prinsip va mexanizmlarini xorijiy markaziy banklari tomonidan qoʻllaniladigan inflyasiyaviy targetlash rejimiga oʻtish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi PF-5877-sonli “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, ilgʻor xorij tajribasiga tayangan holda, inflyasion targetlash rejimini joriy etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yoʻnalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi:

– inflyasiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan, tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlash va ichki bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish;

– Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;

– regulyatorning kredit bozoriga samarali taʼsir etishini taʼminlab beruvchi, pul bozorini tartibga solishning yangi instrumentlarini joriy etish.

Mazkur Farmonga asosan, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qoʻllashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) oʻrnatish yoʻli bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyasion targetlash rejimiga oʻtkazishni taʼminlash talabi qoʻyildi.

Shuningdek, Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi tasdiqlandi va ushbu Konsepsiyaga muvofiq, 2020 yilda inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha «Yoʻl xaritasi» maʼqullandi.

Shunisi ahamiyatliki, Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan darajada belgilanadi (ipotekani kreditlash boʻyicha davlat dasturlari hamda paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno) va 2021 yil 1 yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining maʼlum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilindi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz tarixida birinchi marta davlat byudjeti taqchilligi boʻyicha meʼyoriy talab joriy etildi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga fiskal balans taqchilligini 2022 yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni taʼminlash vazifasi yuklandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonining yana bir muhim jihati shundaki, unda pul-kredit siyosatini inflyasion targetlash rejimiga moslashtirishning quyidagi yoʻnalishlari oʻz aksini topgan:

– 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga taʼsir koʻrsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qogʻozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;

– 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;

– bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;

– 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagi hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;

– ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyasion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining oʻz vaqtida yoritilishini koʻzda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;

– inflyasiya va inflyasion kutilmalar omillarini doimiy oʻrganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik koʻmagini jalb etish orqali ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish.

Toʻlqin Bobakulov
Toshkent moliya instituti “Bank ishi”
kafedrasi professori, i.f.d.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ