| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza11 daqiqada oʻqiladi1 198 marta oʻqildi

Inflyasion targetlash rejimini qoʻllash makroiqtisodiy barqarorlik va aholi faravonligini taʼminlashning zaruriy sharti

Makroiqtisodiy barqarorlik – iqtisodiyotning barqaror oʻsishi hamda aholi faravonligi oshishining kafolatidir.

Inflyasion targetlash rejimini qoʻllash makroiqtisodiy barqarorlik va aholi faravonligini taʼminlashning zaruriy sharti

Makroiqtisodiy barqarorlik – iqtisodiyotning barqaror oʻsishi hamda aholi faravonligi oshishining kafolatidir. Mamlakatda inflyasiya darajasini pasaytirish Markaziy banklarning bosh maqsadiga aylangan. Inflyasiyaning yuqori darajada namoyon boʻlishi iqtisodiy oʻsishning sekinlashiga va aholi daromadlarining real qiymatining tushib ketishiga olib keladi. Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillikdan keyingi davrida yuqori inflyasiya darajasi kuzatilganligi va faqatgina 2003-2016 yillarda inflyasiya bitta raqam bilan ifodalanishiga erishgan. Ammo 2017 yildan mamlakatimizda inflyasiya darajasining oshishi kuzatilgan. Bunga yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni, hususan keng qamrovli davlat dasturlarining bajarilishi, naqd pul masalasining xal etilishi, milliy valyutamizning erkin konvertirlanishi taʼminlanishi va boshqa shu kabi dolzarb masalalarni sabab sifatida keltirishimiz mumkin.

Ikkinchi Jahon urushidan keyin markaziy banklarning iqtisodiyotdagi ahamiyati kuchayib bordi. Ular yuqorida keltirgan maqsadga erishish yoʻlida bir qancha usullardan foydalanishgan. Jumladan 1970 yillardagi “neft inqirozi” natijasida koʻplab rivojlangan davlatlar iqtisodiyotida kuzatilgan yuqori darajadagi inflyasiyaga Markaziy banklar asosan pul massasi oʻsishini targetlash orqali kurashgan va bu oʻzining ijobiy natijasini bergan. Ammo 1990 yildan keyin markaziy banklar inflyasiyani bilvosita emas balki bevosita tartibga solish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri inflyasiyani targetlashga oʻtishgan. Hususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) oʻrnatish yoʻli bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyasion targetlash rejimiga oʻtkazishni oʻz oldiga maqsad qilib koʻygan. Bunga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3272-sonli Qarori asos boʻlganligini taʼkidlashimiz lozim.

Inflyasion targetlash asosidagi gʻoya shvetsiyalik iqtisodchi, kapital, narx darajasi va ish xaqining umumiy nazariyasini ilmiy tadqiq qilgan olim Viksell Knutga taʼluqlidir. K.Viksell 1896 yilda Shvetsiya iqtisodchilar assotsiatsiyasida Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutani tovar va xizmatlarga nisbatan barqarorligini taʼminlash hisoblanishi kerakligini taʼkidlab oʻtgan. Oʻsha davrda Markaziy banklar milliy valyutaning isteʼmol tovarlariga qaraganda oltin narxiga nisbatan barqarorligini saqlashni bosh maqsad sifatida bilishgan. Uning bu qarashlari 1914 yilga qadar, yaʼni oltin standartida inqiroz kuzatilganiga qadar qoʻllab-quvvatlanmagan. 1931 yilda Shvetsiya Riks banki bu olimning milliy valyuta barqarorligini isteʼmol tovarlariga nisbatan taʼminlash kerakligini amaliyotga joriy qildi va 1931 yil sentyabr oyida oʻz oldiga bosh maqsad sifatida mamlakatda narx barqarorligini taʼminlash qilib belgiladi. 1938 yilda Shvetsiya Riks banki narx darajasining barqarorligini taʼminlashga erishib, isteʼmol tovarlar narxini 1928 yildagi narx darajasiga qaytarishga muvaffaq boʻlgan. Shunday qilib, biz Shvetsiyani inflyasiyani targetlagan davlatlar ichida birinchilardan boʻlganligini keltirishimiz mumkin. Chunki, inflyasion targetlash xususiyatlari bilan 1931 yilda Shvetsiya Riks bankining narx barqarorligini taʼminlash xususiyatlari bir-biriga juda yaqin hisoblanadi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, 1990 yilda Yangi Zelandiya birinchilardan boʻlib inflyasion targetlashga oʻtgan boʻlsa, 2005 yilga qadar asosan industrial rivojlangan davlatlar Markaziy banklari bu kabi targetlashga oʻtishgan. 2005 yildan hozirgi davrga qadar inflyasion targetlashga oʻtgan davlatlar qatorida rivojlanayotgan davlatlarning ulushi katta qismni tashkil etmoqda.

Oxirgi yillarda turli davlatlar Markaziy banklari valyuta kursini targetlashdan yoki pul massasi oʻsishini targetlashdan koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri inflyasiyani targetlashni oʻz oldiga asosiy maqsad sifatida belgilamoqda. Hususan, 2010 yilda Xalqaro Valyuta Fondiga aʼzo davlatlar Markaziy banklarining 16,4 foizi inflyasion targetlash rejimiga oʻtishgan boʻlsa, 2018 yilga kelib, 21,4 foiz davlatlar Markaziy banklari inflyasion targetlash rejimini amaliyotga qoʻllashgan. Ajablanarlisi bu jarayon doimiy oʻsish tendensiyasiga ega boʻlmoqda. Bundan, dunyoning koʻpchilik davlatlari almashinuv kursini targetlash effekt bermayotganligini va inflyasiyani toʻgʻridan-toʻgʻri targetlash lozimligini tan olayotganligi borasida xulosa chiqarsak boʻladi.

Bir qator mutaxassislarning fikriga koʻra, koʻplab mamlakatlarning pul-kredit siyosatini inflyasion targetlash sifatida izohlash mumkin. Masalan, Amerikaning Stendforsk Universitetining mashhur professori Dj.Teylor, Amerika Qoʻshma Shtatlarining pul-kredit siyosati inflyasion targetlashning empirik qoidasi sifatida tavsiflanadi, deb hisoblaydi. Ushbu qoidaga binoan, Federal Zaxira Tizimi YaIM oʻzgarishining uning potensial koʻrsatkichidan chetlashishiga hamda mavjud inflyasiya darajasining prognoz koʻrsatkichidan chetlashishiga javoban, tizimli ravishda federal fond foiz stavkani (federal Fund Rate) toʻgʻirlab boradi.

Nima uchun bir qator mamlakatlar uchun inflyasion targetlash rejimiga oʻtish zamon talabi boʻlib qolmoqda? Oʻylaymizki, koʻpchilik davlatlar uchun, shuningdek aksariyat olimlar uchun, mamlakatda narxlarning barqarorligiga (yaʼni past va bir maromdagi inflyasiya darajasiga) erishish, iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi birinchi omil hisoblanadi. Amaliyot esa shuni koʻrsatmoqda-ki, iqtisodiy siyosatning, yaʼni bandlikning yuqori darajasi yoki yalpi ishlab chiqarishning oʻsishi kabi maqsadlarga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlar, barqaror narxlar tamoyiliga zid kelmoqda. Baʼzi bir iqtisodchilar, pul-kredit siyosati yordamida birdaniga bir necha maqsadlarda harakat qilishi, inflyasiyaning oʻsishiga olib keladi, deb hisoblaydilar.

Inflyasion targetlash, inflyasiya hali oʻzi haqida bildirmasdan turib, inflyasion choralar koʻrish imkonini beradi. Iqtisodiy nazariyaga koʻra, inflyasion targetlash yetarli darajada oddiy jarayon hisoblanadi. Uning mohiyati quyidigidan iborat: Markaziy bank kutilayotgan inflyasiya dinamikasining prognozini belgilaydi; inflyasion prognoz inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichlari (imkon qadar erishilishi kutilayotgan) bilan taqqoslanadi; inflyasion prognoz hamda inflyasiyaning maqsad koʻrsatkichlari oʻrtasidagi farq pul-kredit siyosatida qanchalik tuzatishlar olib borilishi kerakligi haqida darak beradi. Inflyasion targetlashning mohiyati shundan iboratki, bunda Markaziy bank inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini belgilaydi, va unga erishish uchun barcha instrumentlardan foydalanadi. Inflyasion targetlashdan foydalanayotgan mamlakatlar, Markaziy banklar murojaat qiladigan standart usullarga qaraganda pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirishga yordam beradi, deb hisoblaydilar.

Inflyasion targetlash ikki asosiy shartning bajarilishini talab qiladi. Birinchidan, Markaziy bank mustaqil pul-kredit siyosatini olib borish uchun yetarli darajada avtonomiyaga ega boʻlishi lozim. Markaziy banklarning hech biri xukumat taʼsiridan toʻliq holi boʻlishi mumkin emas, u hech boʻlmasa inflyasiyaning maqsadli darajasiga erishish uchun zarur boʻladigan rejalashtirilgan instrumentlarni tanlashda erkinlikka ega boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Birinchi shartni bajarish uchun, mamlakat “fiskal ustunlik” tamoyilidan bosh tortishi, yaʼni byudjet-soliq siyosati pul-kredit siyosatiga hech qanday taʼsir koʻrsatmasligi kerak. Fiskal ustunlikdan bosh tortish deganda xukumat keng daromad bazasiga ega ekanligini va doimiy ravishda senorajdan keladigan daromadlarga tayanmasligi nazarda tutiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi misolida, boshqa rivojlanayotgan davlatlar singari, yoqilgʻi mahsulotlari narxlari, elektr-energiya narxlari va boshqa shu kabi birlamchi mahsulotlar narxlari Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi. Qiziqarli jihati shundaki, bu kabi tovarlar aksariyat ishlab chiqarilayotgan tovar va xizmatlar tan narxida oʻtiradi. Demak, bu kabi birlamchi tovarlar narxlarining oshishi mamlakatda umumiy narx darajasining oshishiga olib keladi. Yaʼni fiskal ustunlik davom etaversa, byudjet-soliq siyosati inflyasion bosimni kuchaytiradi, bu esa pul-kredit siyosatining samaradorligini tushirib yuboradi. Iqtisodiy til bilan aytganimizda bu yoʻl bilan inflyasiyaning vujudga kelishi nomonetar inflyasiya deyiladi.

Shunday ekan, Markaziy bank inflyasion targetlashga oʻtishi ikki xil shaklda amalga oshiriladi. Ayrim davlatlarda inflyasion targetlashga faqat Markaziy bank javobgar hisoblansa, koʻpgina rivojlanayotgan davlatlarda inflyasion targetlashni Markaziy bank hukumat bilan birga amalga oshiradi. Bizning mamlakatimizda ham inflyasion targetlashni Markaziy bank hukumat bilan birgalikda amalga oshiradi. Buning tasdigʻi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyozevning 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida” PF-5877-sonli Farmonida Moliya vazirligiga, Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021 yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni, inflyasiya maqsadlariga taʼsirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqish vazifasi yuklatilganligini keltirishimiz mumkin.

Inflyasion targetlashning samaradorligini belgilab beruvchi ikkinchi shart, Markaziy bank boshqa, yaʼni pul massasi oʻsishi, bandlik darajasi yoki valyuta almashinuv kursi kabi iqtisodiy koʻrsatkichlarni targetlashdan voz kechishidan iborat. Masalan, agar Markaziy bank boshqariladigan valyuta kursi rejimini saqlab turgan boʻlsa, zamonaviy sharoitlarda xalqaro kapitallarning yuqori harakatchanligi bilan u bir vaqtning oʻzida inflyasion targetlashdan foydalana olmaydi. Gap shundaki, Markaziy bank ikki yoki undan ortiq maqsadlarni ushlab turgan boʻlsa, vaziyat yomonlashganda ularning qaysi birini afzal koʻrishini, bozor bilmaydi. Bizning fikrimizcha, Markaziy bank tanlashi kerak: yoki boshqariladigan almashinuv kurs rejimini qoʻllash, va bu bilan inflyasion maqsaddan bosh tortishi, yoki inflyasion targetlash rejimini qoʻllab, boshqariladigan almashinuv kursi rejimidan voz kechish lozim.

Markaziy bank oldida mustaqillikdan keyin yana bir maqsad doim boʻlgan. Bu milliy valyutaning xorijiy valyuta kursiga nisbatan almashinuv kursidir. Biz kabi rivojlanayotgan davlatlarda milliy valyuta almashinuv kursi doim markaziy banklar oldidagi muhim vazifalardan biri boʻlib kelmoqda. Xatto 2017 yil 5 sentyabrda milliy valyuta kursining erkinlashtirilishi hamda uning erkin almashinuvini yoʻlga qoʻyilishiga qaramasdan, Markaziy bank doim intervensiya oʻtkazish orqali uning almashinuv kursini eʼtibordan chetda qoldirgani yoʻq.

Hususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan milliy valyutada AQSh dollariga nisbatan almashinuv kursi pasayishining oldini olish maqsadida 2017 yil 2847,8 mln. AQSh dollari miqdorida sof intervensiya amalga oshirgan boʻlsa, 2018 yilda 3162,4 mlrd.AQSh dollari miqdorida hamda 2019 yilning ikki choragida 1572,4 mlrd. AQSh dollari miqdorida sof intervensiya oʻtkazgan.

Oʻzbekiston Respublikasi oxirgi 2 yilda doimiy ravishda amalga oshirilgan intervensiya natijasida valyuta zaxirasining kamayishi va bu holatning doimiyligini inobatga olib 2019 yil avgust oyi oxirida valyuta kursini erkin suzib yuruvchi kursga oʻtkazdi. Ammo shunga qaramay Markaziy bank milliy valyuta kursini qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatgani yoʻq. Hususan, 2019 yil sentyabr oyida 188 mln. AQSh dollari miqdorida sof intervensiya oʻtkazgan. Bu bilan aytishimiz mumkinki, Markaziy bank inflyasiyani targetlashga oʻtayotganligiga qaramasdan milliy valyuta almashinuv kursini eʼtibordan chetda qoldirgani yoʻq.

Biroq Markaziy bankning chegaralanmagan erkinligi jamiyat uchun ortimal hisoblanmaydi. Hususan, XVF mutaxassislari pul-kredit va byudjet-soliq siyosatining oʻzaro bir-biriga taʼsirini modellashtirib, jamiyatning farovonligi nuqtai nazaridan – Markaziy bank tomonidan mamlakatda yalpi ishlab chiqarishning oʻsish zaruratini hisobga olgan holda optimal inflyasion maqsadlarga erishish eng yaxshi qaror boʻladi, degan fikrga keldilar.

Ikki asosiy talab qondirilgach, nazariy jihatdan mamlakatlar inflyasion targetlashdan foydalanishga kirishishlari mumkin. Amaliyotda esa, inflyasion targetashga masʼul tashkilotlar bir qator tayyorgarlik choralari koʻrishlari lozim, hamda tahliliy model yaratish ularning ichidan asosiysi hisoblanadi. Inflyasion targetlash ikki komponentni oʻz ichiga olgan yetarli darajadagi oddiy tahliliy modelga asoslanadi. Birinchi komponent – bu iqtisodiyot qanday ishlayotganligini, unga pul-kredit siyosati qanday taʼsir koʻrsatayotganligini tasvirlovchi modeldir. Ikkinchi komponent – ustuvor ahamiyat beriladigan, Markaziy bankning yakuniy maqsadlarini, yaʼni maqsadli funksiyasi tasvirlanishini namoyon etadi. Birinchi iqtisodiy modelda Markaziy bank pul-kredit siyosatining instrumentlaridan birini qoʻllagan holda, misol uchun qayta moliyalashtirish foiz stavkasini, maʼlum bir davrdan soʻng YaIMga impuls reaksiyasi oʻrganiladi. Oʻz navbatida YaIMning oʻzgarishi (yoki haqiqiy YaIMning oʻzining potensial qiymatidan ogʻishi) maʼlum bir davr oʻtib inflyasiyaga ham taʼsir koʻrsatadi. Shunday qilib, qayta moliyalashtirish stavkasining oʻzgarishi yalpi talab va yalpi taklifga taʼsir etgan holda maʼlum davrdan keyin mamlakatda inflyasiyaning oʻzgarishiga olib keladi.

Modelning ikkinchi tarkibiy qismi, Markaziy bankning maqsadli funksiyasi – ikki yoʻnalishda harkatlanadi. Birinchidan, Markaziy bank maʼlum berilgan koʻrsatkich atrofida inflyasiyani barqarorlashtirishga intiladi. Ikkinchidan, Markaziy bank iqtisodiy oʻsishni maksimal oʻsish potensiali koʻrsatkichi atrofida barqarorlashtirishni istaydi. Ishlab chiqarish yoki ish bilan bandlik kabi real sektordagi oʻzgaruvchanlarni barqarorlashtirish Markaziy bankning yakuniy maqsadlari roʻyxatiga har doim ham kiravermaydi. Biroq, amaliyotda Markaziy bank real sektorning ortiqcha tebranishlaridan qutulishga harakat qiladi. Inflyasion targetlash, Markaziy bankni real sektor muammolari qiziqtirmagan paytda, “qattiq” darajasidan, ushbu real sektordagi keskin tebranishlarni silliqlashtirish istaganda, “egiluvchanlik” darjasigacha oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish foiz stavkasi oʻzgarishining iqtisodiyotga taʼsiriga baho beradigan boʻlsak, ushbu asosiy foiz stavkaning real iqtisodiyotga taʼsiri va buning natijasida mamlakatdagi inflyasiya darajasiga taʼsiri kuchli ekanligi shubha ostida qolmoqda. Hususan, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga asosiy talabning aholi tomonidan bildirilishini inobatga olsak, tijorat banklari tomonidan isteʼmol kreditlarining YaIMga nisbati 5-6 foiz atrofida ekanligi Markaziy bank foiz stavkasi oʻzgarishining aholi talabiga taʼsirini susaytirib yubormoqda. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan jami iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarining YaIMga nisbati 40-45 foiz atrofida boʻlishi, tadbirkorlarning investitsion xarajatlariga foiz stavka orqali taʼsiri sustligini bildiradi. Shu bilan birga tijorat banklarining umumiy aktivlari YaIMning 50 foizini tashkil etishi Markaziy bank tijorat banklari orqali iqtisodiyotdagi yalpi talabga taʼsiri hamda buning natijasida mamlakatdagi inflyasiya darajasiga taʼsiri pastligini keltirib chiqarmoqda.

Markaziy bank inflyasion targetlash rejimini qoʻllash jarayonida oraliq maqsad sifatida aholining hamda yuridik shaxslarning inflyasion kutilmalaridan oraliq maqsad sifatida foydalanadi. Shunday ekan Markaziy bank doimiy aholi va yuridik shaxslarning inflyasion kutilmalarini tahlil qilib borish inflyasion targetlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Shuning uchun ham ayrim iqtisodiy adabiyotlarda inflyasion targetlashni (inflation target) inflyasion prognozlashni targetlash (inflation forecast targeting) deb ham atashadi.

Rivojlanayotgan mamlakatlar inflyasion targetlash rejimi qoʻllanadimi? – degan savolni oʻz oldimizga qoʻyishni maqsadga muvofiq deb bildik. Rivojlanayotgan davlatlar pul-kredit siyosati va moliyaviy bozorlari bir-biridan farq qiladi. Bir tomondan, soʻnggi vaqtda ushbu davlatlar iqtisodiyotida bir-biriga oʻxshash oʻzgarishlar yuz bermoqda. Hususan, moliya sektoridagi islohotlar, xalqaro kapital bozorlariga kirishi, pul-kredit siyosatining bilvosita instrumentlariga ishonchning ortishi kabi oʻzgarishlar bilan tavsiflanmoqda. Biroq, boshqa tomondan esa rivojlanayotgan mamlakatlar baʼzan foiz stavkalarining darajasi, ichki moliya bozorining rivojlanish darajasi, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar kabi koʻrsatkichlari bilan keskin tarzda bir-biridan farq qilmoqda. Natijada, nafaqat inflyasion targetlashdan foydalanish imkoniyatlarini baholash, balki rivojlanayotgan mamlakatlarning maqbul tasniflanishini olib borish ham qiyin boʻlib qoladi. Natijada, tahlil hozircha noaniq empirik tadqiqotlarga emas, balki umumiy diskussion mulohazalarga asoslanmoqda.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, fiskal ustunlikdan ozod boʻlish va iqtisodiy siyosatning, hususan valyuta kursini boshqarish kabi boshqa maqsadlarga nisbatan qattiq majburiyatlarning qoʻyilmaganliklari inflyasion targetlashga oʻtishning zaruriy shart-sharoitlari sifatida namoyon boʻlmoqda.

Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, markoiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsish va inflyasiya darajasining optimal barqarorligiga erishish xozirgi zamon iqtisodiyotining dolzarb masalalaridan biri hisoblanib, bu yoʻlda mamlakatda fiskal va monetar siyosat olib boriladi. Rivojlangan davlatlar tajribasini eʼtibor qaratsak, AQSh va koʻpgina Yevropa davlatlarida monetar siyosatga katta ustunlik berilgan boʻlsa, yaʼni Markaziy bank iqtisodiyotda dominant hisoblansa, Osiyo davlatlarida, hususan Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarda hamda Rosssiya va bizda ham fiskal siyosatga katta ahamiyat berilib kelmoqda. Ammo 2017 yildan eʼtiboran Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlari, jumladan 2017 yil 12 sentyabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3270-sonli qarori, 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3272-sonli qarori, 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida” PF-5877-sonli farmoni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining iqtisodiyotni tartibga solishdagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yil 22 oktyabrdagi yangi tahrirda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-573-sonli qonuni valyuta munosabatlarini tartibga solishda Markaziy bankga katta erkinlik berilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yil 11 noyabrdagi yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank toʻgʻrisida”gi OʻRQ-582-sonli qonuni Markaziy bank bosh maqsadini aniq belgilab bergan boʻlib, bunda uning bosh maqsadi mamlakatda narx barqarorligini taʼminlash ekanligi keltirilgan.

Oʻylaymizki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakat iqtisodiyotida narx barqarorligini taʼminlashda muhim ikki zaruriy shartga eʼtibor qaratishi lozim. Bular, birinchidan iqtisodiy oʻsish va inflyasiya darajasi oʻrtasidagi optimal balansga erishish hamda ikkinchidan inflyasiyaning prognoz koʻrsatkichi bilan uning maqsadli koʻrsatkichi oʻrtasidagi tavofutni kamaytirishda Markaziy bank pul-kredit siyosati transmission mexanizmi rivojlangan boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Chunki rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalangan holda Markaziy bank “arsenal”ida inflyasiyaga yetarlicha taʼsir koʻrsatadigan transmission mexanizm kanallarini rivojlantirish hayotiy muhim va dolzarb sanaladi.

Nodir Jumayev, iqtisod fanlari doktori, professor
Akram Absalamov, mustaqil izlanuvchi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ