Hududlarga tashriflar – ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishning samarali usuli
Oʻzbekiston Prezidenti esa davlatni boshqarish amaliyotiga yangilik olib kirdi. Yaʼni u davlat ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishini tashkil etish va boshqarish jarayonida bugun jahonda yangi hodisa sifatida eʼtirof etilayotgan usulni kashf etdi, deydi iqtisod fanlari doktori Odil Olimjonov.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Prezidenti lavozimiga kelgandan keyin yangi rahbarning viloyatlarga safarlari tez-tez yuz bera boshladi. Davlat boshligʻining har bir viloyatga bir yilda bir necha marta-dan borishi, har hududda kamida 2 kundan boʻlishi, u kishining baʼzan viloyat hamda tuman rahbarlarining hali nazari tushmagan eng chekka qishloq-larga yetib borishi, xalq bilan ochiq muloqot qilishi, muammolarni joyida oʻrganishi va eng muhimi, masalalarni oʻsha paytning oʻzida oʻsha joyda hal etish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinishi va chora-tadbirlar ishlab chiqilishi mamlakatni boshqarish borasida jahon davlatlari uchun oʻziga xos kashfiyot boʻldi.
Toʻgʻri, shu kunga qadar ham jahon davlatlari rahbarlarining hududlarga chiqishi va muammolarni joyida hal etish amaliyoti bor edi. Lekin bu tadbir davlat rahbarining yil davomida amalga oshiradigan rejadagi doimiy ishi emas, balki favqulodda holatlar paytida yuz berar edi. Yaʼni qaysidir hududni suv bossa, yer qimirlasa va shunga oʻxshash tabiiy ofat yoki favqulodda hodisalar sodir boʻlganda mamlakat rahbarining u yerga zudlik bilan yetib borishi va salbiy holatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish tajribasi mavjud edi.
Oʻzbekiston Prezidenti esa davlatni boshqarish amaliyotiga yangilik olib kirdi. Yaʼni u davlat ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishini tashkil etish va boshqarish jarayonida bugun jahonda yangi hodisa sifatida eʼtirof etilayotgan usulni kashf etdi. Mazkur yangi usulning mohiyati shundaki, davlat rahbari belgilangan jadval boʻyicha viloyatlarga tashrif buyuradi. Bu tashriflar ayrim davlatlarda ayni paytda yuz berayotgan yoki bir paytlar oʻzimizda boʻlganday bir viloyatga shunchaki ertalab borib, nomiga 2-3 ta obʼyektni koʻrib, kunning ikkkinchi yarmida poytaxtga qaytib kelish emas.
Mazkur safarlardan asosiy maqsad muayyan bir viloyatning ijtimoiy–iqtisodiy jarayonlarini boshqarish boʻyicha tegishli farmonu-qarorlarni Toshkentda, salqin kabinetlarda oʻtirib tayyorlash emas, balki muammolarni bevosita joyida aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar-ni hududlar vakillari bilan birgalikda ishlab chiqish hisoblanadi. Bu usulning boshqa usullardan ustunliklari va afzalliklari juda koʻp. Chunki vazirlik yoki tashkilot rahbari har qancha salohiyatli va hatto, Oksford universitetida dunyoning eng zoʻr professorlaridan taʼlim olib kelgan boʻlmasin, u kabinetida oʻtirib, viloyatlarning muammolarini toʻgʻri aniqlay olishi, ich-ichidan tushunishi, his qilishi qiyin. Shu bois tashrifdan bir necha kun oldin vazirlik va tashkilotlar rahbarlari viloyatlarga yoʻl olishadi, tarmoqlari va sohalari obʼyektlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrishadi, muammolarini aniqlashadi va tegishli mutaxassislar va hududlar vakilla-ri bilan birgalikda vaziyatni oʻnglash boʻyicha zarur chora – tadbirlarni ishlab chiqishadi.
Masalaning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, vazirlik va idoralarning rahbarlari joylarga borganda Toshkentda kabinetda oʻtirib koʻrish mumkin boʻlmagan juda koʻp muammolarni tashriflarga tayyorgarlik vaqtida viloyatlarga chiqishgandagina koʻra olishayotganliklarini, yechimini kutayotgan muammolarni aniqlayotganliklarini eʼtirof etishmoqda. Ular yana tan olishmoqdaki, ayrim muammolarni nainki aniqlashyapti, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan birgalikda joyida darhol hal etishmoqda.
Fikrlarim yanada tushunarli va tashriflar paytida qanchalik katta muammolar hal boʻlayotganligini yaqqol his qilish uchun bittagina tashrif mobaynida qanday masalalar hal etilganligini qisqacha bayon etsam maqsadga muvofiq boʻladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi tashrifi rejaga muvofiq 26 – 27 iyun kunlari Namangan viloyatiga tashkil etildi. Ikki kun mobaynida u kishi viloyatning u boshidan bu boshigacha kezib chiqdi. Koʻplab ijtimoiy - iqtisodiy obʼyektlarda boʻldi. Muhtaram Prezidentimiz vazirlik, idora, viloyat, shahar va tumanlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Rahbarimiz xalqning dardini eshitdi, odamlar bilan maslahatlashdi. Va ana shu tadbirlardan keyingina katta yigʻilish qilib, unda Namangan viloyatida mavjud muammolarni barta-raf etish va uni yanada rivojlantirish boʻyicha zarur chora va tadbirlar belgilandi. Quyida tashrif chogʻida qabul qilingan tadbirlarning ayrimla-riga eʼtiboringizni qarataman.
Koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyoda boʻlgani kabi bizning yurtimizda ham ishsizlik darajasi birmuncha kuchaydi. Ana shu holatni bartaraf etish bugunning eng dolzarb muammolaridan biriga aylandi. Shu bois tashrif mobaynida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari viloyat tashkilotlari bilan hamjihatlikda Namanganda oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, jamoat ishlari va oʻzini oʻzi band qilish orqali kambagʻal oilalarning 12 ming 550 nafar ishsiz aʼzolarini ish bilan taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqishdi.
Viloyat iqtisodiy taraqqiyotini yanada tezlashtirish, iqtisodiyotga innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etish va aholi uchun muno-sib yangi ish oʻrinlari yaratish jarayonida kichik sanoat zonalarining ahami-yati katta. Shu bois viloyatda yangidan 9 ta kichik sanoat zonasi barpo etishga qaror qilindi. Ularni yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan toʻliq taʼminlash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan 23,3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratishga qaror qilindi.
Tashrif chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Yuksalish” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 117 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat majmuasida 1 trillion 208 milliard soʻmlik 95 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yurtboshimiz mazkur kichik sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi, shu joyning oʻzida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan birgalikda viloyat sanoatini yanada rivojlantirish rejalarini koʻrib chiqdi.
Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasidan ajratiladigan 80 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobiga xizmatlar sohasi bilan shugʻullanish istagini bildirgan tadbirkorlar loyihalarining manzilli roʻyxatini tuzish lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari, har bir tuman, shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi.
Bugungi pandemiya xuruj qilgan ogʻir sharoitda oʻzini oʻzi band qilganlarni koʻpaytirish va ularni kasbga tayyorlash va qoʻllab – quvvatlashga juda katta eʼtibor berilmoqda. Tashrif davomida oʻzini oʻzi band qiladigan aholi sonini qoʻshimcha ravishda 30 mingtaga oshirish choralari ishlab chiqildi.
Buning uchun Namangan shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi qurilib, uni 2021 yil 1 yanvargacha ishga tushirish taʼminlanishi belgilandi. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyurtmasiga asosan Inqirozga qarshi jamgʻarmadan zarur miqdorda mablagʻ ajratiladi.
Yangi ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirishda qishloq xoʻjaligining hali ishlatilmay yotgan imkoniyatlari katta. Shu bois qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasining baʼzi turlarida kooperativlar tashkil etish va issiqxonalar qurish ishlarini amalga oshirish uchun 16,0 mlrd. soʻm, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini kengaytirish uchun 15,0 mlrd. soʻm mablagʻ ajratish choralari belgilandi.
Aniq misollarga murojaat qilaylik. 26 iyun kuni Prezidentimiz Pop tumanidagi 1 ming 885 gektar oʻzlashtirilmagan yerda tashkil etilgan “Nuran uz” meva-sabzavotchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi, dalada nuroniylar, qishloq xoʻjalik xodimlari bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga tumanlarni muayyan ekin turlariga ixtisoslashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Chortoq tumani Baland adir hududida kam taʼminlangan oilalar uchun har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona tashkil etilmoqda. Bugungi kungacha bu yerda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkonini beradigan 800 ta issiqxona qurib bitkazildi. Mazkur loyihani koʻrish chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlashda tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladi.
Prezidentimiz Uchqoʻrgʻon tumani Norin daryosi boʻyida joylashgan noyob baliq turlarini ishlab chiqarish korxonasi - “DB Group Eco” faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari viloyatda qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tegishli vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan tayyorlangan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Prezident viloyatda asalarichilikni rivojlantirish imkoniyatlari juda katta ekanligiga eʼtibor qaratdi. Mazkur sohani rivojlantirish boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish, Namangan shahrida 10 ming tonna asal tayyorlash va qadoqlash majmuasini ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Pandemiya bilan bogʻliq karantin sharoitida baʼzi bir korxonalarning faoliyati toʻxtab qoldi yoki ayrimlari ogʻir iqtisodiy holatlarga tushib qolganligi sir emas. Tijorat banklari tomonidan ana shu faoliyati qisman qisqargan yoki toʻliq toʻxtagan korxonalarga jami 1,3 trln. soʻmdan ziyod aylanma mablagʻlarni toʻldirishga kreditlar ajratiladigan boʻldiki, bundan viloyat tadbirkorlari behad xursand boʻlishdi.
Yangi ish oʻrinlari yaratish va pandemiya sharoitida aholini qoʻllab – quvvatlash davlatimiz bugungi iqtisodiy siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Masalan, tashrif chogʻida Namangan viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratilishi uchun 300 mlrd. soʻm resurs ajratishga qaror qilindi.
Namangan oʻzining ajoyib hunarmandlari bilan dunyoga mashhur yurt hisoblanadi. Tashrif chogʻida bu masala ham doimo kun tartibida turdi. Hunarmandlar bilan maslahatlashgan holda Namangan shahridagi mashhur “Afsonalar vodiysi” istirohat bogʻi hududida 200 oʻringa moʻljallangan “Hunarmandchilik mahsulotlari savdo markazi” quriladigan boʻldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, bu markaz mamlakatimizda oʻziga xos “Hunarmandchilik yutuqlari koʻrgazmasi” ga aylanadi va soha rivojiga katta hissa qoʻshadi.
Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari viloyat, shahar va tumanlar vakillari bilan birgalikda ijtimoiy masalalarni ham chuqur oʻrganishdi. Natijada viloyatdagi ijtimoiy soha va infratuzilma obʼyektlari uchun qoʻshimcha ravishda 100 mlrd.soʻm miqdorida mablagʻ ajratishga qaror qilindi.
Mana, birgina Namangan viloyatiga tashrif mobaynida iqtisodiy majmua tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan chora - tadbirlarning qisqacha bayoni bilan tanishdingiz. Boshqa majmualar ham juda koʻp takliflar tayyorlashdi va ular ham viloyatning dolzarb ijtimoiy – iqtisodiy masalalarini hal etishga zamin boʻlishi maʼlum. Umumlashtirib aytganda, birgina Namangan viloyatiga tashrifga tayyorgarlik va uni oʻtkazish mobaynida mutasaddi tashkilotlar tomonidan 2020-2021 yillarda jami qiymati 16,3 trillion soʻmlik 1953 ta loyiha amalga oshirilib, 55 mingta yangi ish oʻrni yaratish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Bu loyihalarni amaliyotga joriy etish Namangan viloyatining ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga katta turtki beradi va aholi turmush darajasini sezilarli ravishda oshirishga xizmat qiladi.
Toʻgʻri, tan olish kerakki, rivojlangan davlatlarda ijtimoiy – iqtiso-diy jarayonlarning oʻzini oʻzi boshqaradigan tizimi yaratilgan va biz ham kelgusida shu yoʻlga oʻtishimiz maʼlum. Bugun esa tashriflar mobaynida Prezidentimiz vazirlik, idora va hokimliklar rahbarlarini ana shunday tizim yaratishga tayyorlab borayotganligi koʻrinib turibdi. Soddaroq qilib aytganda, Prezidentimizning viloyatlarga tashriflariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish amaliyoti vazirlik, idora va hokimliklar rahbarlari va mutaxassislari uchun mamlakatni ijtimoiy – iqtisodiy boshqarishning Prezident Shavkat Mirziyoyev yaratgan zamonaviy usullarini oʻrganishning oʻziga xos maktabi vazifasini bajarmoqda.
Tarixiy taraqqiyotning ayni bosqichida ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlarni boshqarishning mazkur usuli samarali va hayotbaxsh ekanligini mamlakatimizning 2016 – 2020 yillar mobaynidagi rivojlanish darajasi va ayniqsa, koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida erishayotgan ijobiy natijalarimiz yaqqol namoyon etmoqda.
Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyat yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




