| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza9 daqiqada oʻqiladi1 494 marta oʻqildi

Foydali karantin: COVID-19 pandemiyasi oliy taʼlim tizimini qanday oʻzgartiradi?

Jahon ekspertlari pandemiya tufayli joriy qilingan qatʼiy karantin qoidalari taʼlim, jumladan oliy taʼlim uchun yangi imkoniyatlar yaratganini eʼtirof etishmoqda.

Foydali karantin: COVID-19 pandemiyasi oliy taʼlim tizimini qanday oʻzgartiradi?

Koronavirus pandemiyasi koʻp sohalarda insonlar hayot tarzini tubdan oʻzgartirishi mumkin. Hatto konservativ soha hisoblanadigan taʼlim tizimini ham yangi sharoitlarga tezkor moslashishga va oʻzgacha tartib-qoidalar boʻyicha ish olib borishga majbur qildi.

Uzanalytics.com saytining yozishicha, Xalqaro tashkilotlar, jumladan, YuNESKO, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), hamda Jahon banki ushbu pandemiyani oʻrta, maxsus va oliy taʼlimning fors-major vaziyatlarga tayyorgarligini tekshiruvdan oʻtkazayotgan holat deb baholashmoqda. Buning sababi, jahondagi barcha taʼlim muassasalari yangi formatga oʻtib, ommaviy tarzda masofali oʻqitish tajribasini qoʻllashga majbur boʻlishdi. Oʻz oʻrnida, bu qator muammolarni keltirib chiqardi. Birinchidan, internet texnologiyalaridan foydalanish uchun oʻqituvchi va talabalarda raqamli savodxonlikning yetarli emasligi, ikkinchidan, internet tezligining pastligi, uchinchidan esa, baʼzi mamlakatlarda internetga ulanish imkoniyatining kamligi yoki aholining aksariyat qismi uchun deyarli yoʻqligi va toʻrtinchidan, aksariyat taʼlim oluvchilarda masofaviy oʻqish uchun texnik vositalarning (kompyuter, noutbuk, gadjetlarning) mavjud emasligi. Shubhasiz, bunday holat taʼlim sifatiga salbiy taʼsir etmasdan qolmadi, texnik nosozliklar va boshqa omillar oʻquv jarayonida uzilishlarga olib keldi.

Lekin shu bilan birga, jahon ekspertlari pandemiya tufayli joriy qilingan qatʼiy karantin qoidalari taʼlim, jumladan oliy taʼlim uchun yangi imkoniyatlar yaratganini eʼtirof etishmoqda. Xususan, Armanistonda karantin paytida masofaviy taʼlim olish imkonini beruvchi universitetlarning yagona iUniversity platformasi ishga tushirildi, Birlashgan Arab Amirliklari global tarmogʻida taʼlim olish va biznes yuritish uchun 5 ta: Google Hangouts Meet, Cisco Webex, Avaya Spaces, Blue Jeans va Slack nomli ilovalar uzluksiz ishlay boshladi. Kiprda taʼlim va fan vazirligi Pedagogika instituti orqali masofaviy taʼlim olib borish uchun oʻqituvchilarni tezkor tayyorlash ishlarini tashkil qildi. Rossiya universitetlarida esa qoʻshimcha reallik (AR – augmented reality) texnologiyasining qoʻllanilishi (RF “Perviy kanal”dagi “Vremya” axborot koʻrsatuvi, 2020 yil 12 maydagi efir) taʼlimda innovatsiya boʻldi.

Pandemiya sharoitida milliy oliy taʼlim tizimining transformatsiyasi

Umuman olganda, Oʻzbekistonda aksariyat universitet va institutlar darslarni masofaviy shaklda oʻtkazishga qisman tayyor edi. Oliy taʼlim muassasalari platformalarida Moodle tizimi shakllantirilib, unga barcha oʻquv predmetlari boʻyicha elektron resurslar joylashtirilgan edi. Ammo, mazkur tizim bundan bir necha yil avval joriy qilingan boʻlishiga qaramay, unda ishlash amalda sust edi, shu bois, mamlakatimiz tarixida birinchi marta favqulodda tashkil etilayotgan masofaviy taʼlimni joriy qilishda oʻziga yarasha muammolar va qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy edi.

Maqola muallifi, tarix fanlari nomzodi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Iroda Shamsiyeva respublikaning bir nechta oliygohlari oʻqituvchilariga masofaviy oʻqitish jarayonida kuzatilgan qiyinchilik va muammolar, imkoniyatlar bilan bogʻliq savollar bilan murojaat qildi:

Taʼlimni masofaviy (onlayn) shaklda olib borishda qanday muammo va qiyinchiliklar kuzatildi? Sizningcha bu borada qanday yutuqlarga erishildi, shuningdek, ushbu tizimning kamchiliklari haqida nimalar deya olasiz?

Raʼno Tursunova, tarix fanlari nomzodi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti:

Ochigʻini aytsam, biz bunga hali tayyor emasdik. Albatta, oʻqituvchilar har yili AKT boʻyicha malaka oshirish kurslarini oʻtishadi, biroq masofada ishlash amaliyoti koʻpchilikda shakllanmagandi, baʼzi oʻqituvchilar bundan istisno albatta.

Shuning uchun, qisqa muddatda yangi sharoitga moslashishga toʻgʻri keldi. Darhaqiqat, Zoom internet platformasida ishlash misli koʻrilmagan imkoniyatlarni berdi. Nafaqat oʻqituvchi, balki talabalar ham yangi koʻnikmalarga ega boʻldi.

Masofaviy va onlayn taʼlimni tashkil etishda oʻqituvchi va talabalar bir qator muammolarga duch kelishdi, jumladan:

  • internet tezligining nafaqat hududlarda, balki viloyatlar markazida ham pastligi, markazdan uzoq joylarda internetga ulanish imkoniyatining deyarli yoʻqligi;

  • oʻquvchilarda texnik vositalarning yetishmasligi, aksariyat hollarda oilada bitta gadjet boʻlib, undan foydalanish uchun navbatga turishga toʻgʻri keldi.

Akbar Zamonov, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Oʻzbekiston Milliy universitetining (OʻzMU) tarix fakulteti dotsenti:

Birinchidan, mamlakat masofaviy va onlayn taʼlimga oʻtishga hali tayyor emas edi, jumladan, bu borada professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha tashkiliy ishlar qilinmagan edi. Shuning uchun oʻqitishning sifati, uni tashkil etish hamda hududlardagi aloqa tizimi bilan bogʻliq muammo va qiyinchiliklar yuzaga keldi. Shuningdek, videodarslarning vaqt meʼyori 80 minutni tashkil qilmaydi (buning bir nechta sabablari bor: internet tezligi nihoyatda past, talabalarning moddiy imkoniyati mavjud trafiklarga yetmaslik ehtimoli kattaligi va h.k.). Shu jihatdan, oʻqituvchilar oʻzlarining 80 daqiqalik maʼruzasini metodik mahorat orqali qisqa vaqtga (20-30 daqiqa) keltirish koʻnikmasiga ega boʻlishi lozim edi. Bunda tavsiya etiladigan asosiy adabiyotlar, talabalar tomonidan ularni topish va foydalanish uslublari, mavzuga oid asosiy tushuncha va tamoyillar, yakuniy xulosa va vazifalar berilishi lozim. Lekin bu maqsadga barcha ham erisha olmagan.

Ikkinchidan, biz talabalarni videodarslar orqali taʼlim olishini toʻla nazorat qila olmadik. Shu nuqtai nazardan, telekanallar, internet saytlarda joylashtirilgan videodarslar mashgʻulotlari oʻqituvchi, murabbiylar bilan bir qatorda ota-onalarga ham birdek masʼuliyat yuklaydi. Jumladan, farzandining internetdagi turli dasturlar orqali berib borilayotgan darslarni muntazam tomosha qilishlari uchun sharoit yaratish, doimiy nazorat qilish, mavzularni oʻzlashtirishiga, vazifalarni bajarishga yordamlashish, shuningdek, farzandining oʻqituvchisi bilan xabar almashishda internet orqali aloqani taʼminlab berishlari lozim.

Eng asosiy muammo, talabalarning mamlakatning turli hududlari – poytaxt, viloyat markazi, tuman markazidan eng chekka qishloqlarda istiqomat qilishi hamda ularda aloqa tizimining ham hududlariga qarab har xil boʻlishidir. Bu jarayonda faqat poytaxt, viloyat va tuman markazlarida istiqomat qiluvchi talabalarning imkoniyati bir oz yuqori boʻldi. Bu videodarslar (xususan, Zoom platformasida ) oʻrtacha 100 nafar talabadan 8-13 tasining ishtirok etishiga olib keldi. Bu birinchidan, mamlakatdagi aloqa kompaniyalarining faoliyati qoniqarsizligini koʻrsatsa, ikkinchidan esa, talabalarda videodarslar boʻyicha koʻnikmalarning hali yetarli darajada boʻlmaganligidadir.

Karantin davrida tashkil etilgan onlayn taʼlim ustozlar va talabalarning tabaqalanishiga, yaʼni shu jarayonga faol qatnashib, virtual taʼlimning yutuqlaridan foydalanganlar hamda oʻz mahoratini, malakasini oshirganlar va deyarli ishtiroksiz oʻquv yilini yakunlayotgan guruhlarga ajratdi. Har holda, favqulodda oʻtilgan onlayn taʼlim tahsil oluvchi va tahsil beruvchining mutaxassislik doirasida bilimlarini odatdagi tizimga qaraganda oshirmagan boʻlsa-da, maʼlum saboq va malakalarga ega boʻlishiga xizmat qildi.

Nilufar Salimsakova, Toshkent farmatsevtika instituti katta oʻqituvchisi:

Birinchidan, kompyuterda ishlashni mustaqil oʻrganganligim boshida ozroq pand berdi, lekin sharoit taqozosi va favqulodda vaziyat masofaviy dars berish uchun kerakli koʻnikmalarni shakllantirish uchun imkoniyat yaratdi.

Ikkinchidan, internetning sekin ishlashi ancha vaqtni oldi.

Imkoniyatlar haqida aytadigan boʻlsam, bunda ham oʻqituvchi, ham talaba, jamoaviy ishlashni oʻrgandi. Biroq, bunday ishlash tartibining muayyan nuqsonlari borligi maʼlum boʻldi. Xususan, talabalar oʻqituvchi tomonidan belgilangan topshiriqlarga javoblarni koʻchirib, Telegram kanali orqali bir – birlariga joʻnatish holatlari kuzatildi. Shuning uchun, fikrimcha, oʻqituvchi har bir talabaga vazifani alohida, individual berishi kerak.

Bu tajriba bundan bir necha yil avval joriy qilingan Moodle tizimida masofaviy ishlashni oʻrgatdi. Nazarimda, agar talabalarni dars berishning mazkur shakli bilan izlanishga motivatsiya qilinsa, taʼlim oldiga qoʻyilgan pedagogik vazifalarning bir nechtasini amalga oshirish mumkin boʻlardi.

Botirjon Qosimov, Toshkent davlat yuridik universiteti katta oʻqituvchisi:

Men karantin davrida mamlakatimiz barcha oʻquv yurtlarining masofaviy taʼlim shakliga oʻtkazilgandan buyon, ushbu davr mobaynida erishilgan yutuqlar va kuzatilgan kamchiliklar borasida toʻxtalmoqchiman.

Avvalambor, yutuqlar haqida: bu borada erishilgan yutuqlar shundan iboratki, yoshidan qatʼiy nazar barcha professor-oʻqituvchilarda taʼlim platformalari bilan ishlash, masofaviy taʼlim va uni olib borish sohasidagi bilim va koʻnikmalari shakllandi yoki rivojlandi. Kelajakda masofaviy taʼlimni yanada rivojlantirish borasida qilinishi kerak boʻlgan ishlar esa tahlil etib borilmoqda. Masofaviy taʼlim ayni paytda kelajak uchun eksperiment vazifasini oʻtamoqda, desak adashmaymiz. Masofaviy taʼlimning yutuqlaridan biri, fikrimcha, talabalar bilan muloqotning xilma xilligidir. Bunda talaba aytmoqchi boʻlgan javobini matn, audio yoki video shakllarda bayon etish imkoniga ega boʻladi. Bu esa auditoriya sharoitida omma oldida oʻz fikrini ovoz orqali bayon eta olmaydigan yoki bundan tortinadigan talabalar uchun qulay shaklidir. Masofaviy taʼlim orqali taʼlim beruvchi va taʼlim oluvchilar universitetga borish va kelish uchun sarflanadigan vaqtlari tejaladi. Tejalgan vaqt hisobiga boshqa manbalardan yangi bilimlarni oʻzlashtirish imkoniyati vujudga keladi.

Men kuzatgan kamchiliklarga kelsak, masofaviy taʼlim auditoriyada kechadigan jonli taʼlimdan farqlangani tufayli taʼlim jarayonida muloqot qilish samaradorligi past darajada kechadi. Auditoriya sharoitida talabalarning yuz ifodasi orqali ularning dars mavzusini tushunib borayotganliklarini anglash oson kechadi. Masofaviy taʼlimda esa bu qiyinroq kechadi.

Respublikada masofaviy taʼlimning rivojlanish istiqbollariga kelsak, masofaviy taʼlim ikki yoʻnalishda, yaʼni real vaqt rejimiga asoslangan sinxron yoki real vaqt rejimiga asoslanmagan nosinxron tarzda kechishi mumkin. Ammo, ikki yoʻnalish uchun ham Internet tezlik jihatidan yaxshi ishlashi kerak. Busiz masofaviy taʼlimning istiqboli boʻlishi mumkin emas. Shuningdek, hozirgi pandemiya sharoitidagi masofaviy taʼlim odatdagi masofaviy taʼlimdan farqlanadi. Pandemiya sharoitidagi masofaviy taʼlim favqulodda holatdagi masofaviy taʼlimdir. Shu bois, hozirgi sharoitda taʼlim berish va taʼlim olishga moslashmagan Telegram singari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga majbur toʻgʻri kelmoqda.

Kelajakda masofaviy taʼlimni yanada rivojlantirish uchun esa odatiy masofaviy taʼlimni boshqarish tizimi, yaʼni Moodle kabi taʼlim platformalarini takomillashtirish, ularni qulay va yanada tushunarli funksiyalar bilan boyitish oʻta muhimdir. Buning uchun pedagog va axborot texnologiyalari mutaxassislarining yaqindan hamkorligi talab etiladi.

Yuqoridagi fikrlarga quyidagi mulohazalarimni qoʻshimcha qilishni oʻrinli deb oʻylayman. Haqiqatdan ham, taʼlim tizimining favqulodda masofaviy va onlayn shaklga oʻtishi, butun dunyoda boʻlgani kabi, respublikamiz oliy taʼlim tizimini yangi sharoitlarga moslashishiga majbur qildi. Faoliyatni raqamli formatga oʻtkazishda oliy taʼlim muassasalari asosan IT infratuzilma bilan bogʻliq texnik qiyinchiliklarga duch keldi. Shu bilan birga, bu vaziyat boshqa bir muammo, joriy va oraliq nazorat ishlarida talabalar tomonidan bir-biridan koʻchirish muammosini keltirib chiqardi. Shu oʻrinda plagiat muammosi jahonning deyarli barcha universitetlarida mavjudligi va uning oldini olish uchun maxsus dasturlardan foydalanilishi xorijiy professor – oʻqituvchilar tomonidan ham taʼkidlanadi (WEBINAR ON: Academic Credit System: International Ceses, Konferensiya Zoom TashGUV.

Foydali karantin

Fikrimcha, karantin milliy oliy taʼlim tizimi uchun foydali boʻldi.

Birinchidan, onlayn taʼlim mazkur tizimni kamida 10 yilga rivojlantirishga xizmat qildi. Maʼlumot uchun: 2018 yilda xalqaro THE (Time higher education) nashri eʼlon qilgan maʼruzada 2030 yilga kelib faqat elita universitetlarning onlayn taʼlimga oʻtishini prognoz qilgan edi. Bugun kunda COVID-19 pandemiyasi ushbu jarayonni tezlashtirib yuborganini guvohi boʻlib turibmiz.

Ikkinchidan, karantin davrida oʻqituvchilar masofaviy taʼlim berish (Moodle), onlayn rejimda, turli platformalarda (ZOOM, Telegram) maʼruza oʻtish va videodarslar yozish (Bandicam, OBS-studio) koʻnikmalariga ega boʻlishdi. Bu esa aksariyat oliy taʼlim muassasalari tomonidan videodarslardan iborat ulkan media platforma yaratish uchun manbaviy asos boʻlib xizmat qildi.

Uchinchidan, taʼlim berishning innovatsion uslublari yaratildi. Xususan, onlayn tarzdagi dars vaqtining oʻzida internetdagi mavzuga aloqador web-resurslarga havola qilish orqali virtual interfaollik taʼminlandi.

Toʻrtinchidan, karantin talabalarda XXI asr mutaxassisi uchun kerak boʻlgan moslashuvchan koʻnikmalarning (Soft skills) rivojlanishini tezlashtirdi. Misol uchun, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 3-bosqich tarixchi talabalari mustaqil ravishda turli web platformalarda ishlashni oʻrganib, tarixiy mavzularga doir raqamli arxivlar (misol uchun, Ernest Xeminguey haqida) va saytlar (masalan, Livan va Ummon haqida) yaratishga muvaffaq boʻlishdi.

Beshinchidan, respublika oliy taʼlim muassasalarining xorijiy universitetlar bilan hamkorligi faollashdi. Bir qator oliygohlar jahonning yetakchi oʻquv dargohlari bilan onlayn konferensiya, vebinarlar uyushtirishdi. Masalan, joriy yilning 11- 12 may kunlari Toshkent Davlat yuridik universiteti va AQShning Boston kolleji yuridik maktabi (Boston college law school) oʻrtasida masofaviy taʼlim olib borish boʻyicha onlayn seminar, 15 mayda esa Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Janubiy Koreyaning Kyung He va Yeungnam universitetlari bilan kredit-modul tizimini joriy etishga doir onlayn formatda vebinar tashkil qilinib, oʻzaro tajriba almashildi.

Oliy taʼlimning istiqboli onlaynmi?

Karantin davrida barcha taʼlim tizimlarining masofali rejimga oʻtganligi oʻz navbatida, uning qanchalik samaraliligi va davomiyligi haqida bir qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Darhaqiqat, taʼlim, jumladan, oliy taʼlim tizimi endi oʻzgacha formatda boʻladi.

Taʼlim sohasi mutaxassislarining hisob-kitobi boʻyicha, endilikda oliygohlarning koʻpchiligi odatdagi oʻqitish shakliga qaytishni xohlashmaydi. Talabalarni ham anʼanaviy (klassik) maʼruza va seminar darslar bilan qiziqtirish mushkul boʻlib qoladi. Qiziqish boʻlmasa bilim olishga motivatsiya ham yoʻqoladi. Hozirgi talabalar kerakli maʼlumotlarni internetdagi ochiq manbalardan hech qanday toʻsiqlarsiz olish imkoniga ega, binobarin, endilikda oʻqituvchi vazifasiga nafaqat bilim berish, balki koʻnikmalarni rivojlantirish va tajriba almashish kiradi. Demak, oʻquv jarayonining nazariy qismini toʻliq boʻlmasada, qisman (taʼlim yoʻnalishlarining oʻziga xosligini hisobga olgan holda) onlayn formatga oʻtkazsa boʻladi. Biroq, taʼlim oluvchilarning oʻz bilim va koʻnikmalarini amalda namoyon qilishi va rivojlantirishi uchun talaba va oʻqituvchi oʻrtasida oʻrnatilgan doimiy aloqa hisobiga, offlayn taʼlimning imkoniyatlari cheksizdir. Shu bois, onlayn va offlayn taʼlimni birgalikda olib borish taʼlim sifati va samaradorligini taʼminlaydigan eng maqbul yoʻldir.

Koronavirus tufayli oliy taʼlim muassasalari taʼlimda innovatsion texnologiyalarni qoʻllash uchun ajoyib sinov platformasiga ega boʻlishdi. Onlayn taʼlim ilgarilab, anʼanaviy taʼlimga jiddiy raqobatchi sifatida maydonga chiqmoqda. Ammo bunga hali koʻpchilik tayyor emas. Sababi esa, yuqorida qayd etilgan internet bilan bogʻliq muammolar, texnik imkoniyatlarning chegaralanganligi hamda oʻqituvchilarda onlayn taʼlim berish koʻnikmalarining yetarli emasligidir.

Iroda Shamsiyeva

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,

tarix fanlari nomzodi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ