Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo birgalikda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani qoʻllab-quvvatlaydi
18-23 fevral kunlari Yevropa Ittifoqi (YeI) poytaxtiga Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi ishchi tashrif bilan boʻlib turishibdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O. Hakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari O. Olimjonov hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori G. Ismailova qatnashishmoqda

Tashrif doirasida joriy yilning 20 fevral kuni Yevropaning Osiyo tadqiqotlari institutida "Mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani faollashtirish kontekstida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligining dolzarb masalalari" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: Yevropaning Osiyo tadqiqotlari instituti Bryusselda joylashgan yetakchi ilmiy-tadqiqotlar markazidir. Ushbu tashkilotning tadqiqotlari Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi aloqalarni va oʻzaro tushunishni har tomonlama mustahkamlash yoʻllarini topishga qaratilgan.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi muhokama qilindi va 2019 yil may oyida rasman qabul qilingan edi. Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlari va mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani faollashtirish nuqtai nazaridan yangi strategiyaning Oʻzbekiston bilan aloqalarga taʼsiri toʻgʻrisida davra suhbati davomida fikrlar almashildi.

Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi ikki tomonlama darajada barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan sheriklik va hamkorlik shartnomalari boʻyicha amaldagi kelishuvlarga ega. Xususan, Oʻzbekiston 1996 yilning iyun oyida Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik va hamkorlik shartnomasini imzolagan (1999 yilning iyulidan amal qiladi), 2017 yilda esa ushbu shartnomani yangilashni taklifi bilan murojaat qildi. Shu munosabat bilan 2018 yil noyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi bitim tuzish boʻyicha muzokaralar rasman boshlandi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi oʻz loyihalarini 2017-2021 yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida respublikani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari bilan bogʻlash orqali, Oʻzbekistonda islohotlarni amalga oshirishga faol hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston vakillari Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangilangan bitimni imzolash borasida amalga oshirilgan hamkorlikdagi ishlarga yuqori baho berishdi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy hamkorligini mustahkamlashning dolzarb vazifalarini muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun: Yevropa Ittifoqi rivojlanayotgan davlatlarga tovarlarni Yevropa bozoriga eksporti uchun "Generalized System of Preferences" (GSP) – "Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi" tovarlarning nomenklaturasi boʻyicha qoʻllaniladigan imtiyozlar tizimi (3000ga yaqin sanoat tovarlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bir qismini qamrab oladi. Shuningdek, GSP+ tizimida 6200 ta tovarlar turi oʻrin olgan).
Ayni paytda Oʻzbekiston "Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi" (GSP) dan foydalanmoqda. Unga koʻra, 3000 ga yaqin tovarlar bojxona toʻlovisiz va 3200 ga yaqin mahsulotlar YeIga arzon narxlarda eksport qilinishi mumkin. "Umumlashtirilgan imtiyozlar plyus tizimi" – GSP+ boʻyicha bir tomonlama tarif imtiyozlar olinsa, Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar turlarini bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu imtiyozlarni berishda, YeI tomonidan bir qator omillarga asoslaniladi. Bular mamlakatda xavfsiz mehnat sharoitlari, mehnat huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, ishlab chiqarish jarayonini samarali boshqarish taʼminlanganlik darajasini oʻz ichiga oladi. Davra suhbati davomida mezbonlarga Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining barcha xalqaro konvensiyalarini toʻliq bajarayotganligi, iqtisodiy munosabatlar liberallashtirilganligi, ish beruvchi va ishchilarning huquqlari himoya qilinishi, yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash dasturlari boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, respublika korxonlarida ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish toʻgʻrisida maʼlumot batafsil berildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O.Xakimov tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mintaqaviy strategiyasi asosida amal qilayotgan mamlakatning ochiq va konstruktiv siyosati Markaziy Osiyoni dunyoning boshqa hududlari uchun jozibador mintaqaga aylantirishga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi bilan hamohangligi ham bunga qayd etildi.
Davra suhbatida soʻzga chiqqan O. Hakimov mazkur jihatlar Oʻzbekiston uchun xorijiy sheriklar bilan keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun yana bir imkoniyat ekanligini taʼkidladi.
Bunday forumlar oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha muloqot va hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi. Hozirgi bosqichda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda birgalikda ishlash qobiliyatini koʻrsatmoqda. Har ikki tomon uchun ham hali amalga oshirilmagan salohiyat mavjudligi aniq.
Shu bilan birga, davra suhbatida yevropalik hamkorlar Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi uchun kerakli boʻladigan barcha yordamni ayamasliklarini va mazkur jarayonlarga alohida eʼtibor qaratishlarini taʼkidlashdi.
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 25 dekabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Yevropaning Osiyo tadqiqotlar instituti direktori Aksel Goetals va katta mutaxassis Albert Turkstra bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan edi.
Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad, mehnat muhojirlarining oʻz vataniga pul oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytiradigan muqobil xizmat turlarini joriy etish masalalarini muhokama qilish edi. Fintech va xalqaro pul oʻtkazmalarining narxini pasaytirish hamda moliyaviy vositalarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikda ish olib borish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Shuningdek, davra suhbati davomida tomonlar mazkur loyiha doirasida kelgusidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

